Armon

0
90
marta koʻrilgan.

Bor boʻyicha tuproqday xokisor, ayni vaqtda bagʻri maʼdanlarga toʻla, silsilasi togʻlarday bardoshli, sirli-sinoatli muhtaram ustozimiz Mirtemir ogʻamlarning soʻnggi kunlari edi. Koʻpdan beri azob bera kelgan dardi – oshqozon yarasi xuruj ustiga xuruj qilardi. Bunday vaqtlarda otaday ardoqli, ustozday moʻtabar, pirday buyuk kishingni jonlariga ora kirishning, dardu balosini olishning iloji boʻlsa koshki! Domla toʻlgʻanadi, ingranadi, qoʻllarini qorinlariga koʻyib ikki buklanadi. Axiyri boʻlmagach, shahar koʻkrak-jarrohlik shifoxonasiga yotqishizdan boʻlak chora qolmadi. Ustoz davolanayotgan boʻlim shifokorlari, hamshiralari yugurib-yeladi. Hamma bezovta. Bosh shifokor – jahon meditsina fanining rivojlanishiga munosib hissasini qoʻshgan akademik Vohidov soat sayin xabar olib turadi. Akademik Vohidov shifoxonaga ishdan keyin kamdan-kam kelar ekan. Ustoz shifoxonada yotishlari bilan kun-kunora, hatto yarim oqshomlari keladigan, domlaning hol-ahvollaridan xabar oladigan boʻlibdilar. Biroq dard kun sayin kuchaymoqda edi. Keyingi kunlari domlaning huzurlariga kirib-chiqish qatiy man qilingan. Yonlarida birgina Mirjalol (toʻngʻich oʻgʻillari).

1978 yil yanvar oyining oʻrtalari. Tushdan soʻng bir ish bilan Radiokomitet raisining muovini, atoqli jurnalist Rasul Rahmonov huzurlarida edim. Mirtemir ogʻamlarning shifoxonada ekanligini Rasul aka eshitib bezovta boʻla boshladi:

– Boramiz. Domladan xabar olamiz, – dedi u.

Oʻz uyimday, oʻlan toʻshagimday boʻlib qolgan qutlugʻ xonadonga telefon qildim:

– Oyi, tinchmisizlar? Domlaning ahvollari qanday?

Oyim javob beradilar:

– Akangizga hech kimni kiritishmayapti.

– Hozir biz oʻtmoqchimiz.

– Toʻra, ovvora boʻlmangizlar. Baribir kirishga ruxsat bermaydilar.

Rasul aka bilan nima qilishimizni bilmas edik. Shu yoʻsin noumid boʻlib Gulistonga qaytdim. Oradan ikki-uch kun oʻtar-oʻtmas Toshkentdan mashʼum xabar keldi.

Shu yoʻsin aziz kishimiz “yigʻlab boʻlib, yigʻlab” ketdilar. Avliyoning avliyoligini oʻz davrida oʻzlari ham, yon-atrofdagi kishilar ham bilmas ekan. Oʻ-oʻ-oʻ, keyin bilinar ekan. Bilarlar ekan. Shu shekilli, ardoqli ogʻamizning haqiqiy hayoti qayta boshlangan edi. Hayotlik chogʻlarida esa emin-erkin, keng quloch yozib yashamasalar-da, haqiqiy qadrini endi topa boshlagan edilar. Qadr tuygʻusi – qabrgacha. Qolgan-qutgan qaygʻularni oʻzlari bilan ola ketdilar. Hech kimga taʼna qilmay, hech kimdan gina qilmay. Oʻzlari aytganlariday, mard bir oʻlar, nomard yuz. Qulon zoti yiqilsa, qulogʻiga sir aytmas emish. Bir tugʻilib, bir ketdilar. Mangulikka yuz tutib. Qayta oʻlib, qayta tirilib yurmasdan. Kimlar bilandir zamonasozlik, kimlar bilandir murosasozlik qilib yurmasdan.

 

Uy aylanib yashar xudbin, pahlavon maydon aylanib,

Er yigit qaytmas soʻzidan ketsa-da zamon aylanib.

