Gul vodiylar yashnar qoshida

0
96
marta koʻrilgan.

Oʻtayotgan har bir kunimiz, har lahzamiz sinov kunlari, sinov lahzalariga oʻxshaydi. “Men senga ozod mamlakat, insoniy qadr, “oʻzingning yering, oʻzingning tilingga oʻzing egasan”, degan imkoniyat berdim. Sen men uchun nima qilding?” deya savol berayotgandek.

Bunday savol bilan yuzma-yuz kelgan har qanday odam xotirasi yoʻllarini takror qalb bilan qadamlaydi. Mehnat, harakat bilan bosib oʻtgan yoʻllarini yana xayolan bosib oʻtadi.

 

Kim edigu kim boʻldik?

 

Muhtaram Yurtboshimiz Oʻzbekiston mustaqilligining 25 yillik tantanalariga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish haqidagi Qarorlarida biz – shu ozod va obod zaminda yashaydigan fuqarolar oldiga shu savolni qoʻyadi. Aynan shu savol javobidan yuzaga chiqqan haqiqatlar qiyosida chindan ham kechagi va bugungi kun suvratlari aniq koʻrinadi.

 

Lolaxonning uch yuz donli bugʻdoy boshogʻi

 

Yurtimiz istiqloldan avval, asosan, xomashyo ishlab chiqarishga ixtisoslashgan agrar mamlakat edi. Ming-minglab gektar yerlarda dehqonchilik qilinar, toʻrt fasl qishning ayozini, yozning oftobini yegan dehqon mardikorday gap edi. “Yerning tabiati qanday, qanday yerga qanday navli urugʻ ekilsa, yaxshi hosilga erishish mumkin?” kabi savollarga eng ishonchli javobni dehqon berishi mumkin boʻlsa-da, hech kim uning bilgan-bilmagani bilan hisoblashmas edi. Shuning uchun yer kimyoviy oʻgʻitlarga toʻyintirilib giyohvand boʻlib qoladimi yo shoʻrmanglay bandaga oʻxshab boshdan-oyogʻini shoʻr bosadimi, unda ishlovchilar uchun baribir edi.

Istiqlol yerga, dehqonga, dehqonchilikka munosabatni butunlay oʻzgartirdi. Eng avvalo sugʻoriladigan yerlar dehqonlarga boʻlib berildi. Yer egali boʻldi. Bugun har bir qarich yer hisobda va uning dehqon-fermer degan egasi bor. Endi dehqon ketmonini yelkasiga tashlab, dalaga kelib-ketib yurgan oddiy banda emas. U qanday holatda yerga qanday urugʻ ekilsa, hosil choʻgʻi qanday boʻlishini bir agronomchalik biladi. Texnikaning ninadek vintidan tortib, gʻildiragigacha – daromad-buromadiga oʻzi javobgar boʻlgani uchun uni ham bir mexanikchalik tushunadi. Dehqon shartnoma asosida oʻz mahsulotlarini sotadigan boʻlgani uchun bozorni, oldi-sotdining huquqiy jihatlarini ham bir huquqshunos kabi bilishi shart. Ana shu ehtiyojlar istiqlol davrida dehqonni yuksaltirdi, mukammallik tarafga yoʻnaltirdi.

Yaqinda Fargʻona vodiysiga xizmat safari bilan borib kelganim uchun misollarni koʻproq vodiydan olishga harakat qildim. Aslida men keltirmoqchi boʻlgan misollar har bir viloyatda bor. Oltiariqlik mashhur dehqon, “El-yurt hurmati” ordeni nishondori Lolaxon Murodovani koʻpchilik yurtdoshlarimiz yaxshi tanishadi. U katta xoʻjalikka boshchilik qiladi. Ekin maydonlari baland qumloq yerda boʻlgani uchun nasos bilan suv tortib sugʻoradi. Ekinni ekish, parvarishlash borasida erki oʻzida boʻlgani bois, oʻzida mulkdorlik masʼuliyati borligi uchun tinmay harakat qiladi. U bu yil jamoasi bilan 200 gektarlik bugʻdoyzorning har gektaridan 40-45 sentnerdan yuksak xirmon koʻtardi. Xirmon ustiga borganlar Lolaxon faxr bilan koʻz-koʻzlagan bir tup bugʻdoy boshoqlaridagi donni ataylab sanashadi: uch yuz dona bugʻdoy chiqadi!

