Bir kishilik gurung

0
236
marta koʻrilgan.

Ustoz Said Ahmadni eslab…

Ustoz, keyingi yillarda uyda muqim edingiz. Sizni osongina topardik. Birdan yoʻqotib qoʻydik…

Bir davrada Siz haqingizda gap qoʻzgʻaldi-yu, Erkin Vohidov: “Qaranglar-a, hatto Said Ahmad akaning yoʻqligigayam koʻniksa boʻlarkan”, deya har qachongidek tagli soʻz qotdi. Hamma tezda tushundi – aslida bu koʻnikish mumkin emasdek bir hol.

Baribir tirikdaysiz. Mana, suratingiz bilan otamlashib oʻtiribman. Bilaman, barini eshitib turibsiz, shunchaki eshitmaganga olyapsiz, xolos. Chekishni keyingi oʻn besh yilda ikkinchi marta tashlaganingizdan soʻng (birinchisida ortgan sigaretalaringizni menga ilingandingiz), ustidagi qoziqchasi bosilsa, sigaret qoldigʻini oʻz tubiga yutib yuboradigan mis kuldoningizni oʻzlashtirgani borganimda ham xuddi shunaqa manzarani kuzatgandim. Yaʼni soʻzimni eshitmaganga olib: “Esingdami, hoʻ koʻchatni sen ekkan eding. Tagiga yashik-yashiklab mineral suv quyib yurib, zoʻrgʻa katta qivoldim”, deya ayvondagi ochiq derazadan bogʻ tomonga barmoq bigizlagandingiz. “Oʻzimga oʻxshatib, koʻchatimniyam astoydil parvarishlashingizni bilardim. Shunaqaligingizni bilmasam, ortiqcha erkalanib, sizdan kuldon soʻrab kelarmidim”, deb dalahovlingizga ne ilinjda bosh suqqanimni qayta shaʼmaladim.

– Qoʻrqma, kuldonni yeb qoʻyganim yoʻq, – dedingiz.

Oʻtirish yana izmiga tushdi. Yangi yozayotgan hikoyangizni qisqacha bayonlab oʻtib: “Boshimda gap qaynaydi-yu, yozishga kuch qani. Yo menga birorta sekretarka kerakmikin?”, deya maʼnodor qiyaladingiz. Keyin bir joylari qirqib-yamalgan, bir joylari xira siyohda tahrir qilingan ikki-uchta eski hikoyalaringizni uzatib, umumiy mazmunga putur yetgan-yetmaganiga bir qarab qoʻyishimni buyurdingiz. Bittasini oʻqib chiqib:

– Hammasi joyida, – dedim. – Qolganlarini koʻrishdan ilgari bitta chekvolsam maylimi, domla? Aytganday, kuldon qani?

Iyakni yuqorilatgan koʻyi xomuza tortib: “Derazaning yonida chekib tur, men kuldonni axtarib koʻraman”, deya kattakon shippagingizni changʻidek “shuv-shuv”latib, ichkari xonaga yoʻl oldingiz. Sal oʻtgach, ichida shishalar jiringlayotgan xaltani koʻtarib chiqib: “Manavi vinolar boʻtta achib ketmasin, zoti mundayroqlarga ichkizvorarsan”, deb oldimga qoʻydingiz. Bilasiz, ichmayman. Shu bois yuzimda oʻzgarish sezilmagan boʻlsa kerak, koʻnglimni koʻtarish uchun xaltada “moldavskiy” konyak bilan “namanganskiy” araq ham borligini ilova qildingiz.

Shunda ham murosaga borgim kelmay: “Kuldon-chi?”, deb soʻradim. Yana xomuza tortdingiz. Chekmay qoʻyganingizdan kuyunib yurgan nevarangiz Saidsharof kuldonni omborchaga qulflab tashlagan boʻlishi mumkinligini aytib, gapni tezda boshqa yoqqa burdingiz:

– Shu Saidsharofga qarab turib, Xudoning qudratiga tan beraman. Tusi Mahmudjon kuyovimga oʻxshasayam, feʼl-atvori quyib qoʻygan oʻzimniki. Yo tavba!
Qolgan hikoyalarni oʻqishga tushdim. Oxirgi hikoyaning uch-toʻrt yeriga shiringina jumlalar qoʻshgan ekansiz, “qarigan sayin ochilyapsiz-da, domla”, deb xushomad qildim.

– Oʻsha-oʻsha qishloqisan-da, – dedingiz. – “Qari”ni oʻrniga “yosh oʻtgan sayin” desang, Polosoning ketadimi? Endigina saksondan oshyapman.