 

Kimlar tomonidan toptalib, kimlar tomonidan tahqirlanib va yana kimlar tomonidan chalgʻitilib Toshkent shahrini qayta qurish va tiklashda faol ishtirok etgani uchun “Toshkent quruvchisi” nishoni bilan obroʻsizlantirilgan boʻlsalar-da, taqdirlaridan zigʻircha nolimay oʻtdilar. Hamma dard ichlarida edi. Mahkamama-mahkama yurib oʻz haq-huquqini talab qilish esa muhtaram ogʻamizning qoʻlidan kelmasdi. Yana, toʻgʻrirogʻi, iqoncha gʻururni boy bergisi kelmas edi. “Men kimman?” deyishni oʻzlari uchun or bilardi. El-ulus esa aziz shoirini hech kimga hech qachon toptatib qoʻymas ekan. Sof gavharni sopolga almashmas ekan.

Endi diydiyodan sal chekinib, birgina misol keltiray. Viloyat yozuvchilar boʻlimining rejasiga koʻra, Guliston shahrida ulugʻ ustozimizning tavallud topgan kunlari nishonlanadigan boʻldi. Olim Xoʻjayev nomli Musiqali drama teatri binosi. Teatr atrofi odamlar bilan toʻlib-toshgan. Toshkent koʻchib kelgan. Muhtaram ustozimizning jonday yaqin shogirdi Abdulla Orif, arboblik, oqsoqollik rutbasi yarasha tushgan sirdosh shogirdi Jumaniyoz Jabborov, sirdaryoliklarning ona qizlari Halima Xudoyberdiyeva, oʻzbeklarning “Maxtumquli”si – Muhammad Yusuf, tuygʻun sasli, oqin nafasli Usmon Azim, taniqli shoirlar – ulkan goʻyandalar kechgan daryolardan qonib-qonib suv ichgan Azim Suyun, Zulfiya opaning koʻz qorachigʻiday shogirdi Qutlibeka, adabiyotshunos Gʻaffor Moʻminov, buzruk ogʻamizning kenja oʻgʻillari Mirzaulugʻ… Har birlarining poyi qadamlariga guldan poyandoz toʻshab, olti oy bogʻlovda turgan qora qoʻchqorni qurbonlik qilsang arzirli mehmonlar. Xizmatinda oning shohlar, sultonlar deganlariday, Sirdaryo vohasining loʻkchalari, norlari, navnihol chinorlari. Yoshu keksa ijodkorlari, viloyat hamda shahar hokimligining mutasaddi rahbarlari, madaniyat boshqarmasining masʼul xodimlari, sanʼatkorlar mehmonlar atrofida parvona. Teatr zali ulugʻ shoirning muxlislari, adabiyot ixlosmandlari bilan liq toʻla. Hatto ikki yuzdan ziyod kishi ichkariga kirolmay (joy yoʻqligi sababli) qaytib ketibdi. Vaholanki, keyingi yillarda teatr ichi-tashining kishilar bilan bunchalik toʻlib-toshishi “Qizil kitob”ga qayd etilayotganidan xabaringiz bordir. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimining masʼul kotibi Hayotxon Ortiqboyeva anjumanni ochib, “xush keldingiz, safo keldingiz” qilganlaridan soʻng mehmonlar birma-bir minbarga chiqadilar. Alqov ustiga alqov. Olqish ustiga olqish.

 

Q i yo s:

Endi, ol, nima deysan, Toʻra Sulaymon tirilib kelib, elga shulon berayotgan emish. Avji saraton boʻlganligidan soya-salqin joylardan kelgan har bir kishiga shukurchi tayinlangan emish. Mehmonman deganga arabiy argʻumoq mindirilib, Buxoroi sharifning zarbof toʻni kiydirilayotgan emish. Xonimlarga sumagi misdan, tuvagi kumushdan tilla beshik berilayotgan emish. Bir tomonda uloq, bir yonda kurash, tushlik tarafda dorboz, qut tomonda – katta maydonda karnay sasi, surnay navosi, dongdor xonandayu hofizlar ulus xizmatinda emish. Bu katta maʼrakaga Oʻzbekiston yozuvchilari bilan manaman degan shoirlari alohida taklif etilgan emish. Kelganlar dar-mon-da! Kelmaganlar ar-mon-da!

