Avlodlar almashinuvi

0
88
marta koʻrilgan.

* Muqarrar hodisa

** 30 yoshli rais bormidi?

*** 10 yilda avlod almashinadi

**** Otaning doʻppisi bolaga tor keladi

 

Hayotning, kechmishning, taqdirning tizgini senga boʻysunmagani singari avlodlar almashinuvi haqiqati ham muqarrardir. Qancha avayla, qancha muloyim gapir, qancha ehtiyotlab pichirlagin, alqagin, erkalagin – bari bir nozik umrning oʻtkinchilik siyosati juda sovuq, boʻysunmay ilojing yoʻq, sen qanchalar taytuv oʻsgin, qadding shamshodligidan, tiling qilichdek keskirligidan oylar, boringki, yillar mobaynida lof ur, bir sezimsiz shamol, aytaylik, shabada yoxud epkin kabi urib turadi bu hayot siyosati… va, qarabsizki “shamshod”, “sarv” soʻzlari qomatingga hecham yarashmay qoladi. Tiling-chi, tiling?.. Balki majnuntolning norasida novdasiga mengzashar: juda halim soʻzlaydi, deb.

Oʻsmirlikda oʻqigan kitoblarimizda avlodlar munosabati, otalar va bolalar kelishmovchiligi xususiga (Ayniqsa, Turgenev, Gogol, Lev Tolstoy, Sholoxov, Oybek, Sadriddin Ayniy romanlarida) eʼtibor bermagan yoxud xis qilmagan ekanmiz, bu hayot taqozosi, davr odamlarni oʻzgartirar, eski fikrlovchilarni hayot seli oʻzandan tashqariga chiqarib tashlarkan. Shu boisdandir, rus romanchiligida “ortiqcha odam” degan obraz uchraydi, bizning eng “shafqatsiz” yozuvchimiz Abdulla Qahhor oʻylay-oʻylay, nihoyat, bari bir sharqlikligiga, yanayam anigʻi, oʻzbekligiga borib: “odamning chiqiti boʻlmaydi”, dedi. Odamning chiqiti boʻlmasligi rost. Ammo avlod ketidan avlod kelishi, keyingi kelgani oldingisining oʻzak dunyoqarashlari bilan koʻpda kelisha olmay boshlaydi – bu ham haqiqat.

Zamon inson ruhiga, ongiga oʻz muhrini qoʻyadi, busiz iloj yoʻq. Otangiz yoki akangiz kechagi tuzum partiya faoli boʻlib ishlagan boʻlsa, bugun siz bilan qaysi masalalarda mutlaqo kelisha olmayotganini oʻzingiz yaxshi bilasiz. Intizom, axloq, tartibu qoidaga amal qilish bobida… koʻpincha u sizni mot qiladi. Sizning jamiyatingiz shakllanib kelayotir, uniki bir paytlar shakllanib boʻlgan, erta-indin, yaʼni KPSSning falon sʼyezdidan soʻng koʻp choʻzib oʻtirmay kommunizmni qurib qoʻya qolmoqchi edi. Mahobatli, dabdabasi koʻngilga qutqu solardi, negaki, yon-veringda boshqacharoq, yaʼni iliqroq kutib oluvchi alternativ jamiyatning oʻzi yoʻq edi.

Xalq demokratik partiyasi endi taʼsis etilgan vaqtlarda bir sovxoz direktorining unga munosabatini koʻrganman. Direktor “kommunist” deya atalmayotgan bu yangi partiyaga yotsirab, begona birov eshigini qoqib kirganday qarar edi. Boz ustiga qadrdon partiyasi bu yurtda ham jon taslim qilgan, shuni hech xazm qilolmasdi. Suyanguvchi devori nurab bitgan edi. “Hadepe”, “endepe” emish. Koʻramiz ertaga buning shatatsya qilishini. Shuyam partiya boʻptimi”. Azbaroyi KPSSga koʻngil qoʻygani oqibatida yuraksanchiq boʻlgan kimsalarni eshitganmiz. Direktor oʻshalarning biri edi.

Endi-endi oʻylab yurt rahbarining juda ongli tadbiri tufayli bizda komfirqadan voz kechilganini, 25-26 yil narida yuz berishi mumkin boʻlgan talafotning oldi olinganini sezyapmiz. Aytadilar-ku, kechuvda otlar almashtirilmaydi, deb. Bizda ham kechuvdan soʻng chiroyli ot almashinuv roʻy bergan ekan oʻshanda.