Suhbatimizga moslasholmay, bogʻda aylanib yurgan Botir oʻgʻlimga ovoz qilib, soat necha boʻlganini soʻrasam, “Qayoqqa shoshasan, oʻtiribsan-da”, deb mezbonjerkish qildingiz. Soatni boshqa maqsadda, kuldon qayerdaligini biladigan Saidsharofning qaytishiga qancha vaqt qolganini chamalash uchun surishtirganimni aytdim. Bu gal xomuza tortmay, koʻzimga sinovchan tikildingiz. Andak oʻylanib turgach: “Oshxonadagi javonniyam bir agʻdar-toʻntar qilarkanman-da”, deya tagʻin ichkariga “changʻi surdingiz”. Zarurat tugʻilsa, koʻmak bervorish niyatida ortingizdan yurdim. Xayriyat, taxmin qilganingizdek, mis kuldon idish-tovoqlar javonining bir chetida yotgan ekan.

Shu kunlar, shu qisqa diydorlashuvlar ham gʻanimat ekanini oʻshanda qayoqdan bilibman deysiz…

Yaqinda uyingizda boʻldim, domla. Kirib borib, poyabzalimni xonangizning toʻgʻrisiga yechayotsam, uyingizdagilar: “Buyoqqa joy qilgan edik”, deb mehmonxonani koʻrsatishdi. Siz bilan yigirma sakkiz yil birga yashab, oʻgʻlingizga aylanib qolgan kuyovingiz Mahmudjon asab-ruh boʻyicha mutaxassis vrach boʻlgani boismi, holatimni darhol sezib: “Hali-hali bizgayam adamiz xonalarida oʻtirgandek tuyuladi. Ishga ketayotib ham, ishdan qaytib ham, oʻzim bilmagan tarzda eshiklarini ochaman”, deya maʼyuslandi. Qizingiz Nodiraxon esa: “Goh xonalaridagi stul gʻijirlagandek boʻladi, goh oʻrindiqlaridagi choyshab gʻijimlanib qolgandek koʻrinadi”, deb koʻzini namladi.
Mehmonxona sari yuryapman-u, derazadan kiprik qoqmay termulayotgandeksiz. Yuragim gupillab, qadam bosishimni boshqarolmay qoldim.

Mahmudjon oʻzini qayerga qoʻyishni bilmasdi. Dam choy uzatadi, dam noz-neʼmatli tovoqchalarni oldimga surib, “oling-oling” qiladi. Orada Nodiraxon kirib kelib, “Sharbatdan ichmabsizlar-ku”, deb idishning burama qopqogʻini oʻzi ocha boshlaydi. Nihoyat palov ham tortilgach, tamaddilanayotib, qizingiz haqida aytgan bir gapingiz xayolimda sadolandi:

– Nodira maktabda oʻrischa dars bersayam, pishirgan oshi gʻirt oʻzbekcha. Bunaqa moʻjiza kam boʻladi!

Bu soʻzni toʻrt yillar burun xuddi shu xonada ovqatlanib oʻtirganimizda aytgan edingiz. Ovqatlanayapsiz-u, toʻrroqqa terib qoʻyilgan, yubileylaringizda sovgʻa qilingan turli vazalarga, katta-kichik portretlaringizga zimdan qarab qoʻyasiz. Ularning ichida Saida opa bilan tushgan suratingiz ham bor edi.

Oʻsha surat hozir ham turibdi. Unga boqib, birdan nevarangiz kichkina Saida esimga tushadi. Uni boshqacha yaxshi koʻrardingiz. Odatingizga koʻra, gapni hazilga qorishtirib: “Bu qizni “chimchim” tayyorlaydigan kursga qatnayapti deb yursam, koreys tilini oʻrganayotgan ekan”, derdingiz. Vaqtning oʻtishini qarang, kichkina Saida endi ingliz, rus, arab, nemis tillarini ham oʻrganib, hozir “Oʻzbekiston havo yoʻllari” tizimida ishlayotgan akasidek iqtisodchi boʻlish maqsadida Germaniya iqtisodiyot universitetida oʻqiyotgan ekan. Kenjatoy Kamola esa, Sharq tillari litseyida haliyam xitoychani oʻrganyapti. U litseyga yangi kirganida: “Bu qaqajonim qizaloqligidayoq xitoy faylasufi Konfutsiyning kitoblarini gilamda sudrab oʻynardi”, deb shungayam gap topgan edingiz. Nazdimda, aynan shu nevarangizda Saida opaning qoni koʻproqdek.

