Armon

0
1998
marta koʻrilgan.

Koʻklam endigina kengliklarga muattar boʻylarini taratayotgan damlar yodingizdami? Tong payti ilk giyohlar nish urgan qirlar, adirlar, uygʻonayotgan dalalar shabnamlarga choʻmiladi va bu shabnamlar hovurga aylanib, quyoshning sogʻintirgan shuʼlalarini oqlikka chulgʻaydi. Tutab yotgan isiriq tutunlari yangligʻ bu hovur togʻ etaklariga toʻshalgan oq tumanlarga qoʻshilib, qor bosgan togʻlarga, lojuvard ufqlarga yanada ajib bokiralik ato etadi. Koʻngil koʻklam tongining oq nurlari ogʻushidagi mastu mustagʻriq togʻlar ostonasiga talpinadi. Shunda qalbingizdagi tuygʻularga safo beruvchi hamroz nigohlarga termulib:

Yur, togʻlarga chiqaylik,

Mayli, yur!

Eh, qanday chiroyli

Oppoq nur!..

deysiz shivirlab.

Esimda, men ham umrimning yoshlik damlari dunyoni biram masʼum idrok qilar, borliqqa bahor ato etayotgan ranglar qarshisida lol turib qolar, ularni qanday nomlashni bilmay gangir edim. Ayniqsa, men oʻrikning surx novdasida yaqqol koʻzga tashlangan gʻuj-gʻuj gʻunchalardagi pushti rangga yutoqib boqardim. Bu rang tetik novdalardan sizib chiqqan koʻkish, yashil va toʻq qizil ranglar qorishmasidan iborat allambalo rang ediki, mening shuurimda sogʻlom qon, sogʻlom alanga ramzidek tuyular va bu alanga sovuqlikni, har qanday mushkulotu har qanday illatni yondira olishga qodir yolqin timsoliga aylanardi. Shunday boʻlgach, dunyo koʻzingga hali yuz ochmagan saodatlar ostonasi boʻlib koʻrinsa, ne ajab! Bir tomonda – chappor urib ochilishiga sanoqli soniyalar qolgan gʻunchalar, bir tomonda – zumurrad shabnamlar hovuriga choʻmilgan oq nurlar!..

Men Usmon Nosirning mazkur sheʼrini har gal yutoqib oʻqiyman. Va yuragimdan har gal allanechuk armon, allanechuk gʻussa arigandek, nari ketgandek boʻladi.

Olmos kabi oppoq qor

Yaltirar.

Nega buncha dil oqar,

Qaltirar.

 

Shoir nigohi olmosdayin oppoq qorga nega tikilib qoldi? Nechun uning dili oqmoqda? Nimadan qaltiramoqda?

Bilasanmi, yoshlik bu

Toʻymagan,

Tinim bilmas, goʻyo suv

Oʻynagan.

Olis choʻqqilardagi olmos qor shoirga har safar toʻyib oʻynamagan, yayrab-yashnamagan damlarini eslatadi va u endi qoʻl yetmas, qaytmas olis yoshlik boʻlib koʻrinadi.

Shunga oʻta chiroylik

Koʻrinur…

Yur, togʻlarga chiqaylik,

Mayli, yur!

Biroq shoir unga nasib etmagan, uni chetlab oʻtgan yoshlik qoshiga borishni istaydi, uning diydoriga toʻyishni xohlaydi. Uning qoshiga sevimli yor bilan qoʻl ushlashib borish hammasidan goʻzal!.. Chunki bu surur, nashida yurakdagi turfa sitamu alamlarni oʻz girdobiga olib, koʻmib yuboradiganday…

Oʻzbek sheʼriyatidagi betakror siymo, hamisha navqiron shoir Usmon Nosir qalamiga mansub koʻplab sheʼrlarni xuddi yuqoridagidek toʻlib-toshib tavsiflash mumkin.

