Do‘stlik mehri

0
12
marta ko‘rilgan.
G‘afur G‘ulom

Dadam bilan Sobir Abdullaning do‘stligi dadam Qo‘qon, Andijon va Namanganda bo‘lib, “Mushtum” jurnali va “Kambag‘al dehqon” gazetalariga ocherk, hikoya, felyetonlar yozib yurgan vaqtlarda boshlangan.

Sobir Abdulla Qo‘qon shahridan Farg‘onaga ko‘chadi. Shoirning hujrasi vodiylik ijodkorlarning diydorxonasiga aylanadi. Dadam bu gurunglarda ko‘p qatnashgani haqida o‘sha yerlik adiblar esdaliklarida yozishgan. Dadam va Sobir Abdulla, vodiylik Boqiy, Mahjuriy, Anisiy, Habibiy va boshqa ijodkorlar bilan 30-yillar oxiri va 40-yillar boshlarida Alisher Navoiy yubileyi munosabati bilan tashkil etilgan qo‘mitada birga ishlashgani paytda bu do‘stlik yanada mustahkamlangan.

Sobir Abdulla Toshkentga ko‘chib kelganidan keyin ularning og‘aynigarchiligi oilaviy do‘stlikka aylangan. Saodat xola (Sobir Abdullaning ayoli) xushfe’l, dimog‘ida gapirganigami, xuddi erkalanayotganga o‘xshardi. Xushbichimliklari uchun ham pardoz-andoz, kiyimlari juda yarashardi.

Sobir aka kamsuqum, kamtar, ko‘ngilga tegmaydigan tarzda gapirardi. Hazil, qiziqchilik qilganida iymangandek bo‘lib turardi.

Sobir akaning “Tohir va Zuhra “pyesasi yoki “Mavlono Muqimiy” asarlariga yozilgan she’rlarini biznikida Yunus Rajabiy, Komiljon g‘ijjakchi, Habibiy domla, dadam o‘zlaricha kuyga solib xirgoyi ham qilib ko‘rishardi. Ba’zan Shayxzoda domla ozarbayjoncha ashulalarni aytadigan xushovoz qo‘shiqchini udi bilan olib kelar edi. Shunda Yatim Bobojonovni ham teatrdan aytib chiqar edim. Dadamning Sobir Abdullaga yozgan “qorxat”larini o‘qimagan odam yo‘qdir. Dadamning vafotlaridan so‘ng Sobir Abdulla xotirlab “Navqiron yillar, oltin satrlar…” maqolasida shunday yozgan: “1945 yilning noyabri, birinchi qor, qor yoqqan kun o‘z ijodiy xonamda yozuv-chizuv bilan mashg‘ul edim, eshik qoqib, yosh adib, shoirlardan Turob To‘la va Said Ahmad hamda yana ikki yigit kelib qolishdi, boshim ko‘kka yetdi. Ammo yigitlar uzoq o‘tirmay qo‘zg‘aldilar va oramizga andak uzoqlik tushib, ko‘pdan beri ko‘rishmagan G‘afur akadan “elchi” bo‘lib kelganlarini, ertaga unikiga borishimni iltimos qilib, chiqib ketdi. Oradan bir soat chamasi fursat o‘tar-o‘tmas G‘afur G‘ulom telefon qilib, jiddiy ohangda meni birinchi qor bilan qutlab, orqasidan shu so‘zni ilova qildi: “Juda soddasan, do‘stim! Sening shu samimiyligingni yaxshi ko‘raman! Kitob javoningdagi Fuzuliy bayozining orasidan qorxatni olib o‘qi!

Fuzuliy qo‘lyozma bayozini ochsam, orasidan shu qorxat topildi:

QORXAT

Qo‘lingizda yarqirab turgan bu xat – qorxat, ukam,
Qo‘lga tushdingiz, ilojsiz, belni bog‘laysiz mahkam.

