Dilda doim Vatan mehri bor

0
141
marta koʻrilgan.

Yoshi saksondan oshgan otam xastalanib, ancha vaqt koʻchaga chiqolmay qoldilar. Avvallari bir qadam tuyulgan Marhamatdan Fargʻonagacha yoʻl, endi unga ogʻirlik qilardi. Dard – mehmon, shukrki, padari buzrukvorimiz yana oyoqqa turib ketdilar. Bu orada suvdek oqib oʻtgan qisqagina vaqt qadrdon manzillarda qanday oʻzgarishlar yasaganidan bexabar, sogʻayishi bilan biznikiga otlanibdilar. Shaharga kirib kelgach esa, bir muddat ikkilanib, nahotki adashib boshqa mashinaga oʻtirgan boʻlsam, degan xavotirga tushibdilar. Soʻng haydovchidan: “Bolam, qayerga keldik? Shu rostdanam oʻzimizning Fargʻonami?” – deb qayta-qayta soʻrabdilar.

– Otaxon, anchadan buyon biz tomonlarga kelmabsiz shekilli, – kulib debdi haydovchi. – Juda katta ishlar boʻlgan, vaqti kelsa oʻzimiz ham adashib qolyapmiz. Bu – yangi Fargʻona!

Otamni shohbekatda kutib olar ekanmiz, uni tetik, xushnud koʻrib juda quvondik. Keyin esa markazdan to uyimizgacha hayratu tasannolaridan koʻnglimiz togʻdek yuksalib keldik. Yoʻl boʻyi bunyodkor xalqimiz, shunday yuksak yangilanishlarga rahnamo boʻlgan ulugʻ Yurtboshini duo qildilar.

– Buni qaranglara-a, xuddi yuz yil toʻshakka mixlanib yotganmanu, koʻzimni ochib yangi davrga tushib qolgandekman, – deydilar mashina oynasidan suqlanib atrofga qarab. – Shahar chinnidek yaraqlab ketibdi-ya! Yoʻllarni qarang, oynadek tekis. Kengligini-chi, xuddi Toshkanning yoʻllariga oʻxshaydi. Baxtlaringdan aylanay, bolalarim, biz bunaqa sharoitni tushimizda ham koʻrmaganmiz. Hurriyat degani shu-da!

Uning hayajon balqqan nuroniy yuzi, quvonchdan nam tortgan koʻzlariga qarab, shahrimiz, demakki, oʻz hayotimizda roʻy bergan ajoyib oʻzgarishlarni yanada teranroq his etdik. Rostdan ham, koʻz oʻngimizda sodir boʻlgan bunyodkorlikka hatto oʻzimiz hamon qarab toʻymayotgan ekanmiz, chetdan kelgan odamga naq afsona boʻlib tuyulsa, ne ajab!

Vaqt yugurik, deydilar. Haq gap. Uning shiddatkor qudrati oxirgi uch-toʻrt yil ichida biz fargʻonaliklarga bor boʻy-basti bilan namoyon boʻldi. Oʻzbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovning “Fargʻona shahrining bosh rejasini amalga oshirish, 2012–2015 yillarda ijtimoiy va transport-kommunal infratuzilmasi obʼyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori vodiy durdonasi tarixida yangi sahifani ochib berdi. Butun viloyatda roʻy bergan oʻzgarish, yangilanishlarni aytib ado qilib boʻlmaydi, chunki bunyodkorlik ishlari hanuz davom etyapti. Fargʻonamizning shaharu qishloqlarida esayotgan taraqqiyot epkinlari zumrad goʻshani turgʻunlik gʻuborlaridan batamom forigʻ qilmoqda. Mazkur qarorga koʻra Fargʻona shahrida 1,5 trillion soʻmlik qurilish-obodonlashtirish ishlari bajarilganligining oʻziyoq, viloyatimiz bosh kenti meʼmorchiligi va infratuzilmasida nechogʻliq ulkan oʻzgarishlar roʻyobga chiqarilganiga dalildir.

