Kitob oʻqiganlar “Spark” minyapti, “Spark” minayotganlar ham kitob oʻqiyaptimikin?

0
228
marta koʻrilgan.

Oʻrni topib aytilgan ushbu qiyoslamani bir cuhbatda iqtidorli jurnalist inim Nuriddin Egamov ishlatgan edi. Sir emas, yaqin oʻtmishda turmush-tarzimizni yaxshilash uchun bilim emas, “yoʻli”ni topish taqozo etilgani, kitob, kitobxonlik nufuzi ancha tushishiga turtki bergandi.

Aksarimiz koʻchada qoʻy yoki echki yetaklab borayotgan, zil-zambil bozor toʻrvasini arang koʻtarib ketayotgan kishiga koʻzimiz tushsa, oddiy voqelik sifatida eʼtibor qaratmay, bir dasta kitobni qoʻltiqlab olgan kimsaga antiqa tomoshaga duch kelgandek gʻalati nazar tashlab, “tavba, shu zamonda ham kitob oʻqiydigan kishi bor ekan-da” qabilidagi xayollarga borardik. Aslida esa xalqimiz savodxon kishiga davralarning toʻridan joy berganligi, qadrini baland tutganligi keksalarning gurungidan bizga yaxshi tanish.

Qishlogʻimizda Rajab choʻpon, Olti shoir degan kishilar yashardi (oxiratlari obod boʻlsin). Ular umrini suruv izidan yurib, yaylovda oʻtkazishgan boʻlsa-da, Maxtumquli, Mashrab, Yassaviy devonlaridan yod olgan gʻazallari xirgoyisiga tunning sarhadlari torlik qilardi. Tagʻin har bir gʻazalning har bir misrasini bekamu koʻst izohlab berishlarini koʻrib, tan olishdan boshqa chora topolmasdi, kishi.

Uzoqqa bormaylik, yaqin-yaqinlargacha ham umrlarining eng sara davri saboqxonalar oʻrniga, paxta dalasida oʻtgan talabalar koʻkka oʻrlagan gulxan yorugʻida tunning sochi oqarguncha bahri-bayt (bayt-barak ham deyishadi) oʻynab, sheʼr oʻqishgani ertak emas, aynan haqiqat. Bahorgi, yozgi taʼtil kunlari uch-toʻrt shaxsiy sigirlarini yaylovga oʻrlatgan bolalarning qoʻynida kitob boʻlardi. Oʻtloqqa yonboshlab qilingan mutolaadan soʻng uch-toʻrt tengqur oʻzi oʻqigan kitobi-yu, sevimli qahramonlari haqida munozaraga kirishardi.

Hoʻsh, bugunchi? Bugun axborot oqimi shu darajada kengaydiki, endi odamlarni kitobga, kitobxonlikka qaytarish uchun ancha ter toʻkishimizga, kerak boʻlsa, ularni yaxshigina ragʻbatlantirishga toʻgʻri kelayapti.

Shu yilning fevral oyi oxiri, martning boshida qariyb oʻn kun katta-yu kichikning eʼtibori “Yoshlar” telekanalida jamlandi. Yoʻq, odatga aylangan sevgi sahnalariga, ur-yiqitlarga boy navbatdagi chet el serialini tomosha qilish uchun emas, davlatimiz rahbarining 2017 yil 18 iyuldagi “Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimizda ilk bor oʻtkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovining navbatdagi kuniga bagʻishlangan hisobotdan bahramand boʻlish uchun. Qiziqish shu darajada kuchli boʻldiki, qaysi davraga bormang, gurung shu mavzu atrofida aylandi. Ayniqsa, musobaqaning mutlaq gʻolibiga Prezident sovgʻasi – “Spark” avtomashinasi berilishi katta munozaralarga, tanlovning qizgʻin tus olishiga sabab boʻldi:

– Qarang-a, kitob oʻqiganga mashina sovgʻa qilinar emish.

– Qaysi ishtirokchini eng zukko deb hisoblaysiz?

– Men xorazmlik yigitchaga qoyil qoldim. Koʻzi ojiz boʻlsa ham toʻrt muchasi sogʻlar bilan teng bahslashayapti…