Shunday boʻlgan taqdirda ham yuqorida nomlari mehr bilan tilga olib oʻtilgan ijodkorlarning birontasi kelar edimi? Kelmas edi. Oʻsha argʻumogʻi bilan, oʻsha zarbof toʻni ham, oʻsha tilla beshigi bilan, oʻsha sumagi oʻziga buyursin, deb. Kelsalar, hurmat yuzasidan, yosh nuqtai nazaridan Jumaniyoz aka kelar edi. Yoʻl-yoʻlakay Usmon Azim bir koʻrinish berib ketgan boʻlar edi. Chunki Usmon Surxondaryoga yo borishda, yo qaytishda Gulistonga bir qoʻnib oʻtadi. Halimaning kelishiga ham umid bogʻlasa boʻladi. Sababi maʼlum. Vazifa nuqtai nazaridan Abdulla Orif afandimizning kelishlariga koʻz tutsa boʻladi. Bu hali koʻknorixayol gaplar. Yana ham boʻlsa, xudo biladi.

 

***

Aytganday, oʻsha anjumanda mening dovdirab qolganimni koʻrsangiz edi. Tamshanib qolganimni koʻrsangiz edi. Shundan soʻng gulistonliklarga ancha vaqt koʻrinish berolmay yurganimni bilsangiz edi. Azbaroyi otaday aziz koʻra kelgan pirimga bagʻishlangan bu anjumanning baland maqomda oʻtayotganligidan quvonib, suyunib, faxrlanib!

 

***

Muhtaram ustoz: “Men bir sheʼrni qotirib yozdim! Pushkinning bir poemasini bir oʻtirishda tarjima qilib turib ketganim bor. Mana bu qoralamalarimni bir koʻzdan kechirsang!” degan gapni aytar edilar. Vaholanki, oʻsha qoralamalar necha marta oʻchirilib, necha marta koʻchirilib sayqal berilgan, qayta qalam urilmaydigan qilib nuqta qoʻyilgan nusxa boʻlar edi. Mashqimizni tahrir qilar boʻlsalar satr tugil, har bir soʻzga alohida eʼtibor berar edilar.

Men ogʻa bilan juda koʻp safarlarda birga, yaxshi-yomon kunlarida yonlarida yurish baxtiga muyassar boʻlganlardanman. Xotiralar yetarli. Esda qolarli voqea-hodisalarning adogʻi yoʻq. Dahriylar diyoriga aylantirilgan bir mamlakatda Mirtemir ogʻaday, Mirkarim Osimday, Shorasul Zunnunday zamonamiz mashoyixlarining, buyuk siymolarining qanday yashab, qanday hayot kechirganlarining oʻzi – hali ochilmagan bir qoʻriq. Sifatlarini, siyratlarini, qanday boʻlsa shundayligicha koʻpga yetkazish endi boshlanayotir. Ustod birovga narsa bersalar berar edilar. Birovdan narsa soʻramas edilar. Hatto oʻzgalarning xatqalamidan ham, patqalamidan ham foydalanmas edilar. Birgina shu sifatlari haqida alohida risola yozish mumkin. Birgina padari buzrukvorlari – Tursunmuhammad Umrbek hoji oʻgʻli vafot qilgan kunlari (1962 yil) yoʻlovchi mashinada Iqonga borib kelganimiz haqida rasmana hikoya yozsa boʻladi. Vaholanki, katta kuyovlari Fayzullaxonning qoʻli uzun edi. Ogʻaning xizmatlarini oyogʻi turib, boshi bilan bajarishga hamisha tayyor edi.

Men bu “Yodlov”da asosan bir narsa haqida – ogʻamizning soʻnggi kunlarida yonlarida boʻla olmaganim haqida, koʻngilning tub-tubida yotgan armon haqida soʻzlamoqchi edim. Ota hamma gapni oʻgʻliga, oʻgʻil-qizlariga aytmaydi, aytavermaydi. Shunday bir nasihatlari, vasiyatlari boʻladiki, uni faqat oʻz inisiday, oʻz ogʻasiday boʻlib qolgan kishilarigagina aytadi. Ming afsuski, men tugil, mendan necha bor oʻzlariga yaqin olgan kishilari ham yonlarida boʻlisholmadi. Mirjalol bilan har suhbatimizda shu haqda gap yuritamiz. Gapdan esa foyda yoʻq. Armon armonligicha qoladi. Boshqa chora yoʻq. Faqat birgina tasalli bor. U ham boʻlsa, xotira. Eslash. Xayrli ishlarimizning savobini ruhi poklariga bagʻishlash. Ertayu-kech butun nonni ushatayotganimda, savobini ota-onamning, ustozlarimning ruhi poklariga bagʻishladim, deyish odat tusiga kirgan. Ulugʻ ayyom kunlari duoi fotiha oʻqib yod etish ham. Bu – tasalli.

 

Toʻra SULAYMON

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.