Ha, shahrimizda yangiliklar koʻp va xoʻb. Yoshini yashab, davr shiddati qarshisida ojizu lol qotib qolgan imoratlar oʻrnida zamonaviy turar-joy binolari, mahobatli inshootlar qad koʻtardi, saqlanib qolgan binolar tubdan taʼmirlandi. Yoʻllar kengaytirilib, yangilari barpo qilindi. Savdo majmualari, xiyobonlar – qoʻyingki, shaharning har qarichi yangicha chiroy, ohor kasb etdi. Goʻzal kent husniga xoldek yarashib tushgan 1000 oʻrinli viloyat Teatr-konsert saroyi, 20 ming oʻrinli “Istiqlol” stadioni, 500 oʻrinli Lazer-shouli amfiteatr, 4ta yoritqichli musiqali favvoralar, yangi attraksionlar, bolalar xiyobonlari – bularning hammasi fargʻonaliklar uchun katta tuhfa, mustaqil yurtimizning buyuk kelajagiga boʻlgan ishonchni yanada mustahkamlaguvchi, Vatan ravnaqi yoʻlida belni mahkam bogʻlab mehnat qilishga safarbar etuvchi hayotbaxsh omil boʻldi. Shahar ahliga estetik zavq bagʻishlovchi yangi maʼmuriy-madaniy markazlar shakllantirilishi bilan birga, ekologik muhitni yaxshilash maqsadida eʼtiborga molik ishlar bajarildi. Avvalo, faoliyati davomida havoni ifloslantirib turgan “Fargʻonayogʻmoy”, “Fargʻonagazapparat” korxonalari, furan birikmalari zavodi shahar tashqarisiga koʻchirildi. Koʻrinishdan salobatli, ammo ichdan nurab turgan keksa daraxtlar oʻz oʻrnini nabototning noyob turlariga boʻshatib berdi: keng koʻchalar, yangi xiyobonu istirohat maskanlariga umrboqiy, husni va tarovati jihatidan nodir, havoni tozalash xususiyati benazir boʻlgan kashtan, dub, yapon saforasi kabi daraxt va butalarning 30 mingdan ortiq koʻchatlari oʻtqazildi, noyob gul turlari keltirilib, jami borliq ranglari mujassam boʻlgan gulzorlar barpo qilindi.

…Yoʻl charchogʻi chiqqach, ertasi kuni otamni shahar aylantirdik. Nazarimda, xuddi boladek quvnab, dili yayrab istirohat qildilar. Ayniqsa, Prezidentimiz taʼbirlari bilan “Kashtanzor koʻchasi” deb atalgan xiyobondan borar ekanmiz, ajib mutanosiblik ila saf tortgan, hali yosh, lekin serviqor, ildizlari yer bilan “el boʻlib” ketgan nihollarni koʻrib, ushbu ekzotik daraxt turi bilan astoydil qiziqib qoldilar. Yer yuzidagi eng chiroyli manzarali daraxtlar sirasiga kiruvchi bu azamatning boʻyi 25-30 metr, yoshi 250-300 yilgacha borishi haqida aytgandik, “Zap oromijon bogʻ boʻlar ekan-da! – deya, faxr bilan eʼtirof qildilar. – Yurtimizning tuprogʻi oltin, odamlarining qoʻli gul-da!”.

Darhaqiqat, jannatmakon bu zaminda qaysi noyob daraxt yoki gul turi oʻsmaydi, deysiz. Shu koʻchaning oʻzida yana bir nechta – drob, magnoliya, lola daraxti kabi xushmanzara butalar barq urib rivojlanyapti. Kashtanzor alleyasining yana bir necha yildan keyingi kamolini koʻz oldingizga keltiring-a! Bugun Fargʻonajonning bebaho tuprogʻida oʻsib-unayotgan har bir niholda ana shunday yuksak iftixor, shirin orzu-umidlarimiz boʻy choʻzayotir.

