Bobur Hushyorda

0
305
marta koʻrilgan.

Shohimardon, Olmos, Gurkurov kabi qishloqlarda boʻlgan kishi Xizr boboning chekkaroq joylarda yurishi rost shekilli-da, degan xulosaga kelishi tayin. Ushbu roʻyxatga men hech ikkilanmasdan Hushyor qishlogʻini ham qoʻshgan boʻlardim. Nazarimda, mazkur joylarga nafaqat Xizr bobo, balki Alloh ham nazar qilganga oʻxshaydi: tabiati benazir, tuprogʻi unumdor, mevalari serhosil, odamlari omadli, fikrchan, oʻquvli, uquvli… Har qalay, Hushyor qishlogʻida boʻlganimda menda shunday tasavvur uygʻondi. Aytishlaricha, Baltika koʻlidan 1350 metr, Fargʻona shahridan 415 metr balandlikda joylashgan bu qishloq boʻyi 2200 metrli koʻhi Sandal (tekis degan maʼnoda), Ayloqi nazar va boshqa togʻlar bilan oʻralgan boʻlib, iqlimi, tabiati oʻziga xos soʻlim bir goʻshadir. Zero, Zahiriddin Muhammad Bobur ota meros saltanati va jonajon vatani Andijonni gʻanimlarga tashlab chiqib ketishga majbur boʻlgan va Kobulni koʻzlab yoʻlga chiqqan kezlari Hushyorda bir yilga yaqin umrguzaronlik qilgani ham bejiz emas edi. Garchi, “Boburnoma”da Hushyor haqida kamroq maʼlumot boʻlsa-da (balki muallif asarning yoʻqolgan qismlarida mazkur qoʻnalgʻa toʻgʻrisida batafsilroq toʻxtalganmikin?), xushhavoli qishloq va uning ochiqkoʻngil kishilari musofirlik, sargardonlik gʻurbati chekiga barvaqt tushgan gʻamdiyda shahzoda va shoirga maʼqul kelib qolganligi shubhasiz. Shuningdek, Hushyor strategik jihatdan ham qulay bir makon edi. Bobur bu yerdan chor-atrofga maxsus choparlar yuborib, butun Fargʻona mulkida boʻlayotgan voqealardan xabardor boʻlib turgan. “Boburnoma”da shunday bitiklar bor: “Isfara viloyati toʻrt boʻluk koʻhpoyadir: bir Isfara, yana bir Vorux, yana bir Soʻx, yana bir Hushyor…”, “… Soʻx bila Hushyor-koʻhpoyalariga kelib, bir yilgʻa yovuq tanqislik bila oʻtkarib, Kobul azimati qildim”. Demak, Bobur Mirzo Hushyorda turib kelgusi taqdirini belgilagan, atrof-javonibdagi qishloqlar, yoʻllar, dovonlarni puxta oʻrgangan va Fargʻona davlatidan chiqib ketishda Ovchi, Obburdon, Matcho qishloqlari orqali Qorategin dovonidan oshib, Hisor orqali bobomeros Kobulga oʻtib ketgan. Oqibat, adolat shiori boʻlgan Bobur keyinchalik Hindistonning Agra shahrida oʻtkazgan katta toʻy-izdahomlaridan biriga andijonlik, samarqandlik koʻngil yaqinlari bilan birga hushyorliklarni ham taklif qiladi va oʻz taʼbiricha, “beviloyat va bevatan yurgan” chogʻlarida joniga ora kirgan hushyorlik qadrdonlariga alohida izzat-ikrom koʻrsatib, ularga boshqa moʻtabar mehmonlar qatori chakmon, qimmatli sarpolar, oltin, kumush kiyimliklar inʼom etadi.

