Istiora

0
207
marta koʻrilgan.

…Maktabga oʻziyam sahar mardonlab kelibman. Yoʻlak suv quygandek jimjit. Hech zogʻ yoʻq. Derazadan boqsang, tashqarida teraklar allaqanday bir xil yelpinib shovullaydi. Shamol gʻuv-gʻuv chizayotgan bu manzara oʻyga toldirar darajada goʻzal. Uni shunchaki kuzatib boʻlmaydi. Partaga tirsakni suyabmi, oynadan uzoq termilib deganday, baribir nimasidir kam. Papkamni ochishim bilan – onam ertalab yopgan, hali hovuri oʻzida – parcha non hidi dimogʻimga gup etib urildi. Ana endi teraklarga har qancha koʻz qadash mumkin. Oʻtiribman orqa partada… tirsakka suyanib, non chaynab oʻyga choʻmib.

Shkaf tepasida devorga suyab qoʻyilgan yum-yumaloq sariq soatga ora-sira qarab qoʻygan boʻlaman. “Hali bor”, oʻylayman ichimda. Qoʻngʻiroq chalinishiga oz qolgani sayin terimga sigʻmay ketaman. Nonni tez-tez chaynab, teraklardan xayolni uzaman. Bor diqqatimni sinfga yigʻaman. Qandaydir sabrsiz, xuddiki, odatga aylanib qolgan bir holni entikib kutaman. Hozir anavi eshikdan Shuhrat birinchi boʻlib tund, qosh-qovogʻini uyub kirib keladi. Ana, aytmadimmi…

– Bir ogʻiz hey deb oʻtganingda boʻlardi, – oʻrtogʻim hamishagidek doʻrillab, papkasini alam bilan partaga otib, izidan oʻzi ham stulga choʻkdi. Darsga tayyorgarlik koʻra boshladi. Soʻng Jasur oʻsha-oʻsha hovliqib koʻrindi:  

– Birinchi soat nimaydi, joʻra, kim kirardi?

Qiziq, atay shunday qilarmikan? Axir ikki oydan beri bitta dars jadvalini yodda saqlab qolmaydigan odam bormi. Menimcha, bu odat. Yoʻqsa, ustozning savollariga baloday javob berarmidi?! 

– Bolalar, uyga vazifani kim bajargan, berib tursin!

Layloning kelishi biz uchun avvalgi mavzuni takrorlash oʻrniga oʻtardi. Zoʻr ishni tindirgandek, sharaqlatib kitob ochishi qandaydir yoqardiyam-yey. Yarashardi.

Hammasidan ham Yulduzning kech qolishi qiziq edi. Eshikdan kiriboq goʻyo ustoz uni hozir urishadiyu sinfdan haydab soladigandek, balki uyalinqirab, ehtimol, iymanib – xullas, devor tomonga oʻgirilib, koʻzlarini yopib yigʻlab yuborardi…

Butun sinf shovqinlab yigʻilardik. Oʻqituvchi eshikdan koʻrinmaguncha qiy-chuv tugamasdi. Shu holda sinfimiz ari uyasiga oʻxshab ketardi. Astoydil tinglasang ham, birovning gapini birov ilgʻamasdi. Shu dam adabiyot oʻqituvchimiz kirib kelib, shovqin tindi-turdi. Endi shivir-shivirga oʻtgandik. Yasama sukunatni ana shu shivir-shivirdan tashqari, daftarning shitir-shitiri, qalamning qitir-qitiri va yana boʻrning doskadagi taq-tuqi buzardi.

