Azaliy hikmatni izlab…

0
641
marta koʻrilgan.

Qoʻngʻiroq boʻldi.

– Erkin aka boryaptilar…

“Erkin aka, qaysi Erkin aka?

Erkin Malikmi, Erkin Aʼzam, Erkin Usmon, Erkin Abdurahmondir?”

– Vohidov! – “Sharq”qa, – shiddatli aniqlik kiritiladi.

Birdan ruhiyatim oʻzgaradi. Koʻnglim oyoqqa turadi. Ruhiyatim ajib bir shoirona nasimdan parvozlanib, borligʻimga buyuradi: “Uygʻon! Sharqqa shoir tashrif buyuryapti”. Beixtiyor aytaman:

– Oʻzim kutib olaman, Mirzo aka!

Mujdani yetkazganimda tahririyatdagi hammaning shoirlik armoni esiga tushib, shu choʻqqiga chiqqan, yuksak bir zotni ziyorat qilish imkonidan koʻngillar masrur boʻladi.

Zinalardan tushib borar ekanman, sheʼr toqiga koʻtarilgan shoir “Nido”lari xotiram osmonida jaranglaydi.

 

Bekorga XX asr oʻzbek sheʼriyatining ulugʻ vakili havaslanib shunday yozmagan-da:

 

“Ufqlarda yoniq afsona,

Olgin Erkin Vohid sheʼrlarin.”

(Rauf Parfi)

 

Mustamlaka davrida, Choʻlpon, Fitrat, Usmon Nosirlar qatagʻonga uchraganida zulmdan qochib, xorijda jon saqlagan vatandoshlar keyinchalik shoir sifatida Erkin Vohidni eʼtirof etishgan ekan. Haqli eʼtirof. Zero, yetmishinchi yillar boshidagi “Oʻzbegim” qasidasi shoirningina emas, oʻzbek sheʼriyatining yutugʻi ekanini, millatning oʻzligini baralla tarona qilganini, oʻzbekona koʻngilni koʻtarganini unutib boʻladimi?! Oʻshanda hofiz bu sheʼrga kuy topib, yonib kuylaganda, katta-yu kichik yurakdan unga joʻr boʻlib yurganmiz.

Erkin Vohidov uzilgan badiiy anʼanalarimizni baholi qudrat kelajakka uladi. Mukammal sheʼriy ilm – aruzda yozishga, tengdoshlari orasida mavlono Lutfiy, hazrat Navoiy anʼanalarini davom ettirishga jurʼat topdi. “Yoshlik” devoni mayli havas, izlanish pillapoyasida tursa ham, “Inson qasidasi” kabi ham fikri, ham ifodasi goʻzal gʻazallar yaratilishiga sabab boʻldi. Mumtoz sheʼriy uslub zamonning eng murakkab ruhiy jarayonlarini yuksak badiiy tarzda koʻrsata olishga yaroqli ekanini isbotlab, sheʼriyatimiz sarhadlarini himoya qildi. Sanʼatning, isteʼdodning hamma qalamkashga ham nasib qilmaydigan avj maqomi bor ekanligini koʻrsatdi. Shuning uchun ham “Inson qasidasi” dehqondan tortib ziyolilarimizgacha, milliy ruhiyatni yolqinlashtirib, tafakkurga boshlaydigan qoʻshiq sifatida mehrimiz ufqida hilpiradi.

Erkin Vohidov sheʼriyati sharqona, shu bilan birga dunyo nazmining eng yangi poetik tafakkuridan suv ichgan uzoq umr koʻradigan soʻzlardan tiklangan qasrdir. “Ruhlar isyoni” oʻtgan asrning yetmishinchi yillarigacha boʻlgan dostonchiligimizning favqulodda yangi, chuqur psixologik namunasi. Qizigʻi, Erkin Vohidovda uch-toʻrt yoʻnalish, bir-biriga oʻxshamas shoirona botiniy feʼl oʻquvchini hayratga soladi. “Donishqishloq latifalari”dagi oʻtkir hajv, samimiy kulgi, afandiyona keskir aqlni “Ruhlar isyoni”dagi chuqur ruhiy talqinga solishtirib boʻladimi? “Oʻzbegim”dagi naʼra bilan “Yoshlik devoni”dagi dilbar lirikani-chi? Bir shoir olamida qanday qilib yeru osmonday uzoq ruhiy uslublar: fojia va koʻtarinkilik muhiti uygʻun boʻlishi mumkin? Shoir qismati, dunyoning oʻzgaruvchan jarayonini oʻz borligʻida yashaydigan aktyor. Uning botini hayot sahnasi… Bu sahna shunchalik keng va har xilki, shoir iqtidori qadar masʼuliyatni his qilib, navbatdagi asarida avvalgisini qaytarmaydi, yangilanadi. Mavzu va uslub jihatidan ham boshqa olamda, boshqa sheʼriy qiyofada namoyon boʻladi…

