Badianavislarning orifi, oriflarning komili

0
118
marta koʻrilgan.

Yil boshi, bir tomondan, yangi dastur va rejalar asosida yangicha azmu shijoat bilan ish boshlash pallasini anglatsa, ikkinchi tomondan, yakuniga yetgan yil nechogʻlik samarador boʻlganini yana bir bor sarhisob etish fursati hamdir. Shu maʼnoda, oʻtgan 2017 yil mamlakatimiz hayotining boshqa sohalari qatori madaniyat, xususan, adabiyot sohasida esda qoladigan voqealarga boy boʻldi.

Bu haqda soʻz borganda, avvalambor, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning oʻtgan yil 3 avgustida yurtimiz ijodkor ziyolilari bilan boʻlgan uchrashuvi soha rivojida yangi tarixiy davrni boshlab berganini alohida taʼkidlash lozim. Binobarin, aynan oʻsha uchrashuvda milliy madaniyatimiz, adabiyotimiz va sanʼatimizni rivojlantirish bilan bogʻliq dolzarb masalalar tanqidiy tahlil qilindi. Sohada mavjud muammolarni hal etish yoʻllari, bu borada ijodiy uyushmalar va davlat tashkilotlari oldida turgan muhim vazifalar koʻrsatib berildi.

Bularning barchasi bejiz emas. Zero, har bir millatning madaniyati, shu jumladan, adabiyoti va sanʼati uning gʻurur-iftixor manbaidir. Buyuk kelajagimizni barpo etar ekanmiz, albatta, uning madaniy va maʼnaviy asoslarini mustahkam qurishimiz shart. Bunday yondashuv, oʻz navbatida, xalqimiz, jamiyatimizning maʼnaviy yuksalishida madaniyat va sanʼat ahli zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklaydi.

Shu maʼnoda, davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida taʼkidlanganidek, bir yil ichida madaniyat, adabiyot va sanʼat, ommaviy axborot vositalari sohasiga taalluqli 12 ta muhim hujjat qabul qilingani katta ahamiyat kasb etdi.

Oʻzbekiston ijodkorlarini qoʻllab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi, shuningdek, madaniyat va sanʼat muassasalari hamda yirik kompaniya va banklar hamkorligida “Doʻstlar klublari” tashkil etildi. Bu esa yurtimizdagi ijodiy uyushmalarning ijtimoiy hayotimizdagi oʻrni va nufuzini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yoʻlida alohida oʻrin tutmoqda.

Yana bir muhim yangilik – Toshkent shahridagi Milliy bogʻ hududida muhtasham Adiblar xiyoboni, Yozuvchilar uyushmasining yangi binosi, Qoraqalpogʻistonda va bir qator viloyatlarda ulugʻ adiblarimiz nomlari bilan atalgan ijod maktablari barpo etildi.

Agar Yozuvchilar uyushmasining yangi binosi haqida muxtasar soʻz yuritsak, ikki qavatli zamonaviy binoning 150 oʻrinli faollar zali va koʻrkam xonalarga ega birinchi qavatida “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka”, “Yoshlik” jurnallari tahririyatlari, “Ijod” jamoat fondi joylashishi koʻzda tutilgani eʼtiborni tortmasdan qolmaydi. Ikkinchi qavatda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi maʼmuriyati, turli tadbirlar, uchrashuvlar oʻtkaziladigan bitta 50, ikkita 30 oʻrinli zallar oʻrin olgani, binoda kutubxona va muzey borligi ham tahsinga loyiqdir.

Dekabr oyining oxirida atoqli tarjimon, adib va olim, Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi Ibrohim Gʻafurov tavalludining 80 yilligi mamlakatimizda keng nishonlangani, shubhasiz, maʼnaviy hayotimizdagi ana shu yangiliklarning uzviy va mantiqiy davomi boʻldi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari yoʻllagan samimiy qutlovda taʼkidlanganidek, el-yurtimiz Ibrohim Gʻafurovni noyob isteʼdodi va samarali ijodi bilan jamiyatimizning maʼnaviy va ijtimoiy ravnaqiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan atoqli maʼrifatparvar adib, yirik olim, faol jamoat arbobi sifatida yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

Oʻz navbatida, Ibrohim aka yangi nashrdan chiqqan kitobida shunday deydi: “Men oʻzimni kamtar bir qalamkash – badianavis deb bilaman, layoqatimni badianavislikda koʻraman. Elliginchi yillarning oʻrtalarida yoza boshlagan barcha mashqlarimga oʻylar, izhorlar va nihoyat, esselar, mansuralar deb nom qoʻydim. Taqrizlar, maqolalar, risolalarni ham badia, oʻy, izhor tarzida yurakdan chiqarib, tafakkur bulogʻidan sugʻorib yozish mumkin, deb oʻyladim. Adabiyotshunoslikni oʻyshunoslikka yaqinlashtirdim. Shunda hayot yurakka yaqin boʻladi, deb xayol qildim.

Albatta, Ibrohim aka oʻzini “badianavis” deb atar ekan, bir tomondan, ilmiy-ijodiy yoʻnalishdagi serqirra faoliyatini toʻliq qamraydigan juda aniq va asosli tushunchani odatdagidek teran zakovati ila topa bilgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, nozikfahm ijodkor boʻlgani uchun bu oʻrinda ham yana kamtarinlik koʻrsatgan deb oʻylaymiz. Aslida, Ibrohim akani maʼrifatli jamoatchiligimiz gʻoyat daqiq badianavis sifatida taniydi va tan oladi. Ibrohim Gʻafurov – tom maʼnoda badianavislarning orifi, oriflarning komilidir.