Usmon Nosir tavalludiga oʻtgan yili 100 yil toʻldi. Lekin u juda kam yashadi. Mustabid tuzum uni 25 yoshida qamoqqa tashladi. Shoir 10 yilgina ijod qildi…

Yaqinda bir davrada qandaydir munosabat bilan Usmon Nosir nomi tilga olinganda, shoir doʻstlarimizdan biri, Usmon Nosir zoʻr shoir emasdi, dedi. Menga uning bu bepisandlik bilan aytgan gapi ogʻir botdi. Chunki men Usmon Nosir ijodi va hayoti bilan yaqindagina qayta tanishib chiqqan edim. Biroq men “botir ogʻiz” shoirning bu shakkok fikri bilan bahslashib oʻtirishni oʻzimga ep koʻrmadim.

Bugungi kun tafakkuri qirgʻogʻidan – Istiqlol sohilidan turib XX asr oʻzbek adabiyotiga, xususan, sheʼriyatiga nazar tashlaydigan boʻlsak, shak-shubhasiz, ajib manzarani koʻramiz. Zero, shoʻrolar zamonidagi koʻpgina adiblarning nomlari – ularning soyasiga salom bergan hatto bizlarning-da yodimizdan oʻchib ketdi. Vaqt – oliy hakam, deganlari shu boʻlsa kerak-da!

Usmon Nosir nomi esa dolgʻali asr sinovlarida zaxa topmadi, undan maros boʻlib qolgan sheʼrlar tarix “qilkoʻprigi”dan omon oʻtib bormoqda. Yana shu narsa ham muhimki, agar biz bugungi kun oʻzbek sheʼriyatidagi yetakchi yoʻnalish zamiriga nazar solsak, uning ibtidosi Usmon Nosir sheʼrlari bilan nihoyatda hamohang ekanligiga amin boʻlamiz. Shu boisdan shoir ijodini oʻrganish, uni tahlil va tadqiq qilish sheʼriyatimiz ravnaqiga xizmat qiladigan omillardan biri boʻlib qolaveradi. Uning hayotini va murakkab qismatini idrok etish, uni oʻquvchi koʻz oʻngida toʻlaqonli gavdalantirib berish esa yoshlarda ozod Vatan tuygʻusini, ular ruhiyatiga Istiqlol sururini singdirishda, shubhasiz, juda qoʻl keladi. Zero, shoirning oʻzi bu borada ezgu umid bilan:

Bargdek uzilib ketsam

Unutmas meni bogʻim.

Ishimni hurmat qilur,

Gullardan haykal qurur…

deb aytmaganmidi!

Ushbu oʻrinda kamina shuni taʼkidlamoqni istardimki, Usmon Nosir hayoti va ijodiga doir fikr va mulohazalar qogʻozga tushirilar ekan, ular “yangi gap” aytish zamzamasidan yiroqdir. Bu bitiklar bu otashin shoir barhayot ruhiga shogirdlik ehtiromining bir ifodasi, xolos…

Usmon Nosir 1912 yil 13 noyabrda Namangan shahrida Mamatxoʻja va Xolambibi oilasida tugʻildi. Mamatxoʻja toʻkilib-sochilib yashamagan boʻlsa ham xush axloqi bilan, xoksorligiyu kamtarligi bilan el-yurtga tanilgan kimsa edi. U farzandi toʻrt yoshligida kasalligi tufayli yorugʻ dunyoni tark etadi.

Oila boshchisidan judo boʻlgan Xolambibi bir muddat ukasinikiga borib kun kechiradi. Bu xonadonga qoʻshni boʻlgan qarindoshinikiga kelgan qoʻqonlik Mamasodiqboyning oʻgʻli Nosirhoji (u oʻn toʻrt yillik haj safaridan qaytgan edi) Xolambibini devor yorigʻidan koʻrib qoladi va unga ogʻiz soladi. Nosirhoji goʻdak Usmonni tizzasiga olib, unga otalik qilish borasida ont ichadi…