Juda koʻp boʻlgani yoʻq. 1989 yilning sentyabr oyi edi. Bilasiz, bosh gazeta, oʻsha davr iborasi bilan aytganda “Otaxon gazeta” – “Pravda”da “Lenin uchquni” gazetasi “urildi”. Aniqrogʻi gazeta bosh muharriri A. Koʻchimovga hujum uyushtirilgandi. Partqoʻmita yuqori byurosida koʻrilishi kerak bu “jiddiy” masala. Nima emish, gazeta bosh muharriri tarixchi olim M. Hasanov bilan Oʻrta Osiyo Rossiyaga ixtiyoriy qoʻshilgan emas, bosib, majburlab qoʻshib olingan, deb yosh bolalar ongini buzuvchi, provakatsion suhbat uyushtirdi.

Abdusaid Koʻchimov – yaxshi adib, million nusxada chiqadigan gazetaning muhariri, bizga oʻxshagan polaponlarning unda-munda hikoya, sheʼrlarini chop etib bir kunda million bolaga tanishtirayotgan, qolaversa, koʻnglida Vatan degan ogʻriq tuygʻusi bor ediki, shu mavzuda rost suhbat qurgan edi. Bunday vaziyatda insonni himoya qilish kerakmi yo aytgan gapi uchun har kim oʻz boshi bilan javob beraversinmi?

Biz, bir guruh yosh shoir-yozuvchilar “Pravda” gazetasi bosh muharririga, SSSR yozuvchilar uyushmasi raisiga, SSSR sarkotibi M. S. Gorbachev nomlariga muxtasar xat matni tayyorlab, unda “Lenin uchquni” gazetasida xolis fikrlar bayon etilgani, bunday gaplar “siz inʼom etgan” oshkoralik zamonasiga mos kelishi, birovning nomiga tuhmat qilinmagani, aksincha “Pravda” muxbiri “Lenin uchquni” muharririga boʻhton yogʻdirayotganini uqtirdik.

Oʻnlab imzolar qoʻyildi. Qarasak, barcha imzolar yoshlarniki. Oʻyladikki, bu imzolar qatorida unvonlilar, masalan, “Oʻzbekiston xalq shoiri”, “Oʻzbekiston xalq yozuvchisi” degan nom egalariyam tursa, xatning salmogʻi ortadi. Birov oʻqisa bundoq eʼtibor beradi, deb. Ammo… biz xomtama boʻlibmiz…

Hozir endi oʻshalar mustaqillikni kiftini keltirib maqtashadi, baʼzilari pensiya yoshida, yoniga yaqinlashguday boʻlsang, qizil imperiya “iztiroblarini” boʻzlay ketishadi, holbuki oʻshanda: “bizlarni qoʻyinglar, tepadan soʻrashsa yaxshi fikr aytamiz”, deyishgandi salobat ila. Xuddi bu xatni Mixail Gorbachev qoʻliga olib rosa sinchiklab oʻqiydi-da, uning uyiga qoʻngʻiroq qip qoladi. “Shu arzimas xatlarga qoʻlingni qoʻyib yuribsanmi, deb yozgʻiradi, oʻpkalaydi yoxud… Harqalay rahbar-da: bir tepib uchirib yuboradiki, Atlantika ummonining narigi sohiliga, Amerikaga – “dushmanlar” qoʻliga borib tushasan, quzgʻunday gʻajiydi keyin ular…

Ja-a, unchalik emasdir-ov, deysizmi?

Albatta, Gorbachev uni tepib uchirib yubormasligi aniq edi. Sababi oʻzi boshlab qoʻygan ishlarning birortasini saranjomlolmay garang boʻlib yotgandi sobiq sarkotib. Gazetalarda bu tugul isboti, fakti surishtirib oʻtirilmay Gorbachevdan-da “muqaddasroq” oʻtgan-ketgan rahbarlarning oilasiyu toʻshagida ne hangoma boʻlganligi, boʻlayotgani xususida ham yap-yalangʻoch maqolalar shuvillab chiqib yotardi.

Ehtimol, oʻylaymanki, oʻzimizdagi bir adolatli rahbarlik muhitining shabadasidandir, oʻsha xat beiz ketmagan edi. Ammo, eslasam, baʼzan kulgim keladi, baʼzan jahlim chiqadi.

Oʻsha oqsoqollar oʻsha chogʻ oʻzining tinchini ham oʻylagandir-ku, ammo, birinchi galda oʻzlaridan keyin kelayotgan rostgoʻy, haqiqatchi, “betgachopar” avlodni azbaroyi yoqtirmaganidan qilishgandi shu ishni.

