Koʻrgan-bilganlarim

0
2207
marta koʻrilgan.

Mening tugʻilib oʻsgan, bolaligim oʻtgan joylar Qarshi (Qadimgi Nasaf) shahridan besh-oʻn chaqirim shimolroq tomondagi Qoʻngʻirtov etaklaridadir. Qishlogʻimning nomini Nekoʻz deydilar…

Qishlogʻimizda suv nihoyatda taqchil edi… Quduqlarning suvi batamom shoʻr, ichishga yaroqsiz. Lekin uni negadir mol-hol ichib yuraverardi. Ayniqsa, bahor oylarida bu yerga yogʻin koʻp tushar, Qoʻngʻirtov etaklari ming xil oʻt-oʻlan, chuchmoma-yu qizgʻaldoq, quyontoʻpigʻ-u ismaloq, qoʻzigullar bilan qoplanar, atroftevarak jannatiy bir manzara kasb etardi. Bu yerlarga bahorda turna tushardi. Turnalar oʻt-giyohlarni terib yeb, qoʻy-qoʻzilarning orasida bemalol, behadik yuraverishardi. Shuningdek, Qoʻngʻirtovda u paytlari kiyik koʻp edi. Keyinchalik, atrof-tevarakni odamlar ishgʻol qilib olishgach, yovvoyi hayvonlar oʻz-oʻzidan yoʻqoldilar. Turnalar, laylaklar kelmay qoʻydi. Kiyikni esa hazrati Insonning oʻzi yeb bitirganiga oʻzim guvohman…

Endi gapni beriroqdan boshlasak, bu dunyoning voqea va hodisalari xotiramda toʻrt-besh yoshlarimdan boshlab qolgan. Urushdan qaytmaganlarning azalari-yu qaytgan mayib-majruh qishloqdoshlarimning qoʻltiqtayoqni toʻqillatib yurganlari esimda. Ocharchilik, odamlarning kunjara yeganlarini koʻp koʻrganman. Balki vaqti-soati yetib men bu kechinmalarimni batafsil yozarman. Chunki hozir shu sahifalarga sigʻmaydigan rang-barang xotiralarim koʻp…

Negadir bolaligimda xotiram juda kuchli edi. Bir oʻqiganim esimda qolaverar edi. Radio, televideniye yoxud boshqa tomoshalar boʻlmaganidan keyin ermagim kitob edi-da. Duch kelgan narsani oʻqib, duch kelgan narsani yodlab olardim. Bu kitoblar orasida xalq dostonlari ham, Navoiy bobomiz-u Pushkindan tarjimalar ham, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon sheʼriyati va yana boshqa koʻp roman-u qissalar boʻlardi. Darvoqe, qish kunlarida toʻylarga qoʻshni tumanlardan nomdor baxshilar kelib, tong otguncha doston aytishardi. Biz bolalar baxshini tinglay-tinglay bir-birimizga biqinishib uxlab ham qolar edik. Yanglishmasam, oʻshanda Umur shoir degan baxshining dostonlarini koʻp eshitganman.

Bir qoʻshnimiz, gʻoyat pokdomon Kamolxon eshon degan kishi boʻlardi. Rahmatlikning onasini Bibi momo der edilar. Bibi momo oʻta darajada savodxon buvi edilar. Onam rahmatlikka ergashib, ularning suhbatiga qatnashib qolardim. Bibi momoning kattaligi sandaldek keladigan kitobi bor edi. Kitobni «Navoiy kitob» derdilar. Bibi momo Farhod-u Shirin, Layli-yu Majnunlarni chunonam qiroat bilan oʻqirdiki, maʼnosini koʻpam tushunmasam ham qiroatdan maza qilardim…

Maktabni oltin medal bilan bitirdim. Akalarim turli shaharlarga oʻqishga ketib qolgani uchun otam meni qoʻyib yuborgisi kelmasdi… 1958-yil Toshkent davlat universiteti filologiya fakultetining jurnalistika boʻlimiga kelib qoldim.

Sheʼrlarim avval tuman, viloyat gazetalarida bosilib turgan boʻlsa-da, birinchi marta respublika bolalar gazetasida «Qushcha» degan sheʼrim bosilib chiqqan…

Sheʼrlarim matbuotda tez-tez bosila boshladi. Ozod akaning «Oq yoʻli» bilan «Sharq yulduzi»da sheʼrlarim chiqdi. Yozuvchilar uyushmasidagi mushoiralardan birida «Munojotni tinglab», «Burgut» degan sheʼrlarimni oʻqidim. Oʻsha kuni Abdulla Qahhor nazariga tushdim. Mirtemir domla atrofida koʻp shogirdlari qatori saboq oldim. Shayxzodadek donishmand ustozga ergashib, u kishi sheʼr oʻqigan minbardan men ham sheʼr oʻqidim. Esimda, Eski shahardagi hozirgi «Turon» kutubxonasida oʻqigan sheʼrlarimni tinglovchilar juda iliq kutib oldilar. Uchrashuvdan qaytayotganimda Shayxzoda domla bilagimdan tutib: «Shoir, sizga bitta gapim bor. Ehtiyot boʻlgaysiz, ishqilib, qarsaklardan taltayib ketmasangiz boʻlgani», degan. Bu gaplar ham mening qulogʻimga qoʻrgʻoshinday quyilib qoldi.

Mening inson va ijodkor sifatida baxtim Oʻzbekistonning mustaqilligini koʻrdim va ne baxtkim, ozod Vatanimga baholi qudrat xizmat qilib yuribman…

 

Abdulla ORIPOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.