Gul soʻqmoqlar

0
441
marta koʻrilgan.

Tiriklik chogʻida aytolganim soʻz…

Meni ham ming yillar qilar hikoya.

Gʻafur GʻULOM

 

Ijod – mashaqqat. Zahmatli yoʻl. Biroq ijod bor joyda – zafar bor. Bir yaxshilik bor. Koʻngilni yorituvchi nur bor.

Soʻz – ilohiy neʼmat. Har bir yaxshi Soʻzning oʻz barakoti bor. Yaxshi soʻzlar hayot gʻildiragini yaxshi tomonga, yomon soʻzlar esa yomon tomonga aylantiradi.

“Soʻz – tirik olam!” deydi bilganlar. U koʻngildan toʻkiladi. U xuddi obihayot misol mehr chashmalarini zuhur etadi. Inson olamini poklaydi. Tafakkurga chorlaydi. Yaxshilikka, yorugʻlikka yetaklaydi.

Biz, qalam ahli Yaratganning ana shu ulugʻ martabasiga muyassar boʻldik. Qogʻozlarga dilimizni toʻkib, odamlarga hadya etdik. Aslida bu yoʻl faqat zahmatdan, mehnat va mashaqqatdan iborat edi. Biroq u qanchalar qiyin boʻlmasin, soʻqmoqlari hur, soʻzlar kelayotgan lahzalar huzur edi.

Talabalik yillarim rus yozuvchisi Konstantin Paustovskiyning ijod zahmatlariga bagʻishlangan “Oltin gul” kitobini oʻqidim va soʻzlar tugʻilayotgan ondagi “toʻlgʻoqlar” tasviriga ilk bor guvoh boʻldim. Keyinroq Valentin Katayevning “Xayol chechaklari” kitobini oʻqidim. Kitob nomining oʻzi goʻzal. Ijoddagi tugʻilishlarni yozuvchi “Xayol chechaklari” deb nomlagan. Haqiqatan ham shunday… Shogirdning oʻz ustozi eshigi ostonasidagi ichki titroqlarini shu kitobda koʻrdim. Bu titroqlar ichida qancha ixlos, muhabbat, adabiyotga fidoyilik, soʻzga ehtiyoj bor.

Bir kuni Sergey Yeseninning “Maktublar” toʻplami qoʻlimga tushdi. Kitobni rus tilida oʻqidim. Unda shoirning xolasiga, singlisiga, doʻstiga, sevgilisiga yozgan maktublari jamlangandi… Bildimki, maktub – muhabbat ekan. Inson maktublarga muhabbatini, sogʻinchini toʻkadi. Inson sogʻinchidagi yaxshiliklarning poyoni bormi-ya…

Yillar oʻtgan sayin “Oltin gul” singari kitoblarni oʻqishga ehtiyojim kuchaydi. Negaki, asarning tugʻilishi – oʻzi bir asar. U oʻsha yaratilgan roman, qissadan ham qiziqarliroq boʻlsa, ne ajab.

Koʻnglimda hamisha “Ijod soʻqmoqlari” degan kitob yozish ishtiyoqi yolqinlanib turdi. Bu masalaga, avvalo, oʻzim qiziqaman. Masalan, Oybek domla “Navoiy” romanini qanday yozganini bilgim va saboq olgim keladi. Qani, yozuvchining kundaliklari boʻlsa-yu, oʻzini unutib, Navoiy yashagan davr tarixi orasiga kirib ketgan, bitta qalami bilan qancha murakkab shaxslar olamida yashagan yozuvchining azoblarini aytib bersa. Balki bu kundaliklar insonni maydalikdan, yengil-yelpi qarash, yashashlardan asrab qolarmidi! Qani deyman, Radiy Fish qalamiga mansub “Jaloliddin Rumiy” romanining dunyoga kelishi haqida maʼlumotlar boʻlsa!

Yozuvchining kitobi chop etilgan kunlardagi quvonchlari emas, niyat qilgan-u, ammo yozolmagan asarlari – armonlari koʻproqqa oʻxshaydi. Oʻsha armonlar ichida ijodkorning odamlarga yetib bormagan qancha izlanishlari, urinishlari ham borligi aniq.

 

***

Juda koʻp adiblar kundalik tutadi. Chunki u ijodkor uchun eng yaxshi dastyor. Yashayotgan kunimizdan bir goʻzal tuygʻu topsak, kundalikka bitamiz. Ular oylab, gohi yillab gʻaladonlarda yotsa ham, bir kuni asqatadi. Goho yangi bir asarning tugʻilishiga turtki boʻladi.

Ustoz Abdulla Qahhorning bir nechta yondaftarchalari boʻlgan ekan. Adib ularga nozik iboralarni, asar qahramoni feʼl-atvorini ochadigan soʻzlarni yozib qoʻygan. Payti kelganda ulardan foydalangan.

 

***

Ustoz Yoʻldosh Sulaymon aytardilar:

“Yozayotgan odam oʻzini bemalol qoʻyishi kerak. Soʻzlar quyilib kelyaptimi, yozavering! Keyin uni qisqartirish, tahrir qilish oson”.

Ijod jarayonlari… Astoydil qarasangiz, juda ogʻir. Ijodkor intilib-intilib, oldinga qadam bosmasa, qalamini qitirlatmasa, hech narsaga erisholmaydi.

Oʻzbekiston xalq shoiri Maqsud Shayxzoda vafotidan ikki yilcha oldin Fargʻonaga keldilar. Viloyat gazetasi tahririyatida u kishi bilan uchrashuv boʻldi.

– Yozayotganda toʻxtamay yozishga harakat qiling, – dedilar ustoz. – Yozib boʻlgach, yozganlaringizni oʻn besh kun gʻaladonga tashlab qoʻying. Keyin olib, uni oʻquvchi koʻzi bilan oʻqing. Yozganlaringiz oʻzingizga taʼsir qildimi? Taʼsir qilgan boʻlsa, demak, yaxshi ijod boʻlibdi. Yangi asar tugʻilibdi! Agar u Sizni zeriktirsa, oʻqigingiz kelmay tashlab qoʻysangiz, qayerlaridir ezmalikka oʻxshasa, demak, bu asar emas. Yo undan voz keching yoki ustida qattiq ishlang, ter toʻking!..

Bu oʻgitlar bizga bir umrlik saboq boʻldi.

Konstantin Paustovskiy ijodni oltin zarralardan yaralgan oltin gulga oʻxshatadi. “Bu oltin gul qaysi xonadonda boʻlsa, oilaga omad, baxt olib kelar emish…” deb taʼriflaydi. Ha, chindan ham, ijod – oltin gul! U ijodkorning tillo tuygʻularidan sachragan hislar, hayajonlar, hayratlar, choʻgʻlar, olovlar hosilasi boʻlib tugʻiladi.

Shunisi quvonchliki, odamlar oʻz shoiriga, yozuvchisiga ishonadi. Hamisha eliga, yurtiga, odamlarga, adolatga, haqiqatga qayishadigan, vaqti kelsa, himoya qiladigan, ijodi bilan ogʻriqli dillarga malham qoʻyadigan qalam ahliga xuddi oʻziga ishongandek ishonadi.

Ijodkor qalbi avvalo Mehrga toʻla boʻladi. U – mehribon, ilinchoq, kuyunchak… Uning ana shu tuygʻulari koʻnglidan toshganida, qogʻozlarga toʻkib, odamlarga ulashadi.

 

***

Odamlarning oʻzidan olib,

Odamlarga bermoqdir ishim.

Erkin Vohidov

 

Bugun psixiatr-terapevt hikoyasini eshitib, yana Soʻzga qulluq qildim. Bu toifa shifokorlar oʻz bemorlarini igna bilan yoki achchiq dorilar bilan emas, Soʻz bilan, Soʻz sehri bilan davolayapti ekan.

“Psixoterapiya muolajasi har kuni har bir bemorga yarim soatdan olib boriladi, – deydi shifokor. – Bizning shifo qurolimiz ham Soʻz! Bemorning dagʻallashgan, toshdek qotib, sahroga aylanib qolgan koʻnglini Soʻz bilan yumshatamiz. Unda gul undirishga, chechaklar ochirishga urinamiz. Bir ayol bemor keldi. Besh kun muolaja olib bordim. Surishtirsam, umuman kitob oʻqimagan ekan. Gazeta-jurnal haqida biror tasavvurga ham ega emas. Shunday zamonda! Oilada birga yashaydigan hamxonalaridan birortasi haqida ijobiy fikri yoʻq. Hatto oʻz farzandlaridan ham norozi…

Axir, bu – doʻzaxda yashash degani emasmi? Bemorimga vazifa berdim. Axir hayotning shirinligini, goʻzalligini his etishingiz uchun, avvalo, oʻz atrofingizdagi odamlarning yaxshi fazilatlarini koʻra bilishingiz kerak. Ularni izlab toping. Axtaring. Birinchi, qaynonangizning yaxshi tomonlarini, keyin turmush oʻrtogʻingizdagi ijobiy xislatlarni topib, yozib keling. Birgalashib oʻqiymiz, – dedim.

– Voy, ular shunaqayam yomon… – bemorim qaysarlik bilan ters javob berayotgan edi, toʻxtatdim:

– Axir, Siz ular bilan birga yashayapsiz, bir dasturxonda oʻtiribsiz. Bitta qozondan ovqat yeyapsiz. Axir, eringiz topib-tutib kelayotgandir?

– Topib keladi. Chor hunari bor usta. Faqat qildan qiyiq axtaradi, tajang.

– Negaki, Siz oʻsha eringizga faqat yomon koʻz bilan qarayapsiz. Siz uni hurmatlab, izzatini joyiga qoʻyib, muomala qilmayapsiz. Qaynonangizga ham shunday munosabatda boʻlsangiz kerak.

Bemorim indamadi. Oradan kunlar oʻtdi. Huzurimga bemor ayol kelganda, rosti, hafsalam ancha pir boʻldi. Emishki, ulardan birorta ham yaxshi fazilat topolmabdi.

Men oʻsha ayol qalbida gul undirmoqchi edim. Koʻnglida gul ochilib turgan odam atrofidagilarga ham gulday iforini sochib qaraydi. Roʻparasidagi tajang, gʻazabi qaynab turgan odamni ham muloyimroq boʻlishga chaqirganday tabassum ulashadi. Shunday emasmi?

***

…2007 yil 15 iyun. Shom va xufton orasida umr yoʻldoshim, shoir Abduvali Ortiqov Vodil yoʻlidagi yurak xastaliklari shifoxonasida omonatini topshirdi. Inson Alloh yoʻliga hozirlik koʻrib, hamisha shay turishi kerak ekan. Oʻlim qosh bilan qovoqning oʻrtasida deyishsa-da, odamzot yashagisi keladi. Doʻxtirlar umr yoʻldoshimning ahvolini “Ogʻir, ancha ogʻir!” deyishsa-da, umidlarim katta edi. Negaki, uning shoir koʻzlari soʻnggi daqiqagacha chaqnab turdi. Ranglari ham, hatto ovozi ham binoyidek edi. Erkinjon oʻgʻlimizga:

– Ertaga qalam, daftarlarimni olib kelgin, men endi sheʼrlar yozaman, – deb tayinlagan odam ikki soat oʻtmay, yorugʻ dunyoni tark etdi. Yurak ishi shunaqa tez ekan…

Oʻsha voqeadan keyin uzoq vaqt betob odamga oʻxshab yurdim. Koʻngil soʻrab Andijonning Marhamatidan kursdosh dugonam Mahbuba keldi. U meni yupatib:

– Abduvali oʻtib qoldi, deb yigʻlab oʻtiravermagin, – dedi malham boʻluvchi va hushyorlikka chorlovchi tovush bilan. – Oʻzimiz ham nechaga chiqdik? Oʻylab koʻr! Qaygʻuga berilgandan koʻra Abduvali ulgurmagan ishlarni sen qilgin. Nimagadir ulgurish kerak… – dedi.

Bu soʻzlar xiyol oʻzimga keltirdi. Umr yoʻldoshim daftarlarida qolgan sheʼrlarni topib, kompyuterga koʻchirishga kirishdim. Bu ish tez boʻlmadi. Juda sekinlik bilan bordi. Biroq qimirlagan jon, rostdan ham, qir oshar ekan. Kitobni tayyorladim, unga Oʻzbekiston xalq shoiri, qadrli ustozimiz Oydin Hojiyeva soʻzboshi yozib berdilar…

 

***

Bolaligimizda Fayziobodda kun qaytgandan soʻng uch-toʻrt qiz dalaga oʻt yulgani borardik. Oʻshanda, hamma koʻproq oʻt yulishga urinsa, men qizarib yotogʻiga yoʻl olgan quyoshni tomosha qilardim. Quyosh botgach, shom kirishi oldidan ufqda qolgan choʻgʻlar koʻzlarimni lovullatardi. Ularga toʻymay tikilardim.

Bolalikdagi xotiralar bir umr yoʻldosh boʻlar ekan, ong-shuurda oʻchmas iz qoldirar ekan. Ular qanchalar goʻzal, shirin boʻlsa, inson umri davomida ulardan kuch-quvvat, yuksak ruh oladi. Shu sabab ham bolaligimizni tez-tez sogʻinamiz, eslaymiz. Gohi juda-juda xumori tutadi. Unga intilamiz. Unga suyanamiz. Oʻz umrimizni oʻsha xotiralar bilan bezashga tinmay urinamiz.

Aksincha boʻlsa-chi… Tugʻilgan goʻdak to esini tanib, ota-onasining janjal-toʻpolonlarini koʻp koʻrsa, turtkilashlarga giriftor boʻlsa, erkalanmasa, ruhiy yuksakliklarga yetaklanmasa, bu tuygʻuni his etmasa… qoʻrqoq yo janjalkash-jangari, tafakkuri qoloq, hech kimga nafi tegmaydigan xudbin boʻlib oʻsishi tayin.

 

***

Men yoshlarga tez-tez aytaman:

– Tarjima asarlarni ham hech ikkilanmay oʻqing! Bu kitoblardan albatta nimadir topasiz. Agar oʻsha asar tarjimon koʻnglini tebratmaganida, zavq-shavq bagʻishlamaganida, u bu kitobni qiynalib, boshqa tilga oʻgirarmidi!

Tarjimonlik, nazarimda, yozuvchilikdan ham qiyinroq yumush. Yozuvchi koʻnglidan oqib kelayotganini yozadi. Tarjimon esa har bir soʻz ustida, muallif uslubini saqlash yoʻlida zahmat chekadi, goʻyoki u yashagan hayotda yashaydi. Ikki til oʻrtasida zahmat chekadi.

Yuqorida aytganimday, Sergey Yesenin maktublarini oʻqib, insonning insonga cheksiz mehrini yanada teranroq tuydim. Ana oʻsha maktublarda bitilgan, inson qalbidagi goʻzal sogʻinch tuygʻulari mening koʻnglimda ham bisyorligini anglab yetishimga astoydil koʻmaklashdi. Keyin maktublar yozishga kirishib ketdim.

Sergey Yesenin maktublarini oʻqish ijodimda yangi soʻqmoq ochdi. Bu soʻqmoqda men oʻz qalbimni koʻrdim. “Ustozga maktublar”ni yozayotganimda koʻnglimning choʻqqilarida, Mehr degan dunyoning chamanlarida yashadim. Koʻnglim qogʻozga toʻkilgan sari koʻra boshladim.

 

***

Ayol ijodkorga oson emas. Hali yoshlikda ilhom kelgan lahzalarni yaxshi “taniy” olmadik. Ilhom kelganda… soʻzlar quyilib keladi. Ustozlar aytishadi:

– Ijodkor koʻp yurishi, koʻplab voqea-hodisalarni oʻz koʻzi bilan koʻrishi, ularni tahlil etishi, qalb chigʻirigʻidan oʻtkazishi, turfa xil odamlarning ming bir qiyofa va holatlari, kayfiyatlari, niyatlari, ularning falsafalarini tinmay oʻrganishi zarur…

Shunaqa, ijod – gʻarq pishib turgan olma emas ekan-da. Bitta savatcha olib borib, uzib-uzib olsangiz. Ustoz Yoʻldosh Sulaymon aytardilar:

– Kattaroq nasriy asar yozayotganda, ilhomni “tutib” olsang yaxshi. Mabodo qoʻldan uchib ketsa, tamom, yana uzoq vaqt asar voqealari ichiga kirolmay, qahramonlar ruhini topolmay, bir soʻz yozolmay yuraverasan. Shuning uchun “Subhidam”, “Vafo”, “Armon” asarlarimni yozayotganimda, koʻchaga chiqib ketmaslik uchun atay soqol olmasdim. Bitta toʻkin dasturxonni oldimga tuzab qoʻyardim. Koʻngil nimani tusasa, ozgina-ozgina totinib, ishlayverardim. Goho hovlidan qochib, “dom”da ishlardim. Goho boshqa shaharlarning mehmonxonalariga joylashib olardim. Toki meni hech kim topolmasin…

Oʻylab qolaman. Ijodga bu qadar fidoyilik, bu qadar zahmat… Bu ishlar aql buyrugʻi emas, koʻngil amri bilan bajariladi!

 

***

Kecha Shukur Xolmirzayevning esselar kitobini miriqib oʻqidim. El tanigan buyuk odamlar haqida yozib qoʻyibdi-da. Oʻzim orzu qilgan kitobni topgandekman. Bitta yozuvchining shakllanishi…

Shukur akaning kitobidan koʻchirib oladigan joylari, dars olib, amal qiladigan sahifalari koʻp ekan. Har bir yosh ijodkor bu kitobni albatta oʻqishi kerak. Shukur akaning kitoblarini qachon oʻqisam, bu ulugʻ yozuvchimizni ilk bor uchratganim yodimga tushadi. Oʻshanda Erkintoy oʻgʻlim oltinchi sinfda oʻqirdi. Taxminan 1986 yil edi. Doʻrmondagi ijod uyining ikkinchi qavatidan tushayotsam, Shukur aka shlyapasini astoydil bostirib, tepaga chiqib borayotgan ekan. Suratlarini matbuotlarda koʻrgandim. Hikoyalarini miriqib oʻqigandim. Bir kun uchrashishni orzu qilgandim, albatta.

– Assalomu alaykum, Shukur aka! – dedim quvonib.

Oʻgʻlim ham ortimdan tushayotgan edi. Shukur aka zina ustida toʻxtab, bosh irgʻab alik oldi va bizlarga sinchkov qaradi.

– Hikoyalaringizni sevib oʻqiyman. Siz bilan uchrashishni orzu qilardim, – dedim shosha-pisha hayajonlanib.

– Yaxshi. Qani, yuringlar boʻlmasa… – oʻzlari oldinga qadam tashladilar. Biz u kishiga ergashdik.

Rosti, oyoqlarim qaltirayotgan edi. Hozir shunday katta yozuvchi bilan roʻbaroʻ boʻlaman, nima deyman?

Ichkariga kirdik. Men oʻzim havas qilgan yozuvchi bilan dildan suhbatlashishni istab turardim. Asarlari haqida, nazarimda, uzuq-yuluq soʻzlar aytdim. Oʻzimning u-bu narsalarim nashr etilganidan gapirganday boʻldim. Shukur aka koʻnglim uchun boʻlsa kerak:

– Koʻrganman, koʻzim tushgan, – deganday bosh qimirlatdilar.

Bu daqiqalar shunday ediki… Ham oʻzing orzu qilgansan, ham havasli, ham hadikli, ham igna ustida tik turganday…

– Shu… hikoyachilikda Sizdan maslahatlar olmoqchi edim, – dedim.

– Yaxshi. Yozmoqchi boʻlgan birorta hikoyangning syujetini ayt-chi… Unga qarab, keyin bir maslahat berarman, – dedi Shukur aka.

Kalovlandim. Ajaboki, oʻsha daqiqada miyamga birorta syujet tugul, tiniqroq fikr kelmasdi. Nimalardir deb oʻzimni oqlashga urindim.

Biror narsa qoralayotganda, oldindan syujetni oʻylamas ekanman. Nimadir turtki boʻladi. Koʻnglimda nimadir yalt etadi. Zimiston olamim yorishadi. Yozishga oʻtiraman. Hikoya oxiriga yetadi. Keyin oʻrnimdan turaman.

– Albatta oldin syujetni pishitish kerak. Yozilayotgan asarni boshidan oxirigacha xayolda “qurib”, keyin yozish kerak. Yozish davomida asar yana u yoq-bu yogʻi oʻzgarib, toʻlib-toshib boradi, – dedi Shukur aka.

Shukur akadan yana nimalardir soʻradim. Hali-hali afsus qilaman. Biz koʻp tortinchoq ekanmiz. Xijolat chekibmiz. Bu ustozdan ijodning koʻp sir-asrorini oʻrganish mumkin edi. Ilm bobida Shukur Xolmirzayevga teng kelib boʻlmasdi. Tarixni, ayniqsa, oʻzbek xalqi tarixini zoʻr bilardi. Bir gapirishga tushsa… Millat, xalq ogʻriqlarini ingrab turib soʻzlayotganga oʻxshardi. Adibning esselar kitobida oʻsha ogʻriqlarni yanada chuqurruq his qildim.

Shukur aka yozganlari yoqmay qolsa, gohi yirtib tashlaganini aytgandi. Shunday ulugʻ yozuvchi-ya… Esselarida oʻsha holatlarini, oʻz qalbiga maʼqul kelmagan “mulk”lardan voz kechgan damlarini kengroq yozganida edi… Nimasi yoqmadi? Nimasidan koʻngli toʻlmadi?..

Shukur Xolmirzayev ijodiga havasim keladi. Yozganlari tabiiy… Rost… Inson tuygʻularini ming bir tarozida tahlil va tadqiq etib, keyin uni qogʻozga tushiradigan ijodkorlar hamisha bor boʻlsin. Oʻshalar-da, bizni tabiiylik va rostlikka oʻrgatadiganlar. Oʻshalar-da, tuygʻularimizni tarbiyalaydiganlar.

 

***

“Kitob dunyosi” gazetasida Lev Tolstoyning kundaliklaridan parchalar oʻqidim. Ularda faqat adabiyot haqida fikr yuritilgan. Oʻylayman, ulugʻlar hamisha ulugʻ boʻlgan va yuksakda turgan. Turgenevni Tolstoy nihoyatda qadrlagan. Ularning koʻngil mehnati, mashaqqati, iztirobi, topgan-tutgani ijod, adabiyot boʻlgan.

“… Hayajonsiz yozuvchilik ishlarimiz olgʻa siljimaydi”, deb yozadi Lev Tolstoy. Bu fikrga qoʻshilaman. Ulkan aqlni tebratguvchi, ishga solguvchi bu – oʻsha hayajon, bu – oʻsha tuygʻulardir. Hayajonsiz yozish, yashash, diydorlashish menga umuman yoqmaydi. Oʻshanday lahzalardan qochib ketgim keladi.

 

***

Shu kunlarda hazrat Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostoni nasriy bayonini takror-takror oʻqiyapman. Oʻqigan sayin koʻnglim suv ichyapti. Alisher Navoiy ushbu asarining soʻnggi sahifalarida ruhiy holatlari haqida batafsil yozganlar. Bu mavzu ijod ahli uchun ham, muxlislar uchun ham qiziqarli, albatta:

“Soʻz ham kishi taʼbidan yaratilgan bir farzand kabidir, farzand esa kishining joni bilan bogʻlangan. Farzand degan narsa birovlarga qanchalar yoqimsiz boʻlsa ham kishining oʻziga juda azizdir. Boyqush bolasi qanchalar xunuk va jirkanch boʻlmasin, baribir oʻz oldida tovus bolasi singari jilvagardir. Kanop daraxtining shoxi xas-xashakcha boʻlmasa ham, undan toʻn qilib kiyadigan qalandarlarga u tik sarv daraxtidek barno koʻrinadi”, deydilar Navoiy va yana yozadilar:

“Shu singari oʻzingga juda ham yoqimli koʻringan bu dostonlaring xalqqa ham maʼqul boʻlarmikin yoki boʻlmasmikin? Har bir narsani kashf etuvchi ustoz Jomiy buni koʻrib, meni asl holdan xabardor qilsalar yaxshi boʻlmasmikin? Avval shunday dostonlarni yozgan (hozir yuzlariga ajal niqobi yopilgan) odamlar ruhlariga bu qanday taʼsir etar ekan? Buni koʻrib, ularning ruhlari shodlanar yoki ranjirmi ekan? Bu ahvollardan dili ravshan pir oʻzini xabir (xabar beruvchi) va meni xabardor qilsa ekan. Koʻnglimda mana shu kabi xayollar va chuqur mulohazalar bilan qadam tashlab borar edim”.

Navoiy bobomizning bu holatlarini oʻqib, shunday ulugʻ zot ham oʻz asarlari haqida bir ogʻiz haq va rost soʻzga ilhaq boʻlganini anglaymiz. Ijod ahlining oʻz yozganidan qoniqish hosil qilmay, olgʻa intilishi uni yuksaklarga koʻtarsa, ajab emas. “Saddi Iskandariy”ning oxirgi bobini tugatarkanman, Navoiy asarlarini ham jisman, ham ruhan poklanib oʻqish zarurligini angladim.

Oradan necha asrlar oʻtdi. “Xamsa” qatidagi dur-gavharlar hamon sarflanmoqda. Qalam ahli uchun taqvo, pokizalik birinchi oʻrinda ekani bu asarda alohida taʼkidlanadi. Oʻshanda qalamlardan toʻkilayotgan Soʻzlarning quvvati kuchli, elga nafi ziyoda boʻlishi aniq. Biz ijodkorlar bu dostonni qayta-qayta oʻqib, undan ibrat darsi olishimiz kerak.

***

Rahmatli ustoz Yoʻldosh Sulayman qachon Toshkent bilan qoʻngʻiroqlashsalar, oʻrinlaridan turib olardilar. Bir kuni ajablangancha shunday dedim:

– Yoʻldosh aka, Sizning tik turib gapirayotganingizni ular koʻrmaydi-ku!

– Oʻtirib gaplasholmayman… Axir, bizni odam qilgan (yaʼni, yozuvchi qilgan, elga tanitgan) shu Toshkent, shu bagʻrikeng ustozlar-ku! – deb javob berdilar.

Yoʻldosh aka Said Ahmad, Hamid Gʻulom, Nosir Fozilov va boshqa ustozlar bilan shunday gaplashardilar. Ustozlarning maslahatlari, marhamatlari haqida toʻlqinlanib gapirardilar.

Agar viloyatda yashaydigan ijodkorga Toshkentdan bir qoʻngʻiroq boʻlib qolsa ham, goʻyo ilhom darchalarini, boshqacha aytganda, irmoqlarini ochib yuboradi. Nega? Negaki, ishonch insonni dadillantiradi, qanotlantiradi. Bir kuni xuddi shunday boʻlgan. Uyimizga Toshkentdan qoʻngʻiroq boʻldi.

– Opa, Sizga bir iltimos bilan…

Ajablandim.

– Iltimos…

– Agar qoʻlimdan kelsa, ming marta…

– Uch kun ichida qoʻqonlik muallima, Oʻzbekiston Qahramoni Manzuraxon Madaliyeva haqida ocherk yozib berishingiz kerak…

– Uch kun ichida? Vaqt juda qisqa-ku, – oʻylanib qoldim.

– Nima endi… roman yozgan odamga bitta ocherk yozish…

Shu bir ogʻizgina eʼtirofmi, bilmadim, menga kuch bagʻishladi. Poytaxtdan olisda yashaydigan ijodkorga boʻlgan hurmat, balki meni qanotlantirdi. Men oʻsha ishni uddaladim. Ocherk “Oʻzbekiston Qahramonlari” kitobiga kiritildi. Bu ocherkimga koʻp yaxshi aks sadolar keldi.

Quvonarlisi, oʻsha iliq qoʻngʻiroq meni yana-yana astoydil ishlashga undadi. Qoʻngʻiroq egasi kitob muharriri Abduqodirjon Niyozov edi.

 

***

Hozirgina eshitdim. Qishloqda bir kuyov homilador xotinini uy ichiga qamab qoʻyibdi. Kelin jinoyat qilgani yoʻq. Faqat betobligini yonidagilarga aytolmay, oʻz onasiga aytgani, onasiga qoʻngʻiroq qilgani uchun, xolos. Axir, oʻsha johil er farzand dunyoga kelayotgan vujuddagi ogʻriqlarni oʻzi sezmagan boʻlsa… Oiladagi temir intizomdan bezib, onasiga yorilgan-da. Hatto shuni ham tushuna olmabdi-ku!

Qani endi, shunaqa johillarning oʻzini ham qamab qoʻyadigan mardlar topilsa! Negaki, u insonni his etishdek nozik tuygʻularni tanimaydi. U yashashni faqat moddiy boylik, shohona uy-joy, mashinalar deb biladi. Ular kitob oʻqimaydi. Maktabdagi adabiyot darslarida ham hech narsani uqmagan.

Farzandining eson-omon, sogʻ tugʻilishi haqida oʻylamagan, fikrlamagan odam birovning dilbandi boʻlgan xotinining qadriga yetarmidi!..

***

Yaqinda Namangan viloyatdagi soylari sharqirab turgan qishloqning “Onaning koʻzyoshlari” degan ziyoratgohida boʻldik. Xuddi, xuddi… onaning koʻzyoshlari toʻxtamay, sizib-sizib oqayotganga oʻxshaydi. Yil – oʻn ikki oy, kechasiyu kunduzi oqadi. Aytishlaricha, farzandidan judo boʻlgan Onaning jolalari emish… bu tomchilar. Tomchilar oqib, poyidagi buloqqa toʻkiladi. Balki… bu buloq oʻsha koʻzyoshlardan bino boʻlgandir.

Oʻsha Chodakda mehmondoʻst ukamiz Obidjonning xonadonida bir piyola choy ichdik. Oddiy odamlar… Biroq ular koʻzlaridan toshayotgan, bizga – umrida birinchi marta koʻrib turgan odamlarga boʻlgan mehrlarini koʻrsangiz, shoshib qolasiz. Goʻyo daryo toʻlqinlariga roʻbaroʻ boʻlganday, goʻyo bu daryolar oʻz-oʻzingiznikiday yaqinlikni topib olasiz. Obidjonning onasi Shodmon xola mening kitobimni qoʻliga olib:

– Oʻzing yozdingmi? Kitob yozasanmi? – deganday hayratlanib-hayratlanib, koʻzlarimga qaradi. Keyin… kutilmaganda, birdan shunday yigʻlab yubordiki… Koʻzlaridan duv-duv yosh toʻkildi. Menga oʻtinib qaradi. Goʻyo iltijolar qilib qaradi.

– Meni yoz, mening yuragimni yoz, – deya koʻkragini koʻrsatdi.

– Yigirma besh yoshli oʻgʻlidan, navqiron ukamizdan avtohalokat tufayli bevaqt ayrilib qolgan. Shundan buyon koʻzyoshlari toʻxtamaydi, – dedi onasiga mahzun termulib Obidjon.

Hozirgina “Onaning koʻzyoshlari” qoshidan kelgan edik. Mana, yana bitta ayriliq, alam dogʻlari. Naqadar oʻxshash…

Shodmon xolani yoza olamanmi yoki yoʻqmi? Qalamning kuchi yetadimi? Bular hammasi mening armonlarimdir.

 

***

2010 yil qishida bitta soʻz ham yozolmadim. Oʻzimni betob, bemor his etdim. Oʻqishga-da ragʻbatim boʻlmadi. Hatto kichik-kichik qatralar ham meni yoʻqlamadi. Hatto qatra yozish oson emas ekan. Unga ham xalqdan olgan biror hikmatni jo aylash kerak. Unga ham nuqra tuygʻular kerak.

Yozolmaslik – ijodkor uchun oʻlim bilan teng. Nihoyatda azob. Xuddi boʻm-boʻsh idishga, suvi qurigan anhorga oʻxshaysan. Odamlar orasida oʻzingni erkin sezmaysan. Goʻyo olamni, yashashni, umrni idrok etolmayotganday. Voqea-hodisalarga munosabatsiz, beparvo, hissiz hayot kechirayotganday… Seni yuksaklarga koʻtarguvchi ruhing tanangdan chiqib ketganday…

Yozayotganda yonayotgan oʻchoqqa oʻxshayman. Yozib boʻlgach esa… Koʻpincha yozganlarim uzoq vaqt, baʼzan yillab daftarlarda qolib ketadi.

Ustoz Yoʻldosh Sulaymon bir kuni:

– Shoirlar davrasiga kirsam: “Men asosan nasrda yozaman, mayli, bitta sheʼr oʻqiy”, deb sheʼrimni boshlayman, degan edilar.

Demak, ustozning oʻzlaridan, oʻz ijodidan koʻngillari toʻlmagan. Biroq hech qachon sheʼrdan koʻngil uzolmagan va hatto:

– Men keksayganda, oltmishdan oshganda, yuragi yonayotgan, yuragi kuyayotgan shoirga aylandim, – degandilar.

Yana ustoz aytardilar:

– Ijodning chegarasi yoʻq. U insonni tebratsa, taʼsirlantirsa, ezgu yoʻlga yetaklasa, yurakda orzuga, yashashga, yaratishga ragʻbat uygʻotsa – oʻsha ijod, – der edilar.

Ijodkor shunaqa. Bir umr izlanadi, ilinadi, bir umr intiladi. U qayerga intiladi? Avvalo, oʻz koʻngliga… Gohi koʻnglidagi rango-rang chechaklardan tortib, atrofidagi insonlar koʻnglidagi ogʻriqlar bilan chirmashib ketadi…

 

***

Muhabbat insonni poklaydi, deymiz. Gohi bir ayol muhabbatga duchor boʻlib, olovlarda yonsa, odamlar uni “telba” deya malomat aylaydilar. Muhabbatga roʻbaroʻ boʻlgan inson, bir kun albatta koʻngil olamidagi gulzoriga, yaʼni yuksalib, ilohiy ishqqa yetib boradi. Nazarimda, oʻzbek adabiyotida musulmon ayolning ming qavatga oʻralgan pinhoniy muhabbati, uning iztiroblari, hayotga hadya aylagan qudratlari haqidagi kitoblar juda kam. Biz goʻyoki Koʻngilni emas, atrofimizdagi voqea-hodisalarning tafsilotlarini yozayotganga oʻxshaymiz.

Mayli, yozganingiz qanday asar boʻlsa ham, inson koʻnglini yoritsin, tuygʻularni yuksaklikka chorlasin. Ustoz Pirimqul Qodirov bir suhbatida muhokama etilayotgan nasriy asardagi qahramon haqida gapirib:

– Bekorga oʻlib ketmasin bu qahramon. Agar izsiz oʻlib ketsa, kitob ichida qahramon boʻlishiga nima bor? – degan edi astoydil jon koyitib.

Bu suhbat men uchun ustoz ochgan katta yoʻl boʻldi. Kitob – oftob, deymiz. Demak, uning sahifasiga hamma ham kira olmaydi. U kitobxonga yoʻl koʻrsatsin, fikrini charogʻon etsin. Faqat ezgulik ulashsin.

Kimdir kimnidir sevib qolsa… Nafratlanish, yomon koʻrish, gʻiybat qilishdan koʻra sevish – ming marotaba afzal! Sevgi koʻngil ichinda gul ochadi. Bu degani uni darrov kimgadir tutqazish degani emas-ku! Qaysidir kitobda oʻqigan edim. “Muhabbat bor joyda fahsh yoʻq”, deyilgan edi. Bu fikrga toʻla qoʻshilaman. Qayerdaki, yengiltaklik, davru davron surib qolish qabilidagi holatlarga roʻpara boʻlsak, begunoh norasidalarning kutilmagan tugʻilishlari haqida gapirilayotgan ekan… bilingki, chindan ham, u manzillarda muhabbat sodir boʻlmagan. Demakki, insonning nozik tuygʻularini tarbiyalaydigan, sevgi titroqlaridan roz aytadigan, xayolchan gʻunchalar kabi ibo, hayo va iffat haqidagi asarlarga muhtoj ekanimizni his etaman.

 

***

Qoʻqon shahrida ustoz muallima, Oʻzbekiston Qahramoni Manzuraxon Madaliyeva yashaydi. U oʻz izlanishlari bilan chinakam qahramon boʻlgan inson. U oʻz fani – matematikani shunday sevadiki… Matematikaga bagʻishlab kitob yaratdi. Goʻyo matematika bilan adabiyotni chatishtirgan, goʻyo aql bilan koʻngilni bir-biriga bogʻlagan. Kitobining nomi “Sahnada matematika” deb ataladi. Oʻquvchilar qiyin fan deb hisoblangan matematikani avval sheʼr qilib oʻqiydilar. “Biz parallel chiziqlarmiz”, deya sheʼriy kayfiyat bilan boshlangan dars keyin yuksak ruh bilan murakkab masalalarni yechishga kirishib ketadi. Qiyin ishlar ham osonday boʻlib, matematika olamiga kirib, uni astoydil sevib qoladilar. Bir soʻz bilan aytganda, Manzuraxon oʻz umr yogʻdusini topishga erishgan va uni hayotga, odamlarga hadya aylagan. Bu yogʻdu – ijod mahsulidir.

Har bir inson oʻz kashfiyotini – izlagan oltinini topsa, albatta, jamiyat gullab-yashnaydi. Maʼnaviyatimiz chinorga aylanadi. Odamlar yolgʻon soʻzlashdan uyaladi. Eshiklarga qulflar osilmaydi. Bir-birimizga ishonamiz. Negaki, izlanish olamida kezinayotgan odam atrofga rostlik bilan qaraydi. Bilmadim, keyingi avlod qanday boʻlar ekan? Men bashoratchi emasman. Biroq kelajakdan umidlarim katta. Hozir yozayotganlarim ham shunga ishora emasmi?

Iymonli insonlar, Allohni taniganlar, undan qoʻrqadigan bandalar hech qachon birovni aldamaydi. Kimdir kimnidir aldayotgan ekan, bilingki, u hali oʻz Xudosini tanigani, topgani yoʻq. Maʼnaviyat – asli til va dilning bittaligi. Halollik – maʼnaviyat. Toʻgʻrilik, tamalardan qochish, birovning haqiga nazar solmaslik, gʻiybat qilmaslik, birovga choh qazimaslik, oʻz manfaati deb, boshqalarni oyoqosti qilmaslik… Ularning hammasi – maʼnaviyat, komillik yoʻllari.

Biz har bir ishdan hikmat izlab, qadam tashlasak, koʻp ulugʻliklar sodir boʻladi, deya umid qilaman.

Goh-goh “Ha, u odamga ishonsa boʻladi”, degan gap quloqqa chalinadi. Naqadar xushbaxt soʻzlar:

– Ishonsa boʻladi!

Dunyoda bitta ishonchli odamning borligi – katta, poyonsiz pok olam. Bu odamga eng katta omonatingizni tutqazsangiz ham, u zarrasiga-da xiyonat qilmaydi. Oʻylaymanki, dunyoning shodligi ana shunday kishilar tufaylidir.

 

***

Qarangki, adabiyot – oʻzi tuygʻular xazinasi. Tuygʻular toshmasa, kim yozadi? Kitoblar qatiga jo boʻlgan oʻsha tuygʻular xuddi shabnam misoli kitobxon dilini poklaydi, yashnatadi, yangi-yangi orzular kurtaklarini yozdiradi. Biroq kimdir: “Kitobingizni mazza qilib oʻqidim”, desa, ana shu – eng katta mukofot! Shu bir ogʻiz soʻz hamisha yozishga undaydi.

Koʻngil chopyapti, koʻngil yozyapti.

Katta asarlar, romanlar yozish uchun yozuvchiga katta materiallar kerak. Asar bosh qahramoni fizik olim boʻlsa, fizika fani sir-asrorini bilmagan odam uni qanday yozadi? Demak, yozuvchi oʻzi yozayotgan qahramonining kasb-kori sirlarini aniq bilishi kerak. Oʻsha kasb egalarining ruhiyatini bilishi shart. Boʻlmasa, kitobxon ishonadigan asar yozilmaydi.

Hamisha koʻplab romanlar yozgan yozuvchilar hayotiga qiziqqanman, havas qilganman. Shulardan biri amerikalik yozuvchi Uilyam Folknerdir. U “Magʻlubiyatga uchrasam ham mayli”, degan ahd ila astoydil ijod qilgan va oʻttizdan ortiq romanlar yaratgan. 1949 yili Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan.

Magʻlubiyatlardan choʻchimay ijod qila bilish ham katta jasorat ekaniga amin boʻlaman. Biroq bu qadar jasur qalamkashning katta bilimi, hayot tajribasi boʻlishi, shu bilan birga, uning yuragida kitoblarga kirishga, shu asarlar qahramonlari boʻlishga arzigulik insonlar – qahramonlar yashashi kerak.

***

Ushbu bitiklarim ichra goh shod, goh mahzun qadam tashlar ekanman, inson umri haqida uzoq-uzoq xayollarga tolaman. Uy poydevorsiz, ustunsiz boʻlmagani kabi umrning ham oʻz tayanchlari bor. Ilk ustozlarim – otam Dehqonboy Otajonboy oʻgʻli, onam – Poʻlatxon Nishonboy qizidir.

Dadamning otasi Otajonboy buvam 1933 yilda mulkdor boʻlgani uchun Tojikistonga surgun qilingan. Buvam poyezd vagoni oynasidan boshini chiqarib xayrlashayotganida, koʻzidagi shashqator yoshlari oppoq, chiroyli yuzlarini yuvib, nigohlari umidsiz, nihoyatda iltijoli boʻlgan.

– Ahmadjon, men sizga ishonaman, shu yolgʻizgina bolamni ehtiyot qiling. Uni sizga omonat tashlab ketyapman. Mendan zurriyod qolsin, jon Ahmadjon. Bizdan zurriyod qolsin… – deya zorlangan.

Dadamning togʻasi – Ahmadjon Otajonboyga sodiq boʻlib qoldi. Umrining oxirigacha otalik qildi. Quloqlar bolasini shoʻro maktabiga olishmadi. Oʻshanda toʻqqiz yoshli Dehqonboy jiyanini oʻz nomiga olib, unga Ahmedov deb familiya berdi.

Otajonboy buvamizning niyatlari ijobat boʻlganki, otamiz Dehqonboy Ahmedov 1941–1943 yillarda ikkinchi jahon urushida qatnashib, chap qoʻlidan, oʻng koʻzidan yaralanib, eson-omon qaytdi. Uylanib, sakkiz farzand koʻrdi. Ne baxtki, Otajonboyning zurriyodlari endi Fayziobod osha Fargʻonada, Toshkentning turli manzillarida yashab, umrguzaronlik qilmoqdalar.

Otajonboy buvamizni koʻrmagan boʻlsam-da, har lahza mehrini his etib turaman. Bitta jiyanimizning ismini Otajon qoʻyishgan. Shu jiyanimiz 2011 yili ijaraga olma bogʻi olib, parvarishladi. Bu bogʻ shunday meva berdiki… Qip-qizil besh yulduz naqshin olmalar shoxlarini koʻtarolmay, yerlarga egildi. Terib, sotib, ulgurib boʻlmasdi. Otajon tez-tez qarindoshlarga qoplarda olma tarqatardi. Goʻyo Otajonboy buvamiz bizlarga olma ulashib yurganga oʻxshardi. Buvamizni bilgan keksalarning aytishicha, mulkdor Otajonboy oʻz topgan-tutgani bilan koʻp nochorlarni boqqan ekan.

Odam ellik yoshga yetganda, bir ortiga qaraydi. Oʻshanda ham dunyoni u qadar anglamaydi. Oʻshanda ham yerning yelkasida atrofni tomosha qilib turganday, ha, hali vaqt bor, deyotganday boʻlamiz. Goʻyo yuz yoshga yetamiz-u, hali yarim umr bizni kutib turganday. Odamlar bekorga “Paygʻambar yoshi” deyishmas ekan. Paygʻambar yoshi, yaʼni oltmishdan oʻtgandan soʻng, odam kun sayin yerga yaqinlashib boradi. Oʻtgan umriga tez-tez nazar tashlaydi. Koʻngli toʻladi yo toʻlmaydi. Bu fikr qoshida toʻxtab qolaman. Umrimdan koʻnglim toʻldimi? Ohistagina “ha”, degim keladi. Nega? Negaki, besh farzand, oʻn besh nabiram boʻlsa, ularga faqat yaxshilikni oʻrgatdim. Hech kimga yomonlikni ravo koʻrmadim…

 

***

Gul soʻqmoqlarning xotimasini negadir nasriy nazmda bitgim keldi. Yaʼni… koʻnglim mamlakatida Malika boʻldim bugun. Chor tarafda sayroqi qushlar navo qiladir. Rayhon, jambil boʻylari tutib ketar havoni. Poyimdadir maysalar, giyohi, neʼmatlari. Goʻyo ular dardlarga tutar mingta shifoni. Osmonda quyosh shohdir, hadyalari adoqsiz. Chuchmomalar, yalpizlar, atroflarim – gul, chaman. Dilimda sayrar bir qush, tiriklikdan aytar soʻz…

Xayollarim gul boʻlgan, dilim ichida bulbul. Bilingki, azizlarim, dilga kelibdi bahor!

 

***

Hislar qilar toʻpolon. Yozib-chizib kun oʻtar. Qalamni mahkam ushlab shoshaman, toshaman, keyin… Nimalar yozdim, deya termulaman ularga. Ular – koʻnglim mulkidir. Ular bamisli koʻzyoshimday toʻkildi. Demak, ular – rostlarim, yashashga havaslarim. Topganim-tutganlarim, hayratim, gʻayratlarim. Yomonmi yo yaxshimi? Koʻzyosh tiniq-ku axir, ishonaman ularga.

Azizlar, jonkashlarim, bu rangli soʻqmoqlarda, yashil, gulgun, noparmon, oppoq, qizil, siyohrang… Ular ichra men borman. Faqat, faqat, Siz meni shu soʻqmoqlardan izlang. Gul soʻqmoqlardan izlang…

 

Matluba DEHQON qizi

 

“Yoshlik”, 2015 yil 10-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.