Muallimlar muallimi

0
307
marta koʻrilgan.

Bobolardan qolgan maʼnaviy meroslar orasida xalqdan chiqqan oʻtkir zehnli, bilim olishga ishtiyoqmand, bir soʻz bilan aytganda, iqtidorli bolalarning boshini silab, ilm berish, ketadigan xarajatni zimmaga olish, eʼtibor koʻrsatish qadriyati bor. Cavobtalablar maktab-madrasalarda oʻqiyotgan, oilaviy ahvoli ogʻir boʻlgan tolibi ilmlarga yordam berib turishgan. Negaki, talaba yaxshi ilm olsa oqibat xalqqa, va albatta, davlatga naf keltirishini ular juda yaxshi bilishgan. Behbudiy, Munavvar qori singari maʼrifatparvar bobolar ochgan maktablar, ular koʻmagida oʻqish uchun chet ellarga yuborilgan talabalar fikrimiz dalilidir.

Millat taraqqiysi yoʻlida kuyib-pishib xizmat qiladigan bunday ziyoli saxovatpeshalar bugun ham topiladi. Ular koʻpchilik. Masalan, yaqin bir tanishim tabobat ilmida fan doktori, jarroh, uning qoʻlida davolanaman deguvchilar bisyor. Shunday boʻlsa-da, vaqt ajratib, oʻqib-ulgʻaygan qishlogʻidagi maktabga borib, eng yaxshi oʻqigan bolalar – oʻzi tashkil etgan stipendiya gʻoliblari bilan uchrashib, ularni qoʻllab-quvvatlab, koʻngillarga ezgulik urugʻini qadab keladi. Gap stipendiya miqdorida emas, eʼtiborda! Bunday eʼtibor murgʻak qalblarda bilim olishga, hech boʻlmaganda, shu inson singari xalqqa foydasi tegadigan mutaxassisga aylanishiga ragʻbat beradi. Albatta, yurtimizda har bir oʻquvchi eʼtiborda. Lekin imkoni borlar, sinfxonalarga kirib borsa, iqtidorlarni yanada qoʻllab-quvvatlasa nur ustiga aʼlo nur.

Iqtidorli bolalarni topish, maxsus dasturlar asosida ular bilan ishlash maqolamiz qahramoni, pedagogika fanlari doktori, professor, koʻp yillar xalq taʼlimi tizimida turli lavozimlarda faoliyat koʻrsatgan maʼrifatparvar yurtdoshimiz Joʻra Yoʻldoshevning sevimli mashgʻuloti.

“1998 yilning oxirlarida Namangan viloyati maktablarida seminarlar tashkil etilgandi, – deydi pedagogika fanlari nomzodi Akrom Akmalov. – Oʻshanda bir maktabda boʻlib oʻtgan tadbirda men ham ishtirokchilar qatorida edim. Respublika miqyosidagi bunday anjumanga, tabiiyki, turli lavozimdagi rahbarlar, tegishli mutaxassislar tashrif buyurishgandi. Oʻsha paytda xalq taʼlimi vaziri lavozimida faoliyat koʻrsatgan Joʻra Yoʻldoshev maktab faoliyati bilan tanishayotib, daftar ushlab turgan bir guruh oʻquvchilarning bergan salomiga alik olarkan:

– Nechanchi sinfda oʻqiysiz, bolajonlar? – deya iliq muomala bilan soʻradi. Oʻquvchilar shu maktabning ikkinchi, uchinchi sinfida oʻqishlarini bildirishdi. Sheʼr bilasizlarmi, degan savoliga biri 98 ta, ikkinchisi 145 ta, uchinchisi 277 ta sheʼrni yoddan oʻqib bera olishini aytishdi.

– Qani, yodlagan sheʼrlaringizdan aytib beringlar-chi?

Shunda uchala bola ham baravariga Oʻzbekiston Davlat madhiyasini ayta boshladi. Mehmonning ragʻbatlantiruvchi soʻzlari oʻquvchilarning gʻayratini yanada joʻshtirib, u bilan erkin suhbatga kirishdilar. Ular sheʼr nomlari yozilgan varaqlarni ishtirokchiga uzatib, xohlaganini soʻrasa, aytib bera olishlarini maʼlum qilishdi. Buni amalda bajargan oʻquvchilarga qarab mehmon:

– Barakalla, ota-onangizga rahmat. Kitob oʻqishni yaxshi koʻrasizlarmi, unday boʻlsa, uni oʻzim sizlarga sovgʻa qilaman, – deya ularga vaʼda bergani va soʻzining ustidan chiqqaniga shohid boʻlganman”.

