Bitmas jarohat

0
105
marta koʻrilgan.

Eskirtma

 

Qishlogʻimizning markazida oʻrmon xoʻjaligining idorasi bor edi. Idoraning darvozasida olisdan ham koʻzga koʻrinadigan qilib “Tabiatning asrang”, deb yozib qoʻyilgandi. Biz bolalar toqqa oʻtinga borarkanmiz, albatta, shu yozuvga koʻzimiz tushar, va uyda, maktabda eshitganlarimiz – tabiat insonning eng yaqin doʻsti, u yediradi, kiydiradi, toʻydiradi, unga xiyonat qilish – tuzluqqa tupirish, degan gaplar xayolimizdan oʻtib, bitta boʻlsin hoʻl daraxt kesmay, qoʻrigan shoxlarini sindirib uyga qaytardik.

Shubhasiz tabiat insonning doʻsti. Uni asrab-avaylash, himoya qilish, bizga xuddi ota-bobolarimizdan qolgan yodgorlikday qadrli, vasiyatday ahamiyatli, kerak boʻlsa, tarbiyamizning muhim bugʻinidir. Biroq, ming nadomatlar boʻlsinki, biz – odamlar hamisha asragan, avaylagan narsalarimizning buzishga, vayron qilishga, bilmadim, shunchalik oʻchmizmi, har holda qilma degan ishni qilayotgan oʻjar bolalarga allaqachon aylanib ulgirganmiz. Endi nima qilarimizni bilmay, xuddi otasi kitobga bergan pulni komyuter oʻynab, yoki muzqaymoq yeb qoʻygan bola singari, uyga kirolmay hovli burchagidagi bostirmada berkinib yo padezd atrofida aylanib, endi nima qilsam ekan, deya ich-etimizni tirnab, koʻzimizga yosh kelayaptimi? Afsuski, yoʻq! Goʻyo hamma narsa biz uchun yaratilgandek, goʻyo insonligimiz bizga keragidan ortiq imkoniyatlar beradigandek, zarra boʻlsin vijdonimiz qiynalmay yana oʻsha ishlarimizni davom ettirayapmiz.

Kitoblarda, gazeta maqolalarida 1 va 2 jahon urishlari bosh harflar bilan yoziladi. Nega, hozir biz qoʻllaganday raqamlar bilan emas, nega aynan bosh harflar yozilar ekan-a? Ey, inson koʻzlaringni kattaroq och, yon-atrofingga qara, bu shunchaki axborot yoki xabar emas, bu yigirmanchi asrning oʻzi yaratgan ixtirosiyu jabri haligacha kishilarning yurganini larzaga solayotgan xato, aynan shuning uchun ham eslatma, bu hol takrorlanmasin, tarix sahifalarida oʻsha 1,2 bilangina qolib ketsin, zinhor bazinhor 3 yoki 4 raqamlarini qoʻshishga, qoʻlingdan kelsa kelmasa qarshilik qil, kurash, bu sening va senga zamondosh boʻlgan barcha insonning, insoniyatning eng dolzarb ishidir, degan bir ogoh emasmikan? Negadir men shunday deb oʻylayman, oʻylayveraman.

Biz – insonlar ertalab ulovda yoʻlovchimiz, ishxonada ishchimiz, oshxonada xoʻrandamiz, uyda otamiz, ermiz, oʻgʻilmiz. Aytingchi, qachon insonmiz, qay holatda oʻz insonligimizni teran anglab yetmamiz.

Urush-ku, tugadi, ammo jarohatlari hali hamon bor emasmi?

 

Voqea

Yelkalari yara boʻlmagan bolalarim – deb yigʻlar ekan Shamsiya momo.

– Shuyam yigʻi boʻldi-yu, – deb bir ikki yosh mayna qilsa, keksalar – jim boʻl, – deb koyirkan soʻng uzoq sukutga ketisharkan.

