Kitobga qaytish yoxud sevimli qahramon sogʻinchi

0
113
marta koʻrilgan.

1

…Bolaning otasi unga katta shahardan keltirib bergan sevimli kitobi boʻlardi. U kitobini hammadan qizgʻanar, rasmlarini qayta-qayta tomosha qilar, yotsa-tursa undan ayro tushmasdi. Kitob muqovasidagi ot suratini goʻyo tirikka, qanot chiqarib parvoz etish taraddudida turganga, unga otlangan, qoʻliga nayza ushlab, egniga sovut kiygan, sadoq, oʻq-yoy, qilich taqqan suvoriyni yogʻiylariga haybat otayotganga mengzardi.

Bola yirik-yirik harflar bilan “Goʻroʻgʻli” degan bitik bitilgan ushbu kitobini boshqalaridan (otasi oʻqituvchi emasmi, uylarida kitoblar koʻp, juda koʻp edi) yaxshi koʻrar, duch kelgan sahifasini ochib oʻqiyverar, voqealarini deyarli yod olgan, mutolaa chogʻida sevimli qahramoni va uning qirq yigiti zafar qozonsa, masrur boʻlgani, mushkul ahvolga duch kelishganida qaygʻuga botgani qiyofa oʻzgarishidan sezilib turardi…

Inson – buyuk kashfiyotchi. Uning bu iqtidori ilk ajdodlari zaminga qadam tashlagan davrdayoq tabiat gʻaroyibotlari (momaqaldiroq guldurosi, yashin chaqnashi, yer silkinishi, bahaybat hayvonlar hujumi va boshqalar) oldida ojizlikdan zir qaqshasa-da, tosh toshga urilganida uchqun chiqishini anglab, tamaddunning birinchi mahsuli – chaqmoqtoshni kashf etganidayoq namoyon boʻlgandi. Eh-he-yey, oʻshandan buyon inson nimalarni orzulab, uning aql-zakovati oʻz turmush tarzini yaxshilash niyatida nimalarni ixtiro qilmadi deysiz? Qachonlardir inson xohish-irodasi sifatida ertagu dostonlarda ifodasini topgan “uchar gilam”lar, yuziga qarasang magʻribu-mashriq namoyon boʻladigan “oynai jahon”lar… bari-barisi allaqachon oddiy haqiqatlarga aylanib ulgurdi. Murakkab ixtirolar oʻz nomi bilan murakkab, oddiygina loy zuvaladan tiklangan uylardagi tokcha, daricha va taxmon degan nimarsalar ham oʻz istiqomatchisining biron kor-holiga asqatardi. Masalan, taxmonga koʻrpa-toʻshak, kundalik ehtiyoj uchun zarur sopol, chinni idishlar terilsa, daricha yozning avj jaziramasida ochib qoʻyilib, xona havosini tozalar, kuz, qish oylarida tashqi tomondan suvalib, tokchasiga mayda-chuyda buyumlar terib qoʻyilardi. Soʻnggi yuz yillik ixtirolari eng ovloq, chekka aholi manzilgohlarigacha yetib kelgach, taxmon oʻrnini hashamdor javonlar, daricha vazifasini ulardan koʻra qulay boʻlgan elektr yelpigʻich, sovutgichlar egalladi. Vazifasini oʻtab, allaqachon unut boʻlgan mazkur qurilmalar haqida soʻz yuritishdan maqsadim bolalik yillarini eslab, shu bahonada kitob, kitobxonlik toʻgʻrisida oʻz mulohazalarimni bayon etishdan iborat edi, xolos.

Angladim, “Unutilgan qurilmalar bilan kitob, kitobxonlikning oʻrtasida qanday bogʻliqlik bor?” degan savol navqiron oʻquvchini ajablantirgani aniq. Mayli, sabringizni sinovdan oʻtkazib oʻtirmay sirni ochib qoʻyaqolay. Bir vaqtlar ana shu taxmon, tokchada boshqa buyumlar qatori qoʻlma-qoʻl oʻtaverganidan sahifalari sargʻayib, muqovasi titilib ketgan Yassaviy, Navoiy, Bedil, Maxtumquli, Mashrab devonlari, “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli”, “Kuntugʻmish” va boshqa dostonlar, “Oʻzbek xalq ertaklari” kabi kitoblar turar, qoʻni-qoʻshnilar yigʻilib, ularni eng burro bolaga oʻqitishar, uzun qish kechalarining tim qora sochini kitobxonlik qilib oqartirishardi. Shunday suhbatlarda “Falonchida falon kitob bor ekan”, degan gap iftixor ruhi bilan aytilar, kishilarning bilimdonligi qancha asar mutolaa etganligi, nechta gʻazalni yod olganligi bilan baholanar, kitob, kitobxonlik inson bezagi sanalardi.

