Asillik

0
127
marta koʻrilgan.

Oʻrta Osiy Davlat universiteti (keyinchalik ToshDU, hozirgi OʻzMU) filologiya fakultetida jurnalistika boʻlimi ish boshlaganiga (1949) oltmish olti yil toʻlibdi (1967 yilda boʻlim alohida fakultetga aylangan).

“Jurnalistika boʻlimining ilk talabalari, diplomli mutaxassislari kimlar boʻlgan?” – degan savol berib qolishadi baʼzan bugungi talabalar.

1954 yil boʻlimni yigirma sakkiz yigit-qiz bitirib chiqqan, ularning koʻpchiligi taniqli jurnalist, adib, olimlar boʻlib yetishdi, anchalari oʻtib ketishdi (joylari jannatda boʻlsin). Keksalikka boʻy bermay, qizgʻin ijodiy ish bilan mashgʻullaridan Asil Rashidov, Jonrid Abdullaxonovlar jamoatchilikka yaxshi tanish.

Asil Rashidov oʻqishni bitirishi bilan sevimli gazetasi – “Qizil Oʻzbekiston” (hozirgi “Oʻzbekiston ovozi”)ga ishga kiradi, birin-ketin katta-kichik narsalari, tarjimalari chiqa boshlaydi. “U halovatsiz kasbda joʻshib-yonib ishladi”, – deyilgandi unga bagʻishlab tahririyat nomidan yozilgan maqolada. Darhaqiqat, Asil aka sevimli kasbiga umr boʻyi sodiq boʻlib kelyapti – oltmish yil xizmat qilgan Nizomiy nomidagi Davlat pedagogika instituti (hozir universiteti) koʻp nusxali gazetasini yigirma ikki yil boshqargani, matbuotda bot-bot bosilib turgan maqola, ocherk, esselari buning dalili.

Asil Rashidov publitsistikasida qirq yillik qadrdon doʻsti, hamkoru hamdasti professor Gʻaybulla Salomovga bagʻishlangan “Ezgulikka baxshida umr” portret-essesi ham muhim oʻrin tutadi. Asil Rashidov va Gʻaybulla Salomovning koʻpchilikning havasini keltiradigan doʻstligi “Ruscha-oʻzbekcha lugʻat”ga birgalikda yozgan taqrizidan, biri “Jamila” qissasining tarjimasiga qoʻl urishi, ikkinchisi maslahat berishidan boshlanadi va bu hamkorlik bir umr davom etadi. Asil Rashidov uzoq yillar davomida Chingiz Aytmatovning deyarli barcha qissa va hikoyalarini, romanini oʻzbek tiliga oʻgirdi. Tarjimalar jarayonida doʻstlar muntazam maslahatlashib, fikrlashib turishdi. Gʻaybulla aka doʻstiga K. Yudaxinning “Qirgʻizcha-ruscha lugʻat”ini tuhfa qilgani va bu kitob juda asqotganini mutarjim minnatdor boʻlib eslaydi. Asarning qirgʻizcha birinchi nashri “Obon” (ruschada “Melodiya”) deb nomlangan ekan. Dastlab oʻzbekchaga ham, asliyatga rioya qilish uchun, “Navo” deb oʻgiriladi, lekin u hali eʼlon qilinmagandi, rus va boshqa tillarda esa “Jamila” nomida chiqqan edi. Ruscha tarjimonlaridan A. Dmitriyevaning va mutaxassis Gʻ. Salomovning maslahatlariga koʻra oʻzbekchada “Jamila” nomi yaxshi jaranglashi maʼqul koʻriladi-yu “Jahonda eng goʻzal sevgi qissasi” (L. Aragon)ni oʻgirishga daʼvat etgan ustozi akademik V. Zohidov tarjimani birinchi boʻlib oʻqib, taʼsirlanib “Ofarin!” deydi, nashriyotda uchrashib qolgan A. Qahhor qizgʻin tabriklaydi, shunday davom ettirishni maslahat beradi, keyin oʻquvchilardan “ofarin”lar koʻp yogʻiladi.

“Topolyok moy v krasnoy kosinke” qissasi ham boshda “Qizil durrachali sarvqomatim” deya aynan agʻdariladi. “Ikkinchi bor koʻzdan kechirilganda, – yozadi mutarjim, – durra oʻzi kichik narsa boʻlsa, yana unga “cha” qoʻshimchasi qoʻshishning na hojati bor, degan mulohaza bilan “Qizil durrali sarvqomatim” tarzida oʻzgartirdim. Uchinchi bor nashr etilishida doʻstimning maslahati bilan “Sarvqomat dilbarim” deb nomlanishini maʼqul koʻrdik. Xullas, asar shu nomligicha qoldi”.