Ustoz kira solib, hatto sumkasini bilagidan qoʻymay, doska muyushiga avval sanani, soʻng oʻrtadan mavzuni yozgach, joyiga borib oʻtirdi. Oʻsha zahoti mavzuni daftarga qoralashga tushdik: “Badiiy tasviriy sanʼatlar”. Oʻquvchilarning ruchkani parta yuziga taraqlab qoʻya boshlashi yozib boʻldik degan maʼnoni berardi. Ustoz ham buni darrov fahmlab, oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Boya bilagida sumkasini tutib, sana yozgan joyida doskani qoʻli bilan koʻrsatib, mavzuga koʻchdi. Badiiy sanʼat nima oʻzi, uning qanday turlari bor, matn tarkibida ularni ajratib olishning xil-xususiyatlari… shular haqida obdan maʼruza qilgach, gapni tashbeh va istioraga uladi, -day, -dek, yangligʻ kabi vositalaridan soʻz ochdi. Soʻzini mumtoz adabiyot bilan bogʻladi. Atoyidan “Ul sanamkim…”ni yod aytdi. Munis, Ogahiydan misollar yozib tushuntirdi. Doska tashbeh va istiorali baytlarga toʻlib ketgan, ochiq joyi qolmagandi hisobi. Bu payt dars yarmidan oʻtgan, oʻqituvchimiz esa yengini tirsagigacha shimarib olgan, qoʻlida boʻr bilan:

– Oʻchiraveraymi? – dedi oʻng chakkasiga yopishgan sochini toʻgʻrilagan koʻyi doskani koʻrsatib.

Qarasam, oʻqituvchimizning oʻng qosh burchi, manglayiga tushgan tutam jingala sochi un tekkandek oq. Bu ishchan, sodda va samimiy qiyofa koʻzimga issiq bosildi. Shu turishda, peshonasiga oq tekkan holda… ha-ha, aynan mana shu tasvirda ustozni anglashga urindim. Yana qayerdadir koʻrgandek tuyuldim oʻzimga. Va birdan:

“Axir bu onam… onam-ku!” – dedim jamiki hayratni koʻzlarimga yigʻib.

Bugun ertalab roʻy bergan hammasi.

Oʻsha, men sahar mardonlab maktabga yoʻl olmasimdan oldin hali koʻkda yulduzlar miltirab turgan, xoʻrozlar qichqirgan, buzoqlar maʼragan bir palla. Sahar salqinidan etim junjikib, choponga oʻranib-burkanib oshxonaga oʻtsam, onam supraga xontaxta qoʻyib, xamir yoyib yotir.

– Churak yopyapman, formangni kiyguningcha pishib qoladi, maktabingga olib ketasan, – onamning uygʻondingmi degani kun ora shunday jaranglaydi. Keyin yana oʻqlov-xamiriga shoʻngʻib ketadi.

– Tandirning hovuri tarqamasin, ketib qolmay tur…

Onam nonlarini tezroq yopib olishga unnaydi. Menga esa ularning naridan-beri un sepib, xamir yuziga muloyim silab qoʻyishi yoqardi. Oʻsha kuni un sepayotib roʻmoli oʻngʻaysiz turib qolgan, shekilli, toʻgʻrilayman deb un tegibdi. Manglayi oq… Onam papkamga issiq churakdan solayotib:

– Shuhrat bilan yeysan, – deganida teraklar allaqachon shovullashni boshlagan edi. Tirsakka suyanib oʻy suradigan havo boʻlayapti-da, oʻzi. Ming bir xayolda maktabga oshiqdim. Joʻramning uyidan oʻtib ketibman, desangiz. Rosti, izga qaytish yoqmadi. Bir gal alohida borsak jahli chiqmas. Aslida, birinchi marta emas-ku. Darsdan chiqishda birga qaytamiz. Biroq baribir gina qiladi. Bir ogʻiz hey deganimda edi, papkasini otib urmasdi partaga. Mendan ikki parta oldinda oʻtirardi u.

– Shuhrat, joʻra, hey! – pichirlab chaqirdim.

Eshitmadimi yoki oʻzini eshitmaganga soldimi, oʻgirilmadi.

– Eshitayapsanmi, joʻra?

– Jim, xalaqit berayapsan, – oʻrtogʻim qolib Laylo pichirlashga oʻtdi.

