Haqiqat xayoldan boshlanar

0
167
marta koʻrilgan.

Ustozimiz Zulfiyaxonimning turli millat, kasb va yoshdagi insonlar orasida doʻst-u qadrdonlari koʻp edi. Odatda, yoshi ulugʻ insonlar bilan yoshlarning orasida eʼtiroflardan koʻra koʻproq inkorlar boʻladi. Gap qovushishi ham oson kechavermaydi. Lekin Zulfiyaxonim faqat yosh isteʼdodlar uchun oʻzini javobgar deb hisoblagani uchungina emas, umuman, barcha yoshlarning fikrini eshitishni xohlagani, ularning joʻyali fikrini qadrlagani uchun yoshlar bilan suhbatlashishni yaxshi koʻrardi.

“Saodat” jurnaliga uzoq-yaqindan kelgan – Dilbar Hamzaxoʻjayeva, Xosiyat Bobomurodova, Momoxol Elmurodova, Dilbar Haydarova kabi oʻsha paytning qalami oʻtkir yoshlari bilan dildan gaplashardi. Ularning qoʻlyozmalariga bir-ikkita qalam tekkizish barobarida qizlarga adabiyot, sheʼriyatdan saboq berar, boshqa mavzudagi suhbatlari ham ibratlarga toʻla boʻlardi. Lekin hech qachon oʻz fikrini majburan tiqishtirmasdi. “Saodat” jurnalidan nafaqaga chiqib ketganidan soʻng ham uyiga borganimizda:

“Yoshlar nima yozyapti? Yaxshi sheʼriy turkumlar, yaxshi kitoblar chop etilsa, xabardor boʻlib turay”, der edi. Kayfiyatida tushkunlik (“Oʻzbeklar ishi” avjga chiqqan yillarda bu “ur-sur”lar shaxsan oʻziga taʼsir qilmagan. Ammo koʻngli qiynalgani uchun aksariyat hollarda avvalgidek bardam, tetik koʻrinmasdi) boʻlsa-da, sheʼrdan, adabiyotdan gap ketsa, birdaniga oʻzgarar, yaxshi sheʼrlar eshitsa, koʻzlari charaqlab, yashnab ketardi. Bunday lahzalarda men koʻproq “Kelajak”, “Oh ijod”, “O, ertam, eng goʻzal afsonam” kabi sheʼrlarini oʻqib berardim.

Shoira oʻzining zalvorli, jarangdor satrlariga joʻr boʻlib oʻtirarkan, nazdimda, butun vujudi bilan shu soʻz, shu ohanglar qanotida bugungi shoir, inson, ayol sifatidagi burchini oʻtab, ertaga oʻtib borayotgandek tuyulardi. Yoshlarni kuzatishi, sevishi, ular bilan dilkash suhbatdosh boʻlishi, imkoniyati boricha ularni qoʻllab-quvvatlaganining ham sabablaridan biri shu deb oʻylayman. Zulfiyaxonim sheʼriyati, Vatan va xalq oldidagi ulkan xizmati, ibrati bilan ertada ham yashash imkoniyatiga ishongan va shunga intilgan. Bunday ishonch, intilish har kimga ham nasib etavermaydi. Aksariyat kishilar buguni bilan yashaydi. Quloch va qarichini ham shunga qarab chamalaydi. “Oʻlding, oʻchding, yoʻq boʻlding” qabilida yashaydi, mehnat qiladi. Ne ajabki, shoiraning ishonch, intilishi sarobga aylanmadi, balki haqiqat boʻlib chiqdi. 1999 yilda adabiyot, sanʼat madaniyat, taʼlim, fan sohasida alohida yutuqlarga erishgan isteʼdodli qizlar uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti taʼsis etildi. Keyinchalik vaziyat taqozosi bilan mazkur yoʻnalishlarga sport ham qoʻshildi. Hozirgacha 300 nafarga yaqin isteʼdodli qizlar yuksak mukofotga sazovor boʻldi. Bu yildan boshlab davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har bir viloyatdan bir nafar emas, ikki nafar qizga bu mukofot beriladi. Ular orasida Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining dotsenti Oydin Abdullayeva, taniqli shoira Guljamol Asqarova, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoli, isteʼdodli shoira Mehrinoz Abbosova kabi qizlarimizni koʻrganimda yon-atrofimdan Zulfiyaxonimning:

 

Kelajak!

Qoʻllarim yetmasa – yetmasin,

Kuylarim bitmasa,

hech qachon bitmasin,

Kelarlar qoʻli-la bitilur.

