Domla

0
189
marta koʻrilgan.

U kishim galstuk taqib, kostyum-shimda yurmaydi, lekin domlalarga xos katta koʻzoynakni burniga qoʻndirib, zambilday zil portfelni koʻtarib, oʻng tomonga xiyol egilib yuradi. Koʻylagining old choʻntagida taroqchasi boʻladi. Suhbatdoshi bilan gaplasha-gaplasha, ahyon-ahyonda oʻsha taroqcha bilan sochini bir tomonga silliq tarab qoʻyadi. Yaqinlarini koʻngilga tegmaydigan-u, lekin yuki juda ogʻir laqablar bilan chaqiradi. Bu chorlovdan sergak tortasan, oʻzingni tuzatishga kirishasan. Oʻshanday “unvon” olganlardan biri men – Mulla Sevara. Har gal xonasidan yo bir savolga javob topolmay, “Shoirmisan?” va yo yonidagi suhbatdoshiga: “Bu kishim – ustoz, biz – shogird” qabilidagi dakkiyu pisandalarni eshitib, qizarib-boʻzarib, mulzam boʻlib chiqaman. Ammo bu safar…

Vaqt peshindan oqqanda, domlaning ish vaqti – soat uch-toʻrtlarga qarab “Maʼrifat” gazetasi tahririyatiga bordim. Eshikni taqillatib kirishim bilan quyuq soʻrashib, gʻaladonlarini titkilay ketdi. Odatdagi “teshikquloq”likka ul-bul boʻlsa kerak-da, deb taxmin qilib oʻtiribman. Titkilay-titkilay, qappaygan bir papkani oldi. Ustiga “Sevara” deb yozilgan. Talabaligimdan beri chiqarilmagan, “chiqarib boʻlmaydigan” materiallarim yigʻilgan jild. Ichidan bir varaqni tanladi-yu, bolalarcha soddalik bilan, xuddi hayitlik berayotgandek suyunib menga tutqazdi. “Qara, esingdami?”. Sakkiz yil avval, birinchi kurs paytimda saralangan guruhga oʻtish uchun yozilgan insho. Nima ekan, debman. “Domla, nega saqlab yuribsiz? Bu axir tutantiriqqayam yaramaydi-ku!”. “Olib ketasanmi?” – qandaydir ilinj bilan soʻradi domla. “Nima qilaman buni? Kerak emas!” dedim behafsalalik bilan. “Senga kerak boʻlmasa, menga kerak! Ber bu yoqqa!” – domlaning jahli chiqqanini kech tushundim. Yoshiga yarashmaydigan chaqqonlik bilan varaqni papkaga solib, yana qayta gʻaladoniga tashlab qoʻydi-da, jahlini sezdirmaslikka urinib: “Xoʻsh, nimaga kelding?” dedi. “Domlaning xayoli oʻzida emas, shekilli?” degan fikr lop etib miyamdan oʻtdi-yu, “Oʻzingiz chaqirdingiz-ku! Joan Didionning essesi boʻyicha”, deya mingʻirlagan boʻldim. “Ma, oʻqi!” deb stoli ustidagi esseni qoʻlimga tutqazdi. “Sevarajon, qimmatli vaqtingni bekorga sovuribsan” degan yozuvga koʻzim tushdi. Tuyqus alamim keldi. “Mayli, boʻlmasa boʻlmapti-da. Men ketdim, domla”, deb, ustozning soʻziniyam eshitmay chiqib ketdim.

Barcha sezimlar koʻngildan chiqadiku-ya, eng ogʻiri – ogʻriq boʻlsa kerak. Vujuding selday oqadi, dunyoi dun oʻsha ogʻriqqa sigʻmay toshayotgandek tuyulaveradi. Dardi dunyong qorongʻi tortib, tongni qayta koʻrmaydigandek boʻlaverasan. Axir, bu ogʻriq faqat oʻzingda emas, boshqa insonda ham kechayotganini sezib turasan-da. Men bugun domlaning koʻngliga oʻsha ogʻriqni solib qoʻydim. Necha yildan beri asrab-avaylab kelayotgani shu bir parcha qogʻozni gʻijimlab uloqtirganday mehri va sevinchini koʻz oʻngida oyogʻim bilan tepkilab tashladim. Yoʻl-yoʻlakay xotiralar lip-lip oʻtaverdi.

2008 yil. Bahor. Darsga borsam, ikki-uch kursdoshim birin-ketin: “Sizni Mahmud Saʼdiy qidirayapti, borib uchrar ekansiz”, deyishdi. Birinchi marta eshitayotganim bu odamning kim ekanini tushunib-tushunmay: “Qayoqqa boraman?” deb soʻradim hayron boʻlib. “Maʼrifat” gazetasiga boring. Oʻsha yerda ishlaydilar. Boʻlim muharriri”. U binoni topib borgunimcha ham bir-ikkita yuqori kurs talabalarining: “Siz Sevara Alijonovamisiz? Domla sizni maqtadilar”; “Qaysi domla maqtaydi?”; “Mahmud Saʼdiy”, degan soʻzlaridan hayratim yana oshib, iymanibgina notanish eshikni taqillatdim. Ichkaridagi oq aralash sochi bir tomonga silliq taralgan, yelkasi xiyol egik, oltmish yoshlar atrofidagi kishi bugungidek tabassum bilan “Sevaramisan?” dedi…