Bu bir dona bugʻdoy urugʻining bir etak bugʻdoyga aylandi, degani!

– Biz sentyabrning boshidayoq donni yerga sochamiz. Bugʻdoy naychalari tup bogʻlab ketaveradi. Bor baraka erta ekish va yerni oʻz vaqtida, urugʻ qadamasdan avval yovvoyi oʻtlardan butunlay tozalashda, – deydi Lolaxon. U sepilgan urugʻning avj olishi, parvarish uchun berilgan oʻgʻitlarning begona oʻtlarga ketmasligi uchun sinalgan tajriba asosida ish olib boradi.

Istiqlol Lolaxon Murodovaga oʻxshagan qancha dehqonlarning inson, mehnatkash sifatida qadrini koʻtardi. Fermer opa mehnatkash jamoasi bilan dehonchilikda erishgan muvaffaqiyatlari uchun yilma-yil mukofotlar oldi: “Damas” mindi, “Neksiya” mindi…

Qatrada quyosh aks etadi, deganlariday Lolaxon Murodovaning yorugʻ taqdirida koʻplab halol mehnatdan obroʻ topgan opa-singillarimizning yorqin hayot yoʻli aks etadi.

 

Vodilning ona qizi

 

Enaxonni talabaligidan taniyman, sobiq Fargʻona davlat pedagogika institutining oʻzbek tili va adabiyoti fakultetida oldinma-keyin oʻqiganmiz. Sochlarini ikkita oʻrib yuradigan, oppoqqina qiz edi. Oʻshanda kim ham uning bugungi mavqeini tasavvur kengliklarida aniq jonlantirdi ekan?

U talabalikdan soʻng maktabda, keyin turli ijodiy tashkilotlarda ishladi, kitoblar chiqardi. Lekin istiqlolning ijodkorlar uchun yaratgan imkoniyatlari Enaxonning hayotida butunlay yangi sahifa ochdi. Uning oʻziga xos anʼanalarga ega Fargʻona adabiy muhitini boshqara olish qobiliyati yuzaga chiqdi, oʻziga ijodkor sifatida ishonchi mustahkamlandi. Va Enaxon Siddiqovani Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Fargʻona viloyati boʻlimiga rahbar etib tayinlashdi.

Qoʻqonda ijodkorlarning Xaziniy nomidagi toʻgaragi faoliyat olib boradi. Margʻilonda Jahon otin Uvaysiy toʻgaragi…

Adabiyotga mehnati singigan yozuvchi, shoirlarning tavallud kunlarini nishonlash, yosh ijodkorlarning ilk kitoblarini nashr etish… Enaxon bu kabi ijodiy ishlarga bosh-qosh boʻldi.

Enaxon Siddiqova oʻtgan yili “El-yurt hurmati” ordeniga loyiq topilib, Oliy Majlis Senati aʼzoligiga saylangan boʻlsa, yaqindagina istiqlolimizning 25 yilligi arafasida oʻzligimizni anglash yoʻlida salmoqli hissa qoʻshganligi, yorqin isteʼdodi va ijodi, halol xizmatlari hamda jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvoni bilan taqdirlandi!

Elining soʻzi, ovoziga aylangan shoira ayolning bunday mavqega erishmogʻi hech shubhasiz, istiqlol imkonlari bilan bogʻliq. Shoira mustaqillik tufayli jamoat arbobiga aylandi. Faqat izzati-obroʻsi emas, masʼuliyati ham ortdi.

Namanganlik, samarqandlik, xorazmlik, qashqadaryolik, surxondaryolik taniqli shoiralarning nurli taqdiriga ham Istiqlol quyoshidan shuʼla tushgani quvonarli holdir.

