Kenja qiz

0
501
marta koʻrilgan.

1

Shahrixonning shundoq yonginasida joylashgan juda fayzli va shinam Saroy qishlogʻi odamlari hurmatga sazovor, oʻzlarining tadbirkorliklari, uddaburonliklari bilan atrof muzofotda dong taratgan. Boʻzdan Andijonga toʻgʻri katta taxtiravon yoʻl tushgach, taqdir taqozosi bilan tabiiy ravishda Buyuk Ipak yoʻlining boʻyiga chiqib qolgan qishloq yana ham obodonlashib, yurtimizning odamlar havasini keltirar darajada goʻzal maskaniga aylandi. Albatta, har bir yerni obod etadigan kuch, shijoat bu – uning odamlari.

Saroy qishlogʻida Inomjon Otaxonov degan bir odam yashar, oʻzi Shahrixondagi “Atlas” fabrikasida mashina haydar, rafiqasi Anorxon kolxozchi edi. Oilada olti farzand – uch qiz va uch oʻgʻil oʻsardi. Xudoi taolo yettinchi farzand nishonasini ham koʻrgizdi. Ota-ona agar farzand kutsa albatta oʻgʻil umid qilish xalqimizda urf-odat. Lekin bu qizlarning qadrini pasaytirish emas, balki dunyoning yuki asosan oʻgʻillar zimmasiga tushishi, oʻgʻil ota mulki, uy egasi boʻlib qolishi, qiz esa “birovning xasmi” ekani, kun kelib uzatilib yuborilishi, yiroq-yiroqlarga ketib qolishi ehtimolidan, albatta. Dushman bostirib kelsa, dastavval uning himoyasiga otiladigan yigitlar, Vatanning, ota-onaning, mushtipar opaning, suyukli singilning tashvishiga yelka tutadigan, ularning shaʼniga dogʻ tushirmay qoʻriqlaydigan ham birinchi galda oʻgʻillar…

Inomjon aka bilan Anorxonlar ham uchta oʻgʻlim toʻrtta boʻlib qoladi, degan umidda oʻgʻil kutardilar. Lekin vaqti soati yetib, Xudo ularga qiz ato etdi va endi oʻgʻillarimas, balki qizlari toʻrttaga aylandi. Goʻdakka “Sayyid ul-ayyom”da, yaʼni kunlarning ulugʻi boʻlgan jumada tugʻilgani uchun “Odina” deb ism qoʻydilar. Eshitganlar: “Hm-m… Kenjasi ham qiz boʻlibdi-da…” deb qoʻyishardi sermaʼno qilib. Ota-ona bu paytda yoʻrgakdagi shu murgʻak Odina vaqtlar kelib bir emas, oʻn oʻgʻilning ishini bajara oladigan mehnatsevar, aqlli, shaddod, sergʻayrat, ishchan, qadamidan oʻt chaqnaydigan ishbilarmon qiz boʻlib voyaga yetishini, albatta, bilmas edilar. Bu voqea 1974 yilda yuz berdi.

Odina kichikligidanoq har narsaga qiziquvchan, harakatchan boʻlib oʻsdi. 1981 yilda Saroy qishlogʻidagi 29-maktabning 1-sinfiga oʻqishga kirdi. U ayrim qizlarga oʻxshab boʻsh-bayov emas, balki izlanuvchan, tinib-tinchimas, oʻqishni qattiq tutgan, dugonalari bilan darrov kirishib keta oladigan xushmuomala, darslarda ham oʻqituvchiga eng koʻp savol beradigan oʻquvchilar safida boʻlardi. Uyga kelganda darslarini qilib boʻlib, uy ishlariga qarashar, keyin koʻzlariga koʻzoynak taqib, soʻfibarmogʻiga angishvona kiydirib toʻn qaviyotgan, belboqqa chiroyli gul solayotgan Anorxon ayaning yoniga oʻtirib, buvisining ignani oʻynatayotgan mohir barmoqlariga havas bilan tikilardi.

– Buvijon… men ham tiksam boʻladimi? Tikishni juda yaxshi koʻraman. – deydi Odina bir kuni.