Saida opa haqida koʻp yozgansiz, lekin kam gapirardingiz. Gapirish ogʻir kechardi, chamasi.

Bir voqea yodimda. Televideniyedagilar hayotingiz va ijodingiz toʻgʻrisida “Umr daftari” turkumida besh qismli koʻrsatuv tayyorlaydigan boʻlishdi. Sizni gapga solib berishni mendan iltimos qilishdi. Uch kun suratga oldik. Oxirgi kuni “Chigʻatoy”ga borganimizda, Saida opaning qabri ustida uzo-o-oq sukut saqlab qoldingiz. Sizni bu turishda gapga solishga botinmadim. Oxiri oʻzingiz gapirdingiz. Aytgan soʻzlaringiz shu boʻldi:

– Shoʻrlik… rosa-a kutdi-da…

Avvaliga, surgunda yurgan chogʻlaringizdagi ayriliqni esladingiz, deb oʻyladim. Zum oʻtmay, boshimda boshqa bir oʻy chaqnadi. Bu dunyodagisi yetmagandek, Saida opani u dunyoda ham uzoq kuttirib qoʻyganingizdan iztirob chekayotgandek koʻrinib ketdingiz.

…Xonadoningizda ancha oʻtirdim. Sizni koʻp eslashdik. Shuncha gaplashib yurib, Mahmudjon shoir Elbekning urugʻidan ekanligini endi bildim. Adabiyotga, adiblarga ehtiromi yuksakligi qonida ziyosi borligidan ekan. Nodiraxonni birinchi boʻlib topgan akasi, bu ishga quvonib bosh qoʻshgan ota-onasi, oʻrtada turib gapni pishitib bergan shoir Shuhrat ogʻa haqida toʻlqinlanib-toʻlqinlanib soʻzladi. Sizdek zotga kuyovligidan behad faxrlanishi shundoq koʻrinib turardi.

Kuyovingizning bir gapi menga oʻzgacha taʼsir qildi. Bir kuni u xarajat koʻtarib dalahovliga borsa, qotgan non qalamchalarini sovuq choyga botirib yegan asno, soqolingiz oʻsgan, rangingiz oqargan tarzda mashinkangizni “chiqira-chiq”latib oʻtirganmishsiz. Uning rahmi qoʻzib: “Ada, ora-sira yuvinib-taranib olsangiz boʻlmaydimi”, desa, Siz: “Hozir qamoqdagi davrim toʻgʻrisida yozyapman. Lagerda yurgan odam yuvinib-taranishni oʻylaydimi”, deb javob qilibsiz.

Shunaqa adib edingiz. Yozayotgan asarlaringizning ichida yashardingiz.

Sizni juda-juda qoʻmsayotganini Nodiraxonning soʻzlaridan ham, koʻzlaridan ham anglab olish uncha mushkul emasdi.

– Ilgarilari “huvillagan uy” deganda, koʻz oldimda egalari tashlab ketgan boʻm-boʻsh hovli paydo boʻlardi, – deydi u mahzunlanib. – Endi bilsam, uyning huvillashi uchun oilaning ulugʻidan ajrab qolishning oʻzi kifoya ekan.

Ha, domla, oʻrningizni hech yerda hech kim bosolmaydi. Yupanchlisi shuki, xonadonda yoʻqligingizni bildirmaslikka urinuvchilar ortingizda qolishdi.

Siz bilan soʻzlashyapman-u, jiddiy boʻlishga qanchalik urinmay, quvnoq davralardagi mutoyibalaringiz, doimo miyigʻingizda turadigan tabassumingiz xayolimda jonlanib, ular meni nuqul xushchaqchaq suhbatga tortqilaydi. Ammo koʻnglimda allaqanday mung tinimsiz giz-gizlab yuribdi.

Rahmatli ustozimiz Neʼmat Aminov meni Siz bilan ilk bor tanishtirishga chogʻlanayotib: “Oldindan ogohlantirib qoʻyay, bu kishiga bir yaqinlashdingizmi, keyin koʻngil uzib ketish qiyin boʻladi”, deganida haq ekan. Endi oramizda yoʻqsiz-u, koʻnglimiz hanuz Sizni qidiradi…

Xona tutunga toʻlib, koʻzimni achishtiryapti, domla. Oxirgi sigaretani kuldonga ezib, ruxsatingiz bilan, tashqarida bir havo yangilab kelsam.

Bu mis kuldon hali Sizni koʻ-oʻ-oʻp eslatadi menga…

 

Anvar Obidjon

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.