Joʻrabek Ramazon

0
278
marta koʻrilgan.

Yosh adiblarning Zominda boʻlgan yigʻinidan qaytgan Sirojiddin Sayyidning “Aka, boysunlik bir yigitni sheʼrlarini oʻqidim. Juda yaxshi ekan. Boysundan baribir chiqar ekan-da!” degan gapi birdan esimga tushadi. Men oʻzimcha, “koʻnglim uchun bir boysunlikni maqtab qoʻydi-da”, degan xayolga bordim. Xullas, bu haqda keyin oʻylaganim esimda yoʻq. Mana, hozir birdan xayolimga keldi.


Onam vafot etganlaridan keyin Boysun mendan bir qadar uzoqlashganday – borganimda, avvalgiday sogʻinib bagʻriga bosmayotganday tuyula boshladi. Oʻzi, aslida ham shunday. Ilgarilari koʻchaga chiqsam, koʻchaning har tarafidan “E, Usmon!” deb quchoq ochib chiqadigan doʻstu yorlar ham kamaygan – meni taniydiganlar bir boʻlsa, tanimaydiganlar soni yuz. Tanisalar ham koʻpchilik oʻzini tortib turadi – ular Boysundan ketganimdan keyin oʻsib-ungan hamshaharlarim. Ular uchun umrning bir parcha yoʻlini birga bosgan boysunlik emasman, ahyon-ahyon kelib ketadigan bir mehmonman, xolos. Meni bolaligimdan biladigan; chindan yaxshi koʻrib, eʼzozlaydigan qarindosh-urugʻning ham safi siyraklasha boshladi… Parvardigor! Tiriklarga umr ber!

Vaqt oʻtayapti-da! Bolaligimdan tanish-bilish birodarlarimning koʻpi esa endi xonanishin boʻlib qolgan, kimlardir (ming afsus!) bu dunyoning yaxshi-yomon amallariga vido aytib, umrlariga yakun yasagan…

Boysun hayotimni toʻldirgan odamlari bilan jonu tanimga chirmashganini elligimdan oshgandan soʻng tushinib yeta boshladim. Yoʻq, avval ham bilganman, ammo endi allaqanday oʻrtanib, bedavo bir sogʻinchda his qilishga tushdim.

Yangi doʻstu birodarlarimni kashf etish uchun esa vaqt kerak. Ammo oʻsha vaqt qani? Yosh oʻtgan sari mening kasbimdagi kishilar vaqt yetmayotganidan azob cheka boshlaydi. Boysunga safarlarim esa yillar oʻtgan sari qisqarib borgani-borgan… Shoshib boraman, shoshib joʻnayman. Suyagim tinchib, Boysun mehriga qonmaganimga qancha boʻldi?

 

Shu sababdanmi, Joʻrabek Ramazon bilan kech uchrashdim.

– Usmonjon, – deb qoldilar Chuchuk opam allagʻaytib Toshkentga bir kelganlarida, – Boysunda bir shoir yigit bor. Shunday yaxshi yozadi! Yozgan sheʼrlarini gazetadan qirqib olib qoʻyaman…

– Yoʻgʻ-ye! – deyman ishonqiramay.

– Bir koʻnglidan chiqarib yozadi… – Opam oʻsha sheʼrlarni mazasini eslabmi, gapidan chalgʻimaydilar. – Boysunga borganingizda shu yigit bilan bir uchrashing! Oti Joʻrabek Ramazon. Enasi ham bir yaxshi xotin!..

Noxos nimadir elas-elas xayolimda yiltillaydi.

– E-e! – deyman birdan, – Sirojiddin aytgan edi! Oʻsha yigit!

Yosh adiblarning Zominda boʻlgan yigʻinidan qaytgan Sirojiddin Sayyidning “Aka, boysunlik bir yigitning sheʼrlarini oʻqidim. Juda yaxshi ekan. Boysundan baribir chiqar ekan-da!” degan gapi birdan esimga tushadi. Men oʻzimcha “Koʻnglim uchun bir boysunlikni maqtab qoʻydi-da”, degan xayolga bordim. Xullas, bu haqda keyin oʻylaganim esimda yoʻq. Mana, hozir birdan xayolimga keldi.