Anorxon aya suluvlikda oʻziga tortgan oʻn ikki yoshli qiziga mehr bilan qaraydi:

– Nimaga boʻlmas ekan, tentakkinam? Boʻladi, boʻladi! Qiz bola degan tikish-bichishni yaxshi bilishi kerak oʻzi. Sen-chi, anavi qoʻgʻirchogʻingga yangi kiyimlar tikib ber, oʻrganasan. Qaramabsan-ku, bechoraning kiyimlari eskirib ketibdi…

Ona-bola kulib yuboradilar. “Qoʻgʻirchogʻining kiyimlari eskirganidan” xijolat Odina darhol qiyqimlardan qoʻgʻirchogʻiga kiyimlar tikishga tushadi…

Odinaning tikuvchilikka mehr qoʻyishi shundan boshlangan boʻlsa kerak. Uning ustozi – buvisi. Bu haqda keyin.

Insonning tolei Xudodan. Oʻsha tolega insonning oʻzi boradi, birov uni yetaklab olib borib qoʻymaydi. Bariga insonning oʻzi tinib-tinmas mehnati, intilishlari, aql-idroki bilan erishadi. Lekin mehnatning mehnatdan farqi bor. Bir toshni tepadan pastga tushirib qoʻyish, yana tepaga chapdastlik bilan olib chiqish ham mehnat. Buning kimgadir nafi tegadimi? Yoʻq. Insonning mehnati oʻziga ham naf keltirsin, elga ham. Odinaning dadasi, dunyoning past-balandini koʻrgan, rohatini ham tuygan, azobini ham tortgan Inomjon aka suhbatlarda qiziga mana shu mangu haqiqatlarni tushuntirishga harakat qilardi. U, ayniqsa, kenjalari boʻlgani uchunmi¸ Odinaga koʻproq eʼtibor berar, munglugʻ-da, koʻngli choʻkmasin, deganday yoniga tez-tez chaqirib turardi.

Inomjon aka hali bolaligida bobosi Otaxon boboni quloq qilib yuboradilar.

– Yosh yetim qolganman, – derdi Inomjon aka. – Bir toʻgʻram non uchun, birovlar molini boqib katta boʻlganman, eh, afsus… Hayotning achchiq-chuchugini xoʻpam totganman…

Odina dadasining hikoyalarini jim eshitib oʻtirar, nasihatlarini koʻnglining tub-tubiga joylardi.

 

2

Maktabni bitirgach, Odinaxon 1991 yilda boshlangʻich taʼlim oʻqituvchisi boʻlish maqsadida Boʻz pedagogika bilim yurtiga hujjatlarini topshirdi. Saida Zunnunova nomidagi bu oʻquv maskani(hozir pedagogika kasb-hunar kolleji) butun vodiy yoshlarining intilib keladigan joyi edi. U yerda hayot qaynardi, vodiyning biri-biridan oʻtaman degan bilimdon goʻzal qizlari, hayot ostonasida turgan yoshlar, bir dunyo orzular ogʻushida bilim olishar, oʻqituvchilik sir-sinoatlarini oʻrganishardi. Bunday joyda oʻqish Odinaxon singari intiluvchan qiz uchun ayni muddao boʻldi. U tahsil asnosida har xil toʻgaraklarda qatnashdi, tanlovlarda ishtirok etdi, juda koʻp adib va shoirlar bilan oʻtkazilgan qiziqarli uchrashuvlarda oldingi qatorlarda oʻtirdi. Bu yerda Oʻzbekiston Qahramonlari Said Ahmad, Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, olim va shoirlardan Naim Karimov, Begali Qosimov, Pirmat Shermuhamedov, Muhammad Yusuf, Iqbol Mirzo kabi va boshqa koʻp taniqli adiblar mehmon boʻlishgan. Koʻnglida bir dunyo orzulari mujassam Odinaxon ana shunday maʼnaviy-maʼrifiy muhit hukmron boʻlgan oʻquv yurtida tahsil oldi, bilimini oshirdi.

Kunlardan bir kun Baliqchiga ota-onalarini koʻrgani ketgan. Salima degan dugonasi qaytib kelganda juda xafahol koʻrindi. Tanaffus payti edi. Odinaxon qarasa, juda ruhi tushgan, yigʻlavoray deb turibdi.

– Nima boʻldi? Biron yomon ish boʻldimi? – tashvishlanib soʻradi dugonasidan.

– Doim shunaqa… – dedi koʻzlariga kelgan yoshni artib Salima. – Borsam, mahallamizdagi ikkita qizga sovchi kepti. Qayta-qayta kelib turishibdiykan…

– Kelsa, yaxshi-da. Shunga shunchami?

