Mening togʻlarim

0
105
marta koʻrilgan.

“Ikki hafta uzluksiz urushdik. Tinka madorimiz qurigan. Diydamiz qotib ketgan. Orzu-umidlar sarob, koʻngil yozib hasratlashmaymiz ham. Eng yomoni yigʻlamay qoʻydik.

Kechasi bir yigit qoʻshiq aytdi. Tilini tushunmayman. Biroq nolasi tanish. U uzoq hirgoyi qildi va kutilmaganda yigʻlab yubordi. Keyin hammamiz unga qoʻshilib yigʻladik.

Oʻsha oqshom bir-birimizni quchoqlab tabriklagan edik. Bilmadim, nima uchun.

Sobiq jangchining estalik gurunglari”dan

 

***

Koʻhna kitoblarda yozilishicha, qadimda ikki tomon urushsa onalar boshidagi roʻmolini yerga tashlarkan. Shunda raqiblar kelishib, nizolarga chek qoʻyisharkan. Oʻtmishda ayollarning yuzini begonalar koʻrmagan. Yuzni koʻrsatish ayollar uchun or sanalgan. Ehtimol, onaning roʻmolini-da tashlashga majbur qilgan vaziyatni bir-biriga dushman taraflar tushunishgan. Biroq yigirmanchi asrda roʻy bergan urushda onalar roʻmolini tashlamadi yo urushni boshlaganlar onasini tanimas, yaxshi koʻrmas…

Surxon vohasining shimoliy tomonida Sangardak qishlogʻi bor. Shu qishloqdan ham yuz nafardan ortiq yigit urushga ketgan. Qaytib kelganlari oʻn ikki nafar. Ulardan bittasi hozir hayot, toʻqson uch yoshda. Oʻn bir jangchidan yettitasini tanirdim. Bayram kunlari uylariga borardik. Urushda koʻrgan-kechirganlarini gapirib berishardi. Ularning jasoratidan zavqlanib, “urush-urush” oʻynardik.

Yaqinda qishlogʻimizdan qancha yigit urushga ketganini aniqlamoqchi boʻldim. Afsuski, imkoni boʻlmadi. Hujjatlar topilmadi. Yoʻqolib ketganmish.

Dilgir, parishon boʻlib qoldim.

Shartli ravishda ularni yuz yigit, deb oʻyladim. Yuz – boʻz yigit, dedim.

Ular qanday yigitlar edi? Ularni koʻrganlar bormi?

 

***

Bahor takror keladi. Bahor betakror keladi. Osmonni toʻldirib qaldirgʻochu turnalar uchadi, olis-olis uchadi. Bulutlarga yelkadosh boʻlib burgutlar uchadi.

Yerni yorib boychechaklar chiqadi. Qir-adirlarda alvon-alvon qizgʻaldoqlar ochiladi. Kapalaklar momoqaymoqlarga qoʻnib-qoʻnib uchadi. Tol shoxida qushlar gʻujurlashadi, sirlashadi. Tilla qoʻngʻizlar yalpizlarga qoʻnib tiriklik totini totadi.

Shamollar esadi. Togʻdan boqqa, bogʻdan adirlarga qarab erka shamollar esaveradi. Dov-daraxtlarni tebratib, uylarga gullarni sochib esaveradi. Terak barglari boʻsa bergan oʻn yetti yoshli qizday titraydi.

Choʻqqidagi qorlar jilgʻaga aylanib oqaveradi. Ariqlarni, zovurlarni, irmoqlarni toʻldirib oqadi. Bogʻlar endi tili chiqqan bola singari barg yozadi, kurtak ochadi, meva tugadi… daraxtlarning devorlardan oshib oʻtgan shoxlaridagi mevalar yoʻllarga toʻkiladi. Yoʻllar esa…

Yoʻllar qadamlarni yelkalagan ulkan karvondir.

…Ular mana shu yoʻllardan yurib ketishgan. Vatan uchun, bolalarining – bizlarning baxtimiz uchun jangga ketishgan. Uylanmagan yigitlar, boʻz yigitlar. Mening togʻlarim dushman yoʻliga gʻov solgan. Ular jang qildilar, qaytmadilar…

Ketgani ikki yuzta iz…

Qaytgan iz – yigirma toʻrtta.

Aytishlaricha, yurilmagan soʻqmoqlar berkilib qolarkan. Ayniqsa, togʻ tomonlarda. Deydilarki, yoʻllar changib turgani yaxshi, qancha koʻp odam yursa yoʻl yangilanarmish.

