Enam – elning onasi

0
163
marta koʻrilgan.

… Tandirda olov gurillaydi, guldor nonkoʻrpacha bagʻrida xamir koʻpchiydi:

– Sherzoduv-v, kela qola-a, tandirga bir zayl oʻt qalab tur, men borib zuvalani yoyaman…

Bola qalbimga bir muddatlik ish mashaqqat boʻlib tuyuladi. Tandirda olov aylanib ogʻzidan alanga purkaydi. Bu yoqimsiz haroratdan peshonamda ter balqiydi. Gʻingshib-gʻingshib ishni nihoyasiga yetkazaman. (Aytgancha, Sherzod – bolalikdagi ismim. Maktab yoshiga yetib, uning ostonasini hatlab kirgan kunimdan buyon “tugʻilganlik toʻgʻrisida guvohnoma”ga asosan Faxriddinman).

– Ena, tandir qizardi…

Enam yugurgilab keladi. Kosov bilan choʻgʻni oʻrtaga uyadi. Men barkashda toʻlin oyday ravon yoyilgan xamirni tashib kelaman. Enam yengichani yengiga kiyadi, rapidani qoʻliga iladi. Yarim tani bilan tandirga kirib non yopadi. Ikki yonogʻi tandir qoʻridagi choʻgʻday qizaradi. Keyin bu qizillik tandir toʻla nonga ham koʻchadi. Enam keyin oʻzini xotirjam sezadi.

Men bu xotirjamlikni his qilib koʻcha tomon oshiqaman. Enam ortimdan chaqiradi:

– Huv, bolam, qayoqqa?! Ombortomdan kastruldagi sorimoydi opkel, yanchmich qilib beraman.

Qosh-qovogʻim bilan eʼtirozimni bildiraman-da, sekin ombortomga yoʻnalaman. Enamning soʻzini ikki qilish gazagimga malhammi?! Qattiqqoʻllikda tengi yoʻq, albatta, mehribonlikda esa undan-da ziyoda!

Enam issiq nonni maydalab, saryogʻ aralashtirib yanchmich tayyorlaguncha ishtaham qitiqlab, sabr kosam toʻladi. Barmoqlarimni beixtiyor yengimga artib, tovoqqa qoʻl suqaman. Enam tanbeh beradi:

– Bor, qoʻlingni yuvib kel, oʻgʻil bola ozgina sabrli boʻlishi kerak! Kiyim-boshingning ahvolini qara, kimga azob? Menga azob, kir togʻoradan qoʻlim chiqmay, barmoqlarim gezaradi…

Qilgan ishim uchun oʻzimni koyiyman. Ust-boshimni qoqib, yuz-qoʻlimni chayaman. Hamon mening uquvsizligim borasida dakki berayotgan enamning koʻnglini olishga urinaman. Yillar oʻtib, bilsam, otam (rahmatli) oʻsha davrlar haftalik ishga ketar, enam biz farzandlar tarbiyasi izdan chiqmasligi uchun “jilov”ni mustahkam ushlar ekan.

Tengqurlarim hali-hamon bir voqeani eslaydi: oʻrta maktabda oʻqib yurgan kezlarim. Boʻyim choʻzilib, oʻspirinlik yuzimga nusxa bera boshlagan pallalar…

Enamning taʼbiri bilan aytganda, oilada “joʻjabirday jonmiz”. Hali opalarim, hali akalarimning kam-koʻsti chiqib turadi. Kun kelib oyogʻimdagi poyabzalim toʻzib, titildi. Enam hafta soʻngiga qadar “amallab turish” vazifasini zimmamga yukladi. Erkaligim tutib eʼtiroz bildirdim, ikki kun maktabga bormadim. Enam ham bu holatga ikki kun chora izladi, chamamda. Uchinchi kun esa anorning hoʻl navdasidan boldirim qizardi. Koʻzimda yosh, enamning oldiga tushib oyoqyalang sinfxonaga kirib bordim. Sinfdoshlar oldida izza boʻldim, xafachilik qalbimni kunlab tark etmadi. Shu hadik sababmi, oʻqishga, dars tayyorlashga boʻlgan ishtiyoqim ortdi. Bu “jazo” hayotim uchun ulkan saboq boʻldi.

Baʼzan uyquga yotganimda, sezdirmay kelib boshimni silab, peshonamdan oʻpib qoʻyadilar. Sergak yotganimda enamning qalbida yashirin mehrini his qilaman.

Enam xalq ogʻzaki ijodidan koʻplab maqol va matallar biladi. Soʻzlashuv jarayonida, koʻpincha, gaplarini chapani matallar bilan izohlab qoʻyadi. Xalq marosimlari – toʻy-hasham, taʼziya-tadoriklar urf-odatlarini yaxshi oʻzlashtirgan.

“Enam juda mehnatkash ayol desam, bu taʼbirdan taskin topmayman: mehnatda tugʻilib, mehnatda ulgʻaygan. Katta qishloqning kayvonisi. Esimni tanibmanki, hamisha elning xizmatida. Kattayu kichik birdek “xodim xola”, deb murojaat etadi. Baʼzan shirin, baʼzan achchiq tashvish bilan qishloq odamlari yarim tunmi, nahormi, koʻcha darvozani qoqib soʻrab kelaveradilar. Enam ham hamisha xizmatga shay.

– Elchilik, – deydi, koʻchada betoqat turgan odamning kutib qolmasligi uchun shoshib ketish tadorigini koʻra turib.