– Yoʻ-oʻq… – dugonasi yigʻlamsiradi. – Biznikiga bitta odam ham qadam izi bosmagan… Men xunukman, deb aytaman-ku senga… Kimga ham kerakman men? Juda oʻksindim…

Odinaxon sharaqlab kulib yubordi.

– Voy oʻl! Topgan gapingni qara! Qiz bola xunuk boʻlmaydi, jinni! Hammasining oʻz vaqti soati bor…

– Mana, sen chiroyliksan, sening yoʻrigʻing boshqa… – Salima Odinaxonga havas bilan qaradi. – Senga sovchilar kelib yotgan boʻlsa kerak…

– Menga ham ja-a kelib yotgani yoʻq, – yupatdi dugonasini. – Buni oʻylab oʻtirmayman ham. Hozir oʻqishimizni oʻylaylik. Salima! Senga ham sovchi keladi, shoshma. Sen ajoyib qizsan, bilimdon, diling toza… Boʻlajak kuyoving ham baxtli boʻladi hali. Gap chiroyda emas, insonning qalbi chiroyli boʻlsin. Tushundingmi? Shunga intilaylik.

– Rost aytasan. Rahmat senga, dugonajonim! Men ham erga tegay deb, ja-a oʻlib turganim yoʻq… Tagʻin unday deb oʻylama! – uyalib dedi dugonasining gaplaridan bahri dili ochilgan Salima. – Endi, koʻngil ekan-da…

Ikki dugona qoʻl ushlashgancha darsxonaga yugurdilar…

1993 yilda bilim yurtini muvaffaqiyatli bitirib qaytgan Odinaxonni oʻzi ishlagan maktabga boshlangʻich sinflarga mehnatdan oʻqituvchi lavozimiga qabul qildilar. U kichikligidanoq oʻqituvchilikni, bolalarga saboq berishni, ularga hunar sir-asrorlarini oʻrgatishni orzu qilardi. Har bir insonni ijodkor desak haqlimiz, faqat kimdir oʻz salohiyatini anglab, tirishib izlanib, oʻz-oʻzini kashf eta oladi, kimdir esa eʼtiborsiz qarab, balki yalqovlikdan, vaqtni qoʻldan chiqaradi. Oʻquvchilarga mehnatdan dars berar ekan, tabiatan ijodkorlikka, xususan, dizaynerlikka moyil qiz vaqtni boy bermadi, layoqati asta-sekin namoyon boʻla bordi.

Odinaxon hali oʻzi oʻquvchilik paytidayoq, oʻquvchilar libosi juda odmi, koʻrimsiz ekanidan koʻngli toʻlmay yurar, kim chiqargan oʻzi, der, hatto kiygisi kelmas edi. Maktabda ishlar ekan, u uzoq kechalar qogʻoz ustida oʻtirib, izlanib, chizib-oʻchirib, oʻquvchilar libosining bir necha maqbul bichimlarini oʻylab topdi. Chizganlari buvisi va opalariga juda yoqdi. Lekin hali ularni birovga koʻrsatish niyati yoʻq edi unda.

1997 yilda “Oʻquvchilar libosi” respublika koʻrik – tanlovi boʻlishi haqidagi xabarni eshitgan Odinaxon, bir qatnashib koʻray-chi, mohir tikuvchilar bilan bahs boylashishni menga kim qoʻyibdi, lekin ishtirok etib, koʻrib, sekin-sekin oʻrganib boraman-da, orzuga ayb yoʻq, dedi oʻziga oʻzi. U bu ishining keyinchalik tadbirkorlik faoliyatida dastlabki qadam boʻlib qolishini bilmasdi.

Yigirma uch yoshli saroylik shaddod qiz, zikr etilgan koʻrik-tanlovda qatnashib, manaman degan daʼvogarlarni ortda qoldirib, faxrli birinchi oʻrinni egallasa boʻladimi! Saroyda duv-duv gap boʻlib ketdi! Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1-oʻrin uchun sovgʻasi ham juda ajoyib ekan: 4 ta oliy sifatli tikuv mashinasi! Yozuvchiga oʻtkir qalam, sozandaga yaxshi soz hadya qil, eng yaxshi sovgʻa shu boʻladi, deydilar-ku. Bir paytlar uylarida buvisidan tashqari, toʻrt opa-singil oʻrtasida talash bittagina chok mashinalari bor edi. Anorxon aya, hoy, buzib qoʻyasizlar, kamroq ishlatinglar, mayda ishlaringni qoʻlda tikib qoʻya qolinglar, deb qizlariga ruxsat beravermasdi. Odinaxon kechalari oʻtirib mashinada tikish ishlarini ado etardi. Endi esa ularda bir emas, naq toʻrtta tikuv mashinasi bor!