Usmon Nosirning bolaligi borasida ikki xil qarash mavjud. Birinchisida – oʻgay ota Nosirhojining boʻlajak shoirga nihoyatda mehrli boʻlganligi va uning yosh Usmonni shoir boʻlishiga qoʻshgan hissasi koʻp oʻrinlarda taʼkidlanadi. Bunday taʼkid shoirning jiyani, shoira va tarjimon Nodira Rashidova tadqiqotlarida koʻramiz. Ikkinchi xil qarashda oʻgay otaning shoʻx, tiyiqsiz bolaga oʻtkazgan jabru zulmi bayon etiladi. Va bunday qarash egasi professor Naim Karimov oʻzining “Usmon Nosir”* nomli risolasida fikrining tasdigʻi maʼnosida shoirning internatdosh doʻsti Temur Fattohning doʻsti ogʻzidan eshitgan ushbu soʻzlarni keltiradi: “Otam meni qiynab juda koʻp urgan. Bir kuni onam uyda yoʻq vaqtida holdan ketganimcha urib, soʻng qoʻlimni orqamga bogʻlab, oyogʻimdan quduqqa osib ketgan. Xayriyatki, shu kuni oʻrtogʻim Tohirjon Sobirov hovlimizga kelib qolib, quduqda ingrab yotganimni eshitib, meni tortib oldi…” Shoirning “Kechmish kunlarim” sheʼridagi ushbu satrlar oʻsha yurakdan oʻchmas sitamlarning ifoda sidir: Uch-toʻrt yil burun

“Oʻgay”da yurdim.

Minut-minutda

Kaltaklar yedim…

Uzoq oʻksinib,

Chidolmay sira

Bir kuni soʻkdim.

Shuning-chun darrov

Haydalib ketdim.

Taniqli adabiyotshiunos olim Ibrohim Gʻafurov “Yurak va mehr shoiri” maqolasida esa: “Tadqiqotchilar shoirning bolalik chogʻlari ogʻir kechganligini taʼkidlar ekanlar, bunda koʻproq uning sheʼrlariga asoslanadilar. Davr shunday edi. Usmon Nosirning bolalik davridan shikoyatlarini Nosir otadan koʻrmaslik va unga bogʻlamaslik kerak”, deyiladi.

*Naim. KARIMOV. Usmon Nosir. “ShARQ” nashriyoti. 1993.

Usmon Nosir hayotida kechgan ushbu lavhalarni keltirishdan muddao yo u, yo bu tomonning fikrini tasdiqlash emas, balki boʻlajak shoir bolaligi nihoyatda murakkab kechganligiga eʼtiborni qaratmoqlikdir. Balki bular birinchi tomon daʼvo qilganidek uydirmadir. Bugungi kunda bu jihatlar shoir ijodiy merosi qimmatini na oshiradi, na kamaytiradi. Ammo uning umr soʻqmoqlarini mufassal bilmoqni istaganlar uchun tafsilotlarning barchasi muhimdir. Qolaversa, bu shoirning tirik ruhi oldidagi masʼuliyat hamdir.

Mashhur shaxslarning tarjimai holiga – ularning hayot yoʻliga nazar solsangiz, koʻp tasodiflar silsilasini koʻrasiz. Balki mana shu ezgu tasodiflarning roʻy berishi oʻzi ham bir qonuniyatdir. Yosh Usmonni ilk toʻgʻri yoʻlga boshlagan inson qoʻqonlik Poʻlatjon Qayumov edi. Poʻlatjon domla nihoyatda maʼrifatli, adabiyotni sevgan kishi boʻlib, zavod qoshida “Yangi hayot” nomli maktab ochgan va unda oʻzi dars berardi. Mahallasidagi Moʻydinjon ismli bola bilan birga yurgan yosh Usmonni koʻrgan domla uni ham oʻz maktabiga taklif qiladi. Poʻlatjon domlaning yana bir fazilati uning “boʻladigan bolani”ni koʻra bilishi boʻlgan. Keyin ikki yetim – Moʻydinjon va Usmonjon Poʻlatjon domla yordami bilan yotogʻi bor maktab “Dor ul-muallim”da tahsil koʻra boshlaydilar. Bu ilm dargohi Abdulla Qahhor, Sobir Abdulla, Javdat Abdulla, Hasan Poʻlat singari shoir va adiblarni va bir qancha ilm-fan hamda sanʼat namoyandalarini voyaga yetkazganligi bilan tarixda nom qozongan.