 

…Birinchi qavatning ostonasida hech kim koʻrinmadi. Hovliqqanimdan boshyalang chiqib ketgan ekanman. Qishimiz ham oʻjar feʼllik. Charsligini bahorga yaqin koʻrsatadi… Fevralning oʻrtasida gullab qoʻygan shaharlik oʻriklar fevralning oxirida yopishqoq qor aralash yogʻayotgan sovuq yomgʻir ostida shumshayib, ezilib oʻzi bilan oʻzi ovora. Tan junjikar edi. Oʻzimni panaga oldim. Tashqariga, boʻronli havoga qarab turibman. Nihoyat, shoir ostonaga yaqin joyda koʻrindi. Negadir Erkin aka ichkariga kirishga shoshilmas, qor ostida nafasini rostlamoqchi, izgʻirinli shu sof havodan koʻproq simirmoq eng zoʻr saodatday turardi. Ichkariga oʻzini urayotganlarning qay biriga bu odam yelkasidan nafas olayotganday tuyulgan boʻlishi ham mumkin. Menda esa tiyrak nigohlari ila boqqan, kuz libosida shoshilib koʻchaga tushgan yoʻlovchi taasurotini uygʻotdi.

 

Meʼroj lahzada yuz beradigan jarayon. Ruh va koʻngil ulgʻayganini jism qayerdan ham sezardi? Ruh vazifasini bajarib, olamning navqiroligidan ajabtovur kuch olib, zakovatini ulgʻaytirib, shoirni koʻngillar bogʻboniga, bulbul va gulga aylantiradi. Nazrul Islom siymosiga chizgilarda buni his qilib, Yaratganning Oʻzidan Shoirga berilgan inʼom ekanligiga iqror boʻlasiz. Shoirga shu manzildan tushish iztirob, chinakam musibat. Chin shoir hech qachon ulgʻayish ufqidan tushmaydi. Jismi qarigan sari ruhi yana-da yuksalib, parvoz qilib boraveradi; maʼrifati, mutafakkirligi Oʻziga yaqinlashib, qurbat hosil qiladi.

 

“Sharq” tahririyati toʻrtinchi qavatda. Ammo, liftlarning toʻrtdan uchtasi toʻrtinchi qavatga toʻxtab oʻtolmaydi. Shuning uchun, Erkin aka bilan beshdan toʻrtga tushishga majbur boʻlamiz. Erkin aka, goʻyo nafas rostlayotganday, aslida gurung berib jiladi:

– Bundan qariyb yarim asr ilgari Davlat badiiy nashriyoti ham”Navoiy-30” binosining toʻrtinchi qavatida joylashgan edi. Aksariyat ulugʻlar – Gʻafur Gʻulom, Maqsud Shayxzoda, Habibiy domla, Quddus Muhammadiy kabi zotlar tashrif buyurishganida yugurib pastga tushardim. Koʻtarilishda ular hech shoshilishmas, nazarimda juda imillashib olgʻa bosishardi. Mana…

– Quddus Muhammadiy lift borida ham tepa qavatga piyoda koʻtarilarkan, – deydi Mirzo Kenjabek. Fikri oxiriga yetmagan shoirga imkon bermay, men ham “bilimdon”ligimni koʻrsatishga shoshilaman.

– Habibiy domla toʻqsonga kirgandilar-a…

Erkin aka dumbul xabarimning ikki dami borligini shu onda fahmlab yetdi… va indamasdan hikoyasini ham, bu savolga aniqlik kiritmoqni ham nigohi bilan aytib qoʻya qoldi…

 

“Sharq” nashriyotida Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning sakkiz jilddan iborat tanlangan asarlarini nashr qilish tadorigi ikki-uch yildan buyon koʻriladi. Nihoyat, dastlabki jildlar bosmadan chiqdi. Ungacha xamir uchidan patir deganlaridek, shoirning keyingi yillarda bitilgan sheʼrlar toʻplami yorugʻlik yuzini koʻrdi. “Yangi sheʼrlar”. Nomi meni oʻylantirdi. “Ichi sheʼrlardan iborat boʻlsa yana…” Yoʻq, bu nomning ikki yuki, ikki taʼkidi bor ekan. Harqalay, keyingi yillarda matbuotda chiqqan sheʼrlarining oʻzidan mutaassir yurganimdan, bu uchrashuv shunchaki boʻlmasligini koʻnglim sezganday edi. Shoirning tashrifi esa yurakni qizitib, ruhimni karaxtlikdan uygʻotib, “Yangi sheʼrlar” sari boshladi.

