“Iloji boʻlsa, meni unutma…”

0
387
marta koʻrilgan.

Poytaxtning Yakkasaroy tumanidagi Abdulla Qahhor mahallasi yuzlab oddiy mahallalardan biri – hovli joylar va yigirmadan ziyod koʻp qavatli uylardan iborat, besh mingga yaqin aholisining ham el qatori tashvishu xursandchiliklari bor. Ular ertalab ishga, kechqurun esa uylariga oshiqadilar. Yoʻli mahallaning Xumo tor koʻchasidan oʻtadiganlar “Bu uyda 1959–1994 yillar Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻlmas Umarbekov yashab, ijod qilgan” lavhasini koʻrib, nurli xotiralarini yodga olsalar ajab emas. Tengdoshlari uning goʻzal suhbatlarini, yoshlar esa maslahatlarini, shu bilan birga amaliy yordamini esga olishadi.

Hozir bu xonadonning chirogʻini yozuvchining rafiqasi yoqib oʻtiribdi.

Filologiya fanlari nomzodi, dotsent, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi Zuhra Umarbekova bilan suhbatimiz ularning tanishuvi mavzuidan boshlandi.

Zuhra hozirgi OʻzMUning rus filologiyasi, Oʻlmas esa jurnalistika fakultetida, ikki kurs yuqorida oʻqiydi.

Talabalar paxta terimiga hasharga chiqqanlarida ular ilk bor uchrashdilar. Yelkasidagi paxta toʻla zildek ogʻir etakni olib, xirmongacha eltib qoʻygan yigit Oʻlmas ekanini qiz keyin bildi. Universitetni bitirgan yili Oʻlmas Zuhraga, bolalar uyida tarbiyalangan qizga uylandi.

– Onam bolaligimda vafot etgan, otam ikkinchi jahon urushida jang maydonlarida halok boʻlgan. Turmushga chiqqanimdan soʻng endi mening suyanchim borligini his qildim, – deydi Zuhra opa.

Suyanch… Agar kuzatgan boʻlsangiz, oilasida yaqinlariga suyanch boʻlgan insongina ishxonasida, jamoada ham kimgadir yordam bera olishi mumkin ekan. Va bunday kishilar, yaxshilik qadrini bilganlari uchun, oʻzlari koʻrsatgan mehr haqida emas, koʻrgan oqibatlari toʻgʻrisida koʻproq gapiradilar. Oʻlmas Umarbekovning “Qizimga maktublar” asarida ham bu haqiqat yorqin namoyon boʻladi:

“Shu oʻrinda aytib oʻtishim kerak, men ham baxtli odam ekanman. Kasallikka chalinaverganimdan keyin atrofimda nihoyatda yaxshi odamlar koʻp ekanligini koʻrdim. Ular meni yolgʻizlatib qoʻyishmadi. Qachonlardir men ishga joylashtirgan jurnalist, hamkasb ukam Tohir Malik, madaniyat jonkuyarlari Mahmud Murodov, Davlat Alimovlardan tortib hurmatli Prezidentimiz Islom Karimovgacha menga gʻamxoʻrlik qilib kelishyapti: ish berishdi, unvon, yaxshi pensiya…”

Yaqindagina “Oʻlmas Umarbekov zamondoshlari xotirasida” nomli toʻplam nashrdan chiqdi.

Kitobni Oʻlmas Umarbekovning qizi Umida chop ettirdi, yozuvchi Omon Muxtor materiallarni toʻplash va saralashda xolis xizmat qildi.

– Oʻzimiz sotib, xarajatlarni qoplashimiz uchun nashriyot kitob tirajining bir qismini bizga berdi. Bilasizmi, ularni sotishga qoʻlim bormaydi, faqat sovgʻa qilyapman. Axir xotiralarni sotib boʻladimi? – Zuhra opaning koʻzlarida yosh aylanadi.

Opa hozir ham ana shu xotiralar taskini bilan yashayapti.

– Qimmatbaho narsalar xarid qilmang, derdi Oʻlmas. – Men hech narsadan xavfsiramay yashashni, eshigimiz doim ochiq turishini istayman.

– Men yetimlik azobini tortganman, Oʻlmasning ham yelkasiga oila tashvishi erta tushgan, hayotning achchiq-chuchugini koʻrganimiz uchun boylik toʻplashga sira qiziqmasdik – yana hikoya qiladi Zuhra opa.

Oʻlmas “Oʻzbekfilm” kinostudiyasi rahbari edi. Bir kuni oshxonamizdagi kran quvuri yorilib, suv toshib ketdi. Bosim juda kuchli edi. U kishiga qoʻngʻiroq qildim, darhol ishxonalaridan odam joʻnatdilar. Ustalar qaytib borgach, xodimlar ularni oʻrtaga olishibdi.

– Xoʻsh, rahbarimizning uyi qanaqa ekan?

 – Kitobdan boshqa hech narsa yoʻq ekan, – deyishibdi ustalar.