Ulugʻ ajdodlarimiz qadamjolarini, mangu oromgohlarini aniqlash, ziyorat qilish, obodonlashtirish, ularning ilmiy-adabiy, tarixiy, meʼmoriy meroslarini oʻrganish va nomlarini abadiylashtirish maqsadlarini koʻzlovchi Bobur xalqaro jamoat fondi rahbari, tabiatshunos olim, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Zokirjon Mashrabov ancha yillar avval Hushyorga va uning atrofidagi qishloqlarga uch bora maxsus ilmiy ekspeditsiya uyushtirib, u joylardagi Bobur Mirzo ixlosmandlari bilan uchrashgan, suhbatlashgan, Zarafshon daryosining yuqori qismida Bobur Mirzo yozib qoldirgan noyob esdalik-yodgorlik toshbitiklarni oʻrgangan, ulardan namunalar olib kelib, ilmiy isteʼmolga kiritgan. Bobur toshbitiklariga nazari tushgan taniqli tarixnavis olim A. A. Semyonov “Bu toshlar jahonning eng mashhur muzeylarining ziynati boʻla oladi” degan ekan. Ushbu toshbitiklar endilikda Andijondagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyidan ham joy oldi. Zokirjon aka oʻsha safarlar chogʻida fondning Fargʻona viloyat boʻlimini aynan Hushyorda ochishni koʻngliga tugib qoʻygan, ammo turli sabablarga koʻra, buning hech mavridi boʻlmayotgan edi. Vaqti-soati shu yil ekan, oftob harorati mayinlashgan oltin kuz kunlarining birida Zokirjon aka rahbarligida texnika fanlari nomzodi Zaynobiddin Mamarasulov, fond rahbarining oʻrinbosari Rustamjon Mamasoliyev, chaqqon, mohir haydovchi Ahmadjon va kamina Osiyoning koʻp hududlarini aylanib chiqqan “Land Krauzer” avtomobilida safarga otlandik.

Biz tongda yoʻlga chiqqan edik. Fargʻonaning Vodil tumani orqali chegara postlaridan qoʻshni Qirgʻizistonning Botken viloyatiga qarashli Qadamjoy tumani hududiga oʻtdik-da, giyohlari sargʻayib qovjiray boshlagan keng sayhonlik, yonbagʻirliklarda yilqi, qoʻy-echkilar podasi oʻtlab yurgan, yakkam-dukkam, zamonaviy uylar qad koʻtarayotgan togʻ yoʻllari oralab ketdik. Oʻrazbekov, Quldu, Ondurush ovullarini, siyrak archali baland-past togʻlarni, kichik Aydarken (Haydarkon) shaharchasini, jiydalari gʻarq pishgan, aholisi nisbatan gavjumroq keyingi ovullarni ortda qoldirib, choshgohgacha 100 chaqirimga yaqin masofani bosib qoʻydik. Bundan bir necha kun muqaddam qirgʻizistonlik hukumat va huquqiy organlar, jamoatchilik vakillaridan iborat katta delegatsiyaning Oʻzbekistonga (Andijonga) doʻstona tashrifi munosabati bilan rasmiyatchiliklar ancha yengillashgani bois, keyingi chegara-postlarda ham muztarliklar qariyb yuz bermadi hisob. Birlik ovul postidan Fargʻona viloyatiga tegishli Soʻx tumanining dastlabki qishlogʻi – Chashmaga oʻtdik. Tuman markazigacha taxminan 20 chaqirim edi. Hokimiyat oldida bizni tashrifimizdan xabardor (Zokirjon aka ogoh qilib qoʻygan ekan) soʻxliklar – tuman hokimligining vakillari Abdishukur Toʻraboyev, Farruh Ernazarovlar qarshi olishib, Hushyor sari boshlab ketishdi.