– Bu yigʻining maʼnosini bilasizlarmi, – der ekan picha vaqt oʻtib, ulardan yoʻq maʼnosini olgach, – Momoning iki oʻgʻli urushda, kenjasini togʻda ilon chaqib oʻldirgan. Yelkalari yara boʻlmagan degani – mening tobutimni koʻtarmagan, hayot tashvishiyu quvonchida bir tilim ham tishlamagan, kelgani ketgan, koʻrganu ulgurmagan, degani…

Askiya qilguvchilar jim boʻlib qolishar ekan.

 

Mulohaza

Qoʻshning tinch – sen tinch, degan maqolimiz bor.

Uy olma – qoʻshni ol, deb yana kuchaytiriladi.

Uchinchisi – qoʻshning yomon – boʻlsa uyingni sotib qutilasan.

Ikkita bola urishsa, bir-birini yigʻlatsa qand-qurs, muzqaymoq berib tinchlatirsa boʻlar-ov. Nari borsa ikki soatda esidan chiqarib, yana joʻra-joʻra boʻlib ketaveradi.

Katta yoshlilar urishsa-chi?

Yoshi ulugʻlar toʻy-hashamdami, bayram, hayitlardami ularni ham yarashtirib qoʻyadi. Bir ikki kun gapi qovushmay turadi-da, soʻng oʻrtadagi nizolar koʻtarilib, yana vaqtlar oʻtgach oʻsha hangomani eslab kulib yurishadi.

Mamlakatlar urishsa-chi?

Ularni kim yarashtirib qoʻyadi?

Kim?!

Shukrki, yurtimiz tinch, lekin dunyo tinch emas-ku…

Bir kun kelib dunyoni ham tinchlantirsa boʻlar, ehtimol, barcha davlatlar tinchlikni yoqlab chiqar, hamma tinch-totuv yashashni istab qolar, qachonki – biz koʻnglimizni tinchlantirsak, qalbimizdagi insoniylikni asray olsak.

Demak, mamlakatlar ham tinch.

Dunyo ham tinchlikni istaydi.

Faqat koʻngil notinch, koʻnglimiz bezovta, ey koʻngildoshlar…

 

Fikr

Barcha yaratiqlar – hayvonlar, parrandayu darrandalar, sudralib yuruvchilaru qanotlilar, – oʻz vazifasini yaxshi bilishadi. Mushuk sichqon ovlaydi, tirnaydi. It uy qoʻriydi, tishlaydi. Eshak yuk tashiydi, hangraydi. Ot uloq chopadi, kishnaydi. Tulki – ayyor, unda tantilik yoʻq. Yoʻlbars – jasur, ayyorlik yoʻq. Qargʻa uchadi – goʻng ham titadi. Burgut ham uchadi – oʻlaksaxoʻr emas.

Mushuk uy qoʻrimaydi – vazifasini biladi, it siqchon ovlamaydi u ham biladi. Eshak kishnolmaganidek, ot hangramaydi. Tulki mard boʻlolmaganidek, yoʻlbars ayyorlikni oʻziga ep koʻrmaydi. Ular – oʻz vazifasini bilishadi… Ongsiz, aqlsiz boʻlsayam juda yaxshi bilishadi.

Faqat… Faqat odamzodgina nima ish qilishini, nima yumush bilan bu dunyoga kelganini bilmay oʻtib ketadi, xolos… Ongli boʻla turib, ongsizlar qilmagan ishlarni qiladi…

Vazifamiz nima, odamzod?!

Urushishmi?

Qon toʻkishmi?

Vazifamiz nima, ey odamzod?!

 

Yana Shamsiya momo

Momoning juda katta bogʻi bor edi. Shu qoʻrgʻonchada odamlar ismini bilmaydigan bir qancha mevali daraxtlar bor ediki, momo ularning bariga nom qoʻyib chiqqan ekan: mehr, yaxshilik, tinchlik, muhabbat, oqibat, insoniylik, sogʻinch, sevinch, ovunch…

– Mana bu daraxtning nomi urushmi? Qarang bahaybat, hamma daraxtingizga soya solib turibdi, – desa, momo:

– Yoʻq, buning nomi bor, bu – yolgʻizlik, degan ekan…

Keksa, chirib ado boʻlgan, mevali daraxtlarni quyosh nuridan pana qilgan oʻsha nomsizgayam momo nom topgan ekan.