Qoʻqondagi bu intarnatda asosan yetim bolalar taʼlim olar va u oʻzida eng ilgʻor ziyolilarni jamlagan boʻlib, Qori Niyoziy, Poʻlatjon Qayumov, Subhiy afandi, Abdulla Rahmat singari obroʻli oʻqituvchilar dars berardilar. Darslar zamonaviy ruhda yuksak talablar asosida oʻtkazilar va internat bagʻrida turli toʻgaraklar, shuningdek, “sanoi nafisa” toʻgaragi ham faoliyat koʻrsatar edi. Bu toʻgarak mashgʻulotlariga Qoʻqon shoirlari taklif etilar, ular bilan ijodiy uchrashuvlar uyushtirilar edi. Ana shunday uchrashuvlarda Hamza Hakimzodaa Niyoziy ham bir necha marta ishtirok etgan. Shunday uchrashuvlarning birida Usmon Nosir dastlabki sheʼrlaridan ayrim namunalarni Hamzaga oʻqib bergan va u yosh Usmondan kelajakda katta shoir chiqishini bashorat qilgan.

Qizgʻin ijodiy muhit shakllangan mazkur internat bagʻrida oʻsha yillarda Amin Umariy, Temur Fattoh, Madamin Davron, Muhsin Hamidov singari shoirlar yetishib chiqdi. Ular orasida Usmon Nosirning nomi internatdagi “sanoyi nafisa” toʻgaragining turli klub, maktab va muassasalaridagi konsertlari orqali Qoʻqonga yoyilib bordi.

1927 yili “Yangi yoʻl” jurnalida shoirning “Haqiqat qalami” nomli ilk sheʼri eʼlon qilindi.

Usmon Nosir isteʼdodi tabiatiga tinmay izlanish, yonish, mutolaaga chanqoqlik xislatlari xos edi. U goʻdakligidayoq onasi ogʻzidan eshitgan xalq qoʻshiqlarini, uning mungli ohanglarini yuragiga joylab olgan edi. Onasi oʻqib bergan mumtoz shiorlarning gʻazallari unda sharq adabiyotiga nisbatan kuchli ixlos uygʻotdi. U sheʼriyatda yil sayin emas, oy sayin, hafta sayin oʻsgan ertakdagi pahlavondek boʻy koʻrsata bordi. Zero, unga ijod ishtiyoqi, sheʼr ishqi bir daqiqa ham tinchlik bermas, har dam oromini oʻgʻirlar, bir umr lovullab yonishga undardi. Shoirning: “Saharlar qon tupursam mayli, men – Majnunman, sheʼrim, sen – Layli!” deb aytganligi chandon rostdir.

Aytish mumkinki, Usmon Nosir sheʼrlari 30-yillarning peshqadam shoirlari sanalgan, davrni yuksak pafos bilan kuylagan Gʻafur Gʻulom, Oybek, Hamid Olimjon sheʼrlaridan oʻzgacha edi. Zero, u hayotni yuragi orqali koʻrar, yuragi orqali oʻzlashtirar edi.

Usmon Nosir sheʼrlarining yana bir fazilati ularning samimiyatga eshligida koʻrinadi. U ijoddagi dastlabki qadamlaridan boshlab, koʻnglida nima tugʻyon urgan boʻlsa, shuni yozishga, dilidan qanday fikr kechgan boʻlsa, shuni qogʻozga tushirishga odatlandi.

Kunlarimni yoshligimdan ayamadim,

Menda yoshlik nokaslikni hech koʻrmadi.

Qiz sevganda hoʻngir-hoʻngir qon yigʻladim,

Goʻyo qalbim amr – izmimni hech soʻrmadi.