 

Avval Joʻrabekning kitoblari qoʻlimga tegdi.

Birinchi satrdanoq quvonib ketdim: Shoir! Albatta, shoir!..

 

Havo na farahbaxsh, na-da havo dim.

Qaromidi, oqmi kechaning rangi?

Mening yonginamda oʻtirardi jim

Atlas liboslarga oʻrangan SEVGI.

 

Shoshib oʻqiy boshladim.

Har bir satr, har bir sheʼrdan shoirlik barq urib turibdi. Juda dardli, oʻta shijoatli, koʻngil qismatining manzaralari; hayotning koʻziga tik qarab yozilgan, hatto oʻlimdan ham choʻchimaydi. Men bunday mardonalikni juda yaxshi koʻraman. Azaldan Sharqning buyuk shoirlari hayotu mamotning oʻrtasida toʻlgʻonib sheʼr yozganlar. Sheʼr joni shirinlarning ishi emas. “Chun qoʻlim bilan oyogʻim bogʻlamoq hojat emas, Men oʻlimga roziman, ki turgali toqat emas!” – bu satrlarni joni sabil qolgan Mashrab bobomiz yozganlar! Xuddi shunday! Haqiqiy shoirlarni joni ozmi-koʻpmi sabil qolgan boʻladi. Ular – faqat ular! – dunyoni dunyodan koʻra chiroyli, dunyodan koʻra dardli, dunyodan fojeali koʻradilar! Ularning joni hammanikidan koʻra ortiqroq kuyadi. Ular “oʻlim haq”ligini boʻyniga olgan odamlar. Hazrati Bahovuddin aytganlar-ku: “Hech narsamiz yoʻgʻ-u, hech kamimiz yoʻq. Hechimiz yoʻqlikdan hech gʻamimiz yoʻq. Jandamiz – yelkada, yelkada – goʻriston, Gar oʻlar boʻlsak, hech motamimiz yoʻq!” Xuddi shunday! “Gar oʻlar boʻlsak”… Xuddi shunday!

Bu Joʻrabek Ramazon deganlari ham bobolari monand juda qoʻrqmas, mardona shoir ekan! Mana, oʻqing!

 

Falak meni yerga ayladi kulgu.

Yunus parilarni yashirib gʻorga.

Ajal kelsa, peshvoz chiqaman, chunki

Chaqirmaydi meni xudo bekorga…

 

Bu satrlarda allaqanday beshafqat taqdir oqibatini his qilish bor. Oʻqiganimda, yuraklarim uvishib ketgani hanuz esimda.

Boysunga borganimdayoq Joʻrabekni surishtirishga tushdim.

– Gazetada ishlaydi, – dedi aka doʻstim Sobir Yadikov. – Ha, topdiraymi?

– Topdiring! Bir koʻrishaylik.

– Nimaga? – Sobir aka menga ajibsinib qaradi. Chunki birov bilan bu qadar besabr qaʼtiylikda suhbatlashgim kelganini anchadan buyon koʻrmagan boʻlsa kerak.

– Shu Joʻrabek… shoir.

Sobir aka endi tamoman hayron qolib turganini koʻrib, yana gapimni tasdiqladim:

– Katta shoir!

Sobir aka birpas taraddudlanib turdi. Koʻpni koʻrgan bu odam “katta shoir”lar Boysunda emas, Toshkentda yashashini yaxshi biladi. Tuman gazetida ishlaydigan Joʻrabekning ham “katta shoir”ligiga ishonmoq uchun endi ozgina nafas rostlash kerak-da!

– Tuman gazetasida sheʼrlari chiqib turadi, – dedi nihoyat koʻnglida tugʻilayotgan ishonchga dalda berishga intilganday u kishi.