Dabdurustdan “Yangi sheʼrlar”ga oʻtmasdan shoirning bungacha ham ado etgan ulugʻ xizmatlaridan bir-ikkisini eslamoq vojib. Gʻarb mumtoz namunalaridan “Faust” – Gyote ijodining gultoji, olmon adabiyotining shoh asari hisoblanadi. Odam ulgʻayib, dovonlar oshganidek “Faust”dagi drama, ruhiyat gʻalayonlari, moddiy va maʼnaviy olam, sheʼriy sanʼatlar ifodasi juda murakkab. Bunga yetarlicha tayyorgarlik koʻrgan oʻquvchi uchun ham mutolaa jarayoni oson kechmaydi. Endi, uning tarjimasi qancha muddat va qancha zahmat, til bilish, ilm va shoirlik dahosini talab qiladi? Javobi juda ham mushkul. Chunki sheʼr tarjimasida asliyatga hech qachon yetib boʻlmaydi, bu qariyb mumkin emas, faqat ilohiy moʻjiza bilan tarjima sheʼrning sharpasinigina koʻrsatadigan amal. Bu baribir boʻlak tilda muqobilini topib, boshqa bir asarning tugʻilishi boʻladi… Shuning uchun boʻlsa kerak, Gyote oʻz yozganini emas, fransuzchaga oʻgirilgan variantini mutolaa qilishga ragʻbati koʻproq ekan… Buning oʻziga yarasha huzurbaxsh sabablari boʻlgan, albatta. Shoir Erkin Vohidov esa olmonchadan emas rus tilidan tarjima qildi va bunga umrining besh-olti yilini butunlay bagʻishladi. “Faust” tarjimasi adabiy muhitda, tarjimachilikda katta voqea boʻlgan. Bundan tashqari, gʻarbning mumtoz asari sharq shoiri ijodiga ham ijobiy taʼsir qilib, yangi dovonga olib chiqdi.

Erkin Vohidovning xizmatlaridan yana biri rus shoiri Sergey Yesenindan qilgan tarjimalaridir. Bizning avlod bu tarjimalarni sevib, yoddan oʻqib shakllangan. Biz uchun ijodda gʻayrimillat shoir yoʻq. “Millatingiz, madaniyatingiz, diningiz boʻlak, shunga koʻra, hayot tarzingiz boshqa, – degan edi menga shoir doʻstim Vladislav Seliʼev. – Qanday qilib oʻta milliy shoirimizni Islom madaniyatining vakili, oʻzbek shoiri tarjima qilishi mumkin? Axir baʼzi eʼtiqodiy tushunchalarimiz bizlarniki sizlarda, sizlarniki bizlarda yoʻq-ku!” “Vladislav, – deganman men ham oʻz navbatida – tilimizni, umuman, bilmaysizlar, lekin bizda rus tilini suv qilib ichib yuborganlar bor. Shoir ruhiyatini shoirgina tarjima qila oladi, asliga mos muqobil tushunchalarni topadi. Oʻzbekchaga oʻgirilgan sheʼrni eshit!..” U soʻzlariga tushunmasa ham tarjima ruhi va ohangidan huzurlanayotgani chehrasida qalqib chiqdi.

2010 yilning toʻrtinchi oktyabri edi. Sergey Yesenin tugʻilganiga 115 yil toʻlgan kunda rus shoirlari Yuriy Bondar va Romul Yeliseevlar hamrohligida Vaganki qabristoniga yoʻl oldik. Yesenin qabri oldida bir gala muxlislar yigʻilgan, shoir va volidasi xoki poyida quchoq-quchoq chinnigullar, kimdir paydar-pay shoir sheʼrini artistdek ijro etar, kim yigʻlagan, kim shod, kim sarxush, kim hushyor huzur tuyardi. Toʻlqinlanib ketib, hech kimdan soʻroqsiz oʻrtaga oshiqdim: “Dorogiye poklonniki poezii! Yesli razreshʼite, ya naizus chitayu stixi poeta “Do svidaniya drug moy, do svidaniya” na uzbekskom yaziʼke” deya duduqlangan tilim birdan tiniqlashdi!

 

Xayr endi, xayr doʻstginam,

Bagʻrimdasan koʻngil malhami.

Muqarrar bu ayriliqning ham,

Visoli bor oldinda hali.

Xayr, doʻstim, soʻzga ochma lab

Qoʻy, men uchun oʻrtama bagʻir.

Bu hayotda oʻlmoq-ku bor gap,

Yashamoq ham yangimas axir.

