Armon

0
232
marta koʻrilgan.

 

Ming toʻqqiz yuz oltmish sakkizinchi yilning birinchi avgustida roʻy bergan edi bu voqea… Voqea roʻy bergan edi deyishim balki toʻgʻrimasdir. Shunchaki oʻsha kuni qishlogʻimizda katta konsert boʻldi. Mashhur xonanda keldi. Koʻp odam toʻplandi. Bor gap shu… Hayronman, bor gap shu boʻlsa, nega u bunchalik xotiramga muhrlandi ekan?

Fargʻonalik sanʼatkorlar viloyatimizda gastrolda yurishibdi. Birinchi avgustda bizning qishloqqa kelishlari kerak. Klub, choyxona, magazinlar oldida suratli eʼlonlar yopishtirilgan. Boshqalarni bilmaymanu, lekin men kun sanayman. Birinchi avgustni ichikib kutaman. Hayajonu quvonchim qancha boʻlsa, xavotirim ham undan kam emas: kelmay qolsa-ya! Axir, u – kimsan, Tavakkal Qodirov!.. Televizorda koʻrganman: katta-katta shaharlarda, hatto qoʻshni respublikalardagi oʻn minglab odam sigʻadigan stadionlarda konsert bergan. Bizning bir ovloqqina qishloqchamizni nazari ilarmikan?! Boshqa bir mashhurroq kolxozlarga olib ketib qolishsa, yoki biror amaldorning toʻy-poʻyi chiqib qolsa, tamom-da.

Xullas, orziqib kutilgan kunga ham yetdim. oʻoʻza chopiqdaman. Qurgʻur vaqt imillaydi. Quyosh qoq tepamizda turib olgancha ilgari suringisi kelmaydi.

Yon-atrofdagilarni, tengqurlarimni kuzataman. Nazarimda ular beparvoday. Nima balo, bugun qanaqa kun ekanligini, kim kelishini bilishmaydimi?! Hali kechqurun koʻpchiligi chiqmasa-ya! Shunaqa mashhur hofiz kelsayu, tomoshaxona toʻlmay qolsa xafa boʻlib ketmaydimi?!

Nihoyat quyosh pastga endi, ufqqa bosh qoʻydi. Qattiqqoʻl hisobchimiz uyimizga ruxsat berarkan, yuvinib-taranib ertaroq klubga chiqinglar, deb tantanali ravishda tayinladi.

Uyga kelib ovqat yedimmi, yoʻqmi, eslolmayman, hammadan burun klubga joʻnadim. Klub yonida avtobus turardi. “Ha, kelishibdi” deb xotirjam tortdim. Koʻp oʻtmay yana bir xavotirim oʻrinsiz chiqdi: odam tez toʻplana boshladi. Eshikdan kirib kelayotganlarning keti uzilmasdi…

Konsert boshlandi. Ashula, raqs… Har xil tanish-notanish sanʼatkorlar. Yarim soat oʻtdi, bir soat, undan darak yoʻq. Har yer-har yerdan betoqat ovozlar eshitila boshladi.

“Ha, boʻlar endi, Tavakkal chiqsin!”

Lekin konferans yigit javob oʻrniga kulib qoʻyadi-da, oʻz bilganidan qolmaydi. Mening ham toqatim tugab, yuragimga vahima oralay boshladi. “Ha, boʻldi, u kelmagan. Hozir, falonchi betobligi tufayli kelolmadi”, deb yuborishadi, deya yurak hovuchlab turibman… Yoʻq, bir mahal eʼlon qilib qolishdi-ku! Endi desangiz tomoshaxona duv koʻchdi-yov! Qarsaklar, xitoblar, qiyqiriqlar… Uf, Xudoga shukur-ey! Necha kunlik xavotiru qoʻrquvlarim bir pasda tarqab ketdi-ya!..

Mana, Tavakkal Qodirov sahnada! Oq koʻylak, qora shimda, yenglar shimarigʻliq. Jussador. Qoʻlida soz, yonida birgina doyrachi yigit. Hofiz xiyol bosh egib taʼzim qildi-da, ortiqcha tavozeʼsiz qoʻshiqni boshlab yubordi.