Soʻng qoʻngʻiroq qila boshladi.

– Ana Joʻrabekning telefon raqamini bilasanmi? Usmon soʻrayapti… Nimaga kerak ekan? Bilmasam, “katta shoir” deyapti-ku!..

U kishi kimlargadir Joʻrabekdan topishni topshirgach, “katta shoir”dan gurung bera boshladi:

– Oshxonayu choyxonada koʻrinmaydi. Nimagadir bir oʻzi yuradi. Birov bilan bunday qoʻshilib ketadigan bola emas. Ogʻirgina yigit…

 

“Katta shoir” men qoʻngan xonadonga keldi. Oʻrta boʻyli, kelishgan yigit ekan.

Haqiqatan ham, juda bosiq. Goʻyo yoyilib kulishni unutgan – hazil-huzulga bir jilmayib qoʻyadi.

Undan-bundan gaplashib oʻtirdik. Men unga “shoir ekan”ligini qayta-qayta aytdim. Chunki bilaman: ijodkor uchun oʻzidan bir-ikki koʻylak koʻp yirtgan hamkasblarining eʼtirofi juda muhim. Sheʼrlaridagi menga kamchilik boʻlib tuyulgan joylarini ham juda qisqa bir tarz – yengil-yelpigina aytib oʻtdim. Batafsil aytishga esa oʻrin yoʻq, u hammasini oʻzi biladiganday edi. Bu hol ham juda muhim: oʻzining kamchiliklarini koʻrish maqomiga chiqqan ijodkordan umid qilsa boʻladi.

Men Joʻrabekning “bir oʻzi yurishini” bilsam ham, doʻstlari bilan, davradoshlari bilan qiziqqan boʻldim. Chunki suhbatdoshlar davrasi maʼlum bir paytda yosh ijodkor uchun juda zarur. U oʻziga teng yoki tajribali ijodkorlar orasida tezroq oʻnib-oʻsadi. “Suhbat dar anjuman” deganlar-ku Bahovuddin Naqshband bobomiz!

– Doʻstlarim… – deydi-yu, Joʻrabek biroz oʻylanib qoladi, – bor. Internet orqali gaplashib turamiz.

– Kimlar? – deyman, unga hurmatim birdan yana-da oshib. Chunki internetdan juda yiroqman. Shu sababdanmi, internetda ishlay biladiganlarga hurmatim baland. Ular oʻzgacha odamlar boʻlib tuyuladi menga. Internetdagi doʻstlik haqida esa birinchi bor eshitib turishim.

– Shu… Sheʼrga qiziqadiganlar… Xoʻjandda Odil Ikrom degan shoir bor.

Odil! Odil Ikrom-da! Men quvonib ketaman. Juda yaxshi koʻraman shu ukamni. Yaxshi shoir va toza odam. Respublika radiosida birga ishlaganmiz. Uning bilan yurakdoshligimiz borligini mudom his qilganman. Ammo koʻrmaganimga qancha boʻldi? Yigirma yildan oshdi, shekilli. Yurtiga ketgan ekan-da! Joʻrabekning internetdan topgan oshnasini qarang! Yaxshilar bir-birini topar ekan-da!

– Odil yozyaptimi? – deb soʻrayman umid bilan.

– Yaxshi sheʼrlarini internetda koʻrdim. Hozir Rumiyni tarjima qilyapti, – deydi Joʻrabek. – Oʻqidim. Yaxshi.

Men xursand boʻlaman va darhol, odatimga koʻra, “foydali” maslahatlar bera boshlayman.

– Fors tilini bilasiz-a?

Joʻrabek bosh silkitib tasdiqlaydi.

– Siz ham shu fors shoirlarini tarjima qilmaysizmi? Qanday buyuk shoirlar bor! Mening tishim forschaga oʻtmaydi. Agar oʻtgan-da!.. Siz tarjima qiling! Xoʻpmi?

