Badiiy tarjima – chinakam ijoddir

0
84
marta koʻrilgan.

Saidjalol Saidmurodovga maktub

Assalomu alaykum, Saidjalol!

Aslida hozir aytmoqchi boʻlgan fikrlarimni maqola shaklida yozib, keyin oʻqib koʻrish uchun sizga bersam ham boʻlardi. Lekin, bu yerda – “Yoshlik”ning “Maktubot” ruknidan foydalanib, siz bahona koʻnglimdagilarni tengdoshlarga aytib olsam degan bir istak bor. Keling, oʻzimiz, yon-atrofimiz haqida gaplashaylik. Koʻngildan, samimiy… Mulohazalarimizning toʻgʻri-notoʻgʻriligini baholash oʻquvchiga havola…

Yaqinda Bobur (Bobur Elmurod) bir gapni aytib qoldi: “Talabalik paytimizda Saidjalol bir asarning tarjimasi ustida ishlayotgan ekan. Oʻshanda mendan asardagi sheʼriy parchalarni tarjima qilib berishimni soʻradi”. Ana shu gapdan keyin siz tarjima qilgan asarlarni azbaroyi qiziqqanimdan qayta xatm qildim. Chunki asarlardagi sheʼriy parchalarni oʻzingiz oʻgirmasdan, yaxshi shoirga murojaat qilganingiz sizning ishga professional yondoshuvingizdan darakdir, deb oʻyladim.

Saidjalol, tan olishim kerak, sizning faqatgina tarjimalaringizni oʻqiganman. Garchi oʻz asarlaringizni oʻqimagan boʻlsam-da, tarjimalaringizga qarab, sizni yaxshi ijodkor sifatida taniyman.

Bundan besh yo olti yil avval “Yoshlik”da Jek Londonning “Oqsoqollar ittifoqi” hikoyasini oʻqib qolgandim. Bu yozuvchining ijodiga boʻlgan mehrim sabablimi, shunchaki varaqlab oʻtib ketolmaganman. Keyin, tarjimonni ham ancha yoshi ulugʻ inson deb tasavvur qilganman. Stulning suyanchigʻiga tirsaklarini tiragancha oʻychan nigoh bilan qarab turgan Jek London va uni oʻzbek tilida “gapirtirgan” tarjimon bitta odamdek tuyulgan menga negadir. Keyinchalik esa, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Kitob dunyosi”, “Oila davrasida” kabi gazetalar, “Yoshlik”, “Jahon adabiyoti” kabi jurnallar, internet saytlarida tarjimalaringizni oʻqidim. Tanidim, tanishdim. Tanishdik…

Remark, O‘Genri, Alfons Dode, Vladimir Nabokov, Pavel Basinskiy, Elfrida Yelinik, Yuriy Kazakov, Oʻrxon Kamol kabi yetuk adiblarning asarlarini oʻzbek tiliga oʻgirishga yetgan jurʼatingizni hurmat qilib tarjimlaringizni, iloji boricha, oʻqib borishga harakat qildim. Eʼtiroflarim aniq, ammo ayrim eʼtirozlar tugʻilganda bir chekkaga yozib qoʻymaganimni qarang. Shu xat bahona ularni ham aytib ketardim.

Men, ayniqsa, Yevgeniy Yevtushenko va Mario Vargas Losa bilan boʻlgan suhbatlarning tarjimasini oʻqib, bir nusxadan oʻzimga olib ham qoʻyganman. Qayta-qayta oʻqib turish uchun. Vargas bilan suhbatni oʻqiy boshlaganimda, yozuvchining ijodiy uslubiga doir “magicheskiy realizm” atamasini nega “fusunkor realizm” deb tarjima qildi ekan, deb oʻylaganim yodimda. Keyin ham bir muddat xayolimdan ketmadi shu savol. “Sehrli realizm” yoki “Moʻjizaviy realizm” desa boʻlmasmikan, derdim. Shu xayollar Vargas ijodi bilan ham tanishishga turtki berdi. Katta bir olamga tushgandek boʻldim. Siz ishlatgan “fusunkor” soʻzi esa – oʻz joyida ekan…

 

* * *

Tarjimonlikning mashaqqatini oʻzimcha bilaman…

Bilasizmi, koʻpchilik adabiy tarjimani oson ish deb oʻylaydi. Goʻyoki, bir asarni olasan-da, tanish soʻzlarni oʻz tilingga oʻgirasan-qoʻyasan, tamom…

Yoʻq! Yozuvchi oʻzi istagan mavzuda, emin-erkin, asarning voqelariyu ruhiyatini oʻz qarashlari asosida yozishi mumkin. Lekin tarjimon bunday qilolmaydi. U baribir muallif bilan hisoblashishga majbur. Asarning gʻoyasi, mazmuni, maqsadidan chiqib ketmagan holda, isteʼdod va bilim darajasi doirasida oʻz tilida qaytadan asar yaratadi, desak boʻlarmikan… Unga ikki tilni bilishning oʻzi kamlik qiladi. Adabiy bilim, badiiy did va Xudo bergan isteʼdod boʻlmasa, tarjima qilingan asarning soʻzma-soʻz oʻgirilgan oddiy matndan farqi qolmaydi. Oddiy matn tarjimasini esa, oʻzingiz bilasiz – ozgina harakat qilsa, hamma ham eplay oladi.