Xotirjam tortib, sekin atrofga razm soldim. Tanish chehralar. Lekin quvonchu hayajondan qandaydir oʻzgarib, hammasi birday chiroyli boʻlib ketishganday… Tomoshaxona ogʻzi – burnidan toʻlgan, oʻtirganlardan oyoqda turganlar koʻp. Eshik-derazalar lang ochib tashlangan boʻlsa-da, havo dam qaytaradi. Odamlar jiqqa-jiqqa terga tushishgan. Lekin, haligina betoqatlanib turgan tomoshaxona pashsha uchsa bilinadigan darajada jimib qolgan…

Hofiz ham gʻarqqa terga tushdi. Ammo, u bunga parvo qilmay qoʻshiqni qoʻshiqqa ular, ovozi tobora kuchlanib borardi. Uning bu holati dalada ketmon chopayotgan dehqonga oʻxshardi. Dehqon terga botgani sari tani yayrab, dili ravshan tortib, gʻayrati ortib boraveradi…

Hofiz bir ikki dafʼa dastroʻmolcha bilan yuzini artib oldi. Ammo, bu kifoya qilavermagach, doyrachi yigitning yelkasiga yuzini suykadi. Oppoq koʻylakning bir tomoni jiqqa hoʻl boʻldi. Yigitcha samimiy iljaydi. Bu hech kimga erish tuyulmadi. Hamma zavqlanib kuldi. Koʻngillar yana yayradi. Odamlar hofizni yanada oʻziga yaqin oldi. Sahnada oʻzlari kabi chapani, sodda, dilkash hofizni koʻrib turishardi ular…

Hofiz tobora avj pardalarda kuylar, odamlar bir tanu jon boʻlib uni olqishlar, qoʻshiq tugar-tugamas qarsak boshlanar, u qarsakni kutmas, navbatdagi qoʻshiqni boshlab yuboraverardi…

Baxtli daqiqalar naqadar tez oʻtadi-ya!..

Hofiz aytgan qoʻshiqlarni sanaganlar boʻlibdi. Birovlarning sanogʻida oʻn yettita chiqibdi, birovlarda oʻn toʻqqizta! Ammo, odamlar chanqogʻi bosilmagan, uni qoʻyib yuborgilari kelmasdi.

Tomosha oxirlaganda bir narsadan xijolat cheka boshladim. “Eh, attang, bittagina guldasta olib kelish yodga kelmabdi-ku!”

Xayriyat bu narsani boshqalar unutmagan ekan. Birin-ketin gul koʻtarib sahnaga chiqib boraverishdi. Avval kolxoz raisining muovini Hofizning qoʻlini siqib, tabrikladi. Lekin guldastani uzatish esidan chiqib, boshqa sanʼatkorlar bilan koʻrisha ketdi. Hofizning qoʻli havoda muallaq qolib, mulzam tortdi. Oʻtirgan yerimda shunchalik uyaldimki, isitmam chiqib ketdi. Xayriyat, shu payt bir amaki boʻlmishim uni bagʻriga bosib, ota bolani quchganday quchib, oʻpdi. Keyin amakimning orqasida turganlar uni gullarga koʻmib yuborishdi. Bu orada muovin ham qoʻlidagi gulga koʻzi tushib kulib yubordi-da, qaytadan hofiz bilan koʻrishib, guldastani taqdim etdi. Oʻrtadagi oʻngʻaysizlik koʻtarildi…

Odamlar oʻrindan turib olgan. Betinim qarsak chalib, hofizni sahnada imkon qadar tutib turishga harakat qilishardi. Hofizning oʻzi ham ulardan uzilib ketolmas, dam qoʻlini koʻksiga qoʻyib, uzr soʻragan boʻlar, dam ularga qoʻshilib qarsak chalardi… Nihoyat, u qoʻlini koʻksiga qoʻyib, taʼzim qildi-da, ikki-uch qadam ortiga tisarilib bordi. Soʻng oʻzini majburlab sahnadan chiqib ketdi. Shundagina odamlar tomoshaxonani tark eta boshladilar…

