Fikrlash azobi

0
299
marta koʻrilgan.

Dunyoning mashhur adiblaridan biri ulkan kutubxona yoʻlagida turib, zamondoshlariga shunday xitob qilgan ekan: “Qancha-qancha kunlar, uyqusiz tunlarning mehnati, qanchalab aql-quvvati, umid va tashvishlar, bardosh bilan faqat izlanishga baxsh etilgan qancha-qancha umrlar mana shu mayda bosmaxona harflariga jo etilgan, tevaragimizdagi torgina javonlarga yigʻilgan”.

Darhaqiqat, kitoblar insoniyatning boqiy xazinalaridir. Binobarin, ularning dunyoga kelishi oddiy jarayon emas. Bunda ijodkor atalmish zahmatkash xilqatning ruhiy iztiroblari, qalb ogʻriqlari, har bir soʻzni, har bir jumlani qogʻozga tushirayotgan paytdagi oʻy-fikrlari mujassam. Taʼbir joiz boʻlsa, kitoblarning dunyoga kelish jarayonini “fikrlash azobi” deb atash mumkin.

Kitob inson hayotida juda muhim oʻrin tutadi. Sababi kitob mutolaasi kishi ongida dunyoga, odamlarga nisbatan eng toʻgʻri mulohazalarni paydo etadi. Kitoblarda insoniyat tarixining barcha bilimlari, maʼnaviy boyliklari jam boʻlgan. Har bir inson kitoblar yordamida aql-zakovat koshonasiga dadil qadamlar bilan kirib borishi mumkin.

Kitoblar bizga buyuk insonlarning fikrlari bilan tanishish, ularning koʻngil olamiga sayohat qilish imkonini beradi. Mutolaa onlarida shuurimizda oʻsha buyuk insonlarning oʻy va fikrlariga hamohang mulohazalar paydo boʻladi.

Bir qarashda badiiy adabiyot mohiyatida insonning gʻam-anduhlari yotgandek tuyuladi. Qanday asarni olib qaramang, uning qahramonlari, xususan, bosh qahramoni albatta hayotning maʼlum bir qiyinchiliklarini boshdan kechiradi. Ayriliqlar, xiyonatlar, aldovlar, qismatning turfa oʻyinlari…

Ijodkor esa iztirob farzandi. U oʻzi yaratgan qahramonlarning gʻam-anduhi ortida ruhiy yuksalishni, irodaning toblanishini koʻradi.

Yaxshi kitoblar inson uchun hamisha foydali. Chunki badiiy adabiyot vositasida koʻp bilimlarga ega boʻlishimiz mumkin. Yaxshi kitob uxlab yotgan fikrlarni uygʻotadi. Insonni mushohadaga undaydi. Ular vositasida umrning asl mazmunini topishimiz oson kechadi. Xalqimiz orasida mashhur boʻlgan “kitob oʻqigan insondan yomonlik chiqmaydi” qabilidagi soʻzlar juda sodda tuyulsa-da, ular zamirida teran maʼno bor. Inson bir narsani unutmasligi kerakki, kitob oʻqish imkoniyati har doim ham birdek boʻlavermaydi. Oʻsmirlik, yoshlik yillaridan, mana shu yillarning takrorlanmas imkoniyatlaridan foydalanib qolish kerak.

Yoshlikda oʻqilgan kitoblardan olingan taassurotlar daraxt tanasidagi yozuvlar kabi inson xotirasiga muhrlanadi. Inson ulgʻaygani sayin oʻsha asarlarning mohiyatini yaxshiroq idrok eta boradi. Tasavvurlariga oydinlik inadi. Hayot haqiqatlariga tayyor turishni oʻrganadi. Shu maʼnoda kitoblarni inson tarbiyasi yoʻlidagi beminnat murabbiy deb atash mumkin.

Qadim vatanimiz bundan uzoq asrlar oldin ham ilm-fan va maʼnaviyat oʻchogʻi sanalgan. Bizda koʻplab diniy va dunyoviy bilimlar paydo boʻlishi va rivojlanishi bilan bir qatorda adabiyot va kutubxonachilik ham taraqqiy etgan. Dono bobolarimiz kitobning qadrini juda yaxshi anglaganlar. Hali gʻarb olami maʼnaviyat nima ekanidan bebahra boʻlgan bir paytda sharqda maʼnaviyat beshiklari paydo boʻlgan. Bu ulugʻvor tushunchaning shakllanishi va insonlar ongiga kirib borishi uchun tamal asoslar yaratilgan. Hali ham bizning zaminimizda kitoblarga eʼtibor kuchli. Birgina Toshkent shahrining oʻzida bir nechta kutubxona bor. Ayniqsa, Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxonaning hozirda zamonaviy texnologiya asosida faoliyat yuritayotgani ayni muddaodir. Bu hol har birimizda kelajakka umid uygʻotadi.

 

Nozimjon SIDDIQOV,

Oliy jurnalistika kursi tinglovchisi

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 9-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.