Bolakaylarning minnatsiz xizmatkori

0
134
marta koʻrilgan.

Agar yanglishmasam, 1966 yilning oxirlari edi. Oʻshanda “Gʻuncha” jurnalida ishlardim. Muharririyatdagilar obuna targʻiboti bahonasida meni Oltiariqqa safarga joʻnatishayotib: “Anvar Obidjonov oʻqiydigan 13-maktabga ham boring, topib, gaplashib koʻring”, deb tayinlashdi. Poloson degan chekka qishloqda yashovchi, hech kim oʻzi tugul hali suratini ham koʻrmagan Anvar ismli bolani jurnaldagilar yaxshi tanishining sababi shu ediki, u bizga toʻrtinchi sinfdaligidan boshlab sheʼrlar joʻnatib turar, tinmay yozishi, payti kelsa, kun oralab xatlar yuborishi bilan hammaning eʼtiborini tortgan edi. Tirishqoqlikda tengi yoʻq bu muallifimiz birdan ancha vaqt jimib ketgach, unga katta umid bogʻlayotgan muharririyatimiz bundan xavotirlana boshlagandi.

Oltiariqda uchrashuvlar oʻtkazib, orada Anvar oʻqiydigan maktabda ham boʻldim. Uchrashuv chogʻida uning chiqib qolishidan umid qildim, ammo undan darak boʻlmadi. Direktor va oʻqituvchilardan soʻrasam, “Bizdan ketgan” deyishdi. Yaxshiroq surishtirsam, qaysidir oʻqituvchi bilan chiqisholmay, yuqori sinfni boshqa maktabga oʻtib bitiribdi. Yaqinginada harbiy xizmatga ketgan ekan.

Maktabning yonginasida boʻlgani uchun Anvarning xonadoniga kirdim. Uch qizni uzatib, endi besh oʻgʻilni voyaga yetkazayotgan serfarzand xonadon, birovi tomorqada uymalangan, birovi qoʻy-sigirga qaragan. Xarobgina qishloqdagi elqatori tuproqtom uylar. Shoir “Eski tom” sheʼrida yozadi:

 

“Tongda yomgʻir quydi shov-shov,

Loyqa suvga toʻldi tarnov.

Inda titrar Olahakka,

Eski tomdan oʻtdi chakka…”

 

Bilaman, bu – Anvarning uyi. Biror qoʻshnisidan kambagʻalroqdek tuyulmasa-da, xonadondagi ahvolni kuzatib turib, bemalol sheʼr yozib yotish mumkin boʻlgan sharoit mavjudligini sezmadim. Bu sharoitdan yorib chiqish uchun ulkan maqsad yoʻlida katta kuch sarflash lozimligi koʻrinib turar edi.

Shundan soʻng oradan olti yilcha oʻtib, Anvar bilan birinchi marta qoʻl olishib koʻrishdim. Bilsam, harbiy xizmatdan qaytishi bilanoq dadasi vafot etibdi, xonadonda katta oʻgʻil boʻlgani uchun, kolxozga ishga kirib, dalada tabelchilik qilibdi. Endi tuman gazetasiga muxbir boʻlib oʻtibdi. Universitetning jurnalistika fakultetiga sirtdan oʻqish uchun hujjat topshirishga kelgan ekan.

Meni eng quvontirgani bir qoʻltiq sheʼr olib kelgani boʻldi. Xayriyat, turmush qiyinchiliklari uni sindirolmabdi. Yangi sheʼrlarni oʻqib, unda ijobiy tomonga keskin oʻzgarish boʻlganini koʻrdim. Ayniqsa, jonivorlar haqidagi sheʼrlari oʻziga xos usulda bitilgani, quvnoqligi, ayni paytda tagdorligi bilan lovullab koʻzga tashlanardi. Oʻshanda “Yosh gvardiya” nashriyotiga oʻtib ishlayotgandim, sheʼrlarni ishxonadagilarga koʻrsatib maslahatlashdim, ularni kitob qilib chiqarishga hech biri eʼtiroz bildirmadi.

Iqtidor oʻz yoʻliga. Anvarning asosiy yutugʻi shundaki, u oʻz maqsadida sobit, haddan tashqari mehnatkash. U shu qadar koʻp yozardiki, oxir-oqibat bu uning uslub tarangligi, nazm texnikasini puxta egallashiga olib keldi. Sheʼrga rang beradigan xalq tilini oʻrinli qoʻllay olishni oʻrgandi.

Anvar Obidjon haqida soʻz aytish oson ish emas. Ijodkor va shaxs sifatida ham, oddiy inson sifatida ham u shu qadar serqirra siymoki, agar toʻrt xususiyatini aytsangiz, yana oʻn xususiyati qolib ketadi. Men esa, ayniqsa, oʻz yaqinlarim, jigarlarim haqida durustroq soʻz topib aytolmaydigan noʻnoqlardan biriman. Faqat ishonch bilan aytishim mumkin boʻlgan gap shuki, Anvar oʻzbek bolalar adabiyotining yirik ijodkorlaridan biri. Mashhur yozuvchimiz Xudoyberdi Toʻxtaboyevning “Xalq soʻzi” gazetasida (2006 yil 20 may) bosilgan maqolasidagi: “Q. Muhammadiy, P. Moʻmin, H. Nazir asarlarini oʻqib, Xudoga shukur, shunday ijodkorlarimiz bor-a, deb faxrlanaman. Mark Tven, aka-uka Grimmlar, Sharl Perro, Janni Rodari singari jahonshumul yozuvchilarni oʻqiganda esa, ularning oʻziga xosligi, adabiyotga hech kim aytolmagan gaplarni aytib kirib kelganini oʻylab, e Xudo, bizga ham ana shunday yozuvchilardan bersang edi, deb ich-ichimdan orzu qilgan paytlarim ham koʻp boʻlgan. Ana shunday ijodkorni Alloh bizga polosonlik Anvar Obidjon qiyofasida berganga oʻxshaydi”, degan gaplarida men hech qanday mubolagʻani sezmadim. Koʻnglida borini ochiq aytgan mardlarga rahmat.

Xudoyberdi akaga oʻxshab, men ham jahon bolalar adabiyotini imkon qadar kuzatib boraman, bolalar adiblaridan eng nomdorlarining yuzga yaqin namoyandasi ijodini oʻrganganman, koʻplarini oʻzbekchaga tarjima qilganman. Shu bois Anvarni boshqalarga chogʻishtirib koʻrish imkonim bor. Qani, oʻylab koʻraylik, Anvar oʻsha shoir yoki yozuvchilarning qaysi biridan kam? Rus klassik bolalar shoirlari Korney Chukovskiy va Samuil Marshak, italiyalik Karlo Kollodi va Janni Rodari, amerikalik Doktor Syuz va Jon Chiardi, angliyalik Alan Miln va De la Mer, nemis bolalar adiblari Erix Kestner va Jeyms Kryuslardan Anvarning kamlik joyi bormi? Yoʻq, albatta!

Nemis shoiri Bertold Brext “Molingizni koʻrsating” deydi. Biz jahonga Anvarning “mollari”ni, yaʼni ijod namunalarini koʻrsata olmadik, yoʻqsa, uning nomi ham jahon boʻylab jaranglagan boʻlardi. Anvarning oʻzi esa, bu narsaga beparvo qaraydi, ruschaga oʻgirilgan baʼzi sheʼrlarimning ahvolini koʻrib, tarjimadan koʻnglim sovigan, Oʻzbekistonda tuzukroq tanilsam, shuning oʻziga ming marta shukur qilardim, deydi.

Oʻzi nashriyotda necha yillar katta lavozimlarda ishlab ham, birorta kitobini qalin muqovada chiqarmadi, yaxshiroq bezak berdirishgayam urinmadi. Uning “Oltiariq hangomalari” asari yupqa muqovada chiqarilgani yetmagandek, kitob varaqlarini oldin tikdirib, soʻng muqovalashni ham lozim topishmaganki, oʻqishni boshlasangiz, varaqlari toʻkilib tushaveradi. Anvar bunaqa narsalarga eʼtiborsiz, faqat yozishni biladi, xalqiga kerakli gapni aytishni biladi.

Xayriyat, ming tahsinlar boʻlsinki, “Sharq” nashriyoti yaqinda Anvar Obidjonning “Tanlangan sheʼrlar”ini (2006) birinchi marta qalin muqovada chiqardi. Nashriyotning yana bir ishi maqtovga sazovorki, bu koʻrkam va mazmundor kitob zamonamizning hozirgi davriga moslanib, ham kirill, ham lotin alifbolarida bosilgan.

Anvar Obidjon ijodi mustaqillikdan keyin qadr topdi, kerakli bahosini oldi. Oldingi zamonda ishxona tomonidan ishchan xodimlarga berib turiladigan “Faxriy yorliq”lardan boshqa siylovni koʻrmagan shoir Mustaqillikdan soʻng hukumat eʼzoziga sazovor boʻldi, “Oʻzbekiston xalq shoiri” degan yuksak unvon egasi endi.

“Afandi” gazetasiga Anvarjon haqida yozgan bir maqolamda uning 1947 yil 25 yanvarda tugʻilganini ham qistirib oʻtgandim. Bir kuni Anvarjon uchrab qolib, oltiariqcha hazil qilib hujjatimga sal oshirib yozishgan, aslida 8 yanvarda tugʻilganman, dedi. Oʻshanda nimadir xotiramni qitiqlagandek boʻlgan edi, bir kuni uning kitobini varaqlayotib, “Tugʻilgandi Boʻricha sakkizinchi yanvarda” deb boshlanuvchi sheʼriga koʻzim tushdi-yu, gap nimadaligini angladim. Bu sheʼrning qahramoni yosh Boʻricha tugʻilgan kuniga otasi kiyik toʻshini, onasi quyon goʻshtini vaʼda qilib turgan boʻlsa-da, ulardan oʻzi hali yeb koʻrmagan parvardani soʻraydi. Ota-onasi topib berolmagach, shirin parvardadan tatib koʻrish orzusida shaharga yoʻl oladi. Shaharda uni tutib, ajoyibxonadagi qafasga tiqishadi. Bu yerda ovqat tekin boʻlsa ham, u nuqul uzoqdagi adirga boʻylanaveradi. Oradan yillar oʻtadi. Bir kuni tomoshaga kelgan qizcha shirinlikni deb achchiq qismatga yoʻliqqan Boʻriga bir boʻlak parvarda tashlab oʻtadi. Tagʻin aynan 8 yanvarda!

Turmush zahmatlari-yu, ijod mashaqqatlarini pisand qilmay, millatimiz bolalari tarbiyasiga xizmat qiluvchi biri biridan goʻzal va maʼnodor asarlar yozishga umrini sarflab kelgan Anvar Obidjon, mana, qutlugʻ yoshga ham yetibdi. Unga uzoq umr, yanada yuksak ijodiy parvozlar tilash, adabiyotimizdagi katta mehnatlari haqida ikki ogʻiz iliq soʻz aytib, jajji kitobxonlar nomidan minnatdorchilik bildirib qoʻyish niyatida ushbu maqolaga qoʻl urdik. Aslida, bu ham Boʻrichaga tutilgan parvardadek bir gap.

 

Miraziz AʼZAM

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.