“Hayotning har lahzasi goʻzal…”

0
170
marta koʻrilgan.

…70-yillarning ikkinchi yarmi. Biz Toshkent universiteti jurnalistika fakulteti talabalari oʻz “oltin davr”imizni kechirayotgan damlar. Kechki payt kutilmaganda yotogʻimizga Anvar aka bir guruh shoir doʻstlari bilan kirib keldi. Oʻshanda Anvar aka bizning fakultetda sirtdan oʻqirdi. U bilan hamyurt boʻlganimiz bois ancha qadrdon edik. Oʻzingizga maʼlum, talabaning dasturxoni – ikkita suvi qochgan “boʻlka” non, “suyuq”dan sal qoʻyiqroq damlangan nimgʻirovo choy… Biroq bu vaziyatdagi otash sheʼrxonlik, goʻzal suhbatni eng toʻkis dasturxonlar ustida ham topishingiz mushkul.

Navbat Anvar akaga keldi:

 

Alloʻ, alloʻ…

Salom…

Sizmisiz?

Kecha nomer bergan qizmisiz?

Qilgan edim tongda qoʻngʻiroq,

Javob berdi dadangiz mudroq…

 

Yoʻqladim oy tirmashgach toqqa,

Uylanganlar kirgach yotoqqa…

 

Oshiqlarning oh-vohlari, koʻrkam qizning bevafoligi, soʻlgan gullar haqidagi maʼyus, lekin jonsiz, shalviragan sheʼrlar tinglab, esnab oʻtirgan kursdoshlarimga jon kirdi. Osmonoʻpar tashbehlardan holi, goʻzal, “kosa tagida nimkosa”si bor satrlar hammamizni hayratga soldi. Bu oʻzbek sheʼriyatidagi oʻziga xos, yangi yoʻnalish edi. Biroz kinoya, biroz hazil, biroz oʻynoqilik yoʻgʻrilgan sheʼrlar birdan yurakka choʻkar, ham kuldirib, ham oʻylatardi.

 

Shamol xomush yelyapti,

La-la-lay…

Qoʻshiq aytgim kelyapti,

La-la-lay…

 

Men kuylayman nechun goh?

La-la-lay…

Yigʻlamaslik uchun… Oh!

La-la-lay…

 

Oʻsha kuni talabalar oʻzbek adabiyotidagi yangi bir ovoz, kuchli isteʼdod bilan tanishdilar.

Oʻtgan asrning 70-yillarda adabiyotga kirib kelgan Anvar Obidjon bugungi kunda nazm va nasr, teatr va kinodramaturgiya sohasidagi eng koʻzga koʻringan, zabardast ijodkorlardan biri. Oʻzbekiston xalq shoiri unvoniga ega. Uning oʻnlab kitoblari nashr etilgan. Anvar aka yaratgan Gulmat obrazi oʻzbek adabiyotidagi Kalvak maxzum, Toshpoʻlat tajang kabi mashhur satirik qahramonlar bilan bir qatorda turadi. 20-yillarda ustoz Qodiriy qalamidan toʻkilgan Kalvak maxzum el orasida qanday shuhrat topgan boʻlsa, Gulmatning odamlarimiz qalbiga, ongiga singishi undan kam boʻlmadi. Men Anvar akani koʻpincha Abdulla Qodiriy bilan qiyoslayman. Oʻsha oʻynoqi, haqiqiy xalq tili, oʻsha hayotga, adabiy qahramonlarga andak kinoya bilan yondashuv, shu bilan birga faqat yurakkina sezadigan kuchli dard, fojia… Meshpolvon, Alamazonlar oʻzbek bolalar adabiyotining mulkiga aylandi. Ular rus va boshqa tillarga ham tarjima qilinib nashr etildi.

Anvar Obidjon yetuk yoshda. Xalqimiz, fargʻonaliklar, uning millionlab muxlislari shoir va adibdan yanada mukammal asarlar kutishga haqli. Zero, shoirning oʻzi aytganicha:

 

Hayotning har lahzasi goʻzal,

Umrning har dami gʻanimat…

 

Alisher IBODINOV,

yozuvchi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.