Daryodil inson edi

0
310
marta koʻrilgan.

Shoir Mashrab Boboyevni ilk bor “Onamga xat” kitobi orqali taniganman. Aynan shu nomdagi sheʼrni yod olib, maktab davralarida aytib yurganman. Muallif bilan Toshkentda oʻqishni tugatib, texnologiya bilim yurtida ishlab yurgan paytda rahmatli ustozim Neʼmat Aminov orqali yuzma-yuz koʻrishib, tanishganman. Bir safar Neʼmat aka, Mashrab Boboyev bilan bilim yurtimizga kelishgan. Oʻsha paytda Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida mashhur rus adibi Valentin Katayevning “Xayol chechaklari” kitobi Mashrab Boboyev tarjimasida nashr etilgan edi. Kitobni qoʻldan qoʻymay yutoqib oʻqib chiqdim. Asar yozish uslubi, mavzusi, mazmun-mundarijasi bilan qiziqarli boʻlib, koʻp kitobxonlarni oʻziga jalb etgan edi. Tarjima shu qadar ravon, shu qadar jozibali ediki, goʻyo V. Katayev uni oʻzbekcha yozganday edi. Keyinchalik yozuvchi Xayriddin Sultonovning ushbu tarjima mohiyatini teran ochib beradigan yaxshi maqolasi chop etildi.

Birinchi uchrashuvdayoq Mashrab aka bilan suhbatimiz chiqishib, gapimiz-gapimizga toʻgʻri kelib, aka-uka boʻlib qoldik. Bu oʻzaro iliq munosabat u kishining umrlarini oxirigacha davom etdi.

Mashrab Boboyevdan kamina koʻ-oʻp yaxshiliklar koʻrdi. Oʻsha oʻtgan asrning 80-yillarda 2-Toshkent un zavodiga qarashli bir xonali barakda oilam bilan yashardik. Ahvol nihoyatda ogʻir va achinarli edi. Biz yashaydigan xonaning devorlarida kalamushlar bemalol yurardi. Ancha yelib-yugurishlardan soʻng kaminaga Sergelidan toʻqqiz qavatli uyning sakkizinchi qavatidan kvartira berishdi. Uyni Neʼmat akaning mashinasida Mashrab aka bilan birga borib koʻrdik. Yangi uy ularga ham yoqdi. Men uyning ishxonamga uzoqligini, kvartiraning balandligini gapirganimda Mashrab aka:

– Avvalo uyni berganiga shukur qiling. Soʻng bu uyga mehr qoʻying, Ashurboy, – dedilar.

U kishining ana shu bir ogʻiz ibratli soʻzi bilan uyga astoydil mehr qoʻyib, shu uyda oʻn uch yil yashadik. Baʼzan yoʻlning olisligi, haftalab liftning ishlamasligi asabga tegsa, darhol Mashrab akaning mehr haqidagi gapini eslab, yumshardik…

Yana bir unutilmas yaxshilik. 1983 yilda ustozim Neʼmat Aminov bilan Mashrab Boboyev kaminani “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasiga ishga tavsiya qilganlar. Oʻshanda taniqli ijodkor Mamatqul Hazratqulov gazetaning masʼul kotibi edi. Ular meni Mamatqul akaga, Mamatqul aka esa yana bir mashhur ustozimiz Odil Yoqubovga tavsiya etgan. Shu bilan mening Toshkentdagi sarson-sargardonligimga, uzoq chekkan azob-uqubatlarimga chek qoʻyilib, oʻn yil kutgan orzuim amalga oshdi. Tahririyatga ishga qabul qilindim. Bu yaxshiliklari uchun ulardan bir umrga minnatdorman. Iloyo, ikkovlarining ham joylari jannatda boʻlsin!

Mashrab Boboyev katta shoir, ajoyib dramaturg va mohir tarjimon edi. Mashrab akaning sheʼrlari kutilmagan tashbehlari, obrazli misralari, betakror manzaralari va hayotiyligi bilan hali-hanuz oʻquvchilarni hayajonga solib keladi. U ona yurtimiz – Oʻzbekistonni yuksak mehr bilan qalamga oladi:

 

Oʻzbekiston, ona Vatan, dardingni olay!

Bilmasang ham Mashrab kimu, yumushi nadir,

U ham senga jonin fido qilmoq uchun shay.

Sanoqda yoʻq millionlar qatoridadir.