Botir bobo degan yoshi yetmishdan oshgan qoʻshnimiz boʻlardi. Nafaqaga chiqqan boʻlsa-da, maktabda qorovul boʻlib ishlardi. U paytlar qishloqda quduq suvi isteʼmol qilinar, qariyb yarim chaqirim masofadan tashib kelingani bois isrof qilinmasligi uchun suv toʻldirilgan chelak darvoza oldidagi qorovulxonada turardi. Qay birimiz chanqoq qondirish niyatida shu moʻjaz hujraga kirsak, Botir bobo tokchada turgan kitobni olardi-da, buklab qoʻyilgan sahifasini ochib:

– Qani, “ikkichi” yoki “aʼlochi” ekanligingni sinaymiz, – deb koʻrsatkich barmogʻini kitob sahifasiga nuqirdi. – Mana shu yerdan sharillatib oʻqi-chi!

Biz Botir boboning maqtovini eshitish ilinjidami yoki kitob voqealari oʻziga tortarmidi, uch-toʻrt sahifani bir zumda oʻqib tashlardik.

– Mayli, darsingga kechikma, – derdi jon qulogʻi bilan tinglab turgan Botir bobo bizning darsga kechikib qolayotganimizni oʻylab, – tagʻin ustozing menga urishib yurmasin, lekin savodingga gap yoʻq ekan, nasib etsa, sendan zoʻr muallim chiqadi.

U kishi savodxon bola vaqt kelib albatta muallim boʻlishiga ishonardi. Oradan yillar oʻtib, bolalik xotiralarimni titkilaganimda Botir bobo uchun oʻshanda savodxonligimizni sinash bir bahona boʻlganini, alifdan xabarsiz otaxon shu asno oʻzini qiziqtirgan kitobni oʻqitib huzur qilganligini anglayman.

 

2

…Bola batamom kitobning sehrli olamiga gʻarq boʻlgan, endi ardoqli qahramonlari uning nafaqat hushini, balki tushini ham zabt etgandi. U uyqusida ham kutilmaganda qiyqirib yuboradigan, sakrab oʻrnidan turib ketadigan odat chiqardi.

Yosh bolaning koʻp kitob oʻqishi bexosiyat boʻladi, shugina bolani kitob ushlamaydigan qilinglar, deb xudoning zorini qildim, quloq solmadinglar, mana oqibati, hademay u savdoyi boʻlib qoladi.

Ota-onasi buvisining diydiyolariga dosh berisholmadi. Bir kuni tong uyqusini tark etgan bola yostigʻi ostidan sevimli kitobini topolmadi. “Balki biron joyga yashirib qoʻyishgandir”, degan xayolda titkilamagan yeri qolmadi, oxir-oqibat tandir ichidan kitobni emas, yonmay qolgan bir parcha muqovani topdi. Oʻsha kundan boshlab sevimli kitobidan ayro tushgan bola odamovi boʻlib qoldi, hatto isitmasi koʻtarilib, xastalik toʻshagiga mixlandi…

Bundan qariyb oʻttiz besh yil muqaddam toʻrt aka-uka kayvoni otamizning taklifi bilan bittadan farzandimizning sunnat toʻyini birgalikda oʻtkazgandik. Oʻzbekchilik, biron kishi toʻyxonaga quruq qoʻl bilan kelmaydi, kimdir hoʻkiz, qoʻy-echki yetaklagan, kimdir choʻntagimizga besh-oʻn soʻm tiqib ketayapti, toʻyona keltirmagani belini bogʻlab xizmat qilayapti, “toʻy boshlanguncha egasiniki, boshlangandan soʻng elniki”, deb bejizga aytishmaydi-da. Tungi toʻy davrasi ayni qizigan palla uringangina kostyum-shim sira egnidan tushmaydigan keksa oʻqituvchi soʻz oldi. Muallim emasmi, shiringina tilak bildirdi, soʻngra toʻrtala toʻybolani yoniga chorlab:

– Kam boʻlsa-da, koʻp oʻrnida koʻrasizlar, bolalarim, – deb har birining qoʻliga hafsala bilan ichiga nimadir oʻralgan qogʻoz boʻxcha topshirdi. Davraning u yer, bu yerida shivir-shivir boshlandi:

– Domla nima berdi ekan?