Yoʻllar esa jim. Yoʻllarning tili yoʻq, lafzu zaboni yoʻq, gapirmaydi, gapirolmaydi…

Bu bogʻlardan qushlar ketmaydi. Bahoru yoz, kuzu qish bogʻlarni tark etmaydi ular. Uchib yuraveradi, qoʻnib turaveradi. Gala-gala boʻlib goh janubga, gohi sharqqa parvoz qiladi, bogʻlardan bogʻlarga salom yetkazadi.

Qushlar takror uchadi. Betakror uchadi. Toqqa qarab parvoz qiladi ular.

Jonajon togʻ, burgutlaring qayon ketdi? Sor-lochinlaringsiz huvillab qolmadingmi? Bola edim, yonigga bir kun kelmasam, oʻsha tun uyqum kelmasdi. Seni “uchar gilamlar”ga mengzab sayr etardim. Xayolimda jilvalangan sehrli tomonlarga ketardim. Sen gohi Boychibor, gohi Gʻirkoʻk boʻlib meni dostonlar olamiga olib ketarding. Qoʻy boqqanimda, ot minganimda sen tomon oshiqardim. Sen baland, purviqor eding.

Bundan roppa-rosa yetmish yil oldin, xuddi menga oʻxshab boʻz yigitlar, oʻspirinlar kelishgandir poyingga. Ularni eslaysanmi? Ular ham menga oʻxshab seni yaxshi koʻrarmidi? Men singari senga orzularini soʻzlarmidilar? Ular nechov edi? Men yuz kishi dedim…

Zamin ming bora aylansin, zamon ming tusda turlanmasin gap – shu gap: urush, yigirmanchi asr sendan sakson sakkiz choʻqqi va shuncha burgut qarzdor. Mening togʻlarimning yarmi yoʻq, burgutlarimning yarmi yoʻq. Qaytarib ber ularni. Ular – qoʻl ushlashib, yelkalashib, bir-biriga suyanib, emaklab kirib kelsayam mayli… Faqat togʻlariga qaytsin burgutlarim…

Togʻlar koʻz yoshini daryolarga oqizadi…

Ular sening irmoqlaringda yoz adogʻigacha choʻmilishgan. Sen ularni taniysan. Ha, ularning shodliklari, quvonchu tashvishlari, birinchi muhabbat hayajonlariga sen guvohsan. Tubingga shoʻngʻib oqtoshlaringni topishgan, qumlaringga belanib yotishgan. Qoʻllaringdan ushlab bogʻlarga, chamanlarga, gulzorlarga olib ketishgan-ku. Bir eslab koʻr, ular sening qoshingga kelganida nima haqida gaplashardi? Ularning orzulari qanaqa edi? Menga shularni aytib ber…

Daryolar – mening qoʻlimdan tutib bogʻlarga yetaklab ketadi.

Hayot avval qanday boʻlsa hozir ham oʻsha maromda – goh shiddat bilan, gohi sokin oʻtib bormoqda. Tiriklik hikmati, hayotga muhabbat har bir insonni oʻz taqdiri koʻchalariga olib kirmoqda. Shunday kunlarda xotiralar kishini xavotirga soladi. Ular qanday yigitlar edilar? Agar shu urush boʻlmaganida ular ham farzandli, nabirali boʻlishardi. Qaysi birining nabirasi mening eng yaqin doʻstim boʻlardi, ehtimol. Balki polvon boʻlib dong taratarmidi? Yo chavandoz boʻlib shamolday yelarmidi? Tugʻilmagan orzular, tugʻilmagan niyatlar, tugʻilmagan ezguliklar…

Men esa savolimga javob izlab tolmayman…

Sangardakka kiraverishda, togʻning choʻqqsiga yaqin joyda olcha daraxti bor. Unga ming tusli latta-lutta ilingan. Olisdan qaralsa ajib manzara kasb etadi. Yaqinroq borganda, daraxtning ayrim shoxlari qurigan, singan – xastahol.

Odamlar shu daraxt oldidan oʻtganda yuzlariga fotiha tortadilar, tilovat qiladilar. Aytishlaricha, ulugʻ bir insonning qabri shu yerda ekan. Biroq, menimcha, bu yerda minglab orzu, minglab umidu iltijolar, sogʻinchlaru armonlar qoʻnim topgan. Mana, bu qizil roʻmol parchasi jangchining onasidandir. Bu esa – oʻgʻil bolaning toʻnining etagidan yirtib olingan. Mana, bu dastroʻmolcha koʻngli xushlagan yigitini sogʻingan oʻn sakkiz-oʻn toʻqqiz yashar qizniki. Xayolimda bari tiklanadi. Barchasi. Ha, ular erta yo kech, kunduz yoki qorongʻuda yigitlarimiz qaytishsa koʻrsin, bilsin, biz sizni sogʻindik, sizsiz qiynalganimizni bilishsin, deganlar.

Ona bolasini unutishi mumkinmi?

