Mashaqqatli safar

0
2377
marta koʻrilgan.

(Tarjimayi holim)

Bolaligimni eslasam, iliq yoz kechalari koʻz oldimga keladi…

“Dunyoning ishlari” qissasining bir bobi shu soʻzlar bilan boshlanadi. Chindan ham bu asar deyarli avtobiografik qissa. Faqat baʼzi odamlarning ismi oʻzgargan. Aslida har qanday asarda ham maʼlum maʼnoda qalamkash biografiyasining bir boʻlagi aks etadi (hatto tarixiy romanlarda ham). Bir qarashda bu gʻalati tuyulishi mumkin. Lekin aslida baribir shunday. Yozuvchi oʻzi yozayotgan asarga qalbini bagʻishlaydi.

Menga qolsa, ijod jarayonida qandaydir ilohiyot bor, degan boʻlur edim. Haqiqiy ijodkor Xudo koʻngliga solganda qoʻliga qalam oladi. Chinakam badiiy asar yozilmaydi, tugʻ iladi! “Dunyoning ishlari” kitobi ham allanechuk iztirob boʻlib, dard boʻlib tugʻilgan. “Bahor qaytmaydi” va “Ikki eshik orasi”da ham, “Tushda kechgan umrlar” va “Inson sadoqati”da ham shunday holat roʻy bergan…

Mening bobolarim oʻz davrining mashhur kishilari boʻlishgan ekan. Jumladan, bobokalonlarim bobomning otalari Abulqosimxon eshon Turkiston tarixida chuqur iz qoldirgan ulugʻ shaxslardan boʻlgan ekanlar.

Toshkentda, Xalqlar doʻstligi saroyi bilan Oliy Majlisning muhtasham binosi oʻrtasida qadimiy obida madrasa bor. Bu dargohda elimizning atoqli adibi Abdulla Qodiriy tahsil olgan. Mana shu obidani 1832-yili Abulqosimxon eshon bunyod etgan ekanlar. Bu zukko inson oʻzbek tilidan tashqari arab, fors, rus va boshqa tillarni mukammal bilgan, Turkistonning chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishiga qarshi kurashning gʻoyaviy rahnamolaridan biri boʻlgan ekanlar. 1899-yili Sankt-Peterburgda nashr etilgan “Musulmonlikka oid materiallar toʻplami” kitobida bunday deb yozilgan: “1892-yili vafot etgan Abulqosimxon eshonning Toshkent va boshqa shaharlarda oʻn minglab muridlari boʻlib, ulardan kelgan mablagʻlar va vaqf yerlaridan tushgan daromadlar hisobidan eshon 30 ming oltin soʻmga madrasa qurdirgan. Bu madrasada 100-150 talaba tahsil olgan… Uning aholi orasidagi nufuzi nihoyatda baland boʻlgan…” Madrasada faqat diniy emas, dunyoviy ilmlar ham oʻrgatilgan.

…1892yili Toshkentda vabo kasali tarqaldi. Ustigaustak kelgindilar zulmidan tinkasi qurigan xalq qoʻzgʻolon koʻtaradi. Tarixga “Vabo qoʻzgʻoloni” nomi bilan kirgan milliy ozodlik harakati boshlanadi. Chor hukumati askarlari eski shaharga bostirib kirib, qirgʻin solgan chogʻida Abulqosimxon eshon muqarrar oʻlimni boʻyniga olib, oʻsha paytdagi Turkiston general-gubernatori Vrevskiy nomiga rus tilida ariza yozib, uning oldiga boradi. Bosqinchi askarlar Toshkentning mahalliy aholi yashaydigan qismidan (Eski shahardan) olib chiqilmasa, oqibati ikkala tomon uchun ham fojiali boʻlishini tushuntiradi. Gubernator buyrugʻi bilan “sallotlar” shahardan olib chiqiladi.

Keyin esa undan ham gʻaroyib hodisa roʻy beradi…

1892-yil 30-iyun kuni Abulqosimxon eshon Xoʻja Ahror jome masjidida ming-ming odamlar orasida vaʼz aytib, Toshkent ahli bir balodan qutulgani bosqinchi askarlar shahardan olib chiqilgani bilan xaloyiqni qutlaydi va tagʻin bir ofatni vaboni oʻzi bilan olib ketish niyatida ekanini aytib, Ollohga iltijo qiladi. “Turkiston viloyatining gazeti” muharriri N. Ostroumov “Fon Kaufman Turkiston oʻlkasining tashkilotchisi” degan maqolasida bu hayratomuz hodisa haqida shunday deb yozadi: “Munkillagan yoshida soʻnggi kunlardagi voqealardan (“Vabo qoʻzgʻoloni”dan demoqchi) qattiq larzaga tushgan muhtaram Abulqosimxon shundan soʻng tezda 4-iyulda vafot etdi. Qiziqarlisi shundaki, vabo barham topdi, toshkentlik sartlar buni uning vafotiga nisbat berdilar…”

Ajdodlarim toʻgʻrisida bu qadar batafsil toʻxtalganimning sababi shundaki, ellik yoshga chiqqunimcha bobolarimning kim boʻlganini bilmaganman. 1991yil taniqli olim va jurnalist Sirojiddin Ahmedov shajaramiz toʻgʻrisida maʼlumotni qoʻlimga topshirdi. Keksa yoshdagi qarindoshlarimdan bu dalillarni nega menga aytishmaganini soʻraganimda, juda asosli javob eshitdim. Gap shundaki, agar bu gaplarni bilganimda, qayerdadir aytishim yoki yozishim muqarrar edi. Shoʻro siyosati esa “xalq dushmanlari”ga aloqador boʻlgan odamni koʻkartirmasligi aniq edi…