Qorongʻu koʻchadan ketyapmanu, Hofizning ovozi qulogʻim ostida hamon jaranglab turar, oʻzimni sarhush sezib, oyogʻim yerga tegib-tegmay ketib borardim… Nazarimda u endi qishlogʻimizga tez-tez keladigan va bugungiday bayramlar hali koʻp takrorlanadiganday edi…

Oʻsha kunlar televideniye ham himmat koʻrsatib, uni dam badam ekranga chiqarib turardi. Ammo, bir kuni… Hofizning teledasturda eʼlon qilingan maxsus bir konserti berilmadi. Bu konsertni rosa bir hafta ichikib, hayajonu xavotirlar bilan kutgandim. Bu safar qurgʻur sezgilarim yanglishmagan ekan: xavotirim chinga aylandi…

Mana oʻsha rosa bir hafta kutilgan kun, oʻsha soat. Xushroʻy diktor opa koʻrindi. Hozir eʼlon qiladi. Yoʻq, avval chiroyli bir jilmayadi. Keyin… Keyin eʼlon qildi…-yu, lekin butunlay boshqa alfozda… Hozir eslashga urinaman uning soʻzlarini. Ha, aytdiki:… xonanda ijodiy tayyor emasligi sababli programmadan olib tashlandi!.. Taxminan shunday dedi. Lekin shunisi aniq esimdaki, u bu soʻzlarni tishlari orasidan oʻtkazib, shunchalik sovuq ohangda aytganidan, etim junjikib ketgandi… Meni hayratga solgan narsa shu ediki, aynan ana shu xushroʻy juvon ilgari bir necha marta Tavakkal Qodirovga bagʻishlangan koʻrsatuvlarni olib borgan, uning yuksak isteʼdodi, ijodiy barkamolligi haqida ogʻzidan bol tomib, yuzidan nur yogʻilib gapirgan, u bilan sanʼat borasida suhbatlar qilgan edi. Endi boʻlsa “ijodiy tayyor emas”, deb, respublikaga shoyon qilib turibdi!.. Chiroyli juvonlarning sovuq gapirishi, boz ustiga yolgʻon soʻzlashlari odamda yomon taassurot qoldirar ekan!

Oʻshanda Hofiz qanday ogʻir gunohga yoʻl qoʻygani menga qorongʻu edi, lekin unga nisbatan ekranda, millionlab muxlislari oldida qilingan bepisandlikni mening murgʻak qalbim sira hazm qila olmagan edi…

Oradan yillar oʻtib, Hofiz elga yana koʻrinish berdi: endi u ancha qarigan, qiyofasida allanechuk siniqlik.

Radio uyi koridori boʻylab roʻparamdan birov kelyapti. Nihoyatda tanish, issiq qiyofa. Kim edi bu kishi? Qayerda, qachon koʻrganman?! Qancha urinmay, eslolmayman… Shu choq moʻjiza roʻy berdi. Haligi kishi yonimdan oʻtib ketgan yerida toʻxtadi-da, ortiga qayrilib men bilan koʻrishdi.

– E, – deb yuboribman beixtiyor. – Tavakkal aka, yaxshimisiz?!

Men koʻp yillik ayriliqdan keyin qadrdon ogʻasini topib olgan bola kabi hayajonda edim. Haqiqatda ham shunday edi. Uni oʻn besh yoshimda koʻrgan edim. Mendan besh-olti odim narida turib oʻn yettitami, oʻn toʻqqiztami qoʻshiq aytib bergandi menga. Yoʻq, qoʻshiq aytmagandi, qoʻshiq tili bilan suhbat qurgandi men bilan. Mana shundan yigirma yillar keyin qoʻl berib koʻrishib turardik. Koʻrishdik, salomlashdik. Boʻldi, shu bilan yana ajrashdik. Undan uzoqlashgach, oʻzimni koyidim. Nega bir pas gaplashmadim. Gaplashaman desam gapim koʻp edi-ku! Loaqal oʻsha birinchi avgust uchun minnatdorchilik bildirishim kerak edi. Oʻsha kuni butun kolxozga bayram qilib bergani, har bir xonadonga, har bir odam koʻngliga bayram kayfiyatini bagʻishlaganini aytishim kerak edi-ku!.. Lekin, bir oz oʻtib yana oʻzimni oqlovchi vaj topdim: shu shartmikan! U kishiga har bir uchragan muxlisi bunday gaplarni aytishi mumkin. Unga qizigʻi ham qolmagan boʻlsa kerak…