Daftarim oʻrtasidan ikki varaq yulib oldim-da, qolgan churakni avaylab oʻradim.

– Laylo, shuni…

– Ber-ber, endi indamay oʻtir.

Churak Shuhratning qoʻliga yetdi. Oʻrtogʻim parta boʻyi engashib, men tomonga qayrilib bosh barmogʻi bilan “zoʻr” deb koʻrsatib kulib qoʻydi.

Xayriyat, koʻnglim joyiga tushdi. Endi uy, buzoq, oʻqlov, xontaxtalarni xayolimdan tarqatib, darsga qaytdim. Biroq ustozga har qaraganim sayin oʻylarim onamga, peshonasiga un yuqi tekkan holda oʻgʻlini maktabga kuzatib qoʻygan ayolga tortib ketdi.

Shunda birinchi parta tomondan kimdir:

– Boʻr tegibdi, ustoz! – deb yaxshilikka chogʻlandi.

Kimligini aniq ilgʻamadim. Ustoz ham oʻsha kimningdir gapini eshitmadi. Eshitmay toʻgʻri qildi. Endi shunchalar berilib ketibmanki xayolga…

– Bekor aytibsan, – deb yubordim oʻsha kimdirga.

Oʻqituvchimiz chalgʻib ketdi. Adashmasam, aytayotgan misolini unutdi. Goʻyoki ustozni senlab yuborgandek vaziyat yaralganini avvaliga payqamadim. Payqagach, tilim aylanmay qoldi.

– Men… Sizga emas…

– Tinchlikmi, – dedi ustoz oʻta vazmin holda ust-boshini toʻgʻrilab. Soʻngra meni noqulay holatdan chiqarmoqchi boʻldimi, balki darsini tinglayotgan yoki tinglamayotganim bilan qiziqdimi: 

– Tashbeh, istiora haqida biror nima yodingda qoldimi? – dedi.

Duduqlandim. Fikrimni bir joyga yigʻib, “Ul sanamkim…”ni boshladim.

– Yoʻq, kitobni qoʻy, oʻzingdan misol keltir. Mana, masalan doska.

Javob bermadim. Javob berolmadim. Oʻsha darsning oʻzida tirsakka suyanib oʻtirib, uzoq oʻylangan tashbehlar, istioralardan aqalli bittasini ham aytmadim. Aytolmadim. “Mana, masalan… sochingizdagi un, aslo boʻr emas” dermidim. Boʻrni unga yoʻyib, oʻzimcha istiora qilarmidim. Mavzuni tushunganimdan quvonardi. Ammo xijolat ham boʻlardi-da.

Qaniydi, maktab davriga bir zum qaytsak. Oʻsha kungi savolni takror bersangiz: “Istiora haqida biror nima yodingda qoldimi?” desangiz. Agar dabdurustdan Atoyidan boshlab qolsam: “Kitobni qoʻy, oʻzingdan misol keltir”, desangiz. “Boʻr tegibdi” degan oʻsha kimdirga mana bugun aytar soʻzim bor va endi aytsam, Siz ham xijolat tortmaysiz:

“Orqada oʻtirsam ham koʻrib turibman-ku, ustoz hozirgina un elab, suprada xamir qordi. Nahot payqamading shuni! Sen til uchida doska deb atayotgan kenglikka mening koʻzlarim bilan qarasang, uning taxta emas, rizq toʻla supra ekanini koʻrasan. Ustoz, seningcha yozyapti, shundaymi? Menimcha esa, non yopyapti. Ustozning hayot tarzi, umri shunday. Yopgan nonlari sanoqsiz va ularni varaqqa oʻrab, xohlagan payting kimgadir uzatishning imkoni yoʻq… Boʻr tegibdi emish”.

 

Akmal JUMAMURODOV

 

«Maʼrifat», 2016 yil 1 oktyabr

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.