Markazdan sakkiz chaqirim gʻarbdagi qishloq oʻrtasida joylashgan Bobur nomidagi 14-oʻrta maktab hovlisida bizni maktab oʻqituvchilari, Sebzor, Qaqir mahallalari faollari, oʻquvchilar gullar bilan kutib turishgan ekan. Bino peshtoqini egallagan ingliz, oʻzbek, tojik tillaridagi “Xush kelibsiz” kalomining oʻziyoq kishida iliqlik uygʻotar, eshik bilan yonma-yon devorga chizilgan ikki xalqning ikki buyuk farzandi – Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyning yirik plandagi suratlari ostiga esa yoru birodarlik haqida bayt bitilgan edi.

Maktab yoʻlagiga kirishingiz bilan oʻng tomon devordagi did bilan jihozlangan “Bobur va Hushyor” koʻrgazmali burchagi – Bobur Mirzo haqidagi kitoblar, qishloq tabiatiga oid suratlar va boshqa ashyolar bilan oʻziga jalb etardi.

Ichki foyedagi tabiat muzeyi esa bizni yanada hayratga soldi. Undagi burgut, bosha (lochin), laylak, humo, kargas, boyoʻgʻli, Amerika oʻlaksaxoʻri, kakliklar, boʻri, silovsin, chiyaboʻri, sugʻur, qashqaldoq, tulki, jayra, bugʻu, togʻ echkisi – arxar va boshqa hayvon, parrandalarning tuluplari, qovun, handalak va yana boshqa shakl, turli rangdagi yirik hajmli gʻaroyib toshlar yaqin va uzoq oʻtmishlarni eslatib, Hushyorning ikki ming yillik tarixidan hikoya qilardi goʻyo.

– Bular bir zamonlar Bobur Mirzo ov qilgan joylardan – Turkiston, Oloy togʻ tizmalari, Sandal togʻi yonbagʻirlaridan tutilgan jonivorlar namunalari, Soʻx daryosi oʻzanidan maktab oʻquvchilari topgan, tabiatning oʻzi turlicha bezak bergan antiqa toshlardir, – deydi maktabning biologiya muallimi, mazkur muzey tashkilotchisi, xalq maorifi aʼlochisi Baxtiyor Xolov.

Maktab direktori xonasidagi tanishuv-tanishtiruvlardan soʻng Zokirjon aka asosiy muddaoga oʻtib, Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasining Hushyorga qilgan safaridan koʻzda tutilgan maqsad va rejalar, yaʼni xalqimizning buyuk namoyandalaridan biri boʻlmish Zahiriddin Muhammad Bobur poyqadami yetgan, yashagan makon-manzillarni, uning boy merosini yanada yaxshiroq oʻrganish borasida hushyorliklar bilan hamkorlik, hamjihatlik qilish uchun shu yerda Bobur xalqaro jamoat fondining boʻlimini ochish zarurati borligi toʻgʻrisida soʻzladi.

Soʻx tuman hokimligi vakili Abdushukur Toʻraboyev, maktab direktori Sadriddin Abdurahmonov, ilmiy boʻlim mudiri Doniyor Hakimov, Bobur Mirzoning ashaddiy ixlosmandlaridan Oʻzbekiston xalq maorifi aʼlochisi Muhammadjon Poʻlatov, Ilyos Olimov, tarix, musiqa muallimi, oʻz zamonida Tojikiston madaniyat vazirligida ishlagan nuroniy oqsoqol Sultonali Boltaboyev, fizika-matematika oʻqituvchisi oʻafurjon Sanginov va boshqalar bildirgan fikr-mulohazalar, takliflar asosida Bobur xalqaro jamoat fondining Fargʻona viloyati boʻlimi boshligʻi, uning oʻrinbosari va aʼzolari saylandi.

Keyin direktor hammani maktabdan 400-500 metrlar chamasi naridagi yalanglik tomon boshladi. U joyga yangi mevali koʻchatlar ekilgan ekan.