Darhaqiqat, Joʻra aka Oʻzbekiston boʻylab xizmat safarlarida, ayniqsa, taʼlim muassasalarida boʻlganida bolalar bilan qisqa suhbatda ular orasidan iqtidorlilarini tez ajratib olar, ularning oʻqituvchilari bilan suhbatlashar, hatto, ota-onalarini maslahatga chorlar, vazirlik qoshida oʻzi tashkil etgan Alisher Navoiy nomidagi Nafis sanʼat litseyiga oʻqishga taklif etardi. Ana shunday mehrni koʻrganlardan biri Oʻzbekiston teleradiokompaniyasi “Assalom, Oʻzbekiston!” studiyasi bosh muharriri oʻrinbosari Azizbek Turdiyevning fikriga eʼtibor beramiz:

“1995 yili Respublika oʻquvchilar saroyida iqtidorli yoshlar oʻrtasida oʻtgan tanlovning yopilishida Vatan haqida sheʼr oʻqiydigan boʻldim. Havaskorlik mashqimni oʻktam ovozda aytib tugatishim bilan katta zalni qarsak ovozi tutdi (Bugun aniq bilamanki, bu olqishlar sheʼrga emas, navrasta bolaning dadil ovoziga va ifodali talaffuziga yangragan edi). Shu payt sahnadagi qator stol-stullarning markazida oʻtirgan kishi kela solib bagʻriga bosdi, meni maqtab-maqtab kostyumining choʻntagidan shosha-pisha ruchka olib tutqazdi. “Zoʻr sheʼrlar yozing”, dedi. Oʻrnimga qaytganimda oʻqituvchilarim sovgʻa bergan odam xalq taʼlimi vaziri Joʻra Yoʻldoshev ekanligini aytishdi. Vazirdan sovgʻa olgan oʻquvchining ustozlari qanchalar shodlanganini tasavvur qilavering. Qishloqqa borganimda bu voqeadan hammadan koʻproq bobom xursand boʻldi, “Nevaram ministrdan ruchka opti”, deb maqtanib yurdi. Bu sovgʻa mening omadli hayot yoʻlimga bashorat edi.

Joʻra Gʻaniyevich bilan keyingi yil Fargʻonada yana uchrashish nasib etdi. Oʻqituvchilar anjumani boʻlayotgan zalda vazir vodiy isteʼdodlar beshigi ekani haqida gapira turib, mening ismimni aytib, eslab qoldi. Oʻsha yerda edim. Yoniga chaqirib, sheʼr oʻqib berishimni soʻradi (oddiygina oʻquvchining nomini yodda saqlab qolish uchun vazirda favqulodda xotira, aniqrogʻi, oʻz vazifasini sidqidildan bajarish zavqi boʻlishi kerak, nazarimda). Oʻshanda Joʻra Gʻaniyevich Toshkentga, Nafis sanʼat litseyiga borishni tayinladi. “Nafis sanʼat sizga oʻxshagan bolalarni tarbiyalash uchun ochilgan”, deya taʼkidladi”.

Biz hayotda oʻz farzandini yoki qarindoshini biror taʼlim muassasasiga yoʻnaltirib, yordam bergan va “oʻqitib odam qildim, unday qildim, bunday qildim” deguvchilarni ham uchratib turamiz. Biroq Joʻra aka bu litseyga taklif qilgan iqtidorli bolalar mutlaqo begona boʻlsa-da, ular bilan keyinchalik ham aloqasini uzmasdi. Asosiy vazifasi uchun vaqti yetishmasligiga qaramasdan ular holidan muntazam xabar olib, uzoq-uzoq suhbatlar uyushtirib turardi. Bu borada yana Azizbekning fikrlariga quloq tutamiz.