Mana, davr evrildi. Shoir aytganidek, “keldi oʻzga zamonlar, koʻrindi boshqa nomlar”. Odamning xatosi shundaki, u qoʻliga pul kirsa, mutloq qoʻlimda tursin, yana koʻpaysin, deydi. Alloh deydiki, bir vodiyni bersam, ikkinchisini deysiz, ikkinchisini bersam, uchinchi vodiy meniki boʻlsin, deysiz. Odamzotning toʻymasligiga bu bir isbot.

Shu singari biz bugun qoʻlga kirgan pulni, boshga qoʻngan davlat qushini ilohiylashtirib yubormasligimiz kerak, chunki xato qilamiz, bunday xatolarning koʻpi boshimizdan kechdi.

Kommunistik partiya ham bir necha avlodni qaritib ulgurdi. U hozirgi kabi kunlarni koʻrishni istaganmidi. Dilda boshqa gap, tilda boshqa gap edi. Shu sabab bugun ne bir ulugʻ zotlar goʻridan tik turgisi kelayotir-a! Xom sut emgan bandalar shoshqaloqligimiz tufayli Olloh bergan rizqqa, qoʻlga kirgan davlatga qanoat qilmaymiz, tezroq birovning boshini urib yorish payidan boʻlamiz.

Yoʻ-oʻq, deydi “otajonim Sharq”. Birni koʻrib fikr qil, koʻpni koʻrib shukr qil. Demak, sendan aʼlo ham, sendan xarobiyam yoningda baqamti yashayotir. Qara va xulosa qil.

Shukrki, oʻzbek kommunistik partiya uchun tugʻilmagan. Bu partiya el qatori oʻzbekkayam solingan qurbonlik edi. Oqqan qonu koʻzdagi nolalari zora gunohlarini yuvgan boʻlsa. Shu tufaylidir, bizda Zyuganov izdoshlari koʻrinmaydi.

Bagʻrikenglik mudom xudbinlik ustidan gʻalaba qilib kelgan.

Agar Oʻzbekistonda davlat rahbarining feʼli daryoligi boʻlmaganida edi, albatta avlodlar oʻrtasida tafovut sodir boʻlardi. Otalik, onalik, bolalik, oqsoqollik, kayvonilik, kamtarlik maʼnaviyatiga alohida urgʻu berilmoqda. Bu oʻz-oʻzidan tugʻilayotgan, shunchaki gapirilayotgan, yoʻliga qilinayotgan ishlar emas. Chuqur maʼno-mohiyati bor.

Sovet zaminida 35 yoshli raykomni sira koʻrganmidingiz. Hozir 25 yoshli vazir oʻrinbosari, 30 yoshli Oliy Majlis deputatini ham koʻrib turibmiz. Avvalgi davrda 30 yoshli hatto kalxoʻz raisi boʻlmaganini nazarda tutsak, bu xuddi bir tushga oʻxshaydi.

Yosh bir ukamizni koʻzda tutib gapiryapman. Prezident uni butun boshli viloyatga rahbar etib qoʻyishda oddiy tavakkal yoʻlini tutmagandir. Bir muddat tuman hokimi boʻlganida, undan avval viloyat hokimi oʻrinbosari boʻlib ishlaganida u nechogʻli xalq bilan ishlay olishi, til topa bilishi, iqtisodiy islohotlarni epchillik va qatʼiyat, qolaversa, chuqur bilim bilan amalga oshira olishini koʻrsatadi. Tez koʻzga koʻrindi, xalq unga ishondi, ergashdi. Oliy Majlisga deputat qilib sayladi. Koʻp oʻtmay Sirdaryo viloyatiga… Ha, barcha chigil, murakkab masalalarni, ayniqsa koʻplab millatlar, turli joylardan har xil vaqtlarda kelib bugun birga yashayotganini hisobga olib, ular bilan bevosita til topisha olishiga va yaxshi ishlarga yoʻnaltira bilishiga, shuningdek, ogʻir sharoitda munosib islohotlar oʻtkaza olishiga ishondi Prezident. Oʻylaymizki, u bu ishonchga zinhor putur yetkazmaydi va bu tuygʻu uning shaxt va iroda bilan olib borayotgan ishlarida, soʻzlarida, fikrlarida, oʻy-kechinmalarida yaqqol sezilib turibdi.

Oʻzbekning alami, qasos olish his-tuygʻulari naqadar kuchli boʻlsa, uning kechirimlilik fazilati bundan kam emas. Bu fazilat insonni qanchalar ulugʻvor koʻrsatadi.