“… Kelganingda quruq kelmay, u-bu narsa yozib kel”. Mana, necha yildirki, ketar oldi shu gapni eshitaman. Bir kuni: “Eh, domla, domla, shu-uncha yozdim, baribir chiqarmaysiz-ku”, deya oʻpka-gina qilgan boʻldim. “Nima yozsang, yoz. Chiqsa-chiqmasa, yoz! Keyin chiqmayapti, deb araz-gina qilma. Ana, 80-yillari bittasi “Shajarai turk” haqida maqola bergandi. Koʻchirmalari xato boʻlgani uchun bosilmay yotdi. Oʻn besh yilcha vaqt oʻtib kitob chiqdi. Iqtiboslarini tekshirib, keyin eʼlon qildim. Senga hali uncha boʻlmadi, shekilli?!” – domla qitmirligini boshlaydi… Kimning qachon, nima haqda yozganidan oʻsha paytda nima deganigacha esida turadi bu kishimning. Mahmud Saʼdiy deganlari shunaqa odam.

…koʻp oʻqiydi. Oʻqimagani yoʻq hisobi. Lekin yilda yo bir, yo ikki qogʻoz qoralaydi, xolos. Men domlaning bu ishini koʻp oʻqishning kasriga yoʻyardim. Bunday odamning oʻziga, soʻziga talabi nihoyat darajada baland boʻlsa kerak, deb bilardim. Lekin he-yech shu savolni berishga jazm etolmasdim. Nimagadir domlani ayagim kelardi. Koʻpyillik yarasini tirnab qoʻymayin, deb qoʻrqardim. Ammo ne boʻldi-yu, har turli davralarda Mahmud Saʼdiydan soʻz ochildi deguncha, kaltagida obdan savalangan, haq soʻzining achchiq taʼmini hanuz tuyib yurganlardan: “Bir isteʼdodni topib olib, undan “daho” yasashga urinadi”;”Qoʻlidan qancha-qancha kitob oʻtdi-yu, oʻzi bir kitob yozmadi. Mahmud Saʼdiydan nima qoladi?..” qabilidagi kinoyalarni eshitaverib, figʻonim chiqdi. Qani endi, iloji boʻlsa, oʻshalarning yoqasidan tutib: “Hamma sen kabi oʻzini oʻylayversa, sen kabi “kitobcha”sini chiqaraversa, nima boʻladi? Aybingni yashirguvchi, “kitobcha”ngni odambashara qilib kitob holiga keltiruvchi “mardikor”lar ham kerak-da!” deb yuziga aytib-aytib olsang! Zarur oʻrinlarda aytilgani aytildi ham, eshitgani eshitdi ham. Nohaqliklardan zada boʻlib, bir kuni oxiri soʻradim: “Domla, yozishingizga nima xalal beradi? Yozsangiz, ancha-muncha “yozuvchi”lardan yaxshi yozasiz-ku! Nega yozmaysiz?”. “Bir umr burch yoqamdan tutdi. Avvaliga singlim bir yarim yashar, men toʻrt yoshligimda onadan yetim qoldik. 8 yoshga oʻtganimda otamdan ayrildik. Akalik burchi sabab ofitserlik maktabiga oʻqishga kirmay Samarqanddan qishloqqa qaytib ketdim. Oʻshanda koʻnglimga qarshi bormaganimda, hozir oldingda harbiy Mahmud Saʼdinov oʻtirgan boʻlardi. Soʻng otalik, grajdanlik burchi…”. “Axir, bularning ijodga nima daxli bor?”. “Bor! Men hayotim mazmunini tahrir sanʼatidan topdim. “Guliston” jurnalida ishlab yurgan kezlarida ham, hozir ham men uchun nom chiqarish emas, ijtimoiy hayotda voqea boʻladigan maqola-material chiqarish muhim edi. Bunday maqolalar eʼlon qilish uchun muallif albatta oʻzim boʻlishim shart emas-ku, toʻgʻrimi? Odam baʼzan yozmay, fikri – tafakkuri, ijtimoiy faoliyati halol, xolis mehnati bilan ham adabiyotga xizmat qilishi mumkin. Qilgan ishlarimdan hech afsuslanmayman. Kim nima desa desin, men oʻz vazifamni, muharrirlik ishini chin koʻngildan bajardim. Muharrirlikning oʻzi bir umrga yetgulik kasb”.

Yoshligidan Makarenkoni qoʻldan qoʻymay oʻqigan Domlaning qulogʻiga ilk ustozining soʻzlari qoʻrgʻoshinday quyilib qolgan ekanmi, deyman: “Burch – odamlarga yaxshilik sogʻinish. Oldin ularning yaxshi tomonlarini koʻr, nuqsonlari sekin chiqib kelaveradi”. Soʻzi keskir boʻlsa ham, hech bu kishining birovga yomonlik tilaganini eslolmadim.

