Diydor chogʻi baxtlimiz…

0
48
marta koʻrilgan.

Vafoga

Dilga ishqni soldi ming shukur, ey pok qalbli – koʻzni yoshladim, ifodaga quvvat bersin Haq, Olloh nomi bilan bosh­ladim…

Yurak bilan majlis etdi til, ilkim toʻla nomunosib had, ochun ichra eng munavvar yuz – salomimga bering ijozat. Sukutlandi hajr kuylari, bu muhabbat faqat bizga xos, dilimdagi tutqun soʻzlarni, qalam bila etaman xalos. Jurʼatsizlik – eshik ogʻasi, isyon etsam qayraydi tigʻlar. Yuragimning olis yerida, sizsiz qolgan bir maʼvo yigʻlar. Uygʻotdingiz sogʻinch-la turtib, ijodimning xas shukuhini, men tan oldim bu junun sabab, shajaramda Qaysning ruhini. Tun bagʻridan yulib oldi subh, ammo zarra topmas bundan ranj, mashaqqatim ortib tobora, dilda urdi tuygʻularim mavj. Ufqqa qadar yetib afgʻonim, boʻgʻzim boʻldi kuysiragan nay, hij­ron sabab tunda uyquim – bedorlikka yopinsa netay? Vasf etishga chogʻlandim, alhol, hadik qayta etadi hujum, madhi­ngizning qoshida dilxush – shevalandi ijodkor burjim. Siz tufayli dudim muattar, siz tufayli qalamim dadil, falak mujgonidan his tomib, barcha sharor boʻlmish moʻtadil. Faromushman, ey mehri anvar, yetkaymu deb taʼrifga tobim, iymonimning beliga quvvat, bu muhabbat– mening mehrobim…

Dilgir kezdim soʻz sahrosini, bir xushohang nutq istab besar, inʼom asli oshiqlik uchun, hajrlarni soʻzsizlik bezar. Ammo tartib berdim ijroga, oq varaqning andishasiman, Layli sogʻinchida oh urgan – ul Majnunning may shishasiman. Daraxtimda tozarib koʻklam, humo xasdan savat toʻqiydi, sizni desam, sizni oʻylasam, hurlar koʻkda oyat oʻqiydi.

Yo rab, zarra eʼtibor etib, baxt ilmiga hakam qildingiz, siz tufayli tanidim oʻzni, belbogʻimni mahkam qildingiz. Zinalardan hatladim jadal, hunar boʻldi qoʻlim ezgusi, bu maktubmas, oʻtli sevgimning – yuragimga tutgan koʻzgusi. Izzatimda sezib nihoya, fikr bila men sizga yetdim, husningizning bir misqolini vasf qilmoq uchun mayl etdim…

Sochlaringiz yaldo tunidek, tarhi – yoʻl ruh kamalagiga, bu jonimni ming boʻlak etib, ilib chiqdim jamalagiga. Iforlari… o-o qanday maʼsum, mushkka boʻyar dimogʻim qaʼrin, hushim uchub sarxushman, sarxush, bu sumandir.. yoʻq bu nastarin! Barmoqlarim taroqlanadi, yecholmayman qulflaringizni, jon oviga ishtirok uchun, soʻng otasiz zulflaringizni. Har tolasin jonimga ulab, ming zahmatda rishta tutashdi, basir boʻlib, masrur barmoqlar – sochlaringiz aro adashdi…

Ikki yoydek tarang tortilmish, sayd shahdida bul kamon qoshlar, boʻsa yozsam manglayingizga, lab­larimni mayin taroshlar. Bu qosh emas arabiy sipoh, qora rido ichra berkingan, ikki sipoh oraligʻida, magʻrurligim yengilgan, singan. Alar yana oshirur qayta, manglayingiz rang yolqinini, goh ochadir ishora lutfin, goh toʻsadir soch toʻlqinini. Asir oldi bir hamla birla, tan ruhini arabiy sipoh, ojiz qoldim muhorabada, oxiridan emasman ogoh…

Yuzingizda munavvar gʻavgʻo, gulzor etar charbogʻingizni, ojiz tilak – silasam edi, koʻz libosi – qabogʻingizni. Bul qaboqmas – mening qalqonim, saqlagaydir, magar nazar – nish, Qoshdan zaha olgan jonimni – shu maʼvoda qilgum parvarish…

Bul kipriklar – taroq ruhimga, taroq emas – gavharning sochi, yoʻq, soch emas – nayzadur qattol, nayza emas – gulning ogʻochi… Har harakat jonimga zavol, mulkim taroj, azob aylanib, koʻksim nishon etar sarosar, nayza uchi battar qayralib. Bu buloqning boʻyida oʻsgan, qora qamish kabi tutgan qad, lablarimni tirnasin desam, tirnaydiyu battar etar rad…