Soʻnggi paytlarda “Yoshlik”da berilayotgan xatlarni oʻqigan boʻlsangiz kerak. Men ham bir-ikkita tarjimalaringiz haqida gapirib, sizning ijodingiz bilan cheklanib, xatni yakunlamoqchi edim, aslida. Lekin, bir tengdoshga, bir doʻstga aytmasam kimga aytaman, deya oʻylab yurgan boshqa mulohazalarim ham bor. Tarjimon boʻlganingiz uchun ham sizga aytaman…

Viloyat va tumanlardagi gazeta-jurnallar qoshida, oliygohlarda tarjima toʻgaraklari bor. Ana shu toʻgaraklarda ishtirok etayotgan yoshlarning koʻpchiligini oliy taʼlim muassalalarining chet tili fakultetlari talabalari, til oʻrganishga qiziqadigan yoshlar tashkil qiladi. Ularning bir-biri bilan turli chet tillarda gaplashishlarini koʻrib havas qilasiz. Lekin chet tilini bilish – bu adabiy tarjima qila olish, degani emas. Men ana shu toʻgaraklarga faqatgina chet tilini biladigan yoshlar emas, chet tilini bilmasa ham koʻproq isteʼdodli ijodkor yoshlar jalb qilinsa yaxshi boʻlardi, deb oʻylayman.

Ijodkorga tarjima nazariyasini oʻrgatish ikki tomondan foydali, menimcha: birinchidan, yaxshi shoir yoki nosir biror asarni oʻzbek tiliga oʻgirsa, oʻzbek adabiyoti yaxshi asar bilan boyiydi. Ikkinchidan, oʻsha yosh tarjimon chet tilidan asarni tarjima qilar ekan, oʻzga mentalitet, oʻzga qarashlar bilan bilimi, ruhiyati ochilib, isteʼdodi charxlanib boraveradi. Natijada, kelajakda hozirgidan ham yaxshiroq asarlar yozishga ruhiy va maʼnaviy quvvat oladi.

Axir, biz “Jahon adabiyoti durdonalari” deya sevib oʻqiydigan sheʼrlarni oʻzbekning eng yaxshi shoirlari tarjima qilgan-ku. Eng yaxshi nasrni bizning qoʻlimizga oʻzbekcha qilib “tutqazgan”lar ham shunchaki chet tilini bilgan havaskor qalamkashlar emas, katta-katta yozuvchi, yo boʻlmasa adabiy bilimi va didi juda yuqori boʻlgan ijodkorlardir.

Menga tarjimonlarning aynan ana shu jihati – ijodkorligi juda yoqadi. Misol uchun, oʻzim taniganim va bilganim uchun, Shahnoza Rahmonova hamda Hilola Roʻziyevalar haqida gapirsam. Shahnoza opa ham, Hilola ham adabiyotni yaxshi tushunadi, oʻzlari ham ijod qilishadi. Shahnoza opaning rus, ingliz tillaridan qilgan nasriy tarjimalarida bir umumiylik, Hilolaning ispan tilidan oʻgirgan sheʼrlarida alohida bir oʻziga xoslik bor – ushbu asarlarda shunchaki chet tili bilimdoni emas, yuragi uygʻoq ijodkor nafasi sezilib turadi. Tarjima qilingan asarlari oʻzbek tilida yozilgandek goʻyo… Bundan tashqari, Qandilat Yusupova, Muslim Musallam, Rafiq Saydullo va boshqa, bizdan bir necha yosh katta va kichik, tengdosh ijodkorlar ham aynan oʻzlari ijod bilan shugʻullanganlari uchun tarjimalari ham yaxshi chiqyapti deb oʻylayman.

Soʻnik, ruhsiz, quruq tarjimalar qalbni oʻziga rom etolmaydi. Tarjimalardan ijodiy ruh, quvvat talab qilganimiz bois bugun har qanday xorijlik yozuvchining asarini ham oʻqiyvermaymiz. Noqobil tarjimon hatto eng zoʻr yozuvchining asarini ham nobop holga keltirishi mumkin.

Bugun hammamiz koʻrib, koʻnikib turgan borayotgan bir jihat ham bor. Koʻplab gazeta jurnallarimizda yosh yigit-qizlarning ingliz, nemis, koreys, yapon va boshqa tillardan oʻgirgan tarjimalari chop etilyapti. Yoshlarning til bilgani yaxshi, lekin tarjimalardagi uslubiy xatolar, gʻalizliklardan seziladiki, ayrim navqiron mutarjimlarimiz chet tilini bilgani holda oʻzbek tilining boy imkoniyatlaridan yetarli foydalana olmayapti. Biroq, ajablanarlisi shuki, ularning hech biri oʻzining tarjimasini yomon demaydi. Xuddi hech bir ijodkor oʻzini yomon shoir, yomon rassom yoki yomon rejissyorman, demagani kabi… Chet tilini bilgan yosh ijodkorlarga tarjima nazariyasini oʻrgatish kerak, adabiy tarjimani ijodiy ruhi, kayfiyati bor kishi qilishi kerak, deganimning sababi ham shunda.