 

Hech kim “bu nima deyapti oʻzi?” deya baqirmadi. Balki “uzbek, uzbek” degan soʻzlar ohangidan bir hurmat, tashakkur tuydim. Bu, albatta, Erkin Vohidovning ulugʻ tarjimalariga aytilgan tashakkur edi. Holbuki, koʻpincha bunday lahzalarda sheʼr tarjimoni birovning esiga ham tushmaydi… Ochigʻi, biz fidoyilikni koʻpincha qadrlashni bilmaymiz. Erkin Vohidovga oʻxshagan shoir, tarjimonlar dunyoga har kuni ham kelavermaydi, axir. Ularni yoʻqlash, har bir fikrini qadrlash bugun uchun emas, kelajak uchun ham kerak.

 

Yana bir xotira

. Adashmasam, 2003 yilning bahorida “Yoshlik” jurnali tahririyatida ishlayotganimda serqirra ijodkor sirini bilaman, deb oʻzimcha savollar tuzib, shoirni izlashga tushdim. Erkin aka esa, Moskvada, yuragi jarrohlik amaliyotiga tayyorlanilayotgan ekan. (Balki “Amaliyotdan keyin bemor” sheʼri oʻsha kunlardan keyin yozilgandir.) Savollarim hali ham javobsiz, sargʻaygan qogʻozlar ichida yashirinib yotibdi… Ochigʻi, aslida behuda narsaga uringanga oʻxshayman… Axir, sheʼr chaqmoq yangligʻ koʻz ochadi. Qanday olamga kelgani koʻpincha shoirning oʻzi uchun ham sir, shunday ekan, muxlislar hech qachon bu sirni bilolmasa kerak. Faqat tugʻilgan sheʼr bilan uchrashish mumkin. Koʻngilning latif olamida yashash haqiqiy saodat. Ayniqsa, yangisi boʻlsa, olinadigan bahra, ruhning sururi boʻlakcha boʻladi, afsuski, buning suratini chizolmaymiz.

Shu xonaga ham bir kiring, Erkin aka. – Iltimos ohangi Vohidovni xonamga undadi. Oʻtgan asr ruhidagi uch stulning biriga choʻkdilar-da, bir aziz xotira tillariga koʻchdi:

– Oʻttiz besh, qirq yoshlardan oshmagan edim. Said Ahmad aka meni olqishlaganday lutf qildilar: “Sheʼringni yozib boʻlding Erkin, endi bemalol oʻlsang ham boʻladi!..” – Erkin aka jimib qoldilar. Aftidan bu gap “Oʻzbegim” kabi sheʼrlar shov-shuv boʻlib, el aro shoir tildan tushmay qolgandan keyin aytilgan chiqar. Balki oʻzidan besh koʻylak koʻp yirtgan kattaning kichikka ogohlantirishi boʻlgandir. Isteʼdodi yarq etib, keyin… oʻzi tirigu ijodi ado boʻlganlar qancha. Lekin mustamlaka zamonida shoir bir rostini aytib, ming chini ichida qolib, armon bilan yashardi. Shuning uchun bu gap, bu maqtov shoirga juda ham qattiq botadi. Hech unutolmaydi. Erkin aka qarab turganimizni koʻrib, bugunga qaytdilar-da, davom etdilar:

– Mening yana bir oʻttiz besh yoshim oʻtib ketdi. Said Ahmad aka sakson besh yoshga kirgan kunlar, mustaqillikda yana ham ochildilar, mumtoz hikoyalar yozildi. “Yoʻqotganlarim va topganlarim” yuzaga kelib, ziyolilarning qoʻlidan tushmay qoldi. Men oʻsha “tilak”lariga tilak bilan javob beradigan fursat yetganini tushundim: “Said Ahmad aka, – dedim, – endi haqiqiy ijod qilish zamoni keldi! Oʻlmang!” – Va toʻsatdan Erkin aka menga murojaat etib qoldilar:

– Sheʼr yozaversam boʻladimi, Vafo?

“Sheʼr yozaversam boʻladimi?” xayolimda butun xonani toʻldirib aks-sado berganday boʻldi.

– Erkin aka, axir, sizning sheʼrlaringiz… – nimalardir deb mulohaza yuritgan boʻlaman. Erkin aka esa bu soʻzlarga parvo qilmay, vazmin, duoga qoʻl ochdilar.

– Umringiz uzoq boʻlsin! Bolalaringiz boshiga omon boʻling.

Ketayotib tahririyatdagilarning hammalariga ehtirom bilan iltimos qilgan boʻladilar: – Shu yerda xayrlashamiz. Salomat boʻlinglar! Yana uchrashguncha!