Oqshom payti oila davrasida uzoq suhbat qurdik. Padarimiz hayratlarining adogʻi yoʻq, shukronasi cheksiz edi. Va shu asnoda beixtiyor oʻz bolaligini esladi.

– Bizning zamonda bunaqa pishiq-puxta imoratlar qayoqda edi, – deb hikoya boshladilar. – Uyimiz guvaladan qurilgan, loysuvogʻi koʻchib ketgan joylarda teshiklar paydo boʻlardi. Sandalga biqinib olib, tashqarida qor yogʻishini bemalol kuzatib oʻtirgan kunlarimiz boʻlgan… Otadan barvaqt yetim qolganmiz, onamning esa teshik yamashga vaqti yoʻq – toʻrt bolaning qursogʻi deb uzzu-kun ogʻir mehnatdan boshi chiqmaydi. Oʻshandayam toʻyib ovqat yegan paytimiz kam boʻlardi. Men koʻpincha bir xil tush koʻrardim: onam hammamizni chaqirib, oʻrtaga bir savat issiq non qoʻyib berardi… Birgina ovunchogʻim – maktab. Garchi, biz yetti-sakkiz yosh tafovut bilan bir sinfda oʻqir, fan degan gap hali yoʻq, faqat savod chiqarmoqda edik. Toʻngʻich oʻgʻilman, kun boʻyi roʻzgʻor ishlaridan boʻshamay, kechasi dars qilardim. Moychiroqni oʻchirmay uxlab qolsam, ertalab kulgili ahvolda uygʻonardik – nafas olganimizda qora dudning qurumi burun kataklarimizga oʻrnashib qolgan boʻlar edi… Eri urushdan qaytmagan oʻqituvchimiz qoʻshni tumanga turmushga chiqib ketgach, oʻshagina oʻqish ham chala qolgan.

Keng va yorugʻ, jahon andozalariga mos taʼlim dargohlaridan uchirma boʻlgan bolalarim otamning hikoyalarini ertak eshitgandek berilib tinglashadi. Men esam, bu “ertak”lar zamirida qancha mashaqqatlar borligini yaxshi bilaman. Bir chetidan oʻzim ham totganman: qishlogʻimizdagi maktab oddiygina uycha boʻlib, qish kunlari 1-3 sinflar bitta xonada qisilib oʻqirdik… Ammo odamzod hamisha olgʻa intilib, yaxshilikka ishonib yashaydi. Biz koʻrmagan roʻshnoliklar sizga nasib qilibdi deb, shukrini bisyor qilgan otamning barcha chekkan uqubatlari dorilomon kunlar shukuhidan unut boʻlgandek, yuz-koʻzida mamnuniyat jilvalanadi.

– Kecha koʻchat bozorida bir yigit bilan gaplashib qoldim, – dedilar ketar chogʻida.  – Kelasi bahor sari archalaridan olib ketaman. Qishlogʻimiz guzariga ekamiz.

Ha, istiqlolning farahbaxsh neʼmatlari, har qanday yoshda ham, kishiga bugungi kun ruhi bilan yashash uchun kuch berishi, yaratuvchanlik, bunyodkorlikka ragʻbatlantirishiga zarracha shubha yoʻq. Uzoqni koʻra bilgan dono Yurtboshimiz saʼy-harakati bilan aziz oʻlkamizni yashnatish, yanada obod qilish istagi hur diyorning har bir fuqarosi qalbida qatʼiy ahdga aylangani ham haqiqat. Atigi chorak asrlik tarixida ming yillarga tatigulik shonli yoʻlni bosib oʻtgan mustaqil mamlakatimizning yorugʻ ertasiga boʻlgan komil ishonch hamisha qalbimiz ardogʻidadir. Osmonimiz musaffo, turmushimiz osuda, Vatan mehri dilda barqaror ekan, Mustaqilligimiz abadiy boʻlgay!

 

Gulchehra ASRONOVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–10

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.