– Xoʻp, – deydi Joʻrabek va yana jilmayib qoʻyadi.

Gap aylanib, bunday savob ishlarni ajib tarzda amalga oshirayotgan Jamol Kamol, Bedilni hassoslik bilan oʻzbeklashtirgan marhum doʻstim Matnazar Abdulhakimga taqaladi…

 

Ammo suhbat asnosida bu yigitdagi nimadir meni bezovta etgani etgan edi. Unga nima boʻlgan? Joʻrabekning tevaragini allaqanday bir devor oʻrab turganday tuyulaverdi menga. Nima u?

Joʻrabek ketgandan keyin bu xavotirimni Sobir akaga aytdim.

– Mazasi yoʻq deyishadi, – dedi Sobir aka. – Bilmasam, koʻrinishi soppa-sogʻ.

Haqiqatan ham, Joʻrabekning gavdasi pishiq, koʻrinishidan soppa-sogʻ edi.

Joʻrabek ketgach, keltirgan bir dasta sheʼrlarini oʻqimoqchi boʻlib qoʻlimga oldim.

Bu turkum sheʼrlar, nazarimda, chop etish uchunmi tayyorlangan, hatto bir parcha qogʻozda shoir haqida qisqacha maʼlumotnoma ham bor edi.

Ichimda sharhlab, oʻqishga tushdim:

“Joʻrabek Ramazonov 1983 yil Surxondaryo viloyatining Boysun shahrida tugʻilgan. Tumandagi 1-maktabda tahsil olgan”… Bizning maktabda oʻqigan ekan! “Bizning” deganimning sababi shuki, Shukur aka Xolmirzayev, Erkin Aʼzam va kaminayu kamtarin ham shu maktabni bitirganmiz… “Oʻzbekiston yosh ijodkorlarining Zomin seminari ishtirokchisi”… Sirojiddin rost aytgan ekan-da! “Tavallo”, “Bugun”, “Yur, qochib ketamiz” nomli sheʼrlar toʻplamlari nashr etilgan”… Bu kitoblarni kim oʻqidi? Ilgari Toshkentda nashr etilgan kaftday kitobcha respublikaning har bir chekka qishlogʻigacha yetib borgich edi. Endi har bir viloyatda nashriyot, ammo nashr etilgan kitoblar oʻsha viloyat doirasida qolib ketyapti. Umummillat koʻlamida dovrugʻ solishi mumkin boʻlgan isteʼdodlarning uzoqdagi ovozlari Toshkentga yetib bormayapti… “Ayni kunda “Boysun” gazetasining boʻlim mudiri”…

Bori – shu. Toʻrt enlik tarjimai hol. Hali yosh-da! Xudo umrini bersa, shu rasmiygina umr chizgilari ham sahifa-sahifa boʻlib ketadi hali! Hali…

Shunday umidlar bilan sheʼrlarni koʻzdan kechira boshladim.

Endi hisoblab chiqsam, oʻsha kunlar Joʻrabek Ramazon yigirma toʻqqizga kirgan ekan.

Ertasi Sobir aka qoʻngʻiroq qilib, Joʻrabek bir piyola choy bermoqchi boʻlganini aytdi.

Men avvaliga raʼyish bermadim. Birortalaring imo qilmadilaringmi? Nima qiladi ovora boʻlib? Biror narsani bahona qilib, Joʻrabekni shu tashvishdan qutqarsak boʻlmaydimi?

Boʻlmas ekan.

– Bir niyat qilibdi, – dedi Sobir aka. – Aytdim-ku, hech kimga qoʻshilmaydi. Raʼyini qaytarmaylik. Bola sinadi…

Rozi boʻldim.

Toʻrt kishi boʻlib kimsan Joʻrabek Ramazon beradigan bazmga joʻnadik.

Yoʻl-yoʻlakay aka birodarim Shukur Xolmirzayevning doʻsti – soʻzamol, hazilkash Ismat Norboyev mendan jiddiy surishtirib kelyapti:

– Usmon, shu Joʻrabek rostdan shoirmi?