…talabalikning uchinchi kursida domla “Tahrir sanʼati” fanidan darsga kira boshladi. Bu kishimga bitta tinglovchi ham kifoya edi. Shu sababmi, auditoriyaning “diplomsevar” qismi uyqusirab oʻtirardi. Domla tahrir sanʼatidan gapira-gapira, mutolaa sanʼati, hayot sanʼati kabi boshqa sanʼatlarga oʻtib ketardi-da. Mahmud Saʼdiy auditoriyada boshqa odam, tahririyatda butkul boshqa odamga aylanardi. Domlaning koʻp shogirdlari aynan tahririyatda savod chiqargan. Uni hamon yoʻqlaguvchilar koʻp. Bu insonni uchratib, Vatanga, oilaga, ustozga sadoqat tushunchalari bilan birga, shogirdga sadoqat tuygʻusini ham angladim. Domla shogirdlariga juda sadoqatli. Ammo, afsuski, koʻplari mendayin bu sadoqatning qadriga yetavermaydi… Domlaning shu qadar fidoyiligi, jonkuyarligidan baʼzan jahlim ham chiqib ketadi. “Domla, sizga nima zaril? Oʻzizni ham oʻylasangiz-chi!” deganimga beparvo: “Hey, mayli”, deb qoʻl siltab qoʻyadi. “Bu odam boshqacha yasholmaydi!” deb xayolimdan oʻtkazaman qarab turib.

…bu kishimga Yaratgan didni balandroq qilib bergan. Shu sababmi, uncha-muncha maqtalgan asarlar ham yoqavermaydi, uncha-muncha odam ham… “Domla, sizga oʻzi inson zoti yoqadimi?” deyman, hali uni oʻpoq, hali buni soʻpoq deyishlaridan xunob boʻlib. “Yoqadi, yoqadi, odam boʻlsa yoqadi-da! Mana, Maqsud Shayxzoda, Asqad Muxtor, Matyoqub Qoʻshjonov…” deb sanay ketadi. Oxirida savolimdan ogʻrinibmi, iymanibmi, “Ularning adabiyotni tanlaganlarining oʻzi – adabiyotga xizmat. Shunisi uchun ham hurmat qilsang, arziydi”, deya qoʻshib qoʻyadi. Domlaning har kimni ham tan olavermasligidan hayron boʻlaman-da, sababini mutolaadan keyi-in tushunib yetaman. Koʻpincha domlaning haq ekaniga, xolis ekaniga amin boʻlaman.

…Mahmud Saʼdiy tarjimasidagi Jan Koktoning “Inson ovozi” monodramasini eslayman. Aslida, oʻsha yolgʻizlik iskanjasida yashayotgan qahramon, qaysidir jihatlari bilan Mahmud Saʼdiyga oʻxshab ketadi. U bejiz bu asarni tanlamadi tarjima uchun. Unda oʻziniyam koʻrdi, unda oʻzini topdi, unda yashadi…

…bir umr rost gapirib keladi. Yolgʻonni tan olmadi, yolgʻon gapirolmadi. Qorani oq deyolmadi. Shuning uchun mashaqqatli kunlari ham koʻp boʻldi. Hammasi tilidan, feʼlidan. Ammo adabiyotni deb ekskavatorini tashlab kelgan bu kishimning vijdoni oldida hamisha yuzi yorugʻ boʻldi.

…”Sen menga oʻxshama! Menga oʻxshab oʻz ishingni orqaga tashlama!” Bu tilakning ortida ogʻriq, iztirob va umid qorishib ketgan. U bir ota kabi shogirdlarining orzulariga qanot bagʻishlaydigan, oʻz xatolarining ularda takrorlanmasligini istaydigan, yosh koʻngillarni har xil koʻrguliklardan asrashga urinadigan USTOZ!..

Eslayapman-u, koʻzimdan tirqirab yosh chiqib ketayapti. Yaxshilik jazosiz qolmaydi, deb goh piching qilasiz. Mana, domlajon, menga qilgan yaxshiliklaringizning jazosini tortavering. Siz istagan “daho” boʻlolmadim, ishonchingizni oqlolmadim, umidingizni yana necha shogirdlaringiz qatori soʻndirdim-qoʻydim.

Domla oʻsha kungi soʻzlarimdan yaxshigina ranjigan ekan. Anchagacha qoʻngʻiroq qilmadi, yoʻqlamadi. Boshqa shogirdlari “Domla sizni soʻradilar”, deb aytib turishdi. Men oʻzimni kechirolmay yurgan bir pallada, Mahmud Saʼdiydek inson yosh bir qizning taqdiri, qalami borasida tinimsiz boxabar boʻlib turishi battar vijdon azobiga solmaydimi!

Domla, mehringiz, jonkuyarligingiz va rostgoʻyligingiz qarshisida taʼzimdaman! Sizdan kitob qolmasa, maktab qoladi!

 


Sevara ALIJONOVA

 

1991 yili tugʻilgan.

Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlagan.

Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan. “Yoz kechasi” (Night of summer) sheʼriy kitobi oʻzbek va ingliz tillarida nashr etilgan.

 

“Yoshlik”, 2016 yil 7-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.