Eng katta xushxabar

0
146
marta koʻrilgan.

Oldin aytib oʻtganimdek, maktabni medal bilan bitirgan boʻlsam ham sirtqi boʻlimga kirdim: oilaga yordam berishim kerak edi. Uchinchi bosqichdan kunduzgi boʻlimga oʻtdim. Biroq ishdan boʻshamadim. Oʻsha yillari “Toshkent haqiqati” gazetasida adabiy xodim boʻlib ishlardim. Ustozlarim – bosh muharrir Ahmadjon Ismoilov, oqsoqol shoir Nazarmat aka, yana bir ustozim Noʻmonjon Nasimovdan hamisha minnatdorman (oxiratlari obod boʻlsin). Yarim kun ishlab, tushdan soʻng oʻqishga yugurishimga, hatto oylab paxta terimida yoʻq boʻlib ketishimga ham qarshilik qilishmadi.

Guruhdoshlarim uchun “begonaroq” edim. Har qalay “yarim yoʻldan” qoʻshilganman. Biroq ular menga begonasirab qaramadi. Tez orada inoq boʻlib ketdik. Bir guruhda oʻqigan Omon Muxtorov, Toʻlqin Alimov, Alinazar Egamnazarov, Sayidamin Aʼzamxoʻjayev, Omon Jorqinboyev, Murod Aminov, Tojiddin Gʻoziyev, Rahima Shomansurova, Gulchehra Solihova, Obidjon Jumanazarov singari guruhdoshlarimiz keyinchalik shoir, olim, adib, jurnalist, nashriyot va gazeta muharrirlari boʻlib elga tanildilar. Adabiyot va jurnalistikaga salmoqli hissa qoʻshdilar.

U paytlarda kuz kelishi bilan dalada bayram boshlanar, faqat dehqon emas, minglab, yuz minglab talaba ham “javlon urib” “oq oltin” terar, goho qish kelib, qor yoqqanida ham paxtazorda “qahramonona mehnat” davom etar edi.

1965 yili ham shunday boʻldi. Biz – universitetning jurnalistika fakulteti talabalari Boʻka tumanida Quvish aka degan odamning brigadasida paxta terib yurardik. Oktyabr oxirlab dalada paxtaning oʻzi qolmagan boʻlsa ham, qirov tushgan paykal oralab etak tutib, qolgan-qutgan chanoqlarni terib yurishga majbur edik. Oramizda yoshi ulugʻroq ikki kursdoshimiz bor edi. Biri – guruh “oqsoqoli” – “starosta” Mirzakarim aka, ikkinchisi – Toʻlqin Alimov. Toʻlqin aka juda chiroyli ohangda rubob chalar, shirali ovozda qoʻshiq aytar edi. Baʼzi satrlari hamon yodimda qolgan.

 

Qoshingni qarosi yuvsa ketarmi,

Seningdek toza gul bogʻda bitarmi?

Seningdek toza gul bogʻda bitganda

Soʻrab borsam bogʻbon menga sotarmi?

 

Mirzakarim aka bilan Toʻlqin aka yangi uylangan, domlalar insof qilib, ularga ora-chora uyiga borib-kelishga ruxsat berishar edi. Shunday kunlardan birida hayotimda yangi xushxabar eshitdim. Toʻlqin aka uyidan qaytishi bilan meni suyunchiladi: “Sizga Abdulla Qahhordan xat kepti, fakultetga kiraverishdagi xatlar yotadigan stolda turgan ekan”, dedi. Bu men uchun eng quvonchli xabar edi!

Gap shundaki, “Choʻl havosi” degan birinchi qissamni men emas, yosh adib doʻstim Murodjon Mansurov “Sharq yulduzi” jurnaliga eltib berganini aytgan edi (rostini aytsam, men baʼzan keragidan ortiq tortinchoqlik qilaman. Shuning uchun asarni jurnalga oʻzim olib borishga iymangan edim). Xullas, Toʻlqin akaning gapidan tushundimki, qissa jurnalda bosilgan, uni eng talabchan ustoz Abdulla Qahhor oʻqigan. Ulugʻ adibning birinchi asari bosilgan yosh shoir va yozuvchilarga oʻz munosabatini bildirish odati bor edi. Toʻlqin akadan “Xat qani?” deb hovliqib soʻrasam, uyiga tashlab kelganini, ammo xatni ochib oʻqimaganini aytdi. Keyingi haftalar qanday oʻtganini bilmayman. Xatni tezroq oʻqigim keladi. Muhimi shuki, Abdulla Qahhordek talabchan ustoz oddiy talabaning birinchi mashqini oʻqigan! Mayli, asar ustozga yoqmagan, meni koyigan boʻlsa ham roziman. Muhimi – ustozning nazari tushibdi. Oʻsha kunlari Toʻlqin aka ham men bilan baravar hayajonlanib yurdi. “Aslida xatni olib kelaversam boʻlarkan”, deb bir necha bor afsuslandi.

Xullas, paxtadan qaytgan kunimiz ikkalamiz qopimizni orqalab Toʻlqin akaning uyiga yugurdik. Kelinoyi xatni ehtiyotlab qoʻygan ekanlar. Toʻlqin aka ikkalamiz qoʻlimiz hayajondan titrab xatni ochib oʻqidik. Abdulla Qahhordek talabchan adib “Choʻl havosi”ni oʻqib sevinib ketganini, “birdan lov etib alanga bilan boshlangan ijodning kelajagi porloq boʻlishini” aytgan va ayni paytda “shu alanga hech qachon pasaymasin, ijodingiz hech qachon tutamasin”, deb oldindan dashnom ham bergan ekan…

Shunday qilib, hayotimdagi eng quvonchli voqealardan biri aynan Toʻlqin Alimov bilan bogʻliq. Keyinchalik Toʻlqin aka bilan nashriyotda birga ishladik. Koʻp safarlarda, dam olishda birga boʻldik, har xil odamlarni, har xil holatlarni koʻrdik… Oʻtgan asrning ikkinchi yarmi va bu asrning boshida oʻzbek kitobxonlarini jahon adabiyoti namunalari bilan tanishtirish va oshno qilishda yetuk tarjimon, malakali muharrir Toʻlqin Alimovning salmoqli ulushi bor. Toʻlqin aka dunyo adabiyotidan oʻnlab roman va qissa, yuzlab hikoyani oʻgirib oʻzbek kitobxoniga yetkazdi. Bu nihoyatda ogʻir va savobli yumush…

Yana bir gap. Toʻlqin aka har qanday vaziyatda ham toʻgʻri soʻzni aytadigan halol va sofdil inson! Men bunga koʻp marta guvoh boʻlganman.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.