Odinaxon bagʻoyat ruhlanib ketdi. 1998 yilda qishloqning uyda oʻtirgan qoʻli gul oʻn ayolini jamlab chevarlik sexi ochdi. Shu yili Xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan “Kelinlar liboslari” koʻrik-tanlovida 3-oʻrinni olishga erishdi. Asta-asta davlat buyurtmalari ham tusha boshladi. 1999 yilda yana 15 ta tikuv mashinasi sotib olgach, ishchilar soni 40 taga yetdi. Bari saroylik, shahrixonlik ayollar, qizlar edi. “Hamkorbank”dan 2 million soʻm kredit olgani juda qoʻl keldi. Odinaxon sexda koʻpdan oʻylab yurgan niyatini amalga oshirdi: bolalar uchun qishki kiyimlar tikishni yoʻlga qoʻydi. Chevarlik sexi endi bejirim paltolar, kurtkalar¸ kitellar tikib xaridorlarga yetkazib bera boshladi. “Tashabbus-2002” koʻrik-tanlovida “Yaxshi tadbirkor ayol” nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritgani Odinaning oʻz qadamlariga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamladi.

Bilim yurtida oʻqiyotganida, qizlar oʻrtasida, kim nimani yaxshi koʻradi, kimga nima yoqadi, qabilida tortishuv boʻldi. Kimdir u yoqadi, dedi, kimdir bu. Odinaxonning javobi hammani qoyil qoldirdi. Javob bunday edi: Odinaxonning eng yaxshi koʻrgan qahramoni – Toʻmaris momo. Eng yoqtirgan shoirasi – Nodira begim. Eng yaxshi koʻrgan kitobi – “Oʻtgan kunlar”, eng yaxshi koʻrgan kinosi – “Sangam”, eng yaxshi koʻrgan shahri – Shahrixon, eng yaxshi koʻrgan aziz inson – buvisi Anorxon aya. Eng yaxshi dugonasi – Salima…

 

3

Oʻqituvchilik qilayotganining toʻqqizinchi yili Odinaxon bundan keyingi taqdirini tadbirkorlikka bagʻishlashi kerakligini angladi, koʻngli shuni tilab turardi. Mamlakatda tobora qanot yozib borayotgan tadbirkorlik, biznes harakatlari uni ohanraboday oʻziga tortar, katta-katta rejalarga kirish, deya chorlayotganday boʻlardi. Zamon talabi shunday edi. Lekin aqlli qiz bu ishlarni ado etish uchun unga bilim, ayniqsa iqtisodiy bilim zarurligini tushunib yetdi va buvisi Anorxon ayaga yorildi:

– Oʻqishni davom etdirmoqchiman, buvi.

– Toʻgʻri qilasan, qizim. Biliming boʻlmasa qiynalib qolasan.

Oʻqishga kir!

Buvisining soʻzlaridan dadillangan Odinaxon Andijon muhandislik iqtisodiyoti institutining moliya-kredit fakultetiga sirtdan oʻqishga kirdi va 2008 yilda bitirib iqtisodchi mutaxassisligiga ega boʻldi.

Oʻshanda institutga qabul qilingani haqidagi xursandchilik xabarini aytgani kirganda, Anorxon aya uni tabrikladi-da, xuddi qizining koʻnglidagini koʻrib turganday dedi:

– Qani, bu yerga oʻtir-chi. Gapim bor. Mana, oʻqishga ham kirding, endi birgina chevarlik sexi bilan chegaralanib qolish mumkinmas, qizim. Uni kengaytirish lozim. Shaharda ham oʻquv markazi ochsang yaxshi boʻlardi…

– Men ham shuni oʻylab yurgandim, buvijon. Ichimdagini topdingiz! – kuldi Odinaxon. – Manzura opam ham aytdi. Shunday oʻquv markaziga talab bor. Hamma til oʻrganaman, deydi. Koʻplar shunday joyni qidirib yuribdi. Kengayib borayotgan chevarlik sexiga yuqori saviyali tikuvchi kadrlar kerak, ularni oʻzimiz tayyorlashimiz lozim. Ochaman, albatta.

