“Koʻklamoyim” tugʻildi

0
421
marta koʻrilgan.

Muhammad Yusuf degan shoir sheʼriyatga qanday kirib kelganini adabiyotimiz sezmay ham qoldi. Ammo u tezda hammani hayron qoldirib, ogʻizga tushib ketdi. Uning ijodi haqida gap ketganda, koʻpincha qoʻshiqlarini tilga oladilar. U qoʻshiq yozgan ham, oʻzini qoʻshiqchi shoir hisoblagan ham emas. Uning yozganlari nihoyatda dolzarb mavzuda, oʻta jiddiy, ammo xalq tiliga juda yaqin va ravon tilda yozilgan. Shuning uchunmi, hofizlar ularni qoʻshiqqa solib yubordilar. Bu qoʻshiqlar qoʻshiqchilikni ham baland pogʻonalarga olib chiqdi. Qancha-qancha hofizlarni elga tanitdi.

Muhammad Yusuf qoʻshiqlari bilan emas, avvalo, xalq dardini baralla aytgan, yurt muhabbatini hech kimga oʻxshamagan misralarda taʼriflagan sheʼrlari bilan tanildi, shuhrat qozondi.

Muhammadning sheʼrlari bir qarashda juda sodda, joʻn yoziladiganga oʻxshab tuyuladi. Ammo unga oʻxshatib yozib koʻring-chi? Qoʻlingizdan kelmaydi! Uning oson yoziladiganga oʻxshab koʻringan misralari muxlislarini yigʻlatdi, kuldirdi, oʻz ogʻushiga tortib oldi.

Odamlar uning sheʼrlarini hayajonsiz oʻqimaydigan, kitoblarini doʻkonlardan qidirib yuradigan boʻldilar.

Muhammad Yusuf Xudo bergan qobiliyat egasi ekanligiga oʻzim guvoh boʻlganman. Bir davrada Choʻlponning “Koʻklam” sheʼri toʻgʻrisida gap bordi. U mening taʼrifimdan taʼsirlandimi, ichkari xonaga kirib ketdi-da, 10-15 daqiqa oʻtgach chiqib, qoʻlimga “Koʻklamoyim” sheʼrini tutqazdi. Uni menga bagʻishlaganini aytdi. Sheʼrni oʻqib, koʻzimdan yosh chiqib ketgandi oʻshanda.

Muhammadjon kamdan-kam tugʻiladigan isteʼdod egasi boʻlish bilan birga, kamdan-kam shoirda uchraydigan xislat egasi – shuhratdan qochadigan kamsuqum inson edi. U shuhratning emas, shuhrat uning ortidan quvib yurardi.

Muhammadjonning yoshlik, yigitlik yillari Toshkentday shahri azimda oʻtdi. U shu yerda omadini, baxtini, shon-shuhratini topdi. Shoshning boloxonalarida “shoir” degan unvonga erishdi:

 

Meni shoir qilgan loysuvoq

Boloxonalaring bor boʻlsin.

 

Va bu yurtdan bir umr burchdor ekanligini his qilib yashadi:

 

Qirq yil qulluq qilsam ham agar,

Uzolmasman sendan qarzimni.

 

Muhammad Yusuf – baxtli, omadli shoir. Unga mustaqil yurtini, ozod xalqini koʻrish nasib etdi. Yurtining eng ulugʻ bayramlarida uning qoʻshiqlari baralla yangraydigan boʻldi. Oʻzbekiston haqidagi sheʼrini yoshlar hatto oʻz madhiyalariga aylantirib yubordilar. Shu oʻrinda hurmatli Yurtboshimizning bir kamsuqum shoirga shaxsan eʼtiborini aytmay boʻlmaydi. Shoir Muhammad Yusufga Prezidentimizning mehrlari bobomiz Ulugʻbek haqidagi qoʻshiqni eshitgan paytlaridayoq tushgan edi. “Xalq shoiri” unvonini ham mamnuniyat bilan unga oʻzlari topshirgan edilar.

 

Ozod ShARAFIDDINOV,

Oʻzbekiston Qahramoni

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.