Men zabardast adabiyotshunos olim, hassos publitsist, mohir tarjimon va talabchan murabbiy Ibrohim Gʻafurovning ilmiy-ijodiy faoliyati bilan yoshligimdan, qariyb ellik yildan buyon yaxshi tanish boʻlsam-da, oʻzaro yaqin munosabatlarimiz birinchi va ikkinchi chaqiriq Oliy Majlis deputatlari sifatida 1999–2008 yillardagi qonun ijodkorligi jarayonlari bilan bevosita bogʻliq.

Shu bois, ijozat bersangiz, davlat va jamoat arbobi Ibrohim Gʻafurov faoliyatining oʻzim shaxsan amin boʻlgan uchta yoʻnalishi haqida muxtasar toʻxtalsam.

Birinchi yoʻnalish – Ibrohim Gʻafurovning deputat, Oliy Majlis Matbuot va axborot qoʻmitasi raisi oʻrinbosari hamda Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi aʼzosi maqomidagi faoliyati.

Biz Ibrohim aka bilan oʻn yildan ortiq vaqt mobaynida Oliy Majlis deputatlari sifatida bitta binoda, yondosh ish kabinetlarida qonun ijodkorligi faoliyati bilan shugʻullandik.

U kishi mamlakatimizda erkin bozor iqtisodiyoti va demokratiya tamoyillarini rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada qabul qilinayotgan yangi qonun hujjatlari tufayli bugungi oʻzbek tili rang-barang xalqaro istilohlar va tushunchalar bilan boyib borayotganiga nisbatan ham xalq deputati, ham millat ziyolisi sifatida hamisha uygʻoq fikr, bedor tafakkur bilan yondashganiga koʻp bor guvoh boʻlganman.

Jumladan, Ibrohim Gʻafurov “Riyeltorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun matni haqida soʻz yuritib, “riyeltor” va “dallol” soʻzlari garchi aynan bir xil tushunchani, yaʼni “vositachi” degan maʼnoni anglatishiga qaramasdan, “dallol” tushunchasi “riyeltor” tushunchasiga haqiqiy ekvivalent boʻla olmasligini asosli tahlil etib berganlari esimda.

Boshqa bir gal esa milliy qonunchilik tilida qoʻllanib kelingan “oltin probasi” degan tushunchadagi “proba” atamasi oʻrniga “asllik darajasi” tushunchasi qonun matniga kiritilishiga munosib hissa qoʻshganlar.

Yaqinda parlamentning Qonunchilik palatasida Ibrohim Gʻafurov ishtirokida juda qiziqarli uchrashuv tashkil etilgani bejiz emas. Chunki mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining huquqiy asoslarini mustahkamlagan eng asosiy qonunlar aynan oʻsha davrda Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Pirimqul Qodirov, Oʻtkir Hoshimov, Ibrohim Gʻafurov, Xurshid Doʻstmuhammad kabi adiblarimizning saʼy-harakatlari tufayli ishlab chiqildi, maromiga yetkazildi hamda qabul qilindi.

Ikkinchi yoʻnalish – Ibrohim Gʻafurovning siyosiy partiya yetakchisi va fraktsiya rahbari sifatidagi faoliyati.

Ibrohim Gʻafurov nafaqat davlat arbobi, balki jamoat arbobi sifatida ham jamiyatimiz ravnaqida oʻz inʼikosini topgan ezgu xizmatlari bilan har qancha faxrlansalar arziydi. Gap shundaki, oʻz davrida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining yetakchisi boʻlgan Ibrohim aka ushbu siyosiy partiyaning shakllanishi, oyoqqa turishi, bugungidek yuksak maqomga – parlament partiyasi darajasiga erishishi yoʻlida astoydil jonbozlik koʻrsatdilar.

Uchinchi yoʻnalish – Ibrohim Gʻafurovning partiyaviy matbuotni va siyosiy publitsistikani rivojlantirish borasidagi faoliyati. Men bu oʻrinda u kishining “Milliy tiklanish” gazetasi bosh muharriri sifatidagi faoliyatini nazarda tutayapman. Qolaversa, Ibrohim aka milliy istiqlol gʻoyalarini demokratik tamoyillar asosida targʻib etishga qaratilgan siyosiy publitsistika janrining ilk mualliflaridan hisoblanadi. Ibrohim akaning deputat, siyosiy yetakchi, bosh muharrir maqomida olib borgan – ham milliy, ham xalqaro tamoyillarga mos – samarali faoliyati meni doim hayron qoldirgan.

Bundan uch asrcha ilgari yashab oʻtgan mashhur frantsuz adibi va huquqshunosi Mishel de Monten shunday degan ekan: “Biz inson haqida uning tabiatan isteʼdodli ekanligini aytishdan koʻra yaxshiroq maqtov oʻylab topishga qodir emasmiz”.

Shunday ekan, birinchi navbatda, Ibrohim Gʻafurovdek isteʼdodli insonni yaratgani, yana deng, bizning davrimizda, bizning yurtimizda yaratgani uchun ham Yaratgan Egamga qulluq, deymiz.

Ibrohim akaga esa shu qutlugʻ yosh ostonasida oʻz oldiga katta vazifayu rejalar qoʻyib, ularni koʻngildagidek darajada roʻyobga chiqarishlari uchun sakson yigitning shavqi va gʻayrati toʻla sururli ijod jarayonlari har doim hamroh boʻlishini tilab qolamiz!

 

Akmal SAIDOV,

akademik

 

“Hurriyat”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.