 

Yoʻllar – diydor, yoʻllar – baxt bekatlari

 

Insonning yarim umri yoʻllarda oʻtadi. Yoʻllar yorugʻ manzillarga, shirin diydorlarga eltadi. Oʻzbekiston mustaqilligidan avval tor, qishda loy, yozda chang boʻlib yotadigan yoʻllar biz tengilarning yodida boʻlsa kerak. Shu yoʻllarda qatnaydigan transportlarning ham ahvoli oʻziga yarasha edi. Talabaligimda Qoʻngʻirot-Toshkent poyezdining eski, chirk bosgan, oʻrindiqlari tilinib, yamoq-yasoq qilingan vagonlarida Sirdaryogacha yetib olardim. Toshkent-Andijon poyezdi Sirdaryoga yarim tunda – soat uchlarda kelardi. Sirdaryoning atrofi ochiq, oʻralmagan, hech qanday qulayligi yoʻq vokzalida yarim kunlab poyezd kutardim. Durustroq vagonlarga chipta topilmas, transport kam, odam koʻpligi uchun umumiy vagonga zoʻrgʻa chipta olardim.

Sirdaryodan Fargʻonagacha tik oyoqda turib ketgan paytlarim boʻlardi. Transport tanqisligi, ayniqsa, yigʻim-terim mavsumida juda bilinar, paxta terayotgan choʻlu dashtlarimizdan (talabalar, odatda choʻlu dashtlarga tashlanardi) yuvinib-chayinish uchun tuman markaziga 14-20 kilometrlab piyoda yoʻl bosardik.

Istiqlol hayotning qon tomirlari boʻlgan yoʻllarni oynadek tekis, ravon, keng qildi.

Temir yoʻl vokzallari, aeroportlarda yoʻlovchining dam olishi, taomlanishi uchun barcha sharoitlar muhayyo, kutish zallari yozda salqin, qishda issiq.

Necha yillarki, purviqor togʻlar bagʻri oʻyilib, Surxondaryo taraflarga tortilgan yangi temir yoʻllar xalqimiz uzogʻini yaqin qilgan boʻlsa, yaqinda Fargʻona viloyatini poytaxt va boshqa viloyatlar bilan bogʻlaydigan temir yoʻlning ochilishi ham elimizning shodiyona toʻyiga aylanib ketdi. Qaysi shahar, qishloqlarga borsangiz yoʻlda toʻxtab qolmaysiz. Oʻzimizda ishlab chiqarilgan mashinalar gʻiz-gʻiz etib qatnab turadi.

 

Har gulning bir isi bor

 

Faqat dehqonchilik, adabiyot, yoki yoʻl qurilishida emas, ijtimoiy hayotimizning barcha sohalarida yangi fasllar boshlandi.

Istiqloldan avval qishloqlarda bitta kichik ambulatoriya boʻlib, unda feldsher oʻtirardi. Tibbiy xizmat ham shunga yarasha edi. Bugun deyarli hamma qishloqlarda qishloq vrachlik punktlari faoliyat olib boradi va unda malakali shifokorlar xizmat qiladi.

Doshqozonda oʻtin, koʻmir yoqib, suv isitib, kir yuviladigan zamonlar ham oʻtmishga aylanmoqda. Yaqinda Surxondaryoda kir yuvish, quritish, yuvinishga moʻljallangan maxsus maishiy xizmat uylari qurila boshlabdi.

Bir soʻz bilan aytganda, Istiqlol insonga insonligini anglatuvchi, “Insonlarcha yashashga loyiqsan”, deya oʻzini oʻziga chiroyli, eʼzozli koʻrsatuvchi imkoniyat maydoniga aylandi. Hassos shoirimiz Hamid Olimjon oʻz davrida:

 

Qorli togʻlar turar boshida,

Gul vodiylar yashnar qoshida…

 

deya orzu-armon aralash kuylagan diyor bizga nasib etdi. Biz bu kunlar saodati, shukuhi, eʼzozi oldida hamisha qarzdormiz.

 

Qutlibeka RAHIMBOYEVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–8

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.