Istiqlolga oʻzimizda tish-tirnogʻi bilan qarshi harakat qilganlarni koʻrmagan boʻlsak-da, dovdiragan, ikkilanganlarni koʻrdik.

Ikkilangan odam beqaror boʻladi. Beqaror odam doʻst boʻlmaydi. Doʻst boʻlmagandan sadoqat kutish mumkinmi? Ishonish mumkinmi unga?

Sharqda avlod bilan avlodning oʻrtasiga chiroyli koʻprik qurishgan. Bu – ustoz-shogirdchilik koʻprigidir.

Ustoz ham, shogird ham shu koʻprik oldida qadim anʼanalarga asosan ehtiromli boʻlishga majburdir. Ustoz-shogirdchilikni hamma sohada koʻrish mumkin, aytaylik, siyosatdan tortib mirobchilikkacha.

Bu anʼana ham, iloyim, oʻlmagay!

Odamni yaxshi soʻz tarbiya qiladi. yaxshi soʻz esa yaxshi koʻngildan chiqadi. Zero yaxshi koʻngil egalari yaxshi tarbiyachilardir.

Ustoz Abdulla Orif marhum shogirdi Ravshan Fayz haqida kitobiga soʻngsoʻz yozayotib deydi: “Ravshan Fayz isteʼdodli shoir, oqibatli doʻst, mehribon oʻgʻil, oqibatli ota, eng muhimi, kuyunchak va dilkash inson edi…

…U meni oʻziga ustoz sanaganidan va shunday takrorlanmas shogirdim borligidan quvonib yurardim hamisha…”

Bir gal Oybek domla Said Ahmad domlaga roʻpara kelib aytgan ekan:

“… Siz Gʻafur domla bilan juda uzoq vaqt birga boʻlgansiz. Yozing! Nimaiki bilsangiz hammasini yozing. Sheʼrlarining maʼnosini chaqaman, deb urinmang. Bu gaplarni adabiyotshunoslikka qoʻyib bering. Gʻafurning qanaqaligini yozing. Gapi qanaqa, yurishi qanaqa, qiligʻi qanaqa, shularni yozing. Agar Ibn Sino, Rudakiy, Beruniy kabi allomalarning yonida yurgan doʻstlari xotiralar yozishganida, tarixchilar qiynalib oʻtirishmasdi. Bizda hatto kechagina oʻtgan Muqimiyning surati ham yoʻq. Agar bu ishni qilsangiz, Gʻafur toʻgʻrisida yozilgan asarlar qatoriga yaxshi bir xayrli ish qoʻshgan boʻlasiz. Yozing. Albatta yozing!”

Abdulla akaning ukalariga mehrini, Oybekning kelajak avlodlar uchun buyuk tengqurining goʻzal xotira kitob boʻlishini orzu qilib yozuvchi ukasiga maslahat berganini anglab olish qiyin emas.

Bu avlodning avlodga qilgan yaxshiligi, mehr-oqibatidir.

Abdulla Oripov, ancha yillar boʻldi, bir shogirdidan (kimligi esimda yoʻq – biror mansab egasi boʻlsa kerak) yozgʻirgan edi.

– Falonchining boshini silayman, deb qoʻl choʻzgan edim, barmogʻimni tishlab oldi!

Juda obrazli soʻz. Koʻz oʻngimga lop etib apcharka kuchuk kelgan edi. Avval rosa kulib, keyin ustozlarni qopish darajasiga yetgan shogirdlar haqida oʻylagan edim.

Chamasi, oʻn yillik tafovutlar avlodlar chegarasini belgilar. Lekin buyam qatʼiy chegara emas. Tushuncha va dunyoqarashlar, zamonaviy qabul qilish, atrofni tushuna olish qobiliyati koʻpincha tafovut keltirib chiqaradi.

Shu maʼnoda 26 yillik mustaqillik tariximiz ham, taʼbir joiz boʻlsa, mustaqillik davri avlodini yaratib ulguryapti, bu avlodning aniq belgilangan yoshini aytish qiyindir, ammo suyagi qota boshlagan yosh-yalangdan to fikri qotib qolmagan, yuragi ham tafakkuri joʻshib turganlarni mazkur avlod vakillari degim keladi.

Bu avlod yurtning kelajagini, boʻlajagini hal etadi.

Bu – koʻzlari yonib, qalb shiddati koʻpirib, mudom ishonch ila buyuk istiqbolga intilayotgan, istiqbolga boshlayotgan avlodning baquvvat qoʻlini mahkam siqib qoʻying, birodar!

 

Sobir OʻNAR

 

“Ijod olami”, 2018/1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.