 

Men esa shoirning chinakam tashrifi “Yangi sheʼrlar”ga yuzlanaman.

 

“Doʻstim!

Sen oʻzni koʻp xokisor tutma,

Ojiz bandaman deb egib yurma bosh.

Yurtning egasisan, zinhor unutma!

Sen oʻzing davlatsan, aziz vatandosh”.

 

Inson katta maqsadlar bilan yashasagina, ortidan gullar unadi. Qaybir ulugʻ zot aytganidek, oʻzini bir joyga jamlagan odamning bir oʻzi, yengilmas saltanat boʻladi. Buning moziydagi misoli Amir Temur hazratlari! Yetti toʻrtlik, 28 qatordan iborat sheʼrning har birida zarb bilan aytilgan shoir fikrlarining qaysi birlari ila bahslashish mumkindir, ammo ozod yurtning boʻz bolasi bu olov nidolarni anglab yashamogʻi kerak:

 

“Gʻayratsiz zotlarga zamonlar yomon,

Jasorat yoʻq yerda yomonlar omon,

Davlat ne, mardona boʻlmasang qalqon,

Sen oʻzing davlatsan, aziz vatandosh”.

 

Tilakning yoniq, orzuning juda yuksakligini qarang:

 

“Yurt farzandi asli oʻzi yurt boʻlar,

Koʻzi chaqnoq boʻlar, qalbi oʻt boʻlar

Qatorda nori bor Vatan but boʻlar,

Sen oʻzing davlatsan, aziz vatandosh”.

 

Chin shoir avvalo devonavor oshiqdir. Erkin Vohidov bu martabani “Yoshlik devoni” kitobi bilan qoʻlga kiritgan. Yangi sheʼrlardagi “Shoirga maktub”, “Qiz bolaning sevgisi”, “Birovning qizi” shu javohir qutichasidagi yangi durlar, huzurbaxsh sirlar boʻlibdi. “Shoirga maktub” samimiy bitilgan qismat hikoyasidir. Oshiqqa koʻngil izhori uchun yoniq tilli, yurakning qoniga boʻyalgan soʻz kerak, sheʼr kerak. Holbuki, shunday sheʼr yaratgan shoir qismatining aksariyat tarjimasi yorga yetolmagan armonli oshiq maʼnosini bildiradi… Lirik iqror – shoirning tugʻilish tarixi ham…

 

“Bir bevafo ishqida men ham

Poyoni yoʻq dardga toʻlganman.

Shu dard menga tutqazgan qalam,

Kuya-kuya shoir boʻlganman”.

 

“Qiz bolaning sevgisi” faqat oʻzbek shoiri his qilib, or-nomusini oʻrtaga qoʻyib bitishi mumkin boʻlgan sheʼr. U navrasta qizlarimizga otalarning oʻgiti hamdir. Adibimiz Togʻay Murod “Muhabbat koʻngilda boʻladi, tilga chiqsa yolgʻon boʻladi”, degan edi. “Birovning qizi” oʻzbek xulqi va taqdir bitigi haqidagi zamonaviy rivoyatdir. U “Mehrobdan chayon” qahramoni Anvarning Raʼnoga aytgan hayotga chorlovining davomiga oʻxshaydi. Haqiqat juda talx (achchiq) keladi, uni faqat shoirning yorugʻ tasviri tushunadigan qiladi. “Oʻlmas edi balki odamzot” sheʼrida insonning noqis feʼl-atvori qaltis pallalarda ochilgan. Har bir toʻrtlikdan bir nomukammallikning niqoblangan basharasini tanib olamiz. Bu haqda Gʻazzoliy hazratlari buyuk dasturga asoslanib jild-jild kitoblar yozgan. Nafs xohishiga yuradigan kimsa belgilaridan xabar bergan. Sheʼrning nomi-yu naqorati, albatta, ramziy. Haqdan berilgan umr zimdan halokat chohiga tashlanishi kinoya va istehzo, iztirob bilan koʻrsatiladi. Bu aslida oʻziga xos nahiy munkar. Qurʼoni karimning “Niso” surasida Olloh taolo shunday ogohlantiradi:

“Oʻzlaringizni va bir-biringizni nohaq oʻldirmang!”

 

“Tahqir zahru xanjar ila teng,

Tuhmat ortiq oʻqdan va dordan.

Inson oʻlmas biri birining

Oʻlishiga bermasa yordam”.

 

Shoir topgan ramziy ifoda haqiqatlar koʻzini ocharkan, insonning ojizligi, xudbinligi hushyor aqlni dahshatga soladi:

Inson oʻlmas oʻldirmasa gʻam,

Makon qilmas qora turbatni.