Otam Atoulloxon Hoshimov tazyiqlardan bezor boʻlib Doʻmbirobodga koʻchib kelgan, xarobagina kulbada tirikchilik qila boshlaganlar… Faqat roʻza kunlari sahar pallasi chiroyli qiroat bilan Qurʼon tilovat qilganlari yodimda. Otam eski kitoblarni ham, zamonaviy adabiyot va gazetalarni ham muntazam oʻqib borar, oʻta haqparast, nohaqlikni koʻrsa yonib ketar edilar.

…Onam Hoshimova Hakima esa otamning aksincha, nihoyatda yuvosh, juda mehribon edilar. Oyim qancha sodda boʻlsalar, shuncha donishmand ham edilar! Iloji boricha hammaga yaxshilik qilishni xohlar, oʻta oqkoʻngil, gina-kuduratni bilmaydigan ayol edilar. (“Dunyoning ishlari”da qanday tasvirlangan boʻlsa, onam xuddi shunday edilar.)

Men 1941-yil 5-avgustda Toshkent biqinidagi Doʻmbirobod qishlogʻida tugʻilgan ekanman. Qishloqda, tagʻin poytaxt biqinidagi qishloqda tugʻilganim taqdirning hadyasi boʻlsa ajab emas. Negaki, ijodkorda qishloqning qalbi, shaharning aqli boʻlishi kerak.

Oilamizda bir qiz, toʻrt oʻgʻil bor edik. Men uchinchi oʻgʻil edim…

Otamdan qattiq hayiqar edik. Otam biron marta ham birontamizni bir tarsaki urgan emaslar. Otamni qattiq izzat qilishni onam oʻrgatganlar: “Hozir adang keladilar, uyni supurib qoʻy”, “Adangni jahllari yomon, tinch oʻtiringlar”, “Adangni ketmoniga tegma”, “Adangni soatiga qoʻl tegizma…”

Bilmadim, balki hozirgi zamonaviy oilalarga bizning holat “feodallik” boʻlib tuyular. Ammo bizning oilamizda ota shaxsiga sigʻinish farzandlarga ziyon keltirganini eslay olmayman…

Yetti yoshga toʻlar-toʻlmas, akalarimga ergashib, Doʻmbiroboddagi maktabga bordim…

Qissaga atoqli adib Abdulla Qahhor nihoyatda xayrixohlik bilan xat yozganidan keyingina oʻzimga ishonch paydo boʻldi. Mendan yozuvchi chiqishi mumkin ekan, degan xayolga bordim.

1966-yildan 1982-yilgacha “Toshkent oqshomi” gazetasida boʻlim mudiri, 1982-yildan 1985-yilgacha Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida bosh muharrir oʻrinbosari boʻlib ishladim. Bu davr men uchun eng hayajonli, eng sermahsul damlar boʻldi. “Bahor qaytmaydi”, “Qalbingga quloq sol”, “Kvazarlar” qissalari, “Nur borki, soya bor” romani, “Inson sadoqati”, “Vijdon dorisi”, “Toʻylar muborak” sahna asarlari, koʻplab hikoya va hajviyalar, publitsistik asarlar shu yillar yozilgan… Har gal yangi kitobim chiqishi bilan birinchi nusxasini Onamga taqdim etardim, “Birinchi ustozim Oyimga”, deb yozib berardim.

1985-yildan 1995-yilgacha “Sharq yulduzi” jurnalida bosh muharrir boʻlib ishladim. “Ikki eshik orasi”, “Bahor qaytmaydi”, “Tushda kechgan umrlar” romani, “Ikki karra ikki besh” kabi asarlar shu yillari yaratildi. Jurnal sahifalarida muqaddas Qurʼoni karimning maʼno tarjimasi tarixda birinchi marta oʻzbek tilida bosildi…

1995-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Matbuot va axborot qoʻmitasi raisi boʻlib ishladim… Bu yillarda “Nurli dunyo”, “Umr savdosi”, “Daftar hoshiyasidagi bitiklar”, “Osmondan tushgan pul”, “Toʻylar muborak” kitoblarim nashr qilindi.

Xudoga shukr, shu paytgacha 50 dan ortiq kitobim turli tillarda 2 milliondan koʻproq nusxada chop etildi.

Yozuvchi sifatida bir narsani allaqachon anglab yetganman va bu qoidaga qatʼiy amal qilaman. Qalamkash, avvalo, Inson bolasining quvonch va iztiroblarini, muhabbati va nafratini, buyukligi va tubanligini haqqoniy tasvirlamogʻi lozim. Shundagina uni kitobxon tan oladi, kitobini bagʻriga bosib oʻqiydi.

…Hamisha bir orzu bilan yashayman. Shunaqa kitob yozsangki, uni oʻqigan kitobxon hamma narsani unutsa, asarni oʻqib boʻlgan kuni kechasi bilan uxlolmay, toʻlgʻonib chiqsa. Oradan yillar oʻtib asarni qaytadan qoʻliga olganida tagʻin hayajonlansa…

 

Oʻtkir HOSHIMOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.