– Alisher Navoiy nomidagi Respublika Nafis sanʼat litseyi oʻsha vaqtlarda gʻoyat dong taratgan boʻlib, muhiti shuhratiga monandligini birinchi qadamdanoq bilsa boʻlardi. Litseyga kiraverishda oʻng tomondagi maydon toʻriga hazrat Navoiy byusti oʻrnatilib, mutafakkirning quyidagi bayti uzoqdan ham koʻzga koʻrinarli harflar bilan bitilgandi: “Yigitliqda yigʻ ilmning maxzani, qarilik chogʻida xarj qilgʻil ani”. Chindan ham bu maskanda ilm xazinasini yigʻishni astoydil niyat qilgan oʻgʻil-qizlar oʻqirdi. Joʻra Gʻaniyevich nafaqat litseyning bunyodkori, balki ana shunday muhit ijodkori sifatida oʻqituvchilaru oʻquvchilarning mehrini qozongandi. Bu maskanni ayricha yaxshi koʻrishini yashirib oʻtirmasdi. Goh xorijlik mehmonlar bilan, goh bayramlarda, navoiyxonliklarda yoxud “Nafosat” sheʼriyat kechalarida, xullaski, turli sabablar bilan litseyga tez-tez kelib turardi. Har gal kelganida bizni chaqirib uzoq suhbatlashardi. Biz oʻquvchilar ham biror zarurat tugʻilsa, tortinib oʻtirmay katta-kichik iltimoslar bilan xalq taʼlimi vazirligiga boraverardik. Joʻra Gʻaniyevich bor boʻlsa, albatta, xursandchilik bilan qarshi olardi. Bir kuni litseyda boʻlib oʻtgan navbatdagi katta tadbirdan keyin vazirga yana erkalik qildik: Samarqandda yaqindagina ochilgan Imom Buxoriy majmuasini ziyorat etishga avtobus ajratib berishlarini soʻradik. Bu kabi taklifu tashabbuslar oʻzimizdan chiqib, oʻqituvchilar bilan maslahatlashmay toʻgʻridan-toʻgʻri Joʻra Gʻaniyevichga aytaverardik. U kishi shunga haddimiz sigʻadigan darajada yaqin tutardi oʻzini. Biz erkatoylarning bu galgi iltimosimiz ham yerda qolmadi. Oʻshanda aksar oʻquvchilar Samarqanddagi buyuk obidalarni ilk bor koʻrib, Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, koʻp yillar taassurotlarimizni oshiqib-toshiqib gaplashib yurganmiz.

“Haqiqatdan ham ustoz juda koʻp yoshlarning boshini silagan, ularni toʻgʻri yoʻlga boshlagan, isteʼdodini charxlagan, hayotning ogʻir sinovlarida dalda, turtki bergan – deb eslaydi Shuhrat Oripov. – Juda koʻp tengdoshlarim hozirgacha Joʻra Gʻaniyevichning oʻzlariga ruhan koʻmak berganliklarini, qoʻllab-quvvatlaganlarini aytib charchashmaydi. Bu insondagi olijanoblikni, yoshlarga nisbatan gʻamxoʻrlikni litseyda oʻqib yurgan mahallarim juda koʻp marotaba oʻzim ham kuzatganman. Vazir boʻlib ishlab yurgan kezlarida qachon litseyga kelsalar, albatta, bizni oldilariga chaqirib suhbatlashardilar. “Muammolar yoʻqmi?” deb soʻrardi. Mana shu soʻrovning oʻzida ham yoshlarga nisbatan cheksiz eʼtiborni anglash mumkin edi.

Oradan vaqt oʻtib, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga aʼzolikka qabul qilinganligimni va davlatimiz rahbari Farmoniga asosan “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganimni eshitib, ustoz juda xursand boʻldi. Ular oʻzlari topgan isteʼdodli yoshlarning yutuqlaridan doim boshlari osmonga yetadi, xuddi oʻzlari erishgandek ich-ichdan yayraydi.

Sinfimizga kirib, biror fandan saboq bermagan boʻlsalar-da, men Joʻra Yoʻldoshevni oʻzimga haqiqiy ustoz deb bilaman. U kishi shoir emas-u, lekin adabiyotimiz, sheʼriyatimiz uchun qancha-qancha isteʼdodli shoirlarni kashf etib bergan. U kishi rassom emas-u, lekin qanchadan-qancha rassomlarning iqtidorini yoshligidan aniqlab, ularga toʻgʻri yoʻl koʻrsatgan, ragʻbat bergan. Respublikaning qayerida boʻlmasin, ularni koʻrganida xuddi bizdan soʻragani singari “Muammolar yoʻqmi?” deb soʻragan. Men ustoz kashf etgan, respublikamizning turli shahar-qishloqlarida tugʻilgan juda koʻp yoshlarni taniyman. Ular juda koʻp va bugun turli sohalarda yetuk kadrlar boʻlib yetishib, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun astoydil xizmat qilishmoqda.

Oʻzim erishayotgan yutuqlarda va umuman hayotda oʻz oʻrnimni topib borishimda Joʻra Gʻaniyevichning xizmatlari beqiyos ekanligini, maktabda oʻqib yurgan kezlarim ustoz bilan uchrashganim hayotimdagi oʻziga xos burilish lahzasi boʻlganligini bugun faxr bilan, mubolagʻasiz ayta olaman”.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda muhtaram Yurtboshimiz rahnamoligida isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu oqilona siyosat bugun oʻzining sezilarli samaralarini ham bermoqda. Bu yutuqlarga erishishda davlatimiz rahbarining siyosatini chuqur anglab, ularni amalga oshirish uchun oʻzini ayamaydigan Joʻra Yoʻldoshev singari jonkuyar ustozlarimizning ham munosib hissasi bor.