Koʻrsa agar tirigida ham

Oʻligida topgan hurmatni.

 

Olam toʻla fitna, adovat,

Mangu qolib netar odamzot?

Bir kun charchab, izlab farogʻat

Tinch dunyoga ketar odamzot”.

 

“Yangi sheʼrlar” toʻplamidagi eng yaxshi sheʼr, nazarimda, “Vafo”. Uni oʻqib turib Yeseninning “It haqida doston”i xotirga keldi. Yeseninda ovchining qotilligi bois yetti bolasidan ajralgan it nolasi. Vohidovda esa inson hayotdan ketganda yaqinlari, bolalaridan koʻra koʻp qaygʻu chekkan it timsoli kishi mehrini uygʻotib, yuragini qon qiladi. Aslida bu milliy tushunchaning goʻzal va gʻamgin qoʻshigʻi.

“…

Sovuq tunda qotib, diydirab,

Qabrga u qoʻyib yotdi bosh.

Erigan qor kabi mildirab,

Koʻzlaridan tinmay oqdi yosh.

 

Biz insonmiz, sohibi dunyo,

Qudratlimiz, magʻrurmiz, toʻqmiz.

Sadoqatda, mehrda ammo

Shu bechora bir itcha yoʻqmiz”.

 

Chin shoirning har bir misrasi bir fojia, bir drama, bir roman. Shuning uchun, sheʼr haqiqatlarning eng mardonasini aytib, vaqtni maksimal darajada tejashdir. Shuni nazarda tutib, mohir shoirlar fard, muammo, ruboiy kabi ixcham janrlarni ixtiro etgan. Haqiqatning goʻzal, mardona tasviri, inja ruhning dovyuraklik va kuyunchaklikka esh tabiiy surati soʻzlarga koʻchadi. Zero, hayotning birinchi mezoni haqiqat, ijodkorning eʼtiqodi esa uni anglatish. Shuning uchun ham odamni olgʻa boshlaydigan haqiqat sheʼriyatning, adabiyotning gultojidir. Shoirning mutafakkir darajasiga koʻtarilganiga havasingiz keladi. Balki, har bir xalqqa asl haqiqatni pardaga oʻrab berish uchun shoirlar berilar. Shuning uchun ham haqiqat jarchisi boʻlishga imonli shoirlar maʼnaviy haqdordir.

Erkin akada tasvir, marom koʻpincha oddiy, ammo xulosa juda zalvorli.

Baxsh etmoqni istab dillarga ziyo

Tunlar chirogʻimiz oʻchmadi biroq.

Oʻchmaydigan qilib mahshargacha to,

Biz oʻz boshimizga yoqibmiz chiroq

”.

 

(“Oʻchmas chiroqlar”)

 

“Soʻzda sehr, sheʼrda esa hikmat bor” (Hadis). Bu martaba Sharq shoiri uchun talab hamdir. Hikmatda haqiqat bilan birga falsafa, orifona donolik, qaynoq aforizm soʻnmas yulduzdek jimirlab turadi. Hushyorlikning mastligi oʻquvchini mast qiladi. “Yangi sheʼrlar” navbatdagi ijod namunalari ekanligi bilan birga chinakamiga hikmat boʻlgan. Balki hech qachon hikmatlarni solishtirib boʻlmas. Lekin qiyoslarda allaqanday yuksaklarga chiqamiz. Navoiy, Bedil, Hofiz, Gyote hikmatlari…

Vohidovning “Toʻkislik” sheʼridagi hikmat kishi eʼtiborni tortadi.

 

“Butlikka ne yetsin

Kamlikdan koʻra.

Inson toʻkis boʻlib yurgani yaxshi.

Lekin Yaratgandan bir baxtni soʻra,

Nimangdir yetmasdan turgani yaxshi”.

 

Butlik va muhtojlik – ikki qarama-qarshi qutb. Dastlabki ikki misra niyatning teran, sodda ifodasi, uchinchi qatordagi komillik orzusi fikr uchun fazilat boʻlgani holda, hatto toʻrtinchi satr ham shu fikrning manbasi va davomi boʻlib bosh maqsadday yangraydi. Ammo, mulohazakor shoir ziddiyatda dunyoni bir butun koʻradi va kutilmagan gʻoyani oʻrtaga tashlaydi: “Nimangdir yetmasdan turgani yaxshi…” Aslida ham insoniyat olamini harakatga keltirib turgan mutanosiblik qonuni shu emasmi?

 

“Shukrona dilinga oshno boʻlsunu

Armonim yoʻq desang xato boʻladi.

Dunyoning eng koʻhna falsafasi bu

Orzu oʻlsa hayot ado boʻladi”.

