“Haq qoshiga bording yugurib…”

0
62
marta koʻrilgan.

Baxtiniso haqidagi sovuq xabarni oʻqib, yuragim muzlab ketdi. Koʻz oldimdan u bilan bogʻliq manzaralar, holatlar yorugʻlik tezligida oʻta boshladi. Qulogʻim ostida uning qoʻngʻiroq sasiday tiniq ovozi jaranglab, “Ishonmang, aka, bu yolgʻon” deyayotganday edi…

U oʻta nekbin kayfiyat sohibasi edi: har qanday holatda ham boshqalarga faqat oydin tuygʻularini, yorugʻ eʼtiqodini koʻrsatardi. Davolanishga ketishdan oldin gaplashganimizda: “Aeroportdamiz. Hozir joʻnab ketamiz. Qaytganimda, nasib qilsa, oʻzim yurib kelaman – kutib olasizlar…” degan edi…

Yetib borganidan soʻng ham bir necha bor xatlashdik – hammasi yaxshi boʻladigandek edi… Operatsiyadan keyingi soʻzlarini eshitib, xatimizga yozgan javobini oʻqib, xotirjam tortgandik… Ammo… Allohning irodasi ekan…

U soʻnggi paytlarda borligʻi tobora yorishib borayotgani, ruhi qanot yozayotgani haqida koʻp gapirardi. Tiynati ilohiy ishq, rumiyona maslak yogʻdusi bilan ziynatlangan edi. Haqqa muhabbati soʻzida, yozganlarida ayon edi…

Yangi yildagi ilk sheʼrim Baxtiniso xotirasiga bagʻishlanadi deb hech oʻylamagandim. Nachora, bandamiz – Oʻzidan kelib, yana Oʻziga qaytguvchimiz… Baxtinisoning yaqinlariga, goʻzal qalbi va sheʼriyatining muxlislariga – barchamizga Yaratgandan sabr tilaymiz.

Joying jannatda boʻlsin, jon singlim. Firdavs bogʻlarida, oʻzing orzu qilganingdek, yelib-yugurib yurgin….

 

BAXTINISO YODI

Sen bor eding – YURARDIK shodon,

Sen bor eding – ChOPARDIK masrur.

Koʻnglimizga zulmat choʻkkan on

Yoritardi koʻzingdagi nur.

 

Va…

Sen ketding shoshib, oshiqib,

Ketding tongni shomga yoʻgʻirib.

Ey, Xudoning maʼsum oshigʻi,

Haq qoshiga bording YUGURIB!

 

Senga yeta olmasmiz, beshak,

Ishqda senga teng kelmak mahol:

Yuray desak, yuguray desak,

Tosh qotganmiz – oyogʻimiz shol…

 

Nodir JONUZOQ

 

ijod.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.