Shu tariqa oʻn besh kishi ishlaydigan, hozir Nasibaxon opasi boshqarayotgan “Odina-fayz” oʻquv markazi ochildi va tezda eʼtibor qozondi. Ehtiyoj kuchayganidan oʻquv kurslari oltitaga yetdi.

Ayni paytda chevarlik sexining imkoniyatlari ham kengaya boshladi. Uzoqni koʻzlagan qiz, ishni yaxshilash, samarali natijalarga erishish uchun yangi zamonaviy texnologiyalar olib kelish zururligini his qildi, yoʻq esa, bozorgir buyumlar ishlab chiqarish, bozor iqtisodi talablarini bajarish mushkul. Ha, korxonani modernizatsiya qilish darkor.

Yurtboshimizning mahalliy nooziq-ovqat isteʼmol tovarlari ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish va texnologik jihozlar, butlovchi buyumlar import qilishda bojxona boji va soliqlardan ozod etish toʻgʻrisidagi qarorlarida berilgan imtiyozlar katta yordam berdi. Shundan foydalanib, korxonaga xorijning tikuvchilik sohasidagi zamonaviy tikuv dastgohlarini olib kelishga kirishdi. Dadil harakat qilgan Odinaxon “Aloqabank”dan olingan kredit evaziga 52 ming yevroga Xitoydan orzu qilib yurgan boʻrtma gul(vishivka) va turli naqshlar soladigan, yana koʻp foydali “hunar”lari bor dastgoh-mashina olib kelib oʻrnattirdi. Tikuv mashinalarining soni endi 100 taga yetdi. Ish yana ham yurishib ketdi. Hozir korxonada 120 ta ayol ish bilan band. Shuncha oilaning tirikchiligi oʻtib, qozonlar qaynab turibdi… 38 nafari chevarchilik hunarini maxsus egallagan kollej bitiruvchilaridir. Natijada korxona maktab va kollej oʻquvchilari uchun olingan buyurtmalarni toʻliq qoplashdan tashqari, xorijga 600 ming AQSH dollari qimmatida mahsulot eksport qilishga erishdi. Odinaxon kelgusi yilda eksport hajmini 2 baravarga oshirish, ish oʻrinlarini yana 80 taga koʻpaytirishni koʻngliga tugib qoʻydi.

 

4

Mamakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida tadbirkorlikka keng yoʻllar ochib berilmoqda, – deydi Odinaxon. – Bunga faqat quvonasan, bir gʻayratingga oʻn gʻayrat qoʻshiladi. Gʻamxoʻrliklar uchun minnatdormiz. Prezidentimizning 2010 yil 12 noyabrda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisida qilgan “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” haqidagi maʼruzalarida hammamizning oldimizga jiddiy masalalar qoʻyildi, biz uni qisqa qilib “Konsepsiya” deymiz, korxonamizda qayta-qayta oʻrganib chiqqanmiz. Qaysi biriga qaramang, juda zarur, hayotiy masalalar-da.

– Chindan ham hayotimizning barcha sohalariga sinchkov nazar tashlab oʻtilgan, – dedim men. – Haqiqatda, uni hayotimiz konsepsiyasi, mustaqil mamlakatning yashash konsepsiyasi, deyish mumkin.

– Juda toʻgʻri, domla. Masalan, Konsepsiyada biz tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va qulayliklar koʻlamini yanada kengaytirish boʻyicha koʻplab ustuvor vazifalar belgilab berilgan, – soʻzini davom etdirdi Odinaxon, – yaʼni tadbirkorlik subʼyektlarining faoliyatini rivojlantirish, ularning erkin faoliyat yuritishlari uchun huquqiy asoslarni mustahkamlash yuzasidan bir qator takliflar ilgari surilganki, biz uchun ayni muddao, bari kelgusi ishlarimizning baralla qanot yozishiga yaxshi sharoitlar yaratadi. Chunonchi, tadbirkorlikda ruxsatnomalar berishda tartib-qoidalarning soddalashtirilishi, ruxsatnoma uchun tushgan arizalarni koʻrib chiqish muddatining aniq koʻrsatilishi juda muhim.