– Ha.

– Shoirligi qancha?

– Katta. Juda katta.

Ismat aka menga “Aldamayaptimi?” deganday sinchkov qaraydi. Bu kishi ham Joʻrabekning shoirligiga ishonmayapti. Shukur Xolmirzayevday adibga doʻstlik qilgan odam-da! “Katta shoir” tuman gazetasida oʻralashib yurishini taniga sigʻdirolmaydi.

Boysunning oʻrtasida – shundoq bozorning roʻparasida – chorbogʻ bor. Allaqanday chidamli, aqlli, boshidan koʻp narsani oʻtkazgan bogʻ. Masalan, hamma joyda bu yoʻsin maskanlarni begona lafzda “park” deb atab ketishganda ham, u sobitlik bilan boysunliklarga oʻzini “chorbogʻ” deb aytishlariga izn bergan. Keyinchalik kattalardan kimdir bu joydan “chorbogʻ”lik unvonini olib tashlab, boshqa joydan chorbogʻ qurdirib, daraxt ekdirib, dam olish maskani aylantirish taraddudiga tushdi. Aytganini bajardi ham. Endi kerak emas deb oʻylandimi, eski chorbogʻning bir qismiga bolalar bogʻchasi, bir qismiga dorixonayu doʻkonlar, bir qismiga yana allaqanday imoratlar qurdirildi. Eski chorbogʻ esa “miq” etmay torgina boʻlib qolgan bagʻriga tiqilib yashayverdi. Chunki boysunliklar uni unutmadi. Noilojlikdan jips qilib qoʻyilgan stollar tegrasiga, chorpoyalarga tiqilishib, sadoqat namunalarini koʻrsatishganicha, bir parcha boʻlib qolgan bogʻni toʻldirib oʻtirdilar. “Park”ka borishni hech kim xushlamadi. Oqibat, bechorani tomorqalikka boʻlib berishga majbur boʻlindi. Oʻzimizning chorbogʻ esa boysunliklaru boysunning mehmonlari bilan liq toʻla. Jaydari, koʻngli ochiq chorbogʻ. Sabrli, aqlli. Vaqt hamma narsani oʻrniga qoʻyishini aniq biladi…

Mana shu chorboqqa kirib keldik.

Chorbogʻning toʻridagi chorpoyaning oldida Joʻrabek turibdi.

Ismat aka uni koʻrgani zahoti bulbulday sayrab ketdi:

– Mana, ustozingni olib keldim! Topgan-tutganingni dasturxonga tort! Bir bazmi jamshid qilaylik!

Joʻrabek – yuzida oʻsha sokin tabassum – bizga peshvoz chiqqan boʻladi. “Oʻzingizdan, oʻzingizdan…” deb, chorpoyaga joylashamiz. Hol-ahvol soʻrashamiz… Joʻrabek men bilan birinchi bor koʻrganida qanday bosiq soʻrashgan boʻlsa, xuddi shu tarzda soʻrashadi. Na bir qadam yaqin kelgan, na bir qadam olis ketgan. Ammo men bilaman-ku, biz yaqinmiz! Juda yaqinmiz! Yurakdoshmiz! Biz sheʼr degan bir balo dardga yoʻliqqanmiz! Ha, oʻsha… Oʻsha – “… ki turgali toqat emas”! Oʻsha!..

– Qani, bunday yugurib xizmat qilmaysanmi? – Ismat aka dalligʻulilik qilyapti. – Usmon tan olgan boʻlsa, baxting ochilibdi! Oʻynab-kulmaysanmi? Nonni sindir, shishalarni och!..

Joʻrabek qovushmaygina xizmatni boshlaydi. Unga ne davralarni koʻrgan Sobir aka yordamga keladi. Birpasda hammasi Ismat aka xohlaganday boʻladi. Non sindiriladi, taomlar keltiriladi, choyxona xizmatchilari xizmatga unnab ketishadi, shishalar ochiladi…

Men boshqalarga bildirmay, xomush tortaman.

