Davlat odami

0
138
marta koʻrilgan.

Buyuk Shaxslar necha asr-necha zamonlarda paydo boʻlgani misoli mening tugʻilgan yilim ham atoqli solnomachilar tomonidan alohida qayd qilinib, oltin harflar bilan bitilgan boʻlishi kerak (Yoʻgʻ-e!). Onam rahmatlining aytishiga qaraganda, argʻumoqlilar otsiz, sayidzodalar avratsiz qolgan, pokdomonlar xor, haromzodalar baxtiyor boʻlgan; beklar qulga, ulamolar bir pulga aylangan yili dunyoga kelgan ekanman. Oʻsha, 1934 yili otam quloq boʻlib, mol-mulki taroj qilinib, oʻzi hibsga olinib Jizzax turmasining “toʻri”ni egallaydilar. Onam shoʻrlik bir etak bola – Ummat, Amir, Hamza ogʻamlar, Gʻaybullo ukam va men bilan zor qaqshab qolgʻon ekan. Birgina men emas, oʻsha qirgʻin-qironli yillari tugʻilgan boʻbaklarning koʻpchiligi peshonalariga “xalq dushmani”, “yot unsur”, “boy”, “mullo”, “xoʻja”, “eshon”, “toʻra” degan tamgʻa yopishtirilgan ota-onalarining koʻzlariga bola emas, bir balo boʻlib koʻringanligini aytib oʻtmasam ham boʻlar. Darvoqe, bola ingalab tugʻilgan kuni-kunlari uylariga quvonch emas, bir qop-bir qanor qaygʻu bostirib kirgandan soʻng goʻr boʻlarmi edi.

Qishlogʻimizda mullo Xudoyqul (xudo u kishining ruhlarini shod, oxiratlarini obod qilgan boʻlsin) ismli gapga oʻta chechan bir kishi boʻlar edi. Baland boʻyli, keng yagʻrinli, bugʻdoy rangli ekanliklarini elas-elas eslayman. U kishining har bir hikmatomuz gaplari hali-hamon Sangzor-Soyboʻyida yashovchi keksa-yoshning tillaridan tushmay keladi. Shu gaplarning biri mening haqimda.

Mehmonxona-uy toʻla odamlarning gaplari kelib-kelib otam rahmatli haqida ketibdi:

– Bu diyman, Sulaymonqul nimaga, nimasiga quloq boʻldi ekan?

Bu savolga, nimaga boʻlar edi, hozir ikki kishi birov haqida guvohlik bersa boʻldi. Oldi-orqasini changallaganicha yo xalq dushmani, yo boy boʻlib ketib borayapti, deyishning oʻrniga mullo Xudoyqul uy toʻla odamni ogʻziga qaratib deydilar.

– Hali eshitganlaringizcha joʻq, shekilli. Tuman kattalariga Istalinnan “Turkiston oʻlkasining uzoq goʻshasida joylashgan Aldashmon degan qishloqda Toʻraqul ismli bola tugʻildi. Bu bola katta boʻlsa Sovet hoʻkimatining boshiga bitgan balo boʻladi. Shuning uchun darhol uni kuchukligida talashga kirishilsin. Ishni otasini quloq qilishdan boshlansin” degan mazmunda koʻrsatma kelganmish.

Odamlar hayron qolishib, yoqa ushlashib:

– Maskov qayda-yu Aldashmon qayda! Sulaymonqul qayda-yu Istalin qayda? – deya mullo Xudoyqulni savolga koʻmib tashlashadi. Mullo Xudoyqul ham yolgʻonni rostday, rostni xudo urganday qilib javob bergan boʻladi:

– Bilmaysizlarmi davlatning ming bir qulogʻi borligini. Hozir boʻlajatqan gaplarimiz ham soat oʻtmay hoʻkimatding qulogʻiga jetib boradi.

Yaxshi gapga ham, yomon gapga ham farishtalar omin, deydi deganlari rost ekan. Mullo Xudoyqulning mening haqimdagi gapi tumanga yetib borib, oradan ikki-uch kun oʻtar-oʻtmas mullo Xudoyqulning ham oyogʻini yerga tagizmay bir kechada olib ketibdilar.

Beshikli bola – bek bola. Toʻraqul beshikda beklik qilib yotibdi. Toʻrt tomoni qibla. Beshik – toj-taxti. Tuvak – davlati. Sumagi – siyosat-saltanati. Kattayu kichikning ogʻzida Toʻraqul:

– Yopiray bu bola hozirdan boshlab Istalinning nazariga tushgʻan boʻlsa! Katta boʻlsa, bir balo boʻlsa kerag-ov!