– Nima boʻlardi, kitobdir-da, – shangʻilladi kimdir. – Men toʻy berganimdayam oʻgʻlimga kitob keltirgandi qurumsoq.

Davradagilar otaxonning ustidan oshkora kulishdi.

Bu istehzoli qochirimda jon bor edi. Haqiqatdan ham “qizil imperiya” mustahkam ildiz otgan yillarda oliygohga kirib oʻqish, amal pillapoyasidan dadil odimlash aksariyat hollarda savodxonlikka emas, jonkuyar otaning jamiyatda tutgan nufuzi yoki “pulsevar” tanishi borligiga bogʻliq boʻlib qolgandi. Masala shu darajagacha oʻsib yetdiki, jahon adabiyotining noyob asarlarini topish ham u yoki bu darajada shaxsning jamiyatda egallagan nufuziga borib taqaldi.

Oliygohda tahsil olayotgan davrimda otasi viloyatda rahbar boʻlib ishlaydigan bir tanishimnikiga mehmonga borib qoldim. Eʼtiborim xona toʻridagi javonni bezab turgan bir xil muqovali, qancha urinsam ham men qoʻlga kirita olmaydigan kitoblarga tushib, ogʻzim lang ochildi. Shosha-pisha havasimni keltirgan kitoblardan birini olib varaqlashga tushganimda tanishim dakki berdi:

– Kitobni joyiga qoʻy, onam koʻrsa, urishib beradi.

– Nega? – soʻradim hayron qolib, – nahot sizlar shunday ajoyib kitoblarni oʻqimasangiz?

Tanishim befarq burnini jiyirdi:

– Kitob oʻqishga vaqt qayda, bekor paytimiz ana, televizor koʻramiz.

Bilsam, bu kitoblar xona bezagi uchun xarid qilingan ekan.

Shu tariqa kitob, kitobxonlik chekinib bordi. Aksariyatimiz bugun koʻcha-koʻyda kitob qoʻltiqlagan kishini uchratsak:

– Tavba, hozirgi zamonda ham kitob oʻqiydigan odam boʻlarkan-da, – deb burun jiyiradigan darajaga yetdik, goʻyo oʻtmish ajdodlarimiz uzun tunlarni kitob titkilab, bedilxonlik, navoiyxonlik qilib oʻtkazishgani unut boʻlgandek.

 

3

…Bola tush koʻrdi, tushida Goʻroʻgʻli sardor Gʻirkoʻk otida uning ahvolidan xabar olishga kelgan emish. Koʻzlariga ishonish-ishonmasligini bilmagan bolakay oʻzini sevimli qahramoni quchogʻiga otibdi:

Nahotki bu siz, oʻzingiz boʻlsangiz?

Ha qoʻzichogʻim, bir koʻrib ketay deb kelgandim, ayt-chi, senga nima boʻldi?

Kitobimni olib qoʻyishdi.

Shunga shunchami, yur, seni Gʻirkoʻk otimga mindirib, kitoblar mamlakatiga olib ketaman.

Bola sevinchdan irgʻishlab, sevimli qahramoni otiga mingashibdi.

Ular osmonu falakka parvoz qilishibdi…

Bola qop-qora terga botib, toʻshagida toʻlgʻonayotganida momosi uning yelkasidan mayin silkitib uygʻotdi:

Tur bolam, mana koʻr, otang shahardan senga nima keltirganini.

Koʻzlarini mushti bilan artib ochgan bola momosi avaylab ushlab turgan, muqovasiga gard tushmagan “Goʻroʻgʻli” kitobini koʻrib, sevinchdan irgʻib turdi…

Bugun mamlakatimizda noshirlik ishi misli qoʻrilmagan darajada yuksaldi. Endi davr talabini anglab, oʻzi chiqarayotgan mahsulot nafaqat mazmuni, balki dizayni (bezatilishi) jihatidan ham kishini oʻziga jalb etadigan boʻlishini taʼminlay olgan nashriyotgina raqobatga dosh bera oladi. Shu bois xohlagan asaringizning sarxil muqova va bezakda nashr etilganini astoydil izlasangiz topish imkoni bor. Tagʻin bir qulaylik, taraqqiyot mahsuli boʻlmish virtual kutubxonalar kitob oʻrnini zabt etayapti. Yaqinda shaharga tushib kelgan bir hamkasbim doʻkonlarda yaxshi kitob koʻp ekanidan gap ochib qoldi.

