Birinchi boʻlib Gitlerga qarshi qoʻl koʻtargan odam

0
234
marta koʻrilgan.

Birinchi boʻlib Gitlerga qarshi qoʻl koʻtargan odam – Georg Elzer 1945 yilda qatl etildi. Agar 1939 yilda Myunxendagi pivoxonada u uyushtirgan suiqasd amalga oshganida ehtimol insoniyat ikkinchi jahon urushi dahshatlaridan qutilgan boʻlarmidi…

Maxfiy qatl

Qirq beshinchi yilning aprel oyida reyx rahbarlari kunlari sanoqli boʻlib qolganini tushunib yetishdi, shekilli, oʻz jinoyatlarining izlarini yoʻqotishga kirishdilar. Mavjud rejimga qarshi chiqqanlarning koʻpchiligi qamoqxonalarda azob chekib yotishar, endi ularni butkul yoʻqotish zarurati vujudga kelgandi. Har qalay Gitler va Gimmler ana shunday qaror qilishdi. Bu ishni amalga oshirish esa gestapo rahbari Genrix Myullerga topshirildi. U esa oʻz navbatida “ijrochilik”ka SS shtandartenfyureri Valter Xuppenkottenni tanladi.

Xuppenkotten dastlab Zaksenxauzen kontsentratsion lagerida antifashist Xans fon Donanya ustidan “sud jarayoni”ni oʻtkazib, uni qatl etdi. Ertasi kuni Flossenburg kontsentratsion lagerida ruhoniy Ditrix Bonxeffer, abver (harbiy razvedka. Tahr.) sobiq rahbari admiral Vilgelm Kanaris, uning xodimi Lyudvig Gere, yuqori martabali huquqshunos boʻlgan Karl Zak ustidan qisqacha “sud” oʻtkazib, 9 aprel kuni ular osib oʻldirildilar.

Oʻsha kuniyoq Daxau lageri rahbari, shturmbanfyurer Eduard Vayter nomiga gestapo boshligʻi Myuller yuborgan maxfiy maktubda shunday deyilgandi.

“… Shuningdek, alohida, mahbus Eller taqdiri ham yuqori darajada qaytadan koʻrib chiqildi. Berilgan koʻrsatmaga binoan Eller navbatdagi bombardimonlardan biri paytida goʻyoki “halok boʻlishi” lozim. Mening nomimga quyidagi mazmunda rasmiy xat yuborilsin: “Bombardimon oqibatida boshqalar qatorida mahbus Eller ham halok boʻldi.”

Bu uslub Myuller uchun yangilik emasdi. 1944 yil 23 avgustda nemis kommunistlari rahbari Ernst Telman ham Buxenvaldda shu taxlit qatl etilgandi.

Daxau rahbarlari bombardimonni kutib oʻtirishmadi. Oʻsha kuniyoq Eller lager hovlisida otib tashlandi va krematoriyga solib, kuydirildi. “Eller” deganlari aslida Georg Elzer degan kishi boʻlib, u 1939 yilda fashizm dohiysi, fyurer Adolf Gitler hayotiga suiqasd qilishga jazm qilgandi.

Xoʻsh, Elzer oʻzi kim va u nega fyurer hayotiga tajovuz etdi?

Kenigsbronlik usta

U 1903 yilda Xermaring shahrida tugʻilgan boʻlib, keyinroq ota-onasi Kenigsbronga koʻchib kelgan. Otasi yogʻochfurush, onasi dehqonchilik qilardi. Yetti yillik maktabni bitirgach, u tokarga shogird tushadi. Soʻng sogʻligʻi imkon bermagach, tokarlikni tashlab, duradgorlikni oʻrgandi. 1922 yilda hunar maktabiga imtihon topshirdi va u yerdan Georg yaxshi usta boʻlib yetishib chiqdi. Shu bilan birga u adolatparvar, haqsizlikka chiday olmaydigan bola boʻlib oʻsdi. U bir joyda muqim ishlay olmas, koʻp hollarda maosh bobida chiqisholmay, boʻshab ketardi. Doʻstlarining qistovi bilan 1928 yilda qizil frontoviklar uyushmasiga aʼzo boʻldi. Garchand oʻzi kommunist boʻlmasada, saylovlarda GKP uchun ovoz berib yurdi, zero, kommunistlar maoshlarni oshirish, durustroq ish va yashash sharoiti yaratishni vaʼda qilishardi.

U qanday qilib antifashist boʻldi?