 

Mashrab aka qanchalar vatanparvar boʻlsa, yurtparvar boʻlsa, shunchalar doʻstparvar, insonparvar ham edi. Doʻsti juda koʻp edi. Mashrab aka bilan bir koʻrishgan, suhbatlashgan yo davrada oʻtirgan inson u kishining doʻstiga aylanardi. Mudom yaxshi odamlar bilan doʻst tutinardi, ular bilan doʻst boʻlishga intilardi. U doʻstning qaygʻusiga sherik boʻlar, yaxshi kunlaridan quvonchga toʻlardi. Doʻstlarga sadoqatni, vafoni, mehr va oqibatni Mashrab Boboyevdan oʻrganish kerak. Ayniqsa, Mashrab akaning ustoz Neʼmat Aminov bilan aka-ukachiligi, qadrdonligi havas qiladigan darajada ibratli edi. Ular xuddi tugʻishgan qarindoshlarday yaqin edi. Oilaviy bordi-keldilari bor edi. Hatto farzandlarining tugʻilgan kunlarini ham birga nishonlashardi. Mashrab aka Neʼmat akamni oʻz akasiday yaxshi koʻrardi. Agar Neʼmat akamning yurti Buxoroda biror tadbir yo maʼraka boʻlsa, albatta, Mashrab aka borib qatnashardi. Yoki Mashrab Boboyev tugʻilgan Payariqda toʻy-maʼraka boʻlsa, albatta, Neʼmat akam boshchiligida borardik. Ana shunday bordi-keldilar tufayli Payariqdan juda koʻp qadrdonlar, doʻstlar orttirdik. Bunday safarlarda ijodkorlardan Nusrat Rahmat, Saydi Umirov, Mamatqul Hazratqulov, Asad Dilmurod, Ziyodulla Nurmatov, Orziqul Ergash, Nortoʻxta Qilich va boshqa hamkasblarning birga boʻlishlari davramizga fayz bagʻishlardi. Joylarda boʻladigan uchrashuvlar qiziq oʻtardi. Bir safar Payariqqa borganimizda Ismoil al-Buxoriy qabrlarini kechasi borib ziyorat qilganmiz. Shoʻro davrida ancha tashlandiq ahvolga kelib qolgan buyuk avliyo qabrlarini kunduz kuni borib ziyorat qilish baloga qolish bilan barobar edi. Ollohga shukr, mustaqillik tufayli Buxoriy qabri obod boʻlib, ulkan majmua qad rostladi. Eng muhimi, bu ulugʻ bunyodkorlikni Neʼmat Aminov ham, Mashrab Boboyev ham koʻrib, qayta-qayta ziyorat qilib ketishdi.

Mashrab aka bilan tez-tez viloyatlarga ijodiy safarlarga ham borib turardik. Bir gal 1985 yilning 9 mayida Fargʻonaga bordik. Guruhimizdagi ustoz adiblar – Said Ahmad, Hamid Gʻulom samolyotda ketishdi. Biz – Mashrab Boboyev, Yoqubjon Xoʻjamberdiyev, shoir Shaydo va kamina mashinada joʻnadik. Mashrab aka bilan uzoq yoʻlda yurishning ham oʻziga xos gashti, mazasi bor edi. Qamchiq dovonining va tabiatning xushmanzara joylarida toʻxtab, bir pas dam olib yoʻl yursak ham moʻl yurib, manzilga yetib bordik. Dastlab Oltiariq, Buvayda tumanlarida uchrashuv boʻldi. Rishtondagi katta bogʻda boʻlgan uchrashuvdan oldin urush qahramoni – mashhur Mamadali Topiboldiyev qabrini ziyorat qildik. Oʻsha kuni Belorussiyadan ham u kishini xotirlab, bir guruh mehmonlar kelgan ekan. Mehmonlar asosan Belorussiyadagi Topiboldiyevka degan qishloqdan ekan. Har yili kelisharkan.

Tadbirga shoir akamiz Yoʻldosh Sulaymon rahbarligidagi fargʻonalik ijodkorlar ham kelib qoʻshildilar. Oʻrtada Mashrab Boboyev boshlagan tabrik sheʼrga ulandi va mushoira boshlandi. Bir payt kaminaga ham soʻz berildi. Shunda Mashrab Boboyevning qoʻlidagi “Bagʻishlov” kitobini olib, davra oʻrtasidagi mikrofonga borib, bayram tilaklarini aytib, kitobdagi “Muin Bisisu” sheʼrini baland ovozda oʻqidim. Ushbu kattagina sheʼr:

 

Millatni kim yoʻqotdi, qizim?

Millatni kim yoʻqotdi, kim?

 

misralari bilan boshlanib, shu misralar bilan tugaydi. Sheʼrni oʻqib boʻlgach, oxirida ichkilik taʼsiridan boʻlsa kerak oʻzimdan qoʻshib: “Millatni politbyuro yoʻqotdi”, deb aytib yuborganman. Bu soʻzlar mikrofondan shunday jaranglab eshitildiki, davradagilarning ranglari oʻchdi.

Davra suv quyganday jim-jit. Biz bilan oʻtirganlarning koʻpchiligi bir zumda quyon boʻlishgan. Meni ham joyimga oʻtqizishmasdan u yerdan tezroq olib ketishgan. Koʻzimni ochganimda oltiariqlik bir tanishimiznikida yotgan ekanman. Shunda Mashrab aka koʻnglimni koʻtarib:

– Endi afsuslanishdan foyda yoʻq. Aytilgan gap aytildi. Hammasi yaxshi boʻladi. Parvo qilmang, Ashurboy, – dedi.

Safar tugab, dovondan oʻtayotganimizda shaxsan Mashrab akaning tashabbusi bilan mening “qahramonligim”ni yuvdik. Toshkentga kelganimizdan soʻng ham Mashrab aka kun ora telefon qilib, ahvol soʻrab turdi. Oradan bir hafta oʻtgach: “Endi hech gap boʻlmaydi”, – dedi Mashrab aka qatʼiy qilib. Haqiqatdan ham hech gap boʻlmadi. Chunki oʻsha davrlarda oshkoralik shabadasi esa boshlagandi…

Endi bir gapni yozmasam boʻlmaydi. Goʻyo Mashrab aka haqidagi xotiralarga nimadir yetishmayotganday boʻladi. U kishi yaxshigina ulfat edi. Ziyofatlarda “kam-kam, lekin tez-tez” degan iborani takrorlashni yaxshi koʻrardi, davradagilar bilan yayrab, yashnab oʻtirardi. Lekin oʻzini oʻylamas, sogʻligʻini ayamasdi. “Otamga xat” nomli sheʼrida oʻzi bunga iqror boʻlib, shunday deb yozadi:

 

Odamning tabiati lekin juda gʻalati,

U doim taqiqlangan narsaga oʻch boʻladi.

Ichma dedingiz – ichdim, chekma dedingiz – chekdim.

Ketma, dedingiz – qalbim sayoqlik qutquladi…

Yaxshi hamki, boshqa gap aytmagansiz, otajon,

Barchasining aksini qilarmidim ehtimol…

 

Mashrab aka ochiq koʻngil va mard odam edi. Baʼzan nojoʻya gapirib qoʻysa, darhol tan olardi va oʻsha zahoti uzr soʻrardi. U kishining “uzr, endi jon doʻstim, uzr” degan iborasi doʻstlar orasida ommalashib ketgandi…

Bu gaplarni eslamasak, Mashrab Boboyev haqidagi xotiralar goʻyo chala boʻlib qolardi. Bu bilan Mashrab Boboyev ichkilikka rujoʻ qoʻygan edi, degan fikrdan yiroqmiz. Oʻtgan asrning 80-yillarida turli soha ijodkorlari, ayniqsa, rassomlar, kompozitorlar, yozuvchilar, aktyorlar, kinematografchilar orasida “jinday-jinday” olib suhbatlashish, fikr almashish urfga aylangan edi. Toʻgʻrirogʻi, sobiq tuzumning sitamkor siyosatidan va bu siyosat oʻtkazgan zugʻumlardan yengil boʻlish uchun hasratlashib, dardlashib olishardi. Davralarda, uchrashuvlarda aytolmayotgan fikrlarini bir-biriga aytib yengil boʻlishardi. Baʼzan shunchaki fikrlashish jarayonining oʻz-oʻzidan jiddiy bahs-munozaraga aylanishi qadahlar sonini ham koʻpayib ketishiga olib kelardi. Oʻsha davrlarda bunday xilvatlarda ruhni yengillashtirish odatlari ham tamoyilga kirgan edi. Bu ham ziyolilikning bir “koʻrinishi” hisoblanardi. Afsuski, gʻarb va rus ijodkorlari taʼsirida kirib kelgan bunday “ichkilik va ijodkor” qoʻshma hamkorligi koʻplab isteʼdodlarni xarob qildi. Jumladan…

Mashrab Boboyev ajoyib sheʼriy kitoblar yaratish bilan birga dramaturgiya sohasida samarali ijod qildi. Uning “Oʻttiz yoshlilar”, “Yer tomiri”, “Gurung” singari dramalari mamlakatimizning katta teatrlarda sahnalashtirilib, repertuarlardan tushmay keldi.

Mustaqillik yillarida Mashrab Boboyev ijodining yangi sahifalari ochildi. Ajoyib sheʼrlar, turkum maqolalar va teletomoshabinlar tomonidan qizgʻin kutib olingan “Koʻngil koʻchalari” nomli koʻp qismli videofilm ssenariysini yozdi. Bu asar muallifga katta shuhrat olib keldi.

Katta shoir, dramaturg va tarjimon Mashrab Boboyev nihoyatda begʻubor va samimiy, odamlarga yaxshilik qilib charchamaydigan daryodil inson edi. Oxiratlari obod boʻlsin!

 

Ashurali JOʻRAYEV

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 11-12-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.