Oʻlmasning vafotidan keyin bir kuni taʼziyaga kelganlarning shiviri ham qulogʻimga yetdi.

 – Shuncha kitoblari chiqqan, shuncha katta lavozimlarda ishlagan odam koshonada yashasa kerak, deb oʻylagandim…

Koʻrmagan-bilmaganlar nazdida “koshonada yashaydigan” oʻsha odam umrining soʻnggi kunlarida shifoxonada oʻlim toʻshagida yotar ekan, rafiqasiga shunday degan edi:

– Siz bosh egib, birovdan bir narsa soʻramaysiz, or qilasiz. Oʻlsam, maʼrakalarim ancha qiynab qoʻysa kerak, bor-budimizni kasalimni davolashga sarf qilyapmiz. Pulga zoriqsangiz, ana “Volga”ni soting, faqat bu ishni oʻzingiz eplay olmaysiz, aldanib qolishingiz mumkin. Said Ahmad akaga ayting, sotishga yordamlashadi…

– Otam vafotidan keyin oilaning butun ogʻirligi Oʻlmas akamning zimmasida edi, – eslaydi adibning singlisi Mavjuda opa. – Opam turmushga chiqqan, men va singlim, ukamni oyoqqa turgʻazish kerak edi. Akamning yordami bilan hammamiz oliy maʼlumot oldik, oʻzim texnika fanlari nomzodi boʻlib, turli lavozimlarda ishladim, koʻp yillar davomida institutda dars berdim.

Bir etak nabirali boʻlgan Mavjuda opa hozir ham tez-tez oʻzining nikoh toʻyini yodga olib turadi. Elda ancha tanilib qolgan hofizning toʻyga kelishini istagandi u. Ammo oilaning moddiy ahvolini nazarda tutib, bu orzusini tiliga chiqarmadi ham. Toʻyi kuni hayratdan va quvonchdan yuragi hayajonga toʻldi – radioda oddiy xodim boʻlib ishlaydigan akasi, uning koʻnglidagini uqqandek oʻsha hofizni boshlab kelgandi.

Katta nabirasi bir yoshga toʻlganida uni yetaklab mehmonga keldi. Oʻlmas akasi hol-ahvol soʻrashib, indamay ijodxonasiga kirib ketdi va oʻzining bir yoshligidagi suratini koʻtarib chiqdi.

– Singlim, buni qara, nabirang togʻasining quyib qoʻygandek oʻzi-ku!

Oʻsha jiyan – Baxtiyor hozir Arxitektura va qurilish institutining talabasi. Togʻasining asarlarini sevib oʻqiydi, bu kitoblar koʻpincha uning doʻstlarining qoʻlida boʻladi, taassurotlarini oʻrtoqlashadilar. “Sevgim, sevgilim” “Boboyongʻoq”, “Odam boʻlish qiyin”, “Fotima va Zuhra”, “Yoz yomgʻiri”, “Qiyomat qarz”, “Qizimga maktublar” kabi hikoya, qissa, romanlarning qahramonlari bugungi yoshlar dilidan ham joy olyapti.

…Oʻlmas Umarbekov Moskvada davolanayotgan kezlarida qiziga yozgan maktublaridan birida unga nasihat-maslahatlarini aytadi. Jumladan, “bu yogʻi oying bilan bor imkoniyatga qarab yasha, sendan sharoiti yaxshi hech kimga rashk bilan qarama, birovni koʻrolmaslik hech qachon odamga baxt keltirmagan” deb yozar ekan, oxirida qoʻshib qoʻyadi:

“Yana nima demoqchi edim? Iloji boʻlsa, meni unutma”.

Yakkayu yolgʻiz farzandidan uni unutmasligini soʻrash uchun qanchalik xokisor, qanchalik kamtar boʻlishi kerak ekan inson?!

Uni bugun butun el-yurt unutmayapti.

– Oʻlmas aka xuddi mana shu yerda oʻtirardilar. Shu xonaga kirsam hozir ham oʻrinlarida xiyol tabbasum bilan boqib oʻtirgandek tuyulaveradi, – deydi yozuvchining yon qoʻshnisi Abdulla Parpiyev. – Harbiy xizmatdan kelib, bekor yurganimni eshitib, mashinasiga oʻtqazib, Madaniyat institutiga eltib qoʻydi. Keyin butun hayotim davomida ishim, turmushimdan boxabar boʻlib turdi…

– Otam – Usmon Shamsimuhamedov noshir, tarjimon boʻlgan, – xotirlaydi yana bir qoʻshnisi Isroil. – Uyimizda ijod ahllari, sanʼatkorlar tez-tez mehmon boʻlib turardi. Ular orasidagi qoʻshnimiz Oʻlmas Umarbekovning yozuvchi va otamning sinfdoshi ekanligini bilardim. U kishiga butun mahalla bolalari mehr qoʻygan, buning sababi bor edi. Chunki biz faqat Oʻlmas aka va Zuhra kennoyining eshigi oldidagina bemalol toʻp tepardik, shovqin-suron koʻtarib oʻynay olardik. Bu uy egalari boshqalarga oʻxshab bolalarni quvib solish tugul, bizni ichkariga olib kirib kichkinagina bogʻlarida pishib yotgan mevalaridan yoki biron shirinlikni ilinardilar.