Tadbirkorlik subʼyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuvlar uchun javobgarlikni kuchaytirish, rejali tekshiruvlarni yangi ochilgan korxonalar uchun – ular hali goʻdak, yaxshi oyoqqa turmagan-da, – uch yil muddatga uzaytirish ham yaxshi natijalarga olib keladi, albatta…

Odinaxon berilib soʻzlaydi, endigina oʻttiz yetti yoshga kirgan yosh tadbirkor ayolning fikrlari asosli va mantiqli, niyatlari esa yorugʻ va ulkanligidan kishini oʻziga rom etardi.

Hamma, jumladan, tadbirkor ham oʻz huquqi uchun kurashmogʻi kerak, ishga nafi tegadigan takliflarni koʻtarib chiqishi lozim, birov kelib qilib bermaydi. Odinaxon buni juda yaxshi tushunadi. Boshqa tadbirkorlar bilan muloqotlarda hayotning oʻzi koʻndalang qoʻyayotgan masalalar, ularni hal qilish yoʻllari, qabul qilinayotgan qonunlarning keng yoʻllar ochayotgani haqida fikr almashib turadi. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlab kelayotgan, ishlab chiqarish hajmini kamaytirmagan kichik tadbirkorlik subʼyektlarining faoliyati soliq organlari tomonidan tekshirilmasligi, banklardan kredit olish qoidalarini yengillashtirish, ishonchli mijozlarga minimal talab asosida kredit berish tadbirkorlarni yanada ruhlantiradi, dadil qadam tashlashlarini osonlashtiradi.

“Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlari kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunda tadbirkorlarning xususiy mulklari qonuniy himoyalanishiga eʼtibor berilayotgani koʻp maqbul ishdir. Mazkur hujjatda xususiylashtirish natijalarini qayta koʻrib chiqmaslik boʻyicha meʼyorlar qabul qilish koʻzda tutilgani ham tadbirkorlarga koʻrsatilayotgan alohida gʻamxoʻrlik namunasidir.

– “Oilaviy tadbirkorlik” toʻgʻrisidagi qonun ham juda ajoyib, – deydi Odinaxon. – Oilaviy korxonada yoshiga yetmagan oila aʼzolari ham boʻsh vaqtlarida korxonada ishlashlari maqbul deyilgan. Bu juda toʻgʻri. Shunday qilinsa, farzandlarimizni maʼlum bir kasbga yoʻnaltirish oson kechadi. Ularning boʻsh vaqtlarini band etmoq, foydali ishlarga jalb qilmoq maqsadga muvofiqdir.

Odinaxon Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining katta majlisida deputatlar, davlat va jamoat vakillari huzurida minbarga chiqib, yuqorida zikr etilgan, hal qilinishi zarur boʻlgan tadbirkorlar oldida turgan dolzarb muammolar haqida soʻz yuritdi va oʻz takliflarini oʻrtaga tashladi…

 

5

Odinaxon hali oʻz ishlaridan qoniqmas edi. Unda yangidan yangi rejalar paydo boʻlardi. 2003 yilda buvisi Anorxon ayadan fatvo olib chorvachilik fermer xoʻjaligini tashkil qildi va uni dadasining ismi bilan “Inomjon-fayz” deb atadi. Ish “kim oshdi” savdosida gʻolib chiqib, 23 sigirga ega boʻlgandan keyin boshlanib ketdi. Dastlab ijarada oʻtirib ish olib borildi. Keyinchalik mollar soni 110 taga, undan 200 taga yetdi. Tuman hokimiyati xoʻjalik uchun 60 gektar yer ajratdi. Unga arpa, soya, bugʻdoy ekdilar, qushga ham suv kerak, ham don, deydilar-ku. Xoʻra sigirlarga esa sifatli, uglevodlari koʻp yem, shirali ozuqalar kerak…

2007 yilda Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan iqtisodiy inqirozga qarshi choralar dasturiga muvofiq 378 million soʻmlik imtiyozli kredit olib, Germaniyadan va Polshadan jahonga mashhur boʻlgan 83 ta “Golshteyn-friz” naslli sigirlaridan xarid qilindi, undan oldin esa ozuqa zaxiralari mustahkamlab qoʻyildi. Keltirilgan mollarni oʻz vaqtida oziqlantirish, parvarishlash va sunʼiy urugʻlantirish hisobiga ularning soni 282 taga yetdi. 13 ta sigir egizak tugʻibdi! Yana quvonarli tomoni shundaki, mollar bir yil ichida Germaniyadagi koʻrsatkichlar darajasida sut bera boshladi. Har bir bosh sigirdan kuniga oʻrtacha 30-35 litrgacha sut sogʻib olinmoqda.

– Koʻpdan oʻylab yurgan niyatim bor edi, – dedi Odinaxon, yozgi ogʻilxonani aylanib yurganimizda. – Xudoga shukur, sut moʻl, kundalik ehtiyojlarimizdan har kuni 2,5-3 tonna ortib qolmoqda. Ularni qayta ishlash kerak, degan qarorga keldim… Pishloq, yogurt, tvorog, qaymoq, qatiq, smetanalar oʻzimizda chiqsin, deyman.

Odinaxon shu yil “OʻzEkspo” koʻrgazmasiga borib, Germaniyaning “Agroris” firmasi vakili bilan xoʻjalik daromadi hisobidan 180 ming yevroga minitexnologiya – zamonaviy sutni qayta ishlash dastgohiga shartnoma tuzgandi. Mustaqilligimizning 20 yilligi arafasida zavod ishga tushirildi. 25 ta ishchi oʻrni yaratildi. Zavod kuniga 7 tonna sutni qayta ishlash quvvatiga ega.

– 50 soʻtix yerda issiqxona qilganmiz, – davom etadi Odinaxon. – Chiqitsiz mahsulot ishlab chiqarish tizimiga oʻtish maqsadida yil boʻyi yigʻiladigan 5 000 tonna goʻngdan gumus, yaʼni chiritma olish ustida ishlayapmiz. Gumus – lotincha tuproq degani. Yerga juda foydasi bor.

– Gumusni nima qilasizlar? – soʻrayman men.

– Nima qilamiz? Fermerlarga sotamiz! – deydi Odinaxon kulib. – Qoʻshimcha daromad olamiz.

Bu chinakam tadbirkorning soʻzlari edi.

Bir paytlar insho etgan “Boqiy dunyo” sheʼriy romanim qahramonlaridan biri, XIX asr oxirlarida xuddi shu Shahrixonda yashagan sarvatmand Azimboyning quyidagi soʻzlari esimga tushadi:

 

“Aql bilan sarf qilingan “bir”

“Ikki” olib kelsa yomonmi?..”

Ha, bir soʻm sarflab, ikki soʻm topish – hamisha tadbirkorning orzusi boʻlib keladi. Chinakam tadbirkor esa topganini ezgu ishlarga sarf etadi. “Inomjon-fayz” fermer xoʻjaligi ham bundan mustasno emas. Shahrixon tumanidagi 29-62-oʻrta maktablar¸ 15-maxsus internat xoʻjalik tomonidan otaliqqa olingan. Yaqinda Saroy qishlogʻidagi yettita kam taʼminlangan oilalarga va 15-maxsus internatga naslli sigirlardan 8 ta sovgʻa qilindi (bitta sigir 5 million 600 ming soʻm turadi). Qishloqdagi guzar qurilishida, shahardagi oʻzbek mumtoz shoiri Oraziy muzeyini rekonstruksiya qilishda sezilarli yordamlar koʻrsatildi. Barini Odinaxonning oʻzi nazorat etadi.

 

6

Tole ham intilganga kulib boqadi. Buni Odinaxon Otaxonova misolida yaqqol koʻrish mumkin.

– Kecha buvijonimni muborak haj safariga joʻnatdik, – deydi Odinaxon xursandchiligini biz bilan baham koʻrib. – Qurbon hayiti kunlarida koʻp yurtdoshlarimiz, onaxonlarimiz qatori Makkai mukarramada boʻladilar. Dadam rohatimizni koʻrmay oʻtib ketdilar. Endi biz farzandlari, u kishi koʻrmaganlarni ham buvijonimiz koʻrsinlar, deymiz.

Odinaxon mamnun edi. Anorxon ayaning farzandlari hammasi ish bilan band, bekor yurgani yoʻq. Tarbiya shundoq boʻlgan-da. Katta qizi Manzuraxon Otaxonova chevarlik sexi boshligʻi, Nasibaxon oʻquv markazini boshqaradi, Matlubaxonning oʻz savdo firmasi bor. Tohirjon Otaxonovning dehqon fermer xoʻjaligi 30 gektar yerda dehqonchilik qiladi. Odinaxonning turmush oʻrtogʻi Alisher Madazimovning ham alohida biznesi bor.