Xiyobon – katta qishloq. Toʻy toʻyga, taʼziya marosimga ulanadi.

Baʼzan yarim tunda marosim boʻlayotgan xonadonga olib borish uchun bizning koʻmagimizga ehtiyoj sezadilar. Shirin uyquning buzilishi, albatta, xush kelmaydi. Ostonada esa enam turadi:

– Turaqol, bolam, oborib qoʻy, koʻchada besar yurgan itlar bor. Undanam, marosimning osh-ovqati kechga qoladi, yoki senga ena kerak emasmi?!

Jahlim boʻgʻzimda, shiddat bilan oʻrnimdan sapchib turaman:

– Ena-yey, “xodim” kerak boʻlsa, oʻzlari opketmaydimi?!.

“Chigʻiriqdan chiqqan” uch opam uyga kelganida doim eʼtiroz bilan ketadi.

– Biror kun uyda oʻtirib, siz bilan suhbatlasholmaymiz, bizning ham dardimiz bordir, doim birovning eshigidasiz, doim joningiz halak, – deydi opalarim xafa boʻlganini yashirib oʻtirmay.

– Elning dardi, tashvishlari oldida sizlarniki chivin chaqqanday gap. Hammaga xizmat qilib, bir kishinikiga bormasam, ranjimaydimi?! Vaqtim bemalol boʻlganda, oʻzim sizlarni soʻrab boraman, men shunga yaralganman-da, bolam.

Enamning qatʼiy javobi bu! Darhaqiqat, enam – elning odami. El ishidan holdan toyib keladi-yu, kechki ovqatdan soʻng bolishga suyanib “qush uyqu”ga ketadilar. Bu orom uzoqqa bormay, baʼzan tuni boʻyi uy ishlari bilan andarmon boʻladi. Ozodalikni xush koʻradi.

Bugun ham bolaligimni kechagidek eslayman: enam-qishning qahratonida ham eshik derazani lang ochib uyni shamollatar, supirib-sidirar, ona tovuqning pinjiga tiqilgan palaponlarday choʻyan pech atrofida yigʻilgan biz bolalarni dadil boʻlishga undardi. Enamning bu saboqlari talabalik yillarida asqotdi. Oliy oʻquv yurtida oʻqib yurgan kezlarimning ilk yillarida otam xastalikka chalinib vafot etdi. Katta oila tashvishlari enamning zimmasida qoldi: mening oʻqishim uchun mablagʻ topib joʻnatar, pul yuborolmasa, tandir-tandir non yopib, yongʻoq, qaymoq qoʻshib berib yuborar edi.

Enam mehnat qilishdan tolmaydi. Bugun yetmishning yetovida ham oʻchoq qurib, somonsuvogʻini oʻzi qiladi.

Yolgʻonni, gʻiybatni xushlamaydi.

Bir kun darvozani qiya ochib hovlida turgan enamni notanish ayol imlab chaqirdi. Biroz suhbatlashib qaytgan enamning ortidan hamsoya ayol hovliga yuz soldi. Uning kim ekanini soʻradi.

– Falonchining oilasini surishtirdi, xonadoniga sovchi boʻlib kelgan ekan.

– Nima dedingiz? – soʻradi hamsoya qiziqsinib.

– Uzoq yillardan buyon bu qishloqda men kirmagan, bilmagan xonadon yoʻq, kimning dasturxoni qaysi taxmonda, kovushi qaysi ayvonda turishini yaxshi bilaman. Lekin birovning uyidan zigʻircha gapni koʻchaga olib chiqqan emasman. Yuragingiz shu xonadonga boshlab kelgan boʻlsa, niyatingiz xayrli boʻlsin, deb aytdim.

Yaxshi inson odamlar orasida koʻprik, xayrli ishlarga bosh-qosh boʻladi. Enam shu yoshgacha necha-necha yosh oilalar bunyod boʻlishiga sabab boʻldi ekan?! Bu borada ham oʻzining toshu tarozisi bor. Kim uchundir “ortiqcha tashvish” boʻlib tuyulgan vazifalarni sidqidildan ado etadi. Uzoq mulohaza qilgan fikrida qatʼiy turadi, magʻrur ayol. “Inson, avvalo, vijdonining oldida toza boʻlishi kerak”, deb hisoblaydi.

Enam mening uyimda kamdan-kam mehmon boʻlib keladi. Yuragi keng odam shahar uylarida oʻzini behalovat his etadi. Undan keyin, qishloqdagi toʻy-marosimlardan boshi chiqmaydi. Kechagi kuni qishloqqa bordimda holi-joniga qoʻymay, oʻzim bilan birga olib qaytdim.

– Qishning kunida toʻy-oʻchar kam, boraqolay, – dedilar ancha qistovdan soʻng.

Kun oʻtib ishdan uyga borsam, ostonada mashinadan oʻtkazilgan uyum-uyum paxta. Tinib-tinchimagan enamning sabr kosasi toʻlib, toʻshak-yostiqlarning jildini shilibdi. Endi har kuni koʻzoynagini peshonasi ostiga qoʻndirib, koʻrpa-koʻrpacha qavish bilan ovora.

Bizning ham koʻnglimiz osmon, enam uyimizda uzoqroq qoladigan boʻldi:

– Bor boʻling, boshimdagi davlatim!

 

Faxriddin HAYITOV

 

“Ijod olami”, 2017–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.