Bir gʻofilman, itob etmangiz, mazlumlarga zulmdan qayting, koʻzingizga choʻkib ketar togʻ, togʻ oldida men kimman ayting? Bu zilollik ufurgan nigoh, aʼmolimga ishqni bitgusi, chashmingizdan toʻkilgan har nur, men osiyni orif etgusi. Shavq ilhomda buyuk musavvir, sizga etmish uni inoyat, miskin istioram, tashbehim, taʼrifida ojizman gʻoyat…

Bu chiroydin uftonur samo, dilda ortar shirin qiynoqlar, savdoyilik keltirar menga – argʻuvonrang, anor yonoqlar. To qiyomat oshufta boʻldim, hanuz illo izhorim toygʻoq, bir dilbarsiz, tengsiz muattar, yanogʻida yalpizlar uygʻoq. Gʻussam ortar bu yanoq uzra, zarra sizsa koʻz yosh yoxud ashk, kimsa, mayli, hatto quyoshdin, rashk qilaman uni rashk, rashk! Rashk!..

Ishq nihoya topgusi oxir, Isrofilning yangrasa suri, lablari­ngiz – ikki qizil oy, kunjagida anbar sururi. Yo rab, oʻzing ulugʻsan, chevar, bu yuz uzra etding alvon naqsh. Bir tashnaman, meshim teshilgan, dudogʻingiz buncha hayotbaxsh. Ayvonida muchchalar uxlar va tengsizdir bol borasida, mening umrim sizga boʻlsin sarf, mening umrim – lab orasida…

Ey dilimga zumurrad qadab, ozorimga uygʻotguvchi xavf, gʻazabimni mayinlab tamom, bor aybimni etguvchi soʻng afv, ey quvvatim asosi boʻlgan, ishonch ustunining ogʻochi, taqvoimni munavvar etgan, sukutimni tanho tilmochi, ey tunimni etguchi shinam, saharimda zuhalu choʻlpon, gir aylangan charxfalak ichra ostonamda toʻxtagan karvon, ey sabrni ipakdek iylab, rishta etgan farah manzilga, mening uchun bor azobini asror etgan, yashirgan dilga, ey shodlikni ixtiro etib, sochib yurgan kulguim­ga xush, uyqumda-da vaslini hadya etgan menga – yoʻqolmagan tush, ey taqdirning xanjarlarini oʻtmas qilgan qalqoni ila, osudamga uyqusi badal, sevinchidan baxtim hosila, ey mumkinlik ichra surinib, girdobimga langar tashlagan, zulmatimga bir ziyo boʻlib, meni nurli yoʻlga boshlagan, ey mubtalo, savdoi jonni inson etgan mehvari akmal, bor tortinchoq ilinjlarimni iddaosiz etguvchi amal, ey anduhning majlisi ichra chorlab olgan subhning sabosi, vujudimning har ogʻrigʻiga mehrigiyo kabi davosi, ey ishqimning haqli egasi, inʼom etgan diydor panohni, mening uchun rukuga borib, mening uchun sevgan Ollohni, ey men uchun yaratilgan ruh, har bir onim, kunduzim tunim, ikki dunyo ichra yakto jon – suyukligim umr mazmunim!

Magar loyiq etsangiz nuqra, diydor mulkdin eting iltifot, bir bandani yorugʻ dunyoda, savob asli etmoqlik-da shod. Oʻzi­ngizni asrab ochunda hech gʻussaga bermang ixtiyor, boʻston ichra sizni tanladim, siz etasiz meni baxtiyor. Sizni ijod etib mukammal, umringizga suyanchu azim, qarzdorman ming bir eʼzozga, onangizga tavoze taʼzim. Yaratguvchi koʻngilga solib, muhabbatli etsin ikkimiz, to umrimning poyonigacha tutashsinlar dilu ilkimiz.

Maʼzur eting agar nomamda, zarra bir malollik tuysangiz bexos, barcha tuygʻu tonglar kabi sof, barcha soʻzim umrim kabi rost. Soʻz topmadim, ifodam gʻaliz, sizda xislat bisyordir yorugʻ, xayolingiz malham hajrga, meni gʻamdan etadi forigʻ. Iztirobsiz lahzalar aro tizayapman maktub nasrini, tiklaydurman binokor boʻlib yuragimda vafo qasrini. Ehtimolki bu nutqim sayoz, hali nurga ilhaqdir gʻoya. Axir ishqda bormidir yakun, sogʻinchlarda bormi nihoya? Farahliman, baxshida etdim hayotimni muqaddas hisga, dunyodagi hammadan goʻzal, mening uchun eng aziz qizga. Sogʻinaman! Koʻp sogʻinaman!

…bu tigʻ bilan solmang dilga iz. Nurli kunga yetaylik oxir, faqat – DIYDOR ChOGʻI BAXTLIMIZ…

 

Abdulazizxon AKRAMOV

 

“Ijod olami”, 2018/2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.