– Bu tashlandiq yer edi. Bogʻ yaratib, unga Bobur nomini bermoqchimiz, – dedi Sadriddin Abdurahmonov. – Toʻgʻri, suv masalasi ancha qiyin. Lekin amallaymiz. Har bir tup koʻchatga bittadan oʻquvchini biriktirib qoʻydik. Maktabda 900 dan ortiq oʻquvchi bor. Qoʻlda suv quyib boʻlsa ham mevalarni koʻkartiramiz, deb vaʼda berishdi.

Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi aʼzosi, tabiatshunos olim Z. Mamarasulov bogʻ yaratish va parvarishlash borasidagi oʻz tajribalari, maslahatlari bilan oʻrtoqlashdi.

Direktorning taklifi bilan biz – mehmonlar ham yangi boqqa yaxshi niyat bilan bir tupdan olma koʻchati ekdik, bogʻning kelajagiga umid bildirdik, xayrli tashabbus egalarining ishlariga rivoj tiladik.

Soʻx tumani hokimligi hamda Fargʻona viloyati suv taʼminoti xoʻjaligi jamoasining Mirzo Boburga boʻlgan hurmati, eʼtibori tufayli, jahonga mashhur shoh va shoir nomi bilan atalmish bogʻni oqin suv bilan taʼminlash choralarini koʻrishlariga ishonchimiz komil.

Muloqot-anjuman tadbirkor Aʼlamjon Ibragimovning qarovsiz yerni oʻzlashtirib qurgan, janubdagi Sandal togʻining qarama-qarshi tarafida qad koʻtargan xususiy choyxonasida, choy ustida yanada kengroq mavzularda, yanada erkinroq tarzda, yanada qizgʻin davom etdi.

Mezbonlar zavq-shavq bilan soʻzlashar, hatto oʻzaro bahslashib qolishardi. Ayniqsa, qishloqlari tarixi haqida gap ochilganda joʻshib ketishardi. Hushyor degan shoirona nomning paydo boʻlishi borasida hamqishloqlarning qarashi, maʼlumotlari har xil edi. Hushyor tarixi, Bobur Mirzo hayoti va ijodining ishqibozi marhum Vohidjon Olimovning oʻgʻli, padari buzrukvori qiziqishlarining davomchisi Ilyosjon Olimovning aytishicha, qishloqning uch chekkasida uch yor – jar boʻlib, sel keladigan mahallarda oʻsha jarlardan hushyor boʻlish kerak, degan gap keyin atamaga aylanib ketgan.

– Yoʻq, uch jar degan gapning ilmiy asosi yoʻq, – deydi sobiq til-adabiyot muallimi, 87 yoshli Begali Boʻritayev. Tojikiston maorif vazirligida ham turli vazifalarda faoliyat koʻrsatgan bu otaxonning Hushyor atrofidagi togʻlar va togʻ oraliqlaridagi yoʻllar, togʻ tabiati xususida maroq bilan gapirishni xush koʻrishi sezilib turardi. – Qishloqqa sel kelib turishi toʻgʻri, lekin u chor atrofdagi togʻlar tomondan keladi. Havo aynigan mahalda maxsus tayinlangan odam otda mahallalarni aylanib, sel kelyapti, hushyor boʻlinglar, deb aholini ogohlantirib yurarkan. Hushyor nomi ana shundan kelib chiqqan.

– Yana boshqa faraz ham bor, – deydi Ilyos domla oʻz soʻzini oʻtkazishga harakat qilib. – Qishlogʻimizga arablar, Chingizxon askarlari bir necha bor hujum qilishgan, lekin zabt etisholmagan, aksincha, bu yerda katta talafot koʻrishgan, shuning uchun ular bu qishloqdan ehtiyot boʻlish, hushyor boʻlish kerak ekan, deb ketishgan ekan.

Davrada oʻtirganlardan yana biri Hushyor nomini Zahiriddin Muhammad Bobur bilan bogʻladi.