Bunday samimiy satrlarni toʻqib chiqarish, yasab-yaratish mumkinmi? Ular yurakning asl mevalari yangligʻ hovri, atri, alangasi bilan birga tugʻiladi. Usmon Nosir yuragi bamisli otashgoh edi, uning oʻtli satrlari oʻsha otashgohdan toʻkilardi.

Shoir “oʻz yuragini tinmay tarjima qilish” (“Yurak”) darajasiga faqatgina isteʼdodi tufayligina erishgani yoʻq. Bunday chapdastlikni, bunday biyronlikni u muttasil izlanishlar – beuyqu kechgan tunlar, beorom kechgan damlar evaziga qoʻlga kiritdi. Yosh shoir Qoʻqonda maktab-internatda, soʻng Moskvada, keyin Samarqand pedakademiyasida tahsil olgan chogʻlarida jahon va rus sheʼriyatini tinmay mutolaa qildi. Rus tilini mukammal oʻzlashtirdi. Homer, Petrarka, Pushkin, Lermontov, Geyne, Yesenin, Charens singari shoirlarning ijodini sevib oʻrgandi. Ularning yorqin asarlarini yod oldi va xuddi oʻz sheʼridek davralarda yonib oʻqidi.

Usmo Nosir davr nafasi ufurib turgan sheʼrlarida oʻz qalbining ovozi mujassam boʻlgan yangi lirik qahramon siymosini jonlantirdi. Bu lirik qahramon katta maqsadlarni koʻngliga tukkan, dard bilan yashashni, mardona shijoatni oʻziga shior qilib olgan faol shaxsdir. U hayot mashaqqatlaridan qoʻrqmaydi Begʻam yashashni – yashash demaydigan tanti qalb sohibidir.

Boʻronni sevmasa dil nechun tepur?

Tiriklik ne kerak bemehnat, begʻam?

Chu, qora yoʻrgʻam!

Lirik qahramonning yana bir yorqin qirrasi uning bagʻrikengligida, joʻmardligida koʻzga tashlanadi. U qaygʻularga koʻmilib yurishlikni yoqtirmaydi. Shodlikka intiladi. Shodlik yaratishni istaydi.

Mayli, koʻngil… mayli, oʻynasin u,

Naylaringni chalsin, taratsin.

Xuddi senday qabul etmay qaygʻu,

Faqat shodlik… shodlik yaratsin.

Sheʼr shunday bir koʻzguki, shoir qalbini tub-tubigacha koʻrsatib turadi. Shundan baʼzi shoir sheʼrini oʻqiganda uning qalbida gina-malomat va iddao toshlarini koʻrgandek boʻlasiz. Boshqa bir shoirlar sheʼrida hayotdan norozilik, ranj-alam, zarda tuygʻulari ufurib turadi. Usmon Nosir sheʼrlarida esa ajib bir harorat, ajib bir insoniy erkalik borki, undan ruhingiz yayraydi, koʻnglingiz bahra oladi va bu erkalik shoirga nechogʻli yarashib turganligini ich-ichingizdan eʼtirof ham etasiz. U lirik sheʼrlarida ham, dostonlarida ham oʻquvchini nazardan qochirmaydi, uni unutmaydi, unga ajib bir samimiyat ila bot-bot murojaat qiladi. Bu qalb izhorlari koʻproq uning oʻz yozganlaridan qoniqmasligi, yurak tuygʻularini qalami muhrlab ulgura olmayotganligi haqida va kelgusida, albatta, goʻzal asarlar bitib berishligini oʻz zimmasiga olishligi borasida boʻladi. Jumladan, u “Naxshon” dostonida quyidagilarni bitadi.

Uzurim bor sendan,

Oʻquvchim, jindak:

Orzuim bor bitmak

Bir dasta doston.

Oʻlmasam men uni

Rostlab beraman!

Hali bu bitiklar

Bir havas xolos.

Hali havas bilan

Gullar teraman…

Lekin dostondagi oʻtli, yurakning musaffo maʼvolaridan otilib chiqqan quyidagi satrlarni shunchaki havasga bitilgan satrlar deb boʻladimi?