Agar bir shoir boshqa birini tan olishi baxt boʻlsa, shu yigitning baxti ochildi! Albatta, baxti ochildi! Men ham bu holni boshimdan oʻtkazganman, adabiyotdagi katta akalarimning bir ogʻiz yaxshi gapidan qanot bogʻlab yurgan damlarim boʻlgan! Ammo boshqa nima? Men bu yigit uchun nima qilolaman? Nima yordam berolaman? Hech narsa! Ming afsuski, ijod va taqdir oldida har birimiz yolgʻizmiz. Barchamiz oʻz qismatimizni oʻzimiz tortamiz!

Oʻtirish esa qiziyapti.

Eng qizigʻi, ikki shoir – Joʻrabek va men aroq ichmaydigan chiqdik. Boshqalar zavqu shavqqa toʻlib koʻpirishayotganda ikkalamiz sekingina gurunglashib oʻtirdik.

– Qayerda oʻqigansiz?

Joʻrabek bir qimtinib, tabassum qiladi:

– Oʻqishga bir borgan edim. Qoʻl qisqaliq qilib… Oʻqiyolmadim.

Ana endi hayratlanib yurgan Sobir akayu Ismat akaga oʻxshab, men ham karaxtlanaman.

– Maktabni bitirganingizdan keyin… biror joyda oʻqimaganmisiz?

– Yoʻq.

Unga qarab, mehrim joʻshib ketadi.

– Barakallo! – deyman. – Barakallo, Joʻrabek!

Bu bolaga xudo bergan ekan! Adashmay, koʻngilni topib borganini qarang! Faqat oʻzi bilan oʻzi gaplashib, sheʼr yozavergan-da! Yana qanday sheʼrlar!.. Ammo baribir ichim achiydi. Oʻqiganda, adabiy davralarda boʻlganda, bir yillik yoʻlga bir kunda yetib bormasmidi? Qiynalgan! Juda qiynalgan!

Ismat aka esa zavqu shavqqa toʻlib, ustma-ust qadah soʻzi aytayaptilar:

– Olaylik, oldirmaylik! Oʻv, Joʻrabek! Sen endi davralarni toʻldirib yur! Odamlarga qoʻshil! Bu dunyosi oʻtadi, ketadi! Oʻynab-kulganing qoladi!.. Qani, urishtir!.. E, ichmaysan-da! Hech boʻlmasa, choy bilan urishtir! Senga shunisi ham boʻladi!..

Xuddi shunday! Bizga choy boʻladi!

– Biz choy bilan ham mast boʻlamiz, a, Joʻrabek!

“Ha”, deb gapimni tasdiqlaydi Joʻrabek yuziga shavq yugurib va men imo qilgandan keyin piyolani qoʻlga oladi.

Joʻrabek ikkalamiz choy quyilgan piyolalarni koʻtaramiz.

– Ikkovlaringning bu ichishlaringda sheʼrni kim yozadi?

Davra avj oladi.

Men Joʻrabekka zimdan qarab-qarab qoʻyaman. Negadir koʻnglimga xavotir tushadi.

 

Ertasi bir hamqishlogʻim uyiga taklif qildi.

Sobir akaga Joʻrabekni bilan birgalashib borsak, yaxshi boʻlishini aytdim.

– Buni topish ham qiyin…

Sobir aka yana qoʻngʻiroq qilishga tushib ketdi.

– Boʻldi, keladi, – dedi nihoyat xotirjam tortib.

Joʻrabek haqiqatan ham keldi.

Mezbonning uyiga kun botishdan sal avval yetib bordik.

Mehmonxonaga dasturxon yozilgan ekan. Dasturxon aylanib oʻtirdik. Ochiq deraza tagiga Joʻrabekni oʻtqazdik.