 

“Orzu oʻlsa hayot ado boʻladi” – mana hikmat! Odamzotning butun umrlik formulasi:

 

“Hayot yoʻli nadir? Qabr toshida

Ikki sana aro qisqa chiziqdir”

.

Shoir, asosan, avval oʻquvchini tayyorlab, soʻng zalvorli fikrni ehson kabi havola etadi. “Keksalik iltijosi”, “Soya”, “Quduq”, “Aql topmading” kabi mutafakkirona sheʼrlarni yoʻlchi mayoq qilib yashasa arziydi. Shu silsiladagi ikki sheʼrni oʻzimcha tushunishdan oʻzimni tiyolmadim. Aslida sheʼrni hech qachon oxirigacha sharhlab boʻlmaydi. Har bir satrdagi fikr yoxud jami hislar jilosi tasavvur qudugʻining olis bir burchagidagi oydan tushgan shuʼla. Botin koʻzi bilan koʻrib turasiz. Sharhlashga, tushuntirishga esa aql ham, til ham qiynaladi. Quyoshning zarrasini qoʻl bilan ushlab boʻlmaydi-da.

 

“Bodom odamga oʻxshar

Navbahorni suyadi.

Odam bodomga oʻxshar

Erta gullab qoʻyadi”.

(“Bodom va Odam”)

 

Daraxtning erta uygʻonishi koʻngilning tebranishiga nazira. Odam bodomga oʻxshatilarkan, toʻsatdan besabrlik, toqatsizlik illatining surati beriladi. Bor-yoʻgʻi soʻzlar oʻrni almashtirilib, juda oson soʻz qatori tizilganday boʻlgani bilan yangi maʼnoning koʻzi ochilgan. Ramzligi bois bodomga qilingan “adolatsizlik”ni ham oqlash mumkin…

Hikmat faqat moziydan misol keltirib saboq bermoqqina emas. Bugunning evrilishini ham fahmlatmoq.

 

“Topishmoq aytadi menga nabiram –

“K”dan boshlanadi, har uyda bor, – der, –

Sodda ish asbobi…

Men ketmon, desam

Nabiram kuladi: – Yoʻq, bu – kompyuter!”

 

Ketmon va kompyuter. Bular odamzotning aqli kashf qilgan ish qurollari. Bugun ham ketmonsiz rizqimiz but boʻlmaganidek, endi kompyuter murvatini oʻynatib, chobuksuvorlik qilmasdan tirikchiligimiz oldga bosmaydi. Shu beshlikda aql tadriji, bobo va nabira oraligʻidagi masofani ham his qilasiz. Nazarimda, bu sheʼriy “topishmoq” zamonaviy hikmatdir. Uni faqat aql koʻra biladi.

“Donishqishloq latifalari” allaqachon sheʼrxonu hajvsevarlarga yod boʻlib ketgan. Ammo, bular shunchaki, ichakuzdi rivoyatlarning sheʼrga solingan shakli emas. Balki unda istibdod hukmron, dahriylik mafkurasi toʻrda, milliy qadriyatlar chetga surilgan davrda koʻngil koʻtarish, taqiqdagi haqiqatlarni aytish, shu bilan birga feʼl-atvorimizdagi illat va nuqsonlarni kulgi, kinoya, hajv, ishora vositasida muolaja qilish bor. Shuning uchun, dushmanni kuldirib, doʻstni yigʻlatgan, ezilib ketgan qalbga nim tabassum hadya etib erkin nafas oldirilgan. “Yangi sheʼrlar”da ana shu motiv chuqurlashgan.

“Hazil toʻgʻrisida jiddiy sheʼr”, “Oʻgʻriga nasihat”, “Bizning motam”, “Narx-navo”, “Mushtlashganlar”, “Tangriga iltijo”, “Bizning qishloq odati” satirik yoʻnalishdagi sheʼrlar va Abdulla Qodiriy, Tavallolar ijodining oʻziga xos davomi hamdir. Vohidovning zohiri hazil, botini zil sheʼrlari notoʻgʻri qarashni sindirish, ichiga nazar solishga ishoralar qilishdir. Bejizga shoir shaxmatda grossmeysterlar bilan durang natijaga erishmagan. Bu oʻtkir, kuchli aql sohibi ekanligidan dalolat. Hazilning maʼnosini har kim har xil – aqlining darajasiga qarab tushunadi. Mana “Dangasalar” sheʼrini koʻraylik:

 

“Gʻayratlilar yelib-yugurib,

Mehnat bilan mudom ovora.

Dangasalar esa oʻy surib

Yotish uchun oʻylashar chora.

 

Ishchan azal tinmay yer chopgan,

Oʻgʻir tuygan, sovurgan somon.