Yoshim ulgʻayib aqlimni taniganimdan keyin yana bir narsaga eʼtibor berdim. Oʻlmas aka tongda yelkalariga toʻnini tashlab, koʻcha boshidagi novvoyxonaga chiqardilar. Nonning tandirdan chiqishini poylab, navbatda turgan yoshmi qarimi, kim boʻlishidan qatʼi nazar, shirin suhbat qurganlariga koʻp bor guvoh boʻlganman. Oʻshanda hayron boʻlgandim, bunday katta rahbarlarning xizmatida shofyorlari hozir turishadi, hech boʻlmasa oila aʼzolaridan birontasi ham chiqsa boʻladi-ku nonga? Endi tushunayapman, Oʻlmas aka oddiy odamlardan, xalqdan uzilib qolishni istamagan, har bir daqiqasi hisobli rahbar uchun esa erta tongda nonga chiqish bu yoʻldagi bir imkoniyat ekan.

Lavozim kursisiga oʻtirib mahalla bilan oʻzining orasiga koʻzga koʻrinmas toʻsiq qoʻyishga urinadigan baʼzi rahbarlarni koʻrganlar uchun bu gaplar balki ertakdek tuyular?

– Oʻlmas aka bilan bir maktabda oʻqiganmiz, – eslaydi Abdulla Qahhor nomli mahalla fuqarolar yigʻini raisi Turgʻun Azimov. – Umrimda u kabi ziyoli odamni uchratmaganman. Tasodifan bir-ikki ogʻiz suhbatlashgan kishi ham uni yana bir bor koʻrsam, gaplashsam, deb orzu qilardi.

Oʻlmas Umarbekovning xotirasini abadiylashtirish maqsadida qabriga byust oʻrnatildi, poytaxtimizning Hamza tumanidagi koʻchalarning biriga uning nomi berildi. Afsuski, hozir oʻsha koʻcha yoʻq, buzilib ketgan…

– Katta lavozimlarda ishlab yurgan payti ham Oʻlmas bilan oddiygina sinfdosh, oddiygina qoʻshni, mahalladosh sifatida muomala qilardik, – deydi Oʻlmas Umarbekovning sinfdoshi va mahalladoshi, olim Mirahmad Muhamedov. – Davralarda oʻzini “yarq” etib koʻrsatishga urinmasdi. Toʻyga aytib kelgan qoʻshnidan avvalo “Mendan nima xizmat?” deb soʻrardi. Taʼziya boʻlgan xonadondan koʻngil soʻrab chiqishni oʻzining burchi deb bilardi. Mening nazarimda u bir umr odamlarga mehr ulashib yashadi. Bugun ham mahallamizdagi turli tadbirlarda uning nomi hurmat bilan, qoʻmsash bilan yodga olinadi. U nafaqat mashhur yozuvchi, balki tom maʼnodagi yaxshi odam ham edi. Oʻlmas Umarbekov yashab oʻtgan koʻcha Humo tor koʻchasi deb ataladi, uning yonginasida Humo koʻchasi ham bor. U yashagan, uning qadam izlari tushgan koʻchaga yozuvchining nomi berilishini juda-juda istardik…

Mustaqillik ayyomi kunlari Zuhra opaning koʻngli togʻdek oʻsdi. Televizordan Yurtboshimizning Toshkentning 2200 yilligiga bagʻishlangan tantanalardagi nutqida aziz ismni eshitib yuragi hayajonga toʻldi. Prezidentimiz el-yurt hurmatiga sazovor boʻlgan allomalar qatorida Oʻlmas Umarbekovni ham ehtirom bilan tilga oldi.

Nutq tugashi bilan boshlangan telefon qoʻngʻiroqlari hali ham davom etyapti. Qarindosh-urugʻ, tanish-bilishlar uni tabriklayapti. Oʻlmas Umarbekovning umr yoʻli, insoniylik fazilatlari yana qayta-qayta tilga olinyapti.

Bittagina farzandidan oʻzini unutmasligini xokisorlik bilan soʻragan bu buyuk insonga xalqning ehtiromi sababini qisqagina izohlash mumkinmikan? Toʻgʻri, adib el koʻnglidan joy olgan asarlar yaratdi, turli vazifalarda ishlaganda el koriga yaradi. El ehtiromining yana bir boshqa sababi ham bor. Buni yana “Qizimga maktublar”dagi mana bu oddiygina soʻzlardan ilgʻab olish qiyin emas:

“Davr oʻzgarib ketdi, qadriyatlar oʻzgardi. Lekin hamma davrda halol mehnat, poklik, odamiylik qadrlangan. Shu yodingda boʻlsin”.

 

Sharofat YOʻLDOSHYeVA,

“Oʻzbekiston ovozi” muxbiri

 

2009

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.