Bisti panjum yig‘ilurmiz ulfati chor, o‘rgilay,
Harnaki topgan – tayangan bo‘lsa nochor, o‘rgilay.

O‘n qadoq go‘sht, bir qazi – toshkentcha “norin”, deydilar,
Qo‘lga tushgach, xoh ranji, xoh og‘rin, deydilar.

Issiq uyda siz mulozim, biz tarallo qilgumiz,
Miyani qo‘lga qoqib berguncha yallo qilg‘umiz.

Voqean, yoddan chiqay debdir talabning tantisi,
Yaxna go‘sht, yaproq qazi – zakuskamizning mantisi.

Kim kelur erkan desangiz: saqlabon eski udum,
Men bo‘lurman, mavlaviy Shayx, mulla Uyg‘uni fo‘rum.

Yoz ham o‘tdi, kuz ham o‘tdi, qorga cho‘mdi bog‘lar,
Bog‘ingizdan bir g‘ujum ham totmadi o‘rtog‘lar.

Sobiro, tan ber o‘zing ham, biz kabi mehmon qani,
Bormi insofing, oromizda ushlagan non qani?

Balki bu suhbat arosida yechilgusi tugun…
Xullasi, man yarg‘abu bo‘lsin ziyofatlar to‘kun,

deb G‘afur G‘ulom.
Qo‘lga tushsam javobgarman, dab qo‘lim qo‘ydim.
1364 muqobil ro‘zi jum’a birinchi qurbon

(1945 yil 16 noyabr)

Qoidaga muvofiq shu bilan kamina qo‘lga tushdi hisoblanib, shu kuniyoq taklifnoma yozishga kirishdim.

“Badri Shoshiy soniy, zamon adabiyotining shirin lisoni, suhbatning joni, do‘stlarning mehriboni, “Mashrablar qissasi”ning qahramoni latifago‘ylarning xazinayu koni, ya’ni birodarim G‘afur G‘ulomiy qorxatiga muvofiq

TAKLIFNOMA

Assalom ey do‘stu qadrdon G‘afur,
Faylasuf hoziqu Luqmon G‘afur!
Haftalar o‘tdi, o‘zim chiqmadim.
Sig‘maganim joyga boshim tiqmadim.
Maqsad o‘lib, do‘stlarimni bir ko‘rish.
Bir chaqirib boshlaridan o‘rgilish.
O‘ylaganing bo‘lsaki: “Qilgan aroz!…”
Men kimu men sizga qilib bunda noz!
Yolg‘iz o‘tib har kunimu har kecham,
Ahli ayol ila munavvar kecham.
Gulshan ila bo‘lsa guliston chaman,
Ravshan etib ravshani shirin zaqan.
Suv kabi bir umr o‘tar shu qiyos,
Qisqa qilib so‘zni, qilay iltimos.
Istasangiz kulbaga mehmon bo‘lish,
Do‘stu qadrdon taniga jon bo‘lish:
Qazi, uzum, mantiyu, yog‘liq patir
Yo‘qlasa kim-kimni qadr o‘rnatar!
Soqiyo suhbat mayiga, qachon bir qonaman
Ulfatiy hamjins istab har kecha to‘lg‘onaman.

Hurmat bilan mezbon: Sobir Abdulla

1945 yil 17 noyabr”.

Aytish kerakki, bu ikki qadrdon bir-birlariga ko‘plab xatlar yozgan, she’rlar bag‘ishlagan. Ko‘plab do‘stlar bilan yozishgan mushoiralari, she’rlari ajoyib o‘xshatishlar, samimiy do‘stlik hazillariga to‘lib-toshgan. Dadam vafotidan keyin ham Sobir aka do‘stini qo‘msab uyimizga kelib, ayam bilan uzoq suhbatlashib, dadamning xislatlaridan gapirar, “Do‘stimdek odam endi yo‘q, men uchun olam bo‘shab qolgandek, singlim bizga chidam bersin”, derdi har kelganlarida.

 

OLMOS,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.