Odatdagi mehmondorchilik. Latifa, Boysunning oʻtgan-ketganidan gangur-gungur suhbat. Men esa quvonib, Joʻrabekni hammaga qayta-qayta tanishtiraman:

– Bu kishi katta shoir.

Bilishsin, faxrlanishsin, deb oʻylayotgan boʻlsam kerak-da!

Birpasda kech boʻldi. Derazadan koʻrinib turgan yozgi bogʻni qorongʻilik qamrab oldi.

Oʻtirish gurillayapti. Hammani davraning sururi qamrab olgan.

Faqat Joʻrabek… bir oʻzi oʻtiribdi. Sezib turibman, bir oʻzi. Oʻqtin-oʻqtin derazaga hadiksirabmi, xavotirdami qarab qoʻyadi. U qorongʻi bogʻda nimani koʻrdi?

Nahotki, men taxmin etgan oʻsha devor qorongʻilikka botgan daraxtzordan chiqib, u tomonga bostirib kelayotgan boʻlsa? Oʻrab olayotgan boʻlsa?… Men u devorning siljib kelishini his qilaman. Suyaklarim sirqiraydi.

– Joʻrabekjon, – deyman, koʻnglimdan oʻtayotgan gapni boshqalarga sezdirmaslik uchun baland ovozda, – Issiqlab ketdim. Bizga ham shabada tegsin! Derazaning yonini menga berib, joyimga oʻting.

Joʻrabek negadir menga qandaydir aybi borday iymanib qaraydi.

– Qani, boʻling!

Deraza tagiga oʻtdim.

Joʻrabekni esa qoʻyarda-qoʻymay toʻrga – mening oʻrnimga oʻtqazdik. U yengil tortganini sezdim.

– Yozilib oʻtiring, – deyman Joʻrabekka. – Bizday akalarning davrasida erkin oʻtiring!

Joʻrabek “xoʻp” deganday bosh qimirlatadi. Yana yuzida oʻsha bosiq tabassum. Yana u menga allaqanday koʻrinmas devor ichida oʻtirganday tuyuladi. Bu yigitga nima boʻlgan?

Oʻtirishdan chiqib, Joʻrabekni uyiga qoldirdik-da, xayrlashdik.

Joʻrabek Ramazon bilan qayta diydor koʻrishmoq menga nasib qilmadi.

 

Toshkentga Joʻrabekning bir dasta sheʼrlarini koʻtarib keldim. Bir turkum sheʼri chop ham etildi. Boysunga esa yolchib borolganim ham yoʻq. Ikkita norday togʻam vafot etganida tongda borib, kechda shoshib qaytdim. Ha, yana bir yoʻlim tushganda jigarimga davo boʻlar ekanmi, deb Omonxonaga yugurdim… Joʻrabekni surishtirmadim. Negadir surishtirishdan ham choʻchidim. Bu shoir esa yoʻqlab kelishni ham bilmaydi…

 

Kuzda Boysundan qoʻngʻiroq qilgan ogʻaynilardan biri Joʻrabekni “berib qoʻyishganini” aytdi. Kasal boʻlmasdan – yarim kungina yotar-yotmasdan jon uzibdi. Muzlab qoldim. “Bu dunyoning odami emas edi, oʻzi”, deb oʻyladim ichim kuyib.

 

Joʻrabek Ramazon 2014 yilning 1 oktyabrida vafot etdi.

U oʻttiz birga kirgan edi.

 

Rahmatli Qodir baxshi gʻaygʻaylab aytgich edi:

Bu dunyosi, doʻstlar, kaptarxonadir –

Biri qoʻnib, biri uchib boradir…

 

Joʻrabek ham uchib ketdi.

Bizga qoldirgani esa sheʼrlar.

Oʻqisang, vujudu ruhingga titroq soladigan sheʼrlar.

 

Usmon AZIM,

Oʻzbekiston xalq shoiri

 

Yoshlik”, 2017–6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.