Kulish oson, kuldirish qiyin

0
401
marta koʻrilgan.

Dunyoda kulish bilan yigʻlashdek tabiiy narsa yoʻq. Odam quvonsa, kuladi, xafa boʻlsa, yigʻlaydi… Biroq kitob yozib birovni kuldirish yoki yigʻlatish benihoya mushkul yumush. Buning uchun isteʼdod, Xudo bergan isteʼdod kerak.

Neʼmat Aminov mana shunday tugʻma isteʼdod sohibi edi. Adibning ichakuzdi hikoyalarini, qator hajviy qissalarini, “Yolgʻonchi farishtalar” romanini kulgisiz, tabassumsiz oʻqish mumkin emas.

Abdulla Qahhor adabiyotga yarq etib kirgan yosh isteʼdodlarni qanchalik nozik did bilan payqagan, ularni qanchalik jiddiy kuzatgan, kerak paytida qanchalik himoya qilgan boʻlsa, tagʻin bir ustoz adib Said Ahmad aka ham xuddi shunday yoʻl tutdi. Neʼmat Aminovning ilk hikoyalari paydo boʻlishi bilanoq, “Buxorolik shu bola zoʻr yozuvchi boʻladi!” dedi va yosh adib asarlarini diqqat bilan kuzatib bordi. Yutugʻidan quvondi, kamchiliklarini roʻyirost aytib, yoʻlga soldi.

Neʼmat Aminov adabiyotga Buxoro nafasini, Buxoro koloritini olib kirdi. Munaqqidlar iborasi bilan aytganda, qahramonlarning butun bir galereyasini yaratdi. Birgina “Qorovul” hikoyasining oʻzida kitobxon xotirasidan uzoq yillar oʻchmaydigan xarakter manaman deb koʻrinib turadi. Abdulla Qodiriy tili bilan aytganda, hajv-yumorning koʻrinishlari koʻp. Ammo eng qiyini – hajv orqali xarakter yaratish. Neʼmat Aminov aynan shu qiyin yoʻlni tanlagan va shu boisdan ham oʻquvchining xotirasiga mahkam oʻrnashib qoladigan tirik odamlarni adabiy oilaga olib kirgan adibdir.

Yozuvchining “Qirq uchinchi pochcha”, “Tilla tabassumlar”, “Qitigʻi oʻlmagan qiz”, “Qahqaha” kitoblari, “Yolgʻonchi farishtalar” romani koʻp yillar avval yozilgan. Biroq ularni bugun oʻqigan kitobxon ham maza qilib kuladi. Kuladi va oʻyga toladi… Gap shundaki, adib oʻz qahramonlarini jinday tabassum, jinday istehzo bilan tasvirlaydi. Biroq ularni masxaralamaydi, kamsitmaydi. Ular nega shunday boʻlib qoldi, degan savolni aytmasa ham, oʻquvchini shuni oʻylashga daʼvat etgandek boʻladi. Bu esa muallifning kulgisi ostida yashirin dard borligini koʻrsatadi.

Neʼmat Aminov oʻzbek adabiyotida birinchi boʻlib hajviy-satirik roman yozgan adib sifatida tarixda qolishiga ishonaman. “Yolgʻonchi farishtalar” asari bundan keyin ham koʻplab kitobxonlarga manzur boʻlishi tabiiy. Chunki ularda harakat qiluvchi obrazlar shunchaki “personajlar” emas, tirik odamlar. Bu masalada Neʼmat aka bir tomondan Chexovdan, ikkinchi tomondan (ayniqsa, til orqali inson feʼlini ochishda) Abdulla Qodiriydan, tesha tegmagan iboralar topish, manzaralarni yarq etib kitobxon koʻz oʻngiga keltirib qoʻyish mahorati masalasida ustoz Said Ahmad akadan ijod sirlarini oʻrgangani koʻrinib turadi.