Bugun Shamsiya momo yoʻq. Bizlar tugʻilmasdan ilgari oʻtib ketgan bu dunyodan. Koʻrayin desak surati ham yoʻq.

Bir vaqtlar Orol quriyati, deb shahardan borgan toʻrt-besht shlyapali odamlarga, Aʼzamov domla bunday degan ekan:

– Eshitdik, zoʻr, nutqingiz ajoyib! Agar sizlar Orolni yana toʻldirmoqchi boʻlsangiz, butun Oʻzbek ayollarining koʻz yoshlarini oʻsha tomonga kanal qilib oboringlar. Birinchi Shamsiya momodan boshlanglar…

Keyin nima boʻlgan boʻlsa…

Yaxshisi uyogʻini aytib oʻtirmayman…

Darvoqe, keyinchalik Shamsiya momoga Marsiya momo, deb ism bergan ham Aʼzamov domla ekan…

Insonlarni asraylik

Tabiatni asrang, degan shior, oʻz uyingni oʻzing asra, degan maqol va yana bir qancha ogohlantiruvchi xitoblar talaygina.

Biz – insonlar ertalab ulovda yoʻlovchimiz, ishxonada ishchimiz, oshxonada xoʻrandamiz, uyda otamiz, ermiz, oʻgʻilmiz. Bir soʻz bilan aytganda – insonmiz, qachonki, qalbimizdagi insonni asray olsak.

Vazifamiz koʻp, muhimi, eng muhimi yana qalbimizdagi insonni asrashdir. Dunyodoshlar qalbimizda bizdan koʻra chiroyliroq, buyukroq, yaxshiroq bir inson yashaydi. U onadan endi tugʻilgan chaqaloqday maʼsum, boladay begʻubor, oʻsmirday toza, yigitday jasur, kesaday donishmand. Gavdamiz, tanamiz ichimizdagidek bir xil boʻlsin. Bas, yetar, biz – odamzodga boshqa urushlarning keragi yoʻq. Yetar, momolarimizning kuyib oʻtganlari, bobolarimizning tanklar bilan yonib ketganlari yetadi bizga.

Umrimiz qisqa… Oddiy qargʻa ming yil yashasa-da, bir-birining koʻzini choʻqimaydi. Bizlar esa 70-80 yil umr koʻrsak-da, nega axir…

Ehtimol, qargʻa shuning uchun ming yil yashar?

Toʻrt yuz ellik ming lola, deb yozadi shoir.

Toʻrt yuz ellik ming sogʻinch deb oh uradi.

Toʻrt yuz ellik ming onaning yurak parchalari emasmi? Shuncha onaning joni emasmikan?

Bizga oq sut bergan, yigʻlasak ovutgan, yelkalarida koʻtargan onalarimizni asraylik endi. Ikkinchi jahon urushining jarohatlari hali bitib ketgani yoʻq. Garchi, ularning aksariyati oʻtib ketgan boʻlsa-da, barmoq bilan sanarli darajada kam qolgan esa-da, baribir yaralar bitib ketgan emas. Aytishlaricha ruhlar oʻlmas emish. Demak, ularning majruh, azoblangan, farzand dogʻidan egilgan qomatlari – ruhlari hamon kamonday egilib turishibdi.

Marhumlarning hurmati uchun,

Bevaqt ketgan yigitlarning nomi uchun,

Sevganini kutaverib bu dunyodan hur ketganlar uchun,

Yana jami insonlar uchun, oʻzimiz uchun,

Insonlar – qalbimizdagi insonlarni asraylik!..

Oʻzimizni asraylik!..

 

Sanjar TURSUNOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.