– Istagan kitobingiz bor, faqat pulga koʻzingiz qiysa bas.

Toʻgʻri, bozor iqtisodiyoti koʻpchiligimizni moddiyunchi qilib qoʻygani rost, ammo qalbga malham boʻlib, toʻgʻri yoʻlga yetaklaydigan kitobdan pul qizgʻanish, ayniqsa, oʻqituvchi shaxsi uchun nooʻrin.

– Siz qanday kitoblar oldingiz? – soʻradim oʻsmoqchilab.

– Bir-ikki sarguzasht asarlar, nomlari esimda yoʻq.

– Hech boʻlmasa, muallifini eslab qolgandirsiz?

– Qayerda, ilgari eshitgan yozuvchim emas…

…Bir kuni yirik shaharlardan biridagi kitob doʻkonida yoshlar va kitob, kitobxonlik mavzusida koʻrsatuv tasvirga olinayotgani ustidan chiqib qoldim. Yoshgina telemuxbir bilan ikki-uch tengdoshi oʻrtasida boʻlib oʻtgan savol-javobni aynan keltiraman:

– Ayting-chi, kitob oʻqishni yaxshi koʻrasizmi?

– Albatta, boʻsh vaqtlarimda kitob oʻqish – xobbim, – javob berdi birinchi muxlis.

– Qanday asarlarni oʻqigansiz?

– “Oʻtgan kunlar”ni… Bosh qahramoni kim edi, haligi, ha-ya, endi esladim, Anvar, ha shunday edi, shekilli…

Suhbatga ikkinchi muxlis aralashdi:

– Men “Qil ustidagi taqdirlar”ni, yana Ahad Qayumning sheʼr kitobini oʻqiganman.

Toʻgʻri, muxbir qiz tengdoshlarining ayrim xatolarini ustalik bilan toʻgʻrilab yuborishga urindi, ammo “zoʻraki kitobxonlik” bot-bot oʻzini fosh qilaverdi, gʻalati tomoshaga qarab turishga ham sabrim chidamay, kitob doʻkonini tark etdim.

Bu misolni “odamlar kitob oʻqimayapti”, degan iddao uchun keltirmadim. Bugun odamlar kitobga qaytayapti, ammo ular, ayniqsa adabiyotning sehrli olamiga tetapoya qilayotgan yoshlar nimani mutolaa qilishayapti – masalaning shu tomoniga eʼtibor qaratish lozim. Ochigʻi, hamma nashriyotlar ham badiiy saviyasi yuksak asarlarni nashr etayapti deb boʻlmaydi, lekin bu sohani biznesga aylantirayotgan noshirlarni yuqoridan berilgan koʻrsatma bilan toʻgʻri yoʻlga solib boʻlmaydi. Tadbirkor oʻz biznesini kishilarning ehtiyojiga qarab moslaydi. Shu bois yosh avlod tarbiyasi bilan shugʻullanayotgan maʼnaviyat va maʼrifat kishilari ularning ongiga kitob oʻqish madaniyatini singdirishi har qachongidan muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tarix gʻildiragi tinimsiz aylanadi, bugun shu narsa ayon boʻldiki, kitob, kitobxonlikning inson hayotida tutgan oʻrnini hech narsa bilan toʻldirib boʻlmas ekan. Men yuqorida keksa oʻqituvchi qilgan sovgʻa toʻgʻrisidagi hikoyani bejiz eslamadim. Kitob – koʻngil mulki, dil obodligi. Yillar quvlashmachoq oʻynab oʻtdi, oʻsha toʻyda toʻyona qilingan qoʻy-echkilar allaqachon kabobga aylanib ketdi, pullar sarflandi, kim nima toʻyona bergani ham unutildi hisob. Ammo oʻsha keksa oʻqituvchi (oxirati obod boʻlsin) oʻgʻlimga sovgʻa qilgan kitob – ulugʻ adib Odil Yoqubovning “Ulugʻbek xazinasi” romani hamon javonimizni bezab turibdi, u bahona vaqti-vaqti bilan kuyunchak domlani eslaymiz.

 

Abdunabi ABDIYEV,

Mirishkor tumanidagi 22-maktab direktori

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.