Yozuvchining eng katta baxti – oʻquvchi mehrini qozonish. Oʻquvchi mehrini zoʻravonlik qilib ham, yalinib ham, “pora berib” sotib olib ham qozonib boʻlmaydi. Kitobxon yozuvchini yo yaxshi koʻradi, yo yaxshi koʻrmaydi. Uchinchi yoʻl yoʻq! Neʼmat Aminov oʻquvchilar sevgan adib edi. Toshkentdagi avtodoʻkon direktori Abdurahmon ismli doʻstim (adabiyot “jinnisi”) bir kuni qattiq tayinladi: “Iltimos, Neʼmat akaning bi-i-ir suhbatini olaylik. “Krasniy partizon” voqeasini oʻz ogʻzidan bitta eshitay!”. Aqalli birgina shu holatning oʻziyoq oddiy oʻquvchi mehri naqadar samimiy, naqadar tabiiy ekanidan darak beradi.

Neʼmat Aminovning “suhbatini olishni xohlaganlar” koʻp edi. Sababi, adibning oʻzi oʻta odamoxun, dilkash inson edi. Bunga ajablanmaslik kerak. Yozuvchining odam sifatida kim ekanini koʻp hollarda uning yozgan kitobiga qarab bemalol bilish mumkin. Neʼmat aka shunday yozuvchi edi. Xushchaqchaq, hazil-mutoyibaga oʻch, bagʻrikeng.

“Sharq yulduzi”da birga ishlagan kezlarimizda, koʻplab safarlarda hamroh boʻlganmiz. Neʼmat akaning talay insoniy fazilatlarini koʻrganman. Aksariyat isteʼdodli odamlarda hazil-huzul, yumor hissi kuchli boʻladi. Neʼmat Aminovning oʻzi hajvchi boʻlgani uchun unda bu tuygʻu, ayniqsa, yorqin koʻrinib turar, shu boisdan ham u kishi bilan hamsuhbat boʻlish, hangomalar eshitish gʻoyat maroqli edi. Neʼmat aka atrofda roʻy berayotgan voqealarga shu qadar aniq, shu qadar “obrazli” qilib, oʻzbekchasiga aytsak, “toʻn kiygizib” hikoya qilardiki, beixtiyor dilingizga nur yogʻilib kirgandek boʻlardi.

Neʼmat akaning tagʻin bir kamyob fazilati – doʻstlarga sadoqatli edi. Birovning boshiga tashvish tushsa, oʻsha zahoti yetib kelar, qoʻlidan kelganicha yordam berardi. Buni men oʻz qismatimda ham koʻrganman. Neʼmat Aminov ogʻir paytlarda doim yonimda turgan.

Neʼmat Aminovning palagi toza edi. U kishining otalari – donishmand Usta bobo suhbatlaridan, oʻgitlaridan men ham bahramand boʻlganman. Xalqimizning sodda-buyukligini, kamtar-donishmanligini shu moʻtabar inson qiyofasida koʻrganman. Neʼmat Aminov ota oʻgitlariga hamisha sodiq qoldi va kitobxon qalbiga yorugʻlik olib kiradigan asarlar yaratdi. Uning kitoblari hali koʻp martalab nashr etiladi, yana koʻplab avlodlarning maʼnaviy mulki boʻlib qoladi, deb ishonaman.

***

Neʼmat akani eslab oʻtirib, tagʻin bir narsani kashf qilgandek boʻldim. Adib shogird tanlashni ham bilar ekan. Neʼmat Aminovning shogirdlari koʻp edi. Bugungi talay hajvchi yozuvchilar Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Said Ahmad maktabini oʻrganish bilan bir qatorda Neʼmat Aminov ijodiy tajribasidan ham bahramand boʻlgan. Lekin ular orasida faqat hajvchilar emas, jiddiy janrda yozadigan isteʼdodlar ham oz emas. Shulardan biri isteʼdodli yozuvchi Ashurali Joʻrayevdir!

Ashurali Neʼmat Aminov xotirasi yoʻlida bir farzand yumushini bajardi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Neʼmat Aminovning biron xotira kechasi, biron tadbiri, bironta kitobining taqdimoti Ashuralisiz oʻtgan emas. Ashurali Joʻrayev ularda qatnashibgina qolmaydi, hammasiga oʻzi bosh-qosh boʻladi.

Hikmatlarda, yarlaqagan bandasidan sodiq shogirdlar qoladi, deyilgani bejiz emas. Shu ukamizning umri uzoq boʻlsin. Ustoziga loyiq ijodkor boʻlib yursin!

 

 

Oʻtkir HOSHIMOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.