Yalqov oʻylab charxpalak topgan,

Ijod qilgan shamol tegirmon”.

 

Mehnatkashni kim yozgʻirardi? Ammo quruq harakat bilan inson dovonlardan osha olmasligi borasida hamma ham oʻylab koʻrmaydi. Keyin tinib-tinchimagan baʼzi birovlar jabrdiydalarning nasibasini tuya qilib, sherik boʻlib yuradi. Shoir esa fikrsiz, qotgan qarash asosida yashaydigan ommaning ustidan kinoya qilib, bugungi taraqqiyotga yoʻl ochgan “dangasalar”ni kashf qilgan. Ularning buyukligini “tanqid” niqobida eʼtirof etadi.

 

“Parvoz etsam yuksak samoda

Zamonaviy laynerda bukun

Rahmat deyman yorugʻ dunyoda

Dangasalar borligi uchun.

 

Yoʻqsa yurar edik hoynahoy,

Hanuz yayov changitib tuproq.

Xoʻb yurtim bor, xayolkashga boy,

Ishchanidan oʻychani koʻproq”.

 

Fikr charxpalagini tez aylantirgan shoir qarashlar har xilligini koʻzguga soladi. “Xoʻb yurtim bor, xayolkashga boy” bir misrada ijod va ilm ahlining siymolarini jamlaydi. Ammo “Ishchanidan oʻychani koʻproq” sirtqi va ichki maʼnolarga ega. Shoir oʻzidan “nolish” bahonasida goh soʻz qadri arzon boʻlib, uning favqulodda sohiblari “dangasa”, “noshud” deb qaralishiga kinoya qiladi.

 

“Rost aytsam bu mening ham dardim,

Xolimasman bu kasallikdan.

Gʻayrat qilsam bir kasb topardim,

Shoir boʻldim dangasalikdan.

 

…Bizning mehnat shundoq,

Nima bor –

Dabdabayu asasalarga.

Sizlar tinmang, ishlang fidokor,

Xalal bermang dangasalarga”.

 

“Doʻstlik sharti”da esa riyokorlikni bilsa hazil, bilmasa chin naqliga koʻra, hazil pardasiga oʻrab ayovsiz fosh etadi. Illatlarni chuqur istehzo bilan yuzidan niqobini tortadi.

Shoir insonga yaxshilik sogʻinuvchilarning ilgarigi qatorida istiqomat qiladi. Vohidov ham oʻylatib, koʻzni teranroq ochishga oʻrgatadi, aqlni ezgulikka safarbar qiladi:

 

“Yengil ish qidirma,

Yengil ish yoʻqdir.

Jon cheksang yengish bor,

Yengilish yoʻqdir”.

 

Inson hamisha ham oq-qorani tanishga qiynaladi. Rejalarining oxiriga yetmaydi. Holbuki, qalbi ardogʻidagi amalini mayli uni tanimasa ham, oʻsha gʻoyibdagi doʻsti borligi uchun ado etadi. Shoir shunday doʻstlikning qanchalik ulugʻvorligini biladi.

 

“Birkam dunyo.

Sen ham bir banda.

Mayli, kamu koʻstlaring boʻlsin.

Lek koʻrganda shod, koʻrmaganingda

Sogʻinguvchi doʻstlaring boʻlsin”.

 

Doʻstlikni qadrlaganlar qadr topadi.

 

“Ularga dil toʻla himmating,

Mehr toʻla koʻzlaring boʻlsin.

“Qaydasan?”, deb buzib xilvating,

Bosib kelar doʻstlaring boʻlsin.

 

Sevin, ular tegsa joningga,

Ishdan qoʻysa kul, yayra, kuldir.

Kelmay qoʻysa birov yoningga

Dunyo oxir boʻlgani shuldir”.

 

Omon boʻling, Erkin aka, koʻngilni sharafladingiz. Sizni Oʻzi sharaflasin. Bir inson, bir shoir sifatida Oʻzining nazdida martabangiz ulugʻ boʻlsin. Ustoz, mana bu tilagingizni har bir shoir oʻzining yuragi ufqida bosh maslak yangligʻ yozib qoʻyishi kerak!

Shundoq soʻz ayt, shoir ukajon,

Soʻzing qalblar tubiga borsin.

Baxtni yozsang yayrasin jahon,

Gʻamni yozsang dodlab yuborsin.

 

Shundoq soʻz ayt,

Koʻkka sol jarang,

Yer yuzini hayratlarga sol.

Shundoq soʻzni topa olmasang,

Ukajon, sheʼr yozmay qoʻyaqol”.

 

Vafo FAYZULLOH

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.