Bu yerga shohona sarpoli Bobur yaqinlashib kelganida uni koʻrib qolgan bir ovchi zudlik bilan “Podsho kelyapti, podsho kelyapti” deb hamqishloqlariga xabar bergan, qishloq vakillari moʻtabar mehmon yoʻliga peshvoz chiqib, uni tavoze bilan kutib olishgan, shunda Bobur Mirzo “Hushyor odamlar ekan” deya baho bergan ekan.

Shu gap munosabati bilan mavzu yoʻnalishi bir oz oʻzgardi.

– Boburga bu qishloq va uning odamlari juda yoqib qolgan, – deydi Begmat bobo toʻlqinlanib, – shuning uchun bu yerda uzoq – bir yilcha qolib ketgan. U qishloq yigitlariga kurashni, qilichbozlik va boshqa hunarlarni oʻrgatgan. Togʻli yigitlar chayir, epchil boʻlishgan, shuning uchun Bobur ulardan bir qanchasini oʻzi bilan birga Kobulga olib ketgan.

– Sadoqat bilan xizmat qilishgani sababli Bobur ularni Hindistonga ham olib ketgan. Hozir ham Hindistonda hushyorliklar yashaydigan mahallalar bor ekan, – qoʻshimchaladi tarixchi muallim, qoʻngʻiz moʻylovli Hayitboy Ibrohimov. U shu qadar jiddiyat bilan gapirardiki, sal qoldi hammani buyuk Mahatma Gandining ham hushyorliklardan ekaniga ishontirib yuborishiga.

Zokirjon aka munozarani davom ettirar ekan, Bobur Mirzo “Boburnoma”ni Hushyorda yoza boshlagan boʻlishi kerak, chunki bu yerdagi bir yillik nisbatan osoyishtalik davrida ijod bilan shugʻullanish, atrof-muhitni, nabotot va hayvonot olamini oʻrganish uchun yetarlicha imkoniyati boʻlgan, degan fikrga alohida urgʻu berdi.

Shuningdek, Bobur Mirzoning Soʻx daryosi atrofida joylashgan Tul qishlogʻi yaqinidagi – togʻ tepasidagi “Sangi oyna”ga alohida eʼtibor qaratgani, u joydagi buloq suvida yuz-qoʻlini yuvib, shu goʻzal togʻ oraliqlaridan oqib kelayotgan shoʻx daryoga koʻprik qurganligi, u hozir ham Bobur koʻprigi degan nom bilan mashhurligi koʻpchilik ziyolilar va mahalliy aholiga yaxshi maʼlum.

Bobur nazari tushgan “Sangi oyna” bugungi kunda ziyoratgohga aylangan. Bu Tosh oyna haqida Bobur shunday yozadi:

“Isfaraning bir sharʼisida janub sori pushtalarning orasida bir parcha tosh tushubdur, “Sangi oyna” derlar, uzunligi taxminan oʻn qari boʻlgʻay, balandligʻi baʼzi yeri kishi boʻyi, pastligʻi, baʼzi yeri kishining belicha boʻlgʻay, oyinadek har nima munʼakis boʻlur”.

Bobur Mirzo davrida Hushyor – Soʻx atrofidagi nohiya, qishloqlar – Isfara, Xoʻjand, Oʻratepa, Botkent, Qadamjoy, Zarafshon daryosining yuqori qismi – hozirgi oʻonchi rayonidagi Bolo, Ovchi, Obburdon, Daxkat, Matcho, Vorux qishloqlari Fargʻona hududiga kirgan, u yerlarda shahzoda Bobur koʻp marotaba boʻlgan. Shuning uchun ham Boburburchak, Qorovul tepa, Bobur koʻprigi, Bobur namozgohi, Taxti Bobur (yapaloq tosh), Bobur bitiklar yozgan bir necha katta tosh taʼrifi xalq orasida tildan-tilga oʻtib, asrlar osha bizgacha yetib kelgan.