Ota zurriyodini sogʻinmaydimi?

Vatan – farzandlarini, ayniqsa qahramonlarni unutmaydi. Ular qahramonlar edi. Nechi kishiligi muhim emas, buyuk jasorat koʻrsatib endi ruhlari togʻlar choʻqqqisidan ozod va obod diyorga tikilib turgan azamatlar ular.

Sizni unutmaymiz…

Hech qachon!!!

 

***

May oyida Sangardak togʻlarida burgutlar baland-baland uchadi. Daryolar toʻlgʻonib oqadi. Osmon koʻz yosh toʻkib yigʻlaydi. Bogʻlari mahzun-mahzun tebranganday boʻladi. Olcha daraxtining esa qurigan shoxlari uzoq chayqaladi. Shamollar epchil qizday goh unisiga, goh bunisiga yuguradi. Ular – oʻn sakkiz-oʻn toʻqqiz yoshli yigitlarni, bolalarini, koʻzining qorasini shunday xotirlaydilar. Togʻlar qaytmagan burgutlarini sogʻinib mungʻayib turadi. Ularni yupatib boʻlarmidi?

Bobomi, momomi, yoshi katta kishimi ogʻir betob boʻlib yoki boshqa sababdanmi qiynalib jon bersa, uni tanimasak ham qazosini eshitganda badanimizda chumoli oʻrmalaganday boʻladi. Oʻlim – baribir dahshat. Pichirlab duolar oʻqiymiz, marhumga Yaratgandan marhamat soʻraymiz, yuzimizga fotiha tortamiz. Lekin yigirmaga kirib-kirmay, bir qizning sochin silab-silamay, sevib-sevilmay, oʻgʻil boʻlib onasiga bitta roʻmol, otasiga maxsi-kalish olib berolmay, aka boʻlib ukaga tirgak, uka boʻlib akaga quvvat boʻlmay, opa-singillarning toʻyini koʻrolmay, ayni yigirma, yigirma besh yoshli yigitlar oʻlib ketsa, bundan ortiq dahshat bormi? Kim ularga duo oʻqiydi? Yaratgandan marhamat soʻraydi? Kim? Qishloqda kelin qilaman deb, bir qancha qizlarni koʻz ostiga olib, kelib qolsa toʻy qilaman, mana bu tomonda ayollar, bu yoqda erkaklar oʻtiradi, deya orzulanib yurgan ona, oʻgʻlining oʻqqa uchganini, tank ostida qolganini, mina bilan qoʻshilib portlab ketganini qayerdan bilsin? Bu yil dalada ish koʻpaydi, bolam tezroq kela qolsaydi, deb yoʻl qaragan ota bolasini endi hech qachon qaytmasligini bilarmidi? Qiz boshi bilan ot minib, etik kiyib, adirda bugʻdoy oʻrgan opa-singil jigarining qaysi bir jang maydonida qolib ketganini tush koʻribdimi?

Biz – oʻsha bemahal zavol topgan avlodning baxtiyor farzandlarimiz. Bolam mendan baxtli boʻlsin, degan hayqiriqlarning aks-sadolarimiz. Bugungi tinch zamon, toʻkin-sochinlik uchun ularni har kun, har lahza qadrlab, pok nomlarni qalbimizda saqlash, qahramonliklari oldida bosh egish barchamizning burchimiz, qarzimizdir…

Biz ularning orzulari, maqsadlari, ushalmagan armonlarimiz.

 

***

Urushdan qaytganimda qishlogʻimiz huvillab qolgandi. Boʻyindoshlarimning bari yurtdan olisda, qon kechib yurardi. Men bitta oyogʻimni dushman tuprogʻiga tashlab yurtimga qaytib keldim. Dalada ketmon chopdim. Tariq qoʻriqladim. Aravada bugʻdoy tashidim. Bir kun rais yoniga chaqirib:

– Senga boshqa ish bor. Dalama dala yurishni yigʻishtir – dedi.

Pochtalyon boʻlib ishlab yurdim. Oradan hech qancha vaqt oʻtmay ayollar meni koʻrsa gʻijinib yuzini berkitadigan boʻlishdi…

“Pochtachi esdaliklari” dan

 

U oʻlgandan keyin sandigʻidan yuzdan ortiq maktub chiqdi.

Ularning hammasi “qora xat”lar ekan…

Ular omonsiz urushdan ona yurtiga, yuksak togʻlariga qaytib kela olmagan qishlogʻimiz burgutlari haqidagi soʻnggi mujdalar edi.

Oʻsha burgutlarning ruhlari Osmontalosh choʻqqilar uzra abadiy kezib yuribdi. Mening yovqur burgutlarim!..

 

Sanjar TURSUNOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.