Millatchi sotsialistlar hokimiyat tepasiga kelgach, boshqa koʻplab mehnatkashlar qatori Georg Elzerning orzulari ham chippakka chiqdi. Keyinroq, soʻroqlarda u fashistlarni nega yomon koʻrib qolganini quyidagicha izohlaydi:

“Maoshlar kamaydi, toʻlov va soliqlar oshib boraverdi. Duradgorning bir soatlik maoshi 1 reyxsmarkadan 68 pfenninga tushib qoldi. Ishchilarning ishdagi, hatto oiladagi huquqlari chegaralab qoʻyildi…” Darvoqe, gitleryugend (Gitlerchi yoshlar tashkiloti. Tahr) tomonidan Elzer oʻz bolalariga otalik qilish huquqidan ham mahrum etilgan, uning diniy eʼtiqod borasidagi huquqlari ham kamsitilgandi. Buning ustiga gitlerchilar urushga tayyorgarlik koʻra boshladilar.

Ana shunda Georg Elzer bu qabohatlarning ilhomchisi va tashkilotchisi boʻlmish Adolf Gitlerni yoʻq qilish kerak, degan qarorga keldi. Oʻshanda 1938 yilning kuzi edi.

Oʻz qoʻllari bilan yasagan

Oʻz hayotidagi eng muhim va dahshatli qarorga kelgach, Elzer bu ishni amalga oshirish chorasini izlashga kirishdi. Bu paytda u urush jihoz-uskunalari yasovchi fabrikada ishlardi. U yerda portlovchi modda topish oson edi. Elzer kam-kam porox olib chiqib, uni uyida ikki qavatli jomadon ichida yigʻdi. Ishdan boʻsh paytlarida portlovchi uskuna yasadi. Uni harakatga keltirish uchun soat mexanizmini tanladi, zero, u yoshlik kezlarda Shveytsariyadagi soatsozlik zavodida ham ishlashga ulgurgandi.

1938 yil 8 noyabrda u Myunxenga yoʻl oldi. Bu yerda natsistlar “pivo toʻntarishi” (hokimiyatni qoʻlga kiritish. Tahr.)ning besh yilligini tantana qilishmoqda edi.

Gitler oʻzining otashin nutqini tugallagach, Elzer “byurgerbroykeller”, deb nomlangan pivoxonani bemalol koʻzdan kechirib chiqdi. Fyurerning tansoqchilari ketgan, hech kim xalal bermasdi. Shu taxlit Georg suiqasdni mana shu joyda uyushtirishga qaror qilib, yana Kennigsbronga joʻnab ketdi. Endi “ish”ga puxta hozirlik koʻrish kerak edi…

1939 yilning aprel oyida u yana Myunxenga keladi. Suiqasd joyiga kirib, bombani qaerga oʻrnatish ustida bosh qotiradi. Nihoyat u bombani minbarning tagida joylashgan tosh ustun ichiga joylashga ahd qiladi. Uyga qaytib, tosh kesish fabrikasiga ishga joylashadi, tosh portlatishni oʻrganadi, keraklicha portlatuvchi modda yigʻadi. Soʻng, oʻrganganlarini oʻz bogʻida sinab koʻradi.

Avgustda Elzer yana Myunxenga keladi. Bombani yasashni nihoyasiga yetkazishi va uni oʻrnatish uchun joy hozirlashi kerak edi. Shu maqsadda, Tyurkenshtrosse 94-uyda Alfone va Roza Lemnolar xonadonida ijarada yashaydi.

Gestapo soʻroqlaridan maʼlum boʻlishicha, 5 avgustdan 6 avgustgacha Elzer “byurcherbroykeller” pivoxonasining yertoʻlasida yashirincha ishlab tosh ustun ichiga bombani joylaydi. Portlash masalasini 8 noyabr soat 21.20 ga belgilab qoʻyadi.

Bu oradi ikkinchi jahon urushi boshlanib ketgan, Gitlerning bosh qashishga qoʻli tegmasdi. Shu bois u avvaliga pivoxonadagi har yillik tantanaga bu gal bormaslikka qaror qildi. Tantanali nutqini safdoshi Rudolf Gessga topshirdi.

Elzer buni bilmasdi. Shu bois u 7 noyabr kechasi bombani yana bir karra koʻzdan kechirib Myunxendan chiqib ketdi.