Men chiqqan choʻqqidan

parvozga chiqqanlar,

Sendan ham surʼatli,

Bizdan ham jurʼatli.

Silsilang oshganlar yetajak,

 

degan ovozi kelayotgandek boʻladi. Har yili 1 mart – Zulfiyaxonimning tavallud kunida Zulfiyaxonim haykali poyiga doʻppi kiygan oʻsmir qizlar dasta-dasta gullar qoʻyishadi. Haykal gulzorga, shoira haykali esa bir quchoq gulga aylanadi. “Axir, bir koʻrinishdan ikkinchi koʻrinishga oʻtib turish hayotning qonuniyatlaridan biridir. Shoira oʻzi sevgan, oʻzi koʻngliga juda yaqin olgan yoshlar taqdim etgan gullar bagʻrida gulzorning bir qismiga aylandi”, degan xayol keladi odam fikratiga. Ustoz bilan bogʻliq kechinmalarimni davom ettirsam, “Haqiqat xayoldan boshlanadi”, degan fikrga juda-juda ishongim keladi. Maʼlumki, shoira avtohalokat tufayli hayotdan erta ketgan Hamid Olimjondan 29 yoshida beva qoldi. Lekin Hamid Olimjonsiz yashagan ellik yildan ziyod umrining biror daqiqasini shoir xayolisiz oʻtkazmagan boʻlsa kerak.

 – Vaqt yetganda Kompozitorlar koʻchasidagi uyimizda Hamid Olimjon bilan ikkovimizning muzeyimiz tashkil etilsa…

 – Har gal Hamid akaning qabriga gullar koʻtarib borganimda yolgʻizga oʻxshaydi… Qachondir Chigʻatoydagi soʻnggi maskanimiz yonma-yon boʻlsa…

Ustoz juda nekbin edi, bunaqa gaplarni biz bilan deyarli gapirishmasdi. Faqat qachondir qaysi bir voqea munosabati bilan bexos aytib yuborsa ham darrov boshqa mavzuga oʻtardi…

Lekin biz – ularning atrofida yurgan qizlar ustozimizning faqat oʻzi yashayotgan davrda emas, keyingi abadiy hayotda ham birgalik orzulari borligini sezar edik.

2017 yilning noyabr oyida shoiraning orzusi roʻyobga chiqdi. Jizzax shahridagi goʻzal maskanlardan birida Zulfiyaxonim va Hamid Olimjonning shoirona, latif bir qiyofadagi haykali yaratildi. Oppoq, xayol koʻrinishidagi Hamid Olimjon va hijronning zang rangli koʻylagini yechmagan Zulfiyaxonimning ovozi yana quloqlarimiz ostida jaranglay boshladi:

 

… Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,

Men hayot ekanman, hayotsan sen ham…

 

Xuddi shu haykal oʻrnatilgan maskanda Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim nomidagi adabiyotga ixtisoslashgan maktab ochilgan boʻlib, unda bu yil tanlov asosida qabul qilingan 250 nafar oʻgʻil-qiz allaqachon saboqlarni boshlab yuborishdi. Biz ularning darslariga kirdik, sheʼrlar eshitdik. Darsda ulgurmagan oʻquvchilarning sheʼrlarini foyelarda tingladik.

Zulfiyaxonim oʻz orzuida naqadar haq ekani oʻz isbotini topdi. Taqdir bergan sinovlarga sabr qilib, shaxsiy tashvishlardan yuksakka koʻtarilib, yashayotgan kunidan ham goʻzalroq kelajak orzusida fidoyilik bilan yashagan, yashayotgan insonlarning umri davom etaverar ekan. Garchi jisman oramizda boʻlmasa-da, Zulfiyaxonim shu nomdagi Davlat mukofotiga intilgan qizlarni tarbiyalamoqda. Ular mukofotga talabgor oʻlaroq oʻqib-oʻrganmoqda, kamol topmoqda. Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi adabiyotga ixtisoslashgan maktab oʻquvchilari shu yorugʻ yoʻllarning yosh yoʻlovchilari…

…Har yil bahorning ilk kuni guldastalar koʻtarib opaning uyiga qutlagani borardik. Bugungi bahorlarda uni butun Oʻzbekiston, yoshlar, Zulfiya izdoshlari yod etmoqda. Bunday shoirasi, bunday ibrati bor yurt baxtli yurtdir.

 

Qutlibeka RAHIMBOYEVA,

jurnalist

 

Manba: ishonch.uz sayti

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.