Ayniqsa, gʻirt sodda katta bobom (enamning otasi) Nurmat polvon haligi toʻqima gapga chippa-chin ishonib der ekanlar:

– Sirtlon (gidik)ning tugʻilgan kuni boʻri zoti tipirchilab qolar ekan. Bizning jovimiz-kushandamiz tugʻildi deb. Soʻng shu kundan boshlab oʻsha gidikni oʻldirishning payiga tushar ekan. Egasi sirtlon-gidikni avaylab, koʻz-quloq boʻlib turmasa, oʻldirib ham ketar ekan. Shu shekilli Toʻraqulning bir xislat, bir fazilati boʻlmasa Istalinday odamga qayoqdan maʼlum boʻla qoladi?! Mana koʻrasizlar, Toʻraquljon katta boʻlsa yo Istalinni jigʻitadi, yo Istalinning janida (yonida, demoqchi) turadigan davlat odami boʻladi. Xudo xohlasa.

Koʻrgan kunlarimiz, kechirgan tunlarimiz esa xarobdan-xarob. Ota qamoqda. Uyda hoʻkizning shoxiga ilinarli narsaning oʻzi yoʻq. Na yegulik bor, na kiygulik. Enam shoʻrlik biz yetimchalarni chirqiratib qoʻymaslik uchun kimning kigizini bilaklab, kimning urchigʻini yigirib, kimning noʻxat yo kunjutini oʻtab, qora qozonni qaynatish ilinjida qilmagan ishi qolmaydi hisob. Bizga nisbatan qulning kuni, tulning tirikchiligi – shohona. Biz uchun osmon – yiroq, yer – qattiq.

Hash-pash deguncha oradan yillar oʻtib Toʻraqul, bolalar qatori, avval toy-toy boʻladi. Soʻng esa rasmana yura boshlab, tomoq ilinjida, qorin qaygʻusida Gʻaybulla ukachasini “shatakka olib” uyma-uy keza boshlaydi. Tilanchilik qilib desa ham boʻladi. Xudodan xabari borlar taypoq tol tovoqqa bir piyola sut quyib, qotgan-kuygan non beradi. Ukachasi bilan paqqos tushirib, “salb yurishlari”ni davom ettiradi. Qay birovlar esa quloqning bolasi, deb quvib soladi.

Davlat nazoratida boʻlaturib, “davlat odami” sanala turib kishining tutuni quyuqroq chiqqan uylarga borib yurishi qiziq boʻlar ekan…

Baribir, bu davlat odami, bu davlat nazoratidagi bola, degan “martaba”-maqom mening ketimdan yaqin yillargacha soyaday ergashib kelar edi.

Endi Toʻraqulning aql tishi chiqmay turib koʻrsatgan karomatlariga chek qoʻyib, asosiy boʻladigan gaplarga oʻtsak. Enamning aytishlariga qaraganda, biz va biz singari gunohsizdan-gunohsiz kishilarning xonumonini barbod etib, yostiqlarini quritgan “sovet jonkuyarlari” urugʻ-aymogʻi yoʻq boʻlib, bironta zurriyodi ham qolmabdi. Bizga oʻxshab aziyat chekkanlar esa, baribir, bora-bora oʻzlarini oʻnglab olishib, unib-oʻsib, el qatoriga qoʻshilib ketishibdi. Shuni aytadilar-da, noni butunning nonini hech kim yarim; noni yarimning nonini hech kim butun qilolmaydi, deb.

Endi Mirzachoʻlga – Choʻli Malikka qanday kelib qolganimizni qisqagina qilib aytib oʻtmasak boʻlmas. Men tugʻilgan qishloq – hozirgi Baxmal tumanining Baxmal dahasiga qarashli, uzoq togʻ bagʻrida joylashgan Aldashmon qishlogʻi 1933 yildan boshlab avval Artel, soʻng Oʻrtoq, keyin Shirkat nomlari bilan atalib, alaloqibat Voroshilov nomli kolxozga aylantirildi. Otam turmadan chiqib kelgan kunlari kolxozning umumiy majlisi boʻlib, kolxozga bizning boshimizga ne bir qaro kunlarni solgan Suyundiq Quvondiqov degan yalangoyoq rais boʻlib saylandi. Majlis bu qishloqdan koʻchib-qochib kutilgan Qoʻziboy togʻamning hovlisida boʻldi. Uyi kolxoz idorasi. Majlisga tuman markazidan kelgan galife shimli, kitelli; kolomonko shapkali bir-ikki kishi qatnashdi. Majlis avjiga chiqqanda oʻsha kelgan kattalardan biri:

– Oʻrtoqlar, hozir sizlarning oʻrtalaringizda Sovet hukumatiga qarshi kurashgan bir toʻda kallakesar yigitlarni atrofiga toʻplab kurashgan, bosmachilarning boshligʻi Saidazim Nurmatov bilan, teskari tashviqotchi Sulaymon Sarbaland mullo Boybek oʻgʻli va boshqa yot unsurlarning qarindosh-urugʻlari oʻtiribdi. Majlisda ishtirok etayotgan kolxozchi oʻrtoqlarning taklifiga koʻra ular bu majlisdan chiqib ketishlari kerak, – deyishi bilan majlis motamga aylandi… Soʻng qarindoshlarimizning hammasi izillab, yigʻlab majlisdan chiqib ketdilar. Endi bizlar uchun yerning ustidan yerning tagi afzal boʻlib qolgan edi. Oʻz kindik qonimiz toʻkilgan tuproq haromga aylangan edi. Endi koʻch-koʻchga tushishdan boshqa chora qolmagan edi. Bir kechasi biz ham koʻchdik. Yukimiz bir eshakka yuk boʻlarlik edi. Yosh boʻlgani uchun Gʻaybulla ukamni eshakka mindirib, qolganlarimiz urinib-surinib Morguzardan oshib tong chogʻi Achchi qishlogʻiga kelib tushib, bir kishining uyida ozgina tamaddi qilib yana yoʻlga tushdik. Kun botar-botmas Jizzax tumaniga qarashli hozirgi Boʻston shahrining qibla tomonidagi Qirqsadoq qishlogʻiga kelib qoʻndik. Ota-bobolarimizning qishlov yurti. Hozir ham bu yerni Yoyilma deydilar. Jizzaxning kun chiqar tomoni. Bu – 1937 yilgi gap. Xudo bizni bu yerda ham koʻp koʻrdi. Sigʻmadik. Ikkining biridan, koʻchmanchi, musofir, degan gaplarni eshitar edik. Nihoyat, bizni bu yerdan koʻchirma xoʻjalik niqobi ostida Mirzachoʻlga surgun qildilar. U yerda bizga, borgan yerlaringizda tayyor uy-joy, bir sogʻin sigir bilan taʼminlaydilar degan edi. Bizni aravada Jizzax stansiyasiga olib keldilar. Stansiya kishiga roʻzi mahsharni eslatar edi. Odam deganingiz tumonat. Qiy-chuv. Birov yigʻlagan, birov siqtagan. Koʻchuvchilar poyezdga chiqarildi. Biz ham chiqdik. Stansiyama-stansiya, razʼyezdma-razʼyezd toʻxtay-toʻxtay uch kun deganda Velika Alekseevskiy (hozirgi Baxt) stansiyasiga keldik. Hammani shu yerda tushirdilar. Qator-qator major aravalar koʻchmanchilarning koʻch-koʻronlarini ortib xoʻjaliklarga hozirgi Sirdaryo tumanidagi “Malik” sovxozining birinchi boʻlimiga tushgan ekan. Yarim kechada qop-qora qoʻnqaygan narsaning oldiga kelib tushirdi. Ana-mana deguncha tong otdi. Haligi aytilgan uydan, sogʻin sigirdan darak yoʻq. Haligi qora narsa qamishdan toʻqilgan kapa-chayla ekan. Kapa boʻlganda ham qator, rasta-rasta kapalar. Yana yigʻi-sigʻi. Bu yerga kelganlar bir-birlarini tanishmaydi. Bular orasida “davlat odami” ham bor edi. Qarang, “davlat odami”ni aldab oʻtiribdi-ya! Bu qanday dayuslik! Shu yoʻsin “davlat odami” “Malik” savxozida oʻqidi. Ulgʻaydi. Urinib-surinib odam soniga qoʻshildi. Albatta, bu yogʻi ham sip-silliq, tep-tekis kechgan emas. Yerlari peshonamizday shoʻr. Suvi, havosi haqida gapirmasa ham boʻladi. Toʻqay botqoqlik. Kunduzi chivin. Kechalari pashsha. Buning ustiga, oʻzimniki ozmidi tuynukdan tushdi bir xoʻja, deganday oʻzimni oʻnglab olmay turib Gitler-Sovet urushi boshlandi. Ana endi yigʻlamoqni mozor boshida koʻr. Qozoni boshqaning qaygʻusi boshqa. Qaygʻu ham, gʻam ham kundan-kun bolalagandan bolalay bordi. Erkak zoti urushga safarbar qilindi. Koʻpning kuni xotin-qizlar bilan “davlat odami” singari “rasmiy” kishilarga qoldi…

“Davlat odami”ning oʻqishlari, ishlari; yilma-yil “koʻtarilishlari”; kunlardan bir kun “yuqumli kasal”ga yoʻliqishlari – shoirchilik kasbiga mubtalo boʻlishlari; kitob ustiga kitob chiqarishlari, qator-qator unvonlarning orqasidan quvib yurib bunga ham erishishlari; endi anov-manov kishilar bilan ot ustida turib gaplashishlari haqida yozish, bu, muhtaram adabiyotshunos hamda odamshunoslarning burchi.

“Davlat odami”ning esa bunday “prostoy” ishlar bilan shugʻullanishga vaqti qayda. Uning asosiy vazifasi – siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy ishlar bilan shugʻullanish.

Ellik sakkizinchi yillari “Mushtum” jurnali eng yaxshi hajviy va satirik asarlar uchun tanlov eʼlon qildi. “Otdan qolma…” deganday, men ham tanlovga “Oqpadar” nomli sheʼrim bilan qatnashib, gʻoliblik shohsupasidan (kamtarlikni qarang) joy olgan edim. Shunda ichimda boʻladigan bola, boshidan maʼlum, deganlari rost boʻladigan boʻlsa, keyinchalik bir balo boʻlsam kerag-ov, deb qoʻygan edim. Ancha vaqtgacha anov-manov degan odamga gap bermay yurganligim ham rost. Keyinchalik bu sheʼr mashhur sanʼatkor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, rahmatli Narzullo Yoqubov tomonidan ijro etila boshlandi. Sheʼr haqiqatan ham ommalashib ketdi. Endi uncha-muncha odamni pisand qilmaydigan boʻlib qoldim. Bu yogʻini aytsam maqtanganday boʻlaman…

Oradan qariyb qirq yil oʻtgach… Hali yuqorida boʻladigan bola… degan gapim oʻz yoʻliga. Baʼzi kishilar yoshi bir joyga borib qolganda ochiladi, degan gap menga qarata aytilganday oʻxshaydi. Yo qudratingdan! Boʻlmasam, bir sahroyi odam akademik Boʻriboy Ahmedov (rahmatli) bilan yonma-yon turib Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasining mukofotini olarmidi! Bir oʻsish boʻlsa, shunchalik boʻladi-da!

Shu oʻrinda arrani teng, tarozuni toʻgʻri tortganlari uchun Hakamlar hayʼatiga sahroyicha samimiy salomlarim, Mirzayi Azimday koʻlamsiz minnatdorchiliklarim!

Eng qizigʻi, Qodir Mirashurov aytayotgan “Sarvinoz” ashulasi ham tanlovda gʻolib deb topilgan “Yovqochdi”dan. Bu ashula yoshu keksa tomonidan yaxshi kutib olindi. Maʼnaviy mulkimizga aylandi… Biz tomonlarga borib, hozirgi obroʻmni bir koʻrsangiz edi! E-ha! Birovlar toʻn kiygizgan, birovlar sovgʻa-salom keltirgan. Bilasiz, qulluq boʻlsinning oʻzi boʻlmaydi. Boy boʻlib ketish xavfim ham yoʻq emas. Qoʻy yetaklab kelayotganlarning, qoʻl uzatayotganlarning sanogʻi yoʻq. Bir koʻchada chang yutib, changga botib, tepishib katta boʻlgan jon ayamas joʻralarim, qachon yuvamiz, deb tiqilinch qilgani-qilgan. Buni “yuvish”ni hozircha paysalga solib turibman. Avval mukofotni, uning shahodatnomasini olvolay, keyin bir gap boʻlar, deb. Eng qizigʻi, qariyalar: “Toʻraqul davlat mukofotini olibdi. Endi u davlat odami boʻlib ketadi!” deb yurishibdi. Bu menga ham yoqib tushayapti. Ish shu yoʻsinda ketadigan boʻlsa… Boyligi oshib-toshib ketgan bir tijoratchi ogʻaynimiz, shunday obroʻ-eʼtiborga erishgan odamning piyoda yurishi bizlarga erish tuyulayapti, deb qoldi. Uning nima niyatda aytganini men darhol tushuna qoldim. Bunday gapning maʼnisini men tugul, har qanday goʻl ham darhol ilgʻab olishi turgan gap. Hali kim biladi, Xudo bersa shu mukofotning sharofati bilan “otliq” boʻlib qolishimiz (bulutday-sutday GAZ-31 koʻzda tutilmoqda) ham mumkin. Oʻzi bir bersa beraveradi. Bir kelsa kelaveradi. Umuman, odam, bir-ikki mukofot olganidan soʻng yana mukofot ustiga mukofot berilib turishiga umid bogʻlab qolarkan, xuddi har kuni yem berilib turilgan argʻumoqqa birdan yem berilmay qolganiday…

Shu kechayu kunduzlarda tushimga Nobel mukofoti koʻp kiradigan boʻlib qoldi. Bilasiz, shaytoniy tushga mukofot kirmaydi. Mukofotga oʻxshash kishiga obroʻ keltiradigan tushlar faqat rahmoniy boʻladi. Ana shunaqa gaplar. Alalxusus, endigi navbat hozirgina aytganimday…

 

Toʻra SULAYMON

 

2004

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.