Yillik tantana soat 1800 da boshlandi. Hurmatli mehmonlar safida fashistlarning koʻziga koʻringan vakillar Gimmler, Rozenberg, Frank, Gebbels, Ribbentrop va Zep Ditrixlar bor edi. Shu orada Gitler oʻz fikrini oʻzgartirgani, qisqa muddatga boʻlsada tantanaga kelib ketishga qaror qilgani maʼlum boʻldi. Darhaqiqat, u yetib keldi va oʻz nutqini odatdagidek 2100da emas 2000 da boshladi. Kechki toʻqqizdan yetti minut oʻtganda u nutqini tugallab, oʻz aʼyonlari bilan Berlinga joʻnab ketishga ulgurdi.

Portlash moslamasi esa aynan Elzer belgilangan vaqtda harakatga keldi. Ammo… kech edi! Yetti kishi oʻldi, oʻndan ziyod odam yaralandi. Biroq ular orasida na Gitler, na uning yaqin safdoshlari bor edi.

Gestapo tergovni boshladi. Mamlakatga kiradigan va chiqadigan yoʻllar berkildi. Butun davlat politsiyasi harakatga kelib, shubhali odamlarni qamoqqa olishni boshladi.

Aslida esa, portlash tashkilotchisi allaqachon… qamoqda edi. Qanday qilib?

Uni tizzalari fosh etib qoʻydi

Georg Elzer bombani joylab boʻlgach, Shveytsariya chegarasi tomon joʻnadi. Ammo omadi kelmadi. 8 noyabr 2045da chegarani yashirincha kesib oʻtayotganda qoʻlga tushib qoldi. Xolbuki, u ilgari bu joydan koʻp bora oʻtib-qaytgan, bu safar ham qoʻshni mamlakat hududiga oʻtishga 30 metr qolgandi…

Bojxonachilar uni obdon tekshirishdi. Elzer “adashib qoldim”, dedi. Undan shubhali biron narsa topolganlari ham yoʻq. Har ehtimolga qarshi, hujjatlar yaxshilab tekshirilguncha, qamab qoʻyishdi. Ertasiga 9 noyabr edi.

Xullas, ertasiga u “chegarani buzib oʻtayotgan gumondor shaxs” sifatida gestapoda soʻroq qilindi. Pixini yorgan tergovchi, SS obershturmbanfyureri Yozef Xuberda bomba yertoʻlada joylanganini aniqlagan va uni oʻrnatgan kishi choʻkkalab ishlagan, degan taxmin bor edi.

U birinchi soʻroqdayoq Elzerning tizzalarini ochib koʻrdi. Shilinib, qorayib ketgan tizzalar Elʼzerni fosh etib qoʻydi…

U oʻz aybiga iqror boʻldi. Gitlerga suiqasd qilishi sababini “adolat uchun kurash”, deb izohladi. “Sheriklaring kim?” degan savolga “bir oʻzim qildim”, deya javob berdi.

Gestapo unga ishonmadi. Qattiq qiynoqqa soldi. German matbuoti buni “ingliz josuslari ishi”, deb jar soldi. SD maxsus komandasi Gollandiyada qoʻlga olib, oʻgʻirlab kelgan ikki ingliz fuqarosi – Stiven va Bestlar ana shu ish tashkilotchilari, deb koʻrsatildi. Shuningdek, bu jinoyat ishiga Gitlerning raqiblaridan boʻlmish Gregor Shtrasser (u fashistlar tomonidan otib oʻldirilgandi)ning ukasi Otto Shtrasserni ham qoʻshmoqchi boʻlishdi. Bu vaqtda Parijda yashayotgan Otto esa “byurgerbroykeller”dagi portlashni ham xuddi Reyxstagni yondirgani singari fashistlarning oʻzlari, ataylab uyushtirgan, dedi.

Uning aytishicha, hatto Georg Elzerning oʻzi ham SS xodimi boʻlgan emish.

Afsuski, bu xil uydirmalar ancha vaqtgacha ogʻizdan ogʻizga koʻchib yurdi. Zero Georg Elzerning Gitlerday dahshatli kuchga qarshi yakka oʻzi kurash olib borganiga hamma ham ishonmas, antifashist kuchlar, kommunistlar ham uni oʻzlariga aloqador emas, deb hisoblardilar. Shu taxlit jamiyatdagi past tabaqadan chiqqan, kambagʻal bir yigitning bu ishga qoʻl urishiga hech kimning aqli bovar qilmasdi.

 

Mixail KARPOV

 

ziyouz.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.