Koʻz tutdim,

Koʻzlarim nigoron boʻldi,

A, dilbar

Simbarim, yuzlari qirmiz,

Kiprigi koʻksiga soya solgan qiz,

Koʻz tutdim,

Yuragim toʻla qon boʻldi.

Shabboda bolariday

Gulzor uzra shoʻx,

Oy fonarini yoqdi qiz-oqshom.

Yasha!

Sen kelding sevgilim, Naxshon,

Suv qizi – suvsarim,

Kipriklari oʻq,

Sen kelding,

Koʻnglimga suv kabi oqding,

Sen kelding –

Ruhimda yashash boshlandi.

Sevgidan koʻzlarim

Behol yoshlandi,

Sen kelding,

Sheʼrimga chechaklar taqding…

Bu doston shunchalar erka ovozga egaki, deya yozgan edi Ibrohim Gʻafurov, bamisoli bulbul inson tiliga kirib ajib qissaxonlik qilayotgandek.

1932 yili Usmon Nosirning “Quyosh bilan suhbat”va “Safarbar satrlar” nomli sheʼrlar toʻplami chop etildi. Bu ikki toʻplamdan shoirning asosan davrni, yangi zamonni, mehnat shukuhini kuylagan sheʼrlari oʻrin olgandi. Oʻsha yillar Choʻlpon sheʼrlari qatagʻon etila boshlagan, oʻzbek mumtoz shoirlarining koʻpchiligiga feodal davr kuychilari degan tamgʻa bosilgan edi. Bu paytda Uygʻun sheʼrlari oʻzining mayin lirizmi bilan yoshlarni oʻziga maftun etgandi. Usmon Nosirga ham Uygʻun lirikasi ijodning birdan-bir qaynarbulogʻi boʻlib tuyuldi va oʻz sheʼrlarini u Uygʻun sheʼrlaridan chiqqan ohanglarga moslashga urindi. Shunga koʻra, Usmon Nosir oʻzining “Safarbar satrlar” toʻplamini Uygʻunga bagʻishlagan edi.

Bu davrda paydo boʻlgan lenincha-stalincha taʼlimotga koʻra, har bir shoʻro yozuvchisidan badiiy ijodga zavodlar nafasini, qurilishlar surʼatini olib kirish talab qilinardi. Va shunday talab javob bergan yozuvchigina chinakam yozuvchi sanalar, ana shunday yozuvchilarning asarlarigina shoʻro adabiyoti qiyofvsani belgilashi mumkin, deb hisoblanardi.

30-yillarda shoʻro mavzuida asarlar yozmaganligi uchun boshqa shoirlar singari Choʻlponga ham, Fitratga ham koʻp taʼna toshlari otilgan. Shunda kimdir, Fitratga murojaat etib, “Domla, shuncha dakki eshitavermay, traktor haqida bitta sheʼr yozib qoʻysangiz asakangiz ketadimi?” deganda Fitrat domla: “Ey dono yigit, men hatto traktorning tarillagan ovozidan qoʻrqaman-ku, qandoq qilib u haqda sheʼr yozay?”, deb javob qilgan ekan.

Lekin Usmon Nosir qalami har qanday mavzuga jazm eta oladigan chapdast, tugʻyonli qalam edi. Zotan uning traktorga bagʻishlangan sheʼrlari ham anchagina. U “Traktorobod” nomli doston yozishni ham niyat qilgan. Uning “Kirish” qismini yozgan. Unda shunday satrlar bor.

Erkam –

Lirikam mening –

Yuvgan,

Taragan,

Qaragan yurtning

Xizmatin qilishlik

Vazifang sening!

Usmon Nosir qalami sohir qalam edi. U har qanday mavzuni kuylamasin, unga jon kirita olardi. Jumladan, u oddiy temir haqida yozganda ham, albatta, diqqat-eʼtiborini uni bunyod etgan inson qalbiga qaratardi. Uning yuragidagi tuygʻularni qogʻozga tushirardi. Shu boisdan, u siyosat talab qiladigan mavzularnigina kuylