“Gʻayratimning tili boʻlsaydi…”

0
116
marta koʻrilgan.

Yonginangda daryo oqqanin

His qilasan daryo qurigach…

(Muhammad Rahmon)

 

Oʻtgan asrning saksoninchi yillari birinchi yarmida oʻzbek adabiyoti yangi nomlar, yangi isteʼdodlar bilan boyidi, junbishga keldi. Har yili besh-oltitadan yosh shoir va adiblarning ixchamgina, ammo yangicha ruhdagi toʻplamlari “Shoirning ilk kitobi”, “Adibning birinchi kitobi” seriyalarida nashr etilardi. Oʻttiz yosh atrofidagi bu ijodkorlar ustozlarga izdosh, bizga umid, ulardek “otilib chiqish”ga ragʻbat edi.

1984 yil, bahorning soʻnggi kunlari, Chorsudagi mashhur kitob doʻkonidan ana shunday ilk toʻplamlardan bir toʻpini sotib olib, sheʼriyat bilan holi qolish ilinjida hozirgi “Milliy bogʻ”da qayiqni ijaraga olgancha, majnuntollar soyasida ularni bir boshdan oʻqiy boshladim. Ular orasida Muhammad Rahmonning “Yashil daryo” toʻplamiga shu qadar shoʻngʻib ketibmanki, suv chayqalishidan sachragan tomchilar boshqa kitoblarni shalabbo qilganini sezmay ham qolibman.

“Yashil daryo”dagi koʻp sheʼrlarni oʻsha joyda yodlab olganman. Hozir ham oʻttiz yil oʻtganiga qaramay yoddan qogʻozga tushirayapman:

 

Hayratimning tili boʻlsaydi agar,

Turnalar oʻtganda boshimdan suzib,

Yugurmas edim, yoʻq, telba-devona,

Men ular ortidan qoʻlimni choʻzib!

 

Hayratimning tili boʻlsaydi agar,

Olisdan termilib, lol qolgan chogʻlar

Boʻgʻzimdan boʻgʻmasdi hayqiriq boʻlib

Shu purviqor togʻlar, shu baland togʻlar.

Sizlarga tikilsam, qiynaydi dardim:

Bunchalar yuksaksiz, buncha munavvar!

Yulduzlar! Men sizga bir soʻz aytardim

Hayratimning tili boʻlsaydi agar!..

 

Shunaqa sheʼrlar ham yozish mumkin ekan-da! Buni oddiy odammas, farishta yozgandek… Satrdan satrga yuksalib borayotgan sheʼr yakuni insonni ruhan arshi aʼloga yuksaltirib yuborardi:

 

Maʼlulman! Borurman sigʻinib takror.

Bilmas bu goʻzallik hech intihoni.

Va men baxtiyorman! Har kunimda bor

Oʻrtanish, zavqlanish, sevish imkoni!…

 

Aynan oʻsha kunlarda “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida ustoz munaqqid Ozod Sharafiddinov beshta yosh shoirning ilk toʻplamlari tahliliga doir kattagina maqolasini eʼlon qildi.

 

* * *

“Yashil daryo”dagi sheʼrlarni “ezibichki” qilib yuborganimdan soʻng Muhammad Rahmonning oʻzini qanday qilib topsam ekan, degan orzuda yashardim. “Qoyilmaqom beshovlon”dagi boshqa shoirlarga qaraganda Muhammad Rahmon ancha xonanishin, ommaga oʻzini koʻrsatavermaydigan, bir soʻz bilan aytganda, odamoviroq shoir edi. Yozuvchilar uyushmasi yoki boshqa joylarda uyushtiriladigan mushoiralarda Usmon Azim, Xurshid Davron, Shavkat Rahmonlarni tez-tez koʻrib, muxlislar qatori qarsakni ayamasam-da, Muhammad akani hech uchratmasdim. “Binafshani izlab” sheʼrida aytilganidek:

 

Ketaversin umidsizlar,

Biz baribir topamiz! –

 

degan umid koʻnglimni tark aylamas va tasodif deb atalmish janobi oliylarining marhamati ila bu orzumga ham erishdim. Bunga shoir doʻstim Eshqobil Shukur va oddiygina tarvuz sababchi boʻldi…

 

* * *

1984 yilning avgust oyida, shoirni gʻoyibona taniganimidan toʻrt oylarcha oʻtib, Navoiy koʻchasida, Navoiy haykalidan anchagina berida Eshqobil bilan uchrashib qoldim. Eshqobil qandaydir koʻrsatuv ssenariysini Muhammad Rahmonga yetkazish uchun “Navoiy-30”da joylashgan “Yosh gvardiya” nashriyotiga ketayotgan ekan.

Muhammad Rahmonni koʻrib, tanishish uchun men ham Eshqobil bilan birga ketdim. Yoʻl boʻyi Muhammad akaning sheʼrlari haqida gaplashib bordik. Eshqobil Muhammad akaning “Bryulovning otlari” sheʼrini yaxshi koʻrishini aytdi. Eshqobil nashriyot yoʻlagida Muhammad akaga qogʻozlarni berayotganida ham shoirga yaqinlashishga yuragim dov bermay, ancha beriroqda kutib turdim. Bir payt ikkita yigit kelib qolishdi va ular Muhammad aka bilan nimalarnidir gaplashib, qoʻliga qogʻozcha tutqazib joʻnab ketishdi. Ishi bitgan Eshqobil ham shoir hamyurti bilan xayrlashdi. Ikkalamiz koʻchaga chiqdik. “Paxtakor” metrosiga tushgan paytimiz Eshqobil aytib qoldi: “Olloyor, boyagi yigitlar Muhammad akaga Termizdan unga nimanidir berib yuborishganligini, oʻsha narsa temir yoʻl vokzalidagi yukxonada ekanini aytishdi. Muhammad akaning vaqti yoʻqqa oʻxshadi. Shu narsani olib kelib bersakmi, degandim”.

Shu bahonada yana yer yuziga qaytib chiqdik. Muhammad aka “Temur va uning komandasi”dagilarga oʻxshab, beminnat koʻmakka kelganimizni eshitib, ancha oʻngʻaysizlandi. Eshqobil oʻz soʻzida turib olganidan soʻng choʻntagidan yukxona chiptasini olib, bizga berdi.

– Bu yigitlar surxonlik talabalar ekan, – dedi Muhammad aka. – Termizdagi qarindoshlarim ulardan ikkita tarvuz berib yuborishibdi. Xuddi Toshkentda tarvuz yoʻqdek. Oʻzim ishdan soʻng oʻtib kela qolarman degandim. Mayli, boʻlmasa yashash manzilimni yozib olinglar. Sizlar vokzaldan qaytguncha men ham uyga borib turaman.

Shunday shoirga yordamimiz tegayotganidan qanotlanib, temir yoʻl vokzaliga uchib bordik. Yukxona chiptasini topshirib, ikkita katta-katta tarvuzni oldik. Taksi ushlashga pulimiz yoʻq (taksi puliga bunaqa tarvuzdan toʻrttasini sotib olsa boʻlardi), boya Muhammad aka Eshqobilga yoʻlkira bermoqchi boʻlganida, olmagan edik. Ogʻir-ogʻir tarvuzlarni qornimiz ustiga qoʻygancha, Chilonzorga eltadigan tramvayga chiqdik. Moʻljal sifatida aytilgan “Zelyoniy most” bekatiga yetib borganimizda oqshom choʻka boshlagan, anhorning narigi sohilidagi zich koʻpqavatli uylarda chiroqlar yona boshlagandi.

“Zelyoniy most” deb atalgan, temir novlardan qilingan va zangori boʻyoqqa boʻyalgan ikki qanotida oʻndan oshiq mahalliy yigitchalar qaldirgʻochlardek tizilgancha pista chaqib oʻtirgan bu “qil koʻprik”dan eson-omon oʻtib olish muammosi paydo boʻldi. Eshqobil besh yildan beri Toshkentda bekor yurmaganligini koʻrsatish uchun, mendek qishloqdan kelgan hamrohiga maslahat berdi: “Hech narsadan qoʻrqmang! Qoʻrqayotganingizni bildirmang! Gap otishsa indamang!..”

Koʻprikdan hech qanday talafotsiz oʻtib olganimizdan soʻng, oldimizda yangi muammo paydo boʻldi. Bunchalar koʻp baland binolar oʻrmonida biz izlayotgan uy qaysinisi boʻlishi mumkin? Qorongʻilik quyuqlashgani sari, koʻtarib yurgan tarvuzlarimizning ham vazni ogʻirlashayotgandek tuyulardi. Eshqobil yoʻl chetidagi haraklardan biriga tarvuzni qoʻygancha, peshonasidagi terlarni artarkan, dedi: “Bu tarvuzlarni anovi bolalar tortib olishganida yaxshiroq boʻlarmidi-a, Olloyor, nima dedingiz?!”

Bunga javoban, shoir yashaydigan uyni uning bolalari nomi bilan izlasak yaxshiroq boʻlishini aytdim: “Bolalar bir-birini va boshqalarni koʻproq tanishadi. Men koʻpincha shunaqa qilaman…”

Atrofga alanglab, shom qorongʻisida oʻynab yurgan bolalarni izlasam, bu paytda onalari ularni allaqachon uyga chaqirib, yigʻishtirib olishgan ekan. Chiroqlardan nurafshon derazalarga koʻz yugurtirarkanman, toʻrtinchi qavatdagi derazadan boshini chiqarib turgan bolakayga koʻzim tushdi. Deraza tagiga borib: “Hoy, bola, sen Muhammad Rahmon degan shoirning bolalarini tanimaysanmi?!” – deb soʻrashim bilan uning boshi derazadan gʻoyib boʻldi.

Birozdan soʻng qoʻlida kapgir tutgan Muhammad akaning oʻzi pastga moʻraladi va: “Kep qoldilaringmi, chiqa qolinglar! Men osh damlayotgandim. Hozir katta oʻgʻlimni tushirvoraman!” – deb umidsizlikka tushgan bizdek yordamchilar yelkasidan bosib turgan togʻni agʻdarib tashladi.

Maʼlum boʻlishicha, uy bekasi uchinchi farzand – yana bitta oʻgʻilni dunyoga keltirib, tugʻruqxonada yotgan, Muhammad aka esa uyda qolgan ikki oʻgʻilchasiga ham qosh-koʻzlik qilar, ham ishga borib kelarkan.

Surxondan kelgan “Tarbuzi Termuziy”ning bittasini soʻyib, oshni suzib, muzlatkichdan olingan muzdek chalopga oshno qilganimizdan soʻng ancha paytgacha sheʼriyat va ijod haqida gaplashib, oʻsha joyda tunab ham qoldik.

 

* * *

Shoirning uch oʻgʻli ikki tomchi suvdek oʻziga oʻxshardi. Erini yaxshi koʻradigan ayollar farzandi aksar otalariga oʻxsharmish. Muhammad aka bir sheʼrida buni juda chiroyli qilib keltiradi:

 

Hamma balo shundaki, sevar seni bu ayol.

Jonu jahonin senga, bir senga qaratgan u.

Tansiqsan, intiq yashar har ishora, soʻzingga.

Toʻymaganidan, seni uch bora yaratgan u:

Quyib qoʻygandek oʻxshar uch oʻgʻling ham oʻzingga.

 

Hamma balo shundaki, sezib tursang ham baʼzan,

Bu beminnat, bebadal sevgining qudrat, kuchin,

Toshqotgan yuragingdan topolmay qiynalasan

Ikki ogʻiz shirin soʻz, shunchaki koʻngil uchun.

 

Bu sheʼr muhabbat izhorimas, uning yakunida qandaydir tavba-tazarru ohanglari yangraydi va shoir haqiqat koʻzgusiga tik qarashga kuch topa oladi:

 

…Taqib qilar bu nigoh, xotirang tirik toki.

Uzun tunlar kul emas – kuldoningga toʻkilgan,

Arosat gulxanida yonayotgan ruh xoki…

 

Sigaret kulini ruhning xokiga oʻxshatilishi odamni dovdiratib qoʻyadigan oʻxshatish, shundaymasmi?!.

 

* * *

Muhammad aka yetimlikmi, yoki boshqa sabablar tufaylimi, maktab-internatda voyaga yetgan ekan. Shuning uchun, farzandlariga mehri baland, oʻzgacha edi. Bolaligidagi armonlarini chiqarish uchun oʻgʻillariga koʻproq eʼtibor ajratar, turli yigʻin va safarlar, choyxonalardan koʻra bolalari davrasida boʻlishni afzal bilardi. Yosh boladek ularga qoʻshilib oʻynashdan uyalmasdi. Shoir Mirzo Kenjabek talabalik paytlari hamyurtining uyiga kelganida, bu toʻpolon avjga chiqar, ikki katta shoir bolalarga qoʻshilib “urush-urush” oʻynashardi. Mirzo Kenjabek bu haqda sheʼr ham yozgandi:

 

Mening bolalardan dushmanim yoʻqdir!

Holiman gʻaraz deb atalgan hisdan.

Bolalar sofligi bilan ulugʻdir,

Soddaligi bilan kattadir bizdan!

Har gal barmogʻini toʻpponcha qilib,

U otaverar – men oʻlaveraman.

Goho ochiq joyda, goho berkinib,

U otar – men sekin qulayveraman.

Goho “oʻlmasam”, u “otgan” payti,

Bola hayron boʻlar va chekar ozor.

Uning moʻljal olgan tiniq koʻzida

Nishonga tekkulik nimalardir bor.

Davolab qaytaman har gal yangidan

Turli tashvishlardan zanglagan ruhni…

 

Muhammad akaning oʻzi ham bahor kunlarida toʻqqiz qavatli uylarining tomiga oʻgʻlini olib chiqib varrak uchirishga erinmasdi.

 

Toʻqqiz bolorli emas, toʻqqiz qavatli bu uy.

Moʻjiza yaratmaydi tepasida koʻklam, yoz.

Qizgʻaldoqlar ochilmas, chuchmoma taratmas boʻy,

Bunda “temir kaktuslar” – antennalar bor, xolos.

 

Quvonaman baribir, bu yerdan kengdek olam,

Bir tomonda bogʻlaru, huv, togʻlar koʻrinadi.

Varraging menikidan balandroq uchar, bolam,

Bolam, sening tomingdan yiroqlar koʻrinadi.

 

Yigirma birinchi asrga qadam qoʻyayotgan bolalarning varragi loysuvoq tomlardan uchirilgan oʻsha varraklardan baland uchadi. Shu bilan birga bugunning bolalarini oʻsha, qirq-ellik yillar avvalgi soddagina bolalikdan koʻra koʻproq xatarli illatlarga nishon boʻlayotganligi ham haqiqat.

 

* * *

Muhammad akaning “Varraging menikidan balandroq uchar, bolam” sheʼri eʼlon qilinganida (chamasi, 1986 yillar edi), bu sheʼrni Gʻafur Gʻulom va Rauf Parfining shu mavzudagi sheʼrlariga qiyoslab, adabiy maqola ham yozgandim va uni “Yosh kuch” jurnalida taniqli yozuvchi va muharrir Xurshid Doʻstmuhammad eʼlon qildirgandi.

 

* * *

Muhammad Rahmon sheʼriyat atalmish “Yashil daryo”ga boʻtana soy kabi emas, sokin va musaffo jilgʻadek quyilib qoʻshildi. Turli siyosiy kompaniyachiliklardan, yasamaliklardan holi Muhammad Rahmon sheʼriyati muxlislar uchun qoʻmsashga, qayta-qayta oʻqish va yodlab yurishga arziydigan sheʼriyat boʻlib qolaveradi.

 

Olloyor BEGALIYEV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.