Koʻpgina yozuvchi va shoirlarimiz Joʻra aka tashabbusi bilan har yili may oyida tashkil etiladigan ijodkor muallimlarning anjumanlarini ham yaxshi eslaydilar. Anjumangacha adabiyotning har xil janrida ijod qilguvchi muallimlarning asarlari yigʻilar, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida eng yaxshilari saralanib, mualliflar yurtimizning bahavo bir goʻshasiga taklif etilardi.

Bu ajuman va uning tashkilotchisi haqida taniqli shoir Ikrom Otamurod shunday deydi:

“Joʻra Yoʻldoshev – muallimlarning muallimi. Mavlono Beruniyning shunday bir hikmatlari bor: “Eshitganing hech narsa emas, koʻrganing muhim”. U kishi maktabni adabiyotga, adabiyotni maktabga alohida eʼtibor bilan, ehtirom va xayrixohlik bilan qadrdon etgan muallim. Vazir boʻlgan mahallarida “Ijodkor oʻqituvchilar kengashi”ni tashkil etgan edi. Shu asnoda adabiyot oʻqituvchilarining har yili har bir viloyatda respublika anjumani oʻtkazilar edi. Anjumanda qatnashgan oʻqituvchilar, avvalo, jugʻrofiy muhitdan, muhimi, qalbiy qadrdonlikdan ruhlanardilar. Katta-katta ham tasavvurlar, ham taassurotlar bilan qaytardilar oʻz maktablariga. Eng muhimi, muallimlarning muallimi Joʻra Yoʻldoshevning oʻzi ham ushbu anjumanlarda doim birga boʻlardilar. Oʻqituvchilarning har bir yozuvini eshitib, dillari ravshan tortardi. Buni mazkur safarlar asnosida guvohi boʻlganim sabab aytayotirman. Oʻqituvchilar u kishiga oʻzlarini yaqin olardilar. Qadrdonday gaplashardilar. Bu maktabga boʻlgan ixlosning, adabiyotga boʻlgan ixlosning uzviy bogʻichi edi. Joʻra Yoʻldoshev, takror aytaman, maktab bilan adabiyotni bir-biriga qadrdon etgan inson. Yana bir gapim ushbu satrlarda aytiladi:

Hayot alifbosin har bir harfini,

Oʻqib, joyladingiz maktab qalbiga.

Doim kengaytirib taʼlim tarxini,

Fidolar boʻldingiz darslar sarfiga.

 

Dillarda ezgulik choʻgʻlantirasiz,

Oʻrgatasiz qanoat ne, ne bardosh?!

Samimiyatga chin sodiq Joʻrasiz,

Ilmu maʼrifatga qadrdon, Yoʻldosh”.

 

Ikrom akaning aytgan soʻzlariyu bitgan satrlarida maqolamiz qahramoni, uning xizmatlariga samimiy baho berilgan. Yuqorida taʼkidlangan anjumanlarga toʻxtaladigan boʻlsak, uning ahamiyati beqiyos edi. Unda adabiyotga, adabiyotning mehvari boʻlmish INSONga nisbatan mehr bor edi. Unda murgʻak qalblarda adabiyotga mehr uygʻotayotgan, shu bilan birga oʻzi ham mashqlar qilayotgan muallimlarga eʼtibor mujassam edi…

Kamina bir necha vazir bilan ishlaganim bois, oʻzaro qiyoslash imkoniyatim bor. Ularning har biri oʻziga xos iqtidoru layoqatga ega, oʻzidan iz qoldirgan rahbarlar ekanligini taʼkidlagan holda pedagog-vazir sifatida Joʻra aka singari bolajon va ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlaydigan vazirni koʻrmadim desam boshqalari xafa boʻlishmas. Albatta, vazirning asosiy vazifasi taʼlim tizimida ishni samarali tashkil etish hisoblanadi.

Qalbi daryo muallim, adabiyotimizning tolmas targʻibotchisi, pedagogika fanlari doktori, professor Joʻra Yoʻldoshevning xizmatlari hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. U Prezidentimiz farmonlariga koʻra “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan. Shuningdek u Xalqaro fan, taʼlim va sanʼat akademiyasining (AQSH) hamda Pedagogika va ijtimoiy fanlar akademiyasining(Rossiya) haqiqiy aʼzosi hisoblanadi.

Joʻra aka bugun ham olimlar davrasida eng faol tadqiqotchilardan – Xudo bergan umrining har bir soniyasini hanuz oʻqib-oʻrganishga, ilmga sarflamoqda. Muallimlar muallimi sifatida esa hamkasblari va eng asosiysi, talabalar qalbiga ziyo taratishʼda davom etmoqda.

 

Halim SAYID,

“Mehnat shuhrati” ordeni sohibi

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 2-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.