Bugun ustoz tarjimonlarimiz, aytaylik, Ibrohim Gʻafurovning Ernest Xeminguey, Gabriel Garsia Markesdan qilgan tarjimalarini maroq bilan oʻqiymiz. Holbuki, bu asarlar ingliz yoki ispan tilidan emas, rus tili orqali tarjima qilingan. Yaʼni, tarjimonga bogʻliq boʻlmagan holda, asliyatdan rus tiliga va rus tilidan oʻzbek tiliga oʻtayotgan chogʻida qaysidir ifodalar beixtiyor oʻzgarib ketgan boʻlishi mumkin. Ammo, ishonamanki, ularda eng muhim narsa, yaʼni muallifning ruhiy quvvati, tasavvur va tafakkur kuchi saqlanib qolgan. Bugun “Men originaldan tarjima qilyapman, shu bois ifodalarim asliyatga toʻgʻri”, deb daʼvo qilayotgan baʼzi tarjimonlarimiz ana shu muhim vazifani bajarishda – matnning botinidagi ruhiyatni bor koʻlami va salmogʻi bilan yetkazishda noʻnoqlik qilmoqda, faqat soʻzlarning zohiriy qismini oʻgirish bilan cheklanmoqda, xolos.

Saidjalol, modomiki, tarjimonlik haqida gaplashayotgan ekanmiz, yana bir jihatni aytib oʻtmasam boʻlmaydi. Oxirgi paytlarda oʻzbek tilidagi asarlar, xususan, sheʼrlarni chet tiliga tarjima qilish hajmi sezilarli koʻpaydi. Bu yaxshi, albatta. Chunki sportchilarimiz kabi shoiru-yozuvchilarimizning ham jahon sahnasiga koʻproq chiqadigan payti keldi. Ammo shu oʻrinda savol tugʻiladi: tarjimonlarimizning hammasi ham oʻzlari oʻrgangan chet tillarning maʼno nozikliklarini, ifoda imkoniyatlarini toʻla oʻzlashtirganmi? Oʻzbek tilidagi asarni boshqa tilga oʻgirish chogʻida faqat oʻzlari bilgan, tor doiradagi ifodalar bilan cheklanib qolmayaptimi? Agar shunday boʻlsa, oʻzbek adabiyotining eng sara asarlari haqida boshqa millat vakillarida xato tasavvur uygʻonib qolmaydimi? Ehtimol, oʻzbekcha asarlarni chet tiliga oʻgirish uchun xorijlik usta tarjimonlarni jalb qilsak toʻgʻriroq boʻlar! Axir, har bir tilning nozik jihatlari, rang-barang imkoniyatlarini oʻsha tilni ona tili deb biluvchi ijodkordan yaxshiroq his qiladigan tarjimon bormikan?!

“Ular bu asarlarni qachon topib oʻqiydi-yu, qachon tarjima qiladi?” degan eʼtiroz tugʻilishi mumkin. Buning uchun biz, birinchi galda chet tilini biladigan ijodkorlar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa yoʻllar bilan tanishgan xorijlik ijodkor doʻstlarimizga eng yaxshi asarlarimizni tavsiya qilishimiz darkor. Mayli, birgalikda, oʻzaro hamkorlikda tarjima qilaylik. Toki tarjimaga oʻsha tilga mansub ijodkorning ham koʻzi tushsin, qalami tegsin.

Gaplarim ham poyintar-soyintar boʻlib, biroz choʻzilib ketmadimikan, Saidjalol? Xat soʻngida bir xulosa va tilak (aslida istak) aytay.

Yuqorida oʻzingizning ijod namunalaringizni oʻqimaganimni aytdim. Bu mening kamchiligim, albatta. Nima boʻlganda ham, sizda yaxshi asarlar yaratish uchun boy ijodiy zaxira yigʻilib borayotgani shubhasiz. Maʼnaviy va ruhiy quvvatingiz ana shu yoʻsinda, yaʼni bugungiday oʻqishli tarjimalaringiz bilan boyib borar ekan, kelajakda sizdan, oʻz qalamingizdan ham pishiq-puxta asarlar kutsak boʻladi. Ajab emas, bir kuni xorijlik tarjimonlar ham sizning, Saidjalol Saidmurodovning asarlarini oʻz tillariga tarjima qilsalar! Orzuga ayb yoʻq, deydilar, axir.

 

 

Dadaxon MUHAMMADIYEV

1989 yili tugʻilgan.

Oʻzbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.

Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari ishtirokchisi.

 

“Yoshlik”, 2018/1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.