Keyinroq oʻylab turib “baribir aytishim kerak ekan” degan fikrga keldim. Omon boʻlsak, yana koʻrishsak bir miriqib suhbatlashaman, aytaman, deya oʻzimga tasalli berdim…

Biz Botir Zokirovni sevardik. Komiljon Otaniyozovni, Shukur Burhonovni… sevardik. Ularni gulduros qarsaklar bilan olqishlar, guldastalar bilan siylar va shu yoʻl bilan ularga boʻlgan hurmatimizni izhor qilgan boʻlardik. Ular bizga na qadar yaqin edi, hayotimizga singib ketishgan edi. Biz boʻlsak… ulardan qanchalik uzoq ekanligimizni ular oramizdan ketishgandan keyingina angladik. Tavakkal Qodirov haqida ham bundan boshqacha ne deyish mumkin? Uning qoʻshiqlarini maftuni edik. Lekin suvga tushgan tosh kabi necha yillar jimib ketganida hayoti qanday kechganligi haqida nimalar bilamiz? U ayni isteʼdodi gullagan paytida xalqidan uzoqlashtirilib qoʻyildi. Balki, shu sababdanmi, u xastalanib, ovozini butkul yoʻqotdi. Ammo, temir iroda egasi boʻlgan Hofiz yillar davomida xastalik bilan kurashadi. Butkul yoʻqolib ketgan ovozini tiklab, yana xalqi oldiga chiqadi…

Tavakkal Qodirov bilan yana bir kun albatta uchrashaman va shunda armondan chiqquncha toʻyib suhbatlashaman degan ishonchda edim. Bu suhbat balki u kishining shavkatli, dovruqli yoshlik yillariyu, mening unga havasmand bolalik xotiralarim haqida boʻlarmidi. Yoki oʻsha birinchi avgust tomoshasi haqidami… Balki, u oʻshanda tomoshaxonaning old qatorida oʻtirgan yigitchani eslar. Eslamay iloji yoʻq, chunki shundoq yuzma yuz turardik, u menga necha bor, “qalaysan, bolakay” degandek koʻz qisib hazillashgan, erkalab qoʻygan edi-ku!.. Keyin yana koʻnglimda tugib qoʻyganim – televizorda berilmay qolgan konsert masalasi edi. Va umuman gaplarim, soʻrovlarim koʻp edi. Lekin, baribir eng avvalo unga oʻsha birinchi avgust – bayram kechasi uchun rahmat aytmoqchi edim. Uni gʻoyibdan oʻgʻlim deb suyub yuradigan rahmatli otam, nomini aytishga tili kelishmay “Tavarak oʻgʻlim” deb olqab yuradigan munis ammajonim, oʻsha konsert soʻnggida uni bagʻriga bosib oʻpgan amakim, unga gul berishni yodidan chiqarib, xijolatga qoʻygan haligi rais muovini… (bular endi hammasi rahmatli boʻlib ketishgan) va umuman barcha hamqishloqlarim nomidan tashakkur bildirmoqchi edim. Eng muhimi, oʻsha zavq-shavqli oltmishinchi yillar xotiralarini eslab, dil chigillarini yozish niyatida edim. Lekin, bu nasib etmadi. Armon boʻlib yurak tubiga choʻkdi. Shunday deymanu, lekin uning qoʻshiqlari!.. Xoʻsh, ayting-chi, birodar, siz ishonasizmi shundayin benazir isteʼdod sohibining, daryo qoʻshiqchining hayotdan ketishi mumkinligiga?.. Masalan, men sira ishongim kelmaydi. Garchand, oʻlim – barhaq, deymanu, lekin baribir… Shoir aytib qoʻyibdi-ku, axir, bu haqda:

 

Inson umri sarhadli, qoʻshiq umri poyidor,

Navosoz yuraklardan oʻlmas navo qoladi!

 

Orziqul ERGASH

 

2000 yil

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.