“I dolshe veka dlitsya den” romani tarjimasi ustida doʻstlarning bahsi ham ibratli. Dastlab “Asrga tatigulik kun” deb oʻgiriladi. Biroz vaqt oʻtib qirgʻizcha nashri “Koʻlum qaritar bir kun” (“Asrni qaritgan bir kun”) nomi bilan nashr etiladi. “Men doʻstimga, nomini oʻzgartirmaymizmi, juda yaxshi, jarangdor nom qoʻyishibdi, dedim. U, haqiqatan ham chiroyli nom, gapingizga qoʻshilaman, dedi va, asar shu nom bilan muxlislarini topdi, endi uni oʻzgartirmaylik, dedi. Bu gap menga ham maʼqul tushdi”. Asil aka A. Bek, Baurjon Momish Oʻgʻli, M. Doʻysinov asarlarini ham oʻzbekchaga oʻgirgan, lekin u koʻproq Chingiz Aytmatovning sobitqadam va sodiq tarjimoni sifatida maʼlum. “Men ixlos bilan kitoblarimni oʻzbek tiliga tarjima qilgan doʻstlarimga, ayniqsa, adabiyotshunos-tarjimon Asil Rashidovga tashakkur aytmoqchiman. Chunki mening asarlarimni Asiljon oʻzbekchaga xuddi men qirgʻiz tilida yozganday jarangli tarjima qildi. Mana shuning oʻzi ham doʻstlikning kuch-qudratidir”, – deb yozgandi Chingiz Aytmatov.

Asil Rashidov adabiyotshunos, tanqidchi sifatida maqola, suhbatlari matbuot sahifalarida muntazam bosilib, kitob, risolalari chop etilayotganiga oltmish yildan oshdi. Olimning “Soʻnmas yulduzlar”, “Lesya Ukrainka”, “Geroy – chelovek truda” kitoblari, “Oʻzbek qissalarida mehnat tasviri”, “Chingiz Aytmatovning badiiy olami” monografiyasi va boshqa asarlari haqida koʻplab maqola, taqrizlar chiqqani ilmiy, adabiy jamoatchilik tomonidan iliq kutib olinganidan dalolatdir. 2008–2011 yillarda ikki marta nashr etilgan “Chingiz Aytmatovning badiiy olami” nomli salmoqli monografiya asarlarini suyib tarjima qilgan mashhur qirgʻiz adibining maqola, ocherk, hikoya, qissa, romanlarining barini, har birini nechogʻliq keng va teran tahlil, tadqiq etganini koʻrsatib turibdi.

“Lesya Ukrainka” nomli adabiy portret oʻn bir yoshida suyak sili kasaliga duchor boʻlib, yillab toʻshakka mixlanib qolgan, metin irodali shoira Lesya Ukrainkaning xalqi erki, ozodligi uchun orzu-umidlari, intilish-kurashlarini, Vatan mehri-sogʻinchini sheʼr, doston, dramalarida, ehtirosli publitsistikasida katta mahorat bilan ifodalaganiga bagʻishlangan.

Muallif Lesya Ukrainkaning “Qoʻshiqlar qanotida”,”Qrim xotiralari”, “Oʻylar va orzular”, “Aks-sadolar”, “Erk haqida qoʻshiqlar” kabi toʻplam va turkumlardan oʻrin olgan “Oh, mening ona diyorim”, “Xayr, sevikli oʻlka”, “Marvarid yoshlar”, “Umid bilan kutaman” kabi yuksak pafos, nozik lirizm bilan bitgan sheʼrlarini, “Samson”, “Oy afsonasi” kabi poemalari, “Atirgul”, “Oysha va Muhammad”, “Kassandra” kabi drama, dramatik etyud, dialoglarini tahlil qiladi, Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripovlar mahorat bilan qilgan tarjimalaridan namunalar keltiradi.

Sadriddin Ayniy, Hamid Olimjon, Zulfiya asarlari, tahlili Asil Rashidovning mavzuni keng va chuqur oʻrganganligi, qoʻl urgan ishiga oʻta masʼuliyat bilan yondashishi natijasidir.

“Oʻzbekiston” nashriyotida 2010 yili chop etilgan “Asil Rashidov safdoshlari va zamondoshlari nigohida” nomli oʻn ikki bosma taboq hajmidagi toʻplamdan qirq nafar taniqli olim va yozuvchining maqola, essesi va taqrizi oʻrin olgan. “Ulkan doʻst va mohir tarjimon (Ch. Aytmatov), “Sokin oquvchi daryo” (E. Vohidov), “Samimiy inson”, (N. Karimov), “Shikasta nafsliq va kichik koʻngullik” (S. Meli) va shu kabi maqolalarda hamkasb akamiz tiynatiga xos kamtarlik, xokisorlik, halollik, poklik, mehnatkashlik, toʻgʻrisoʻzlik, prinsipiallik kabi fazilatlari eʼtiborga loyiq misol va detallar orqali ochib berilgan. Kitob nashrdan chiqqach, kaminaga – toʻplovchiga “biz bexabar qolibmiz, dilimizda ancha aytadigan gaplar bor edi”, – deguvchivlar koʻp boʻldi.

Muallim, murabbiy, ustoz, bir umr pedagogik, ijodiy faoliyat bilan shugʻullangan, talay mukofot, sovrinlar sohibi Asil Rashidovdan saboq olgan filolog, qalamkash shogirdlar ham bir talay.

Birinchi yanvarda Yangi yilni hamda oʻzining sakson besh yoshini kutib olgan Asil Rashidov qaddi tik, tetik, bardam, avvalgiday mehnatsevar. Undan yangi asarlar, tarjimalar kutamiz.

 

Saydi UMIROV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.