Kar quloqning ochilishi

0
176
marta koʻrilgan.

Dunyoda ikkita begʻubor inson boʻlsa, bittasi – Yoʻldosh Sulaymon edi.

Dunyoda chin yurakdan qah-qah urib kuladigan odam ikkita boʻlsa – bittasi Yoʻldosh aka edi (oxirati obod boʻlsin!).

Bir davrada ustoz Said Ahmad akaning Yoʻldosh akadan xavotirlanib aytgan gapini eshitganman.

– Yoʻldoshali, – dedi Said Ahmad aka, – men sening qarishingdan qoʻrqaman-da, ukam!

– Nega unaqa deysiz, ustoz? – dedi Yoʻldoshali aka.

– Nega boʻlardi, – Said Ahmad aka astoydil tushuntira boshladi. – Xudo uzoq umr bersin-ku, qarib-churiganingda bir kuni rosmana kulaman deb kuching yetmay qoladi-da, “pirt” etib joning chiqib ketadi-yov!

Bu gapga Yoʻldoshali aka odatdagidan ham qattiqroq kuldi.

Agar “kulgu – har qanday dardga davo” degan gap toʻgʻri boʻlsa, aynan Yoʻldosh Sulaymon haqida aytilgan boʻladi. Bu voqeani oʻzim koʻrmagan boʻlsam ham, ustoz Said Ahmad akadan eshitganman.

Soddaroq bir odam makka yoyish uchun tomga chiqibdi-da, palakat bosib, yiqilib tushibdi. Shu koʻyi qulogʻi tom bitib, birov yonboshiga kelib zambarak otsa ham eshitmaydigan boʻpqopti. Kunlardan birida shu odam choyxona soʻrisida tasodifan Yoʻldosh Sulaymonning yoniga oʻtirib qolibdi. Davrada Said Ahmad aka ham bor ekanlar. Ustoz bir latifa aytganda Yoʻldosh aka boyagi kar tomonga qarab “voh-voh-vooo-o-oh!” deb bir kulgan ekan, garang birpas u yoq-bu yoqqa alanglabdi-da, toʻsatdan: “Eshityapman, eshityapman!” deb baqiribdi. Soʻng Yoʻldosh akani quchoqlab, “Qulogʻimni ochganing uchun rahmat, ukajon!” deb u yuzidan, bu yuzidan oʻpaverib, yalab tashlabdi.

Yoʻldosh akaning oʻziga xoʻp yarashgan qoramagʻiz yuzi birpasda basharasiga hovuchlab un sepilgan zanjining aftidek oppoq boʻlib qopti.

Ertasiga oʻsha odam azza-bazza ziyofat qilib, Yoʻldosh akaning yelkasiga toʻn yopib, boshiga margʻilon nusxa doʻppi kiygizibdi…

Shunaqangi hojatbaror inson edi Yoʻldosh Sulaymon!

 

Oʻtkir HOSHIMOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.