Aytish mumkinki, ikki yosh toifasi – 14-19 va 20-30 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlar oʻrtasidagi tanlovdan koʻzlangan asosiy maqsad yoshlar orasida mutolaa muhitini yaratish, kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, yoshlarning bilim, maʼnaviyat va intellektual salohiyatini oshirish, ularni adabiyotning sehrli olamiga yetaklab kirishdan iborat edi. Quvonarlisi, bu ezgu maqsadga toʻla-toʻkis erishildi. Masalan, ikkinchi – “Badiiy kitoblar bilimdoni” shartida ishtirokchilar aktyorlar tomonidan ijro etilgan epizod yoki monolog qaysi asardan olingani, uning mazmun-mohiyati, gʻoya va ahamiyatini izohlab berishgan boʻlsa, “Men sevgan adib” deb nomlangan yana bir shartda monitorda koʻrsatilgan 50 ta raqam ortida yashiringan jahon adabiyoti, mumtoz va zamonaviy oʻzbek adabiyoti vakillari orasidan oʻzi tanlagan ijodkorning hayoti va ijodi haqida uch daqiqa mobaynida maʼlumotlar keltirishdi. Final bosqichi ishtirokchilari birdan yigirmagacha boʻlgan raqamlar ortida yashiringan maʼnaviy-maʼrifiy, tarixiy sohaga oid kitoblarni tanlab, ular haqida oʻz mulohazalarini oʻrtoqlashishdan boshlangan boʻlsa, bellashuv “Sheʼriyat” sharti bilan yakun topdi. Biz burro javoblardan naqadar zavq olgan boʻlsak, ayrim hollarda oʻzbek nasri buyuk namoyondasi Shukur Holmirzayev, XX asr jahon adabiyotining eng yorqin vakillari Frans Kafka, Alber Kamyu, Gabriel Garsia Markes hayoti va ijodi haqidagi savollar javobsiz qolganidan ranjidik. Hatto, bir ishtirokchi Nobel mukofoti sovrindori, amerikalik buyuk yozuvchi Ernest Xemingueyning “Alvido, qurol” romani haqidagi savolga:

– Bizga adibning “Chol va dengiz” qissasi berilgan edi, bu romanni oʻqiganim yoʻq, – degan javobi biroz hafsalamizni pir qildi.

Tagʻin bir ishtirokchining:

– Maxtumquli qayerda yashagan, – degan oddiy savolga.

– Toshkentda boʻlsa kerak, – degan mujmal javobi koʻpchilikning zaharxandasiga sabab boʻlgani ham rost.

Gap u yoki bu ishtirokchi savollarga qay darajada mukammal javob berganida emas. Bu borada ishtirokchilarning yoshligi, ayrimlari adabiyot olamiga endigina tetapoya qilib kira boshlagani, butun mamlakat diqqat markazida turish salobati bosganligini ham inobatga olish kerak. Baʼzan kishi oʻzi bilgan oddiygina savol javobidan ham adashib ketishi mumkin. Muhimi, bugun tanlovda gʻolib boʻlgan Samarqand viloyati Narpay tumanida yashovchi oddiygina qishloq qizi Mohiniso Shomurodova hamda Qoʻqon davlat pedagogika instituti talabasi Sharofat Ismoilovani deyarli hamma taniydi. Nafaqat taniydi, balki farzandining ularga oʻxshashini astoydil havas qilishadi.

“Oʻzbekning orzusi nima?” degan savolga har birimiz sira ikkilanib oʻtirmay:

– Farzandining kamolini koʻrish, – deb javob qaytarishimiz shubhasiz.

Shu orzu-havas yoʻlida oʻgʻil-qizimizni bir qarich yoshidan oq yuvib, oq taraymiz, koʻngli oʻksimasin, deya istagan narsasini muhayyo qilishga intilamiz, peshona terimizni sarflab topganimizni toʻkib-sochib, ularning tugʻilgan kunlarini, toʻylarini dangʻillama qilib oʻtkazamiz. Hali turmush ogʻir yengilini anglab yetmagan chogʻida oyogʻi tagiga mashina olib berayotganlarning soni nechta. Ammo aksarimiz farzandimizga bir dona kitob sovgʻa qilishga kelganda feʼli torlik qilamiz. Bundan atigi besh-olti yil muqaddam bir toparman-tutarmon tanishimga:

– Aytingchi, Siz biron marotaba farzandingizga kitob sovgʻa qilganmisiz, – deb savol berganimda, u kishi yuzimga istehzoli tikilib:

– Qoʻying domla, kitob ham sovgʻa boʻlarmidi, – degan edi.

Negaki, oʻsha payti oddiy qishloq qizi koʻp kitob oʻqiganligi uchun mashina egasi boʻladi, desa hech kim ishonmasdi, ishonolmasdi. Tanlovni koʻrib, deyarli barchamiz bunga ishondik va hayratlandik.

Yaqinda maktabda oʻtkazilgan kitob yarmarkasini kuzatib, koʻzim quvnadi. Xabarni eshitgan ota-onalar “gurros-gurros” maktabga kelishib, farzandlariga kitob xarid qilishdi.

Barcha yutuqlarning kaliti bilim va badiiy tafakkurda. Kitobga oshno kishidan esa hech vaqt yomonlik chiqmaydi.

 

Abdunabi ABDIYEV,

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi aʼzosi

 

soglom.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.