– Yaqinda “Hamkorbank” bizga 92 ta sigir olish uchun 300 ming AQSH dollari miqdorida 2,5 % ga imtiyozli kredit ajratdi, – davom etdi soʻzini Odinaxon. – Germaniyadagi hamkorlar bilan kelishib qoʻyganmiz, yaqinda borib 123 ta “Golshteyn-friz” naslli sigirlaridan olib kelishimiz kerak. 31 sigirni esa tejalgan oʻz mablagʻimizga olamiz. Bir necha kundan keyin akam bilan birga Germaniyaga borib kelaman…

Shu payt ikkita bir xil kiyingan, besh yoshlar chamasidagi, bir-biriga oʻxshash shirintoy ikki bola yugurib kelib Odinaxonga oʻzlarini otdilar.

Mening taajjublanganimni koʻrgan Odinaxon chiroyli jilmaydi:

– Bular oʻgʻillarim, Hasan-Husanlar. Yana bir oʻgʻlim bor, ikki yoshda… Boʻlajak yordamchilarim-da…

– Ha, Xudo umr bersin, katta yigitlar boʻlib yetishsinlar! – tilak bildirdim men.

– Rahmat!

Odinaxonning esida, 1997 yilda dadasi Inomjon aka yurak xastaligi bilan ogʻrib qoldi. Shifoxonada yotar ekan, qiziga qarab dedi:

– Qizim, senga bir gap aytaman. Dono qizimsan, senda shunga uquv bor, aqling ham yetadi. Bobolaring tijorat, tadbirkorlik bilan shugʻullanishgan. Oqqan ariqqa suv keladi albatta… Yurtimizda tadbirkorlikka keng yoʻllar ochilyapti. Qoʻrqmay tadbirkorlik kasbini egallagin. Pul ham boʻladi, obroʻ ham… Doim xayru ehson qilishni unutma! Senga oq fotiha beraman, olginu oldirmagin, unib-oʻsgin, ulgʻaygin. Omin, Allohu akbar!

Inomjon aka qoʻllarini yuziga tortdi.

Bu dadasining vasiyati edi.

– Prezidentimizning “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch” kitobida shunday ajoyib soʻzlar bor, domla, – deydi Odinaxon. – “Shaxsan menga “nasl” va “nasiba” degan soʻzlar oʻrtasida qandaydir ilohiy bogʻliqlik bordek tuyuladi.” Men bu soʻzlar haqida koʻp oʻylanaman, hayratga tushaman. Juda chuqur maʼnoli soʻzlar! Ular mening, oddiy qishloq qizining taqdiriga juda ham bogʻliqdek… Mening bobom shoʻrolar davrida quloq qilinib, otib tashlangan, yerlari musodara etilgan edi. Oradan 70-80 yil vaqt oʻtdi, Mustaqil davlat boʻldik. Qarang, domla, zamona aylanib, men tadbirkorlik boshlagan yerlar bir vaqtlar bobom dehqonchilik qilgan yerlarning ayni oʻzi boʻlib chiqdi! Odamlar bu haqda yoqa tutib soʻzlashadi. Chindan ham “nasl”dan avlodlarga “nasiba” qolar ekan. Yurtboshimizning qutlugʻ kitobini oʻqiganimda nasl va nasiba kuchi toʻgʻrisida aytilgan gaplar sermazmun hayotiy haqiqat ekaniga har safar imon keltiraman…

Odinaxon yurak-yuragidan soʻzlar, uning soʻzlarida buyuk bobolarga ehtirom, yurt ulugʻiga minnatdorlik, tadbirkorlik uchun, oʻzligini namoyon qilish uchun katta imkoniyatlar yaratib bergan Mustaqillikka shukronalik tuygʻulari qorishib ketgan edi.

Odinaxon oilada kenja qiz boʻlib tugʻilgan. Ota-ona oʻshanda yoʻrgakdagi shu murgʻak chaqaloq vaqtlar kelib, bir emas, naq oʻn oʻgʻilning ishini bajara oladigan mehnatsevar, aqlli, shaddod, sergʻayrat, tinib-tinchimas, ishchan, qadamidan oʻt chaqnaydigan ishbilarmon qiz boʻlib voyaga yetishini, albatta, bilmas edilar.

Lekin buni bugun butun Oʻzbekiston biladi.

 

 

Muhammad ALI,

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi,

Davlat mukofoti laureati

 

Andijon,

2011 yil noyabr

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 3-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.