Bu joylarning goʻzal tabiati, hush havosi, yer osti-usti boyliklari davrimizning mashhur allomalari – akademik Ibrohim Hamraboyev, davlat arbobi Nuriddin Muhiddinov, Oʻzbekiston xalq hofizi Orif Alimaxsumovlarning ham eʼtiborini tortgan. Ular ushbu onqadar chiroyli oʻlkalarni ziyorat qilgan va oʻrganganlar.

– Bobur Hushyorda yashaganida kunlik xotiralarini yozib borgan ekan. Men buni qaysidir bir manbada oʻqiganman. Afsuski, oʻsha xotiralar qandaydir sabablarga koʻra yoʻqolib ketgan, – deydi Begmat bobo yuqoridagi fikrlarni tasdiqlab.

Umuman hushyorlik oʻqituvchi va qishloq faollarining dunyoqarashlari, qiziqish, bilim doiralarining kengligi, oʻz maskanlarini yaxshi bilishlari va u bilan gʻururlanishlari havas qilgulik edi. Ular, hatto Sandal togʻi ortidagi gʻorlarda ibtidoiy odamlar yashashganini ham faxr bilan taʼkidlashardi. Biz uchun yana bir muhim jihati – hushyorliklar Bobur Mirzo hayoti va ijodi bilan yaxshi tanish, uni xuddi oʻz hamyurtlaridek koʻrishar, yuksak qadrlashardi.

Suhbat tobora qizib borar, mezbonlar gap orasida uch ming gektar yer maydoniga (kichikroq bir tuman hududiga teng!) va sakkiz ming aholiga ega boʻlgan Hushyorda bugʻdoy, makkajoʻxoridan moʻl hosil olinishini, ayniqsa, bu joyning kartoshkasi dongʻi uzoqlarga ham taralgani, qariyb ikki ming gektar yerdagi navlari rang-barang oʻrikzoru olmazorlarning taʼrifini ham qistirib oʻtishardi.

Biz janub tomondagi togʻlik joylarga xos manzaralar – relyefi notekis, ammo oʻrmonsimon, yaproqlari oltin rangga doʻna boshlagan daraxtzorlardan, dam u, dam bu yoqdan esayotgan shabada qanotlari haydab kelayotgan toza, yengil havodan olayotgan huzurlarimizni izhor etardik.

– Yanayam, qishlogʻimiz manzarasi avvalgichalik emas, uch-toʻrt yildan beri suv, oʻtin-koʻmir muammolari yuzaga kelib, ancha-muncha mevali va manzarali daraxtlarni kesib tashlashga majbur boʻlyapmiz, – dedi Muhammadjon aka bosh chayqab.

Samimiy, odamoxun kishilar bilan muloqot chindan ham maroqli edi, biz ularni tinglab zerikmasdik. Lekin afsuski, kun ogʻib, safarimiz qariy boshlaganini eslatardi. Diydorlashuvdan koʻzlari qiymayotgan mezbonlar bizni xuddi azaliy qondoshlarimiz kabi katta koʻchagacha kuzatib chiqishdi va yana koʻrishish, munosabatlarni yanada quyuqlashtirish ishtiyoqini bildirib, xayrlashib qolishdi.

Shunday qilib, Bobur nomidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiyaning qisqa muddatli safari nihoyasiga yetdi. Biz kunimizning kutganimizdan-da samarali, mazmunli oʻtganidan, yangi doʻstu qadrdonlar, hammaslaklar orttirganimizdan gʻoyatda mamnun edik.

Hushyorliklarning andijonlik mohir sarkarda, oʻzbek mumtoz sheʼriyati va memuarchiligiga beqiyos hissa qoʻshgan mutafakkir shoir, qomusiy olimga ixlosi va ehtiromini, mehmondoʻstligi va dilkashligini yuksak qadrlagan Zokirjon Mashrabov xalqaro jamoat fondi nomidan ularning maktabiga Bobur Mirzo byustini tayyorlatib berishni vaʼda qildi.

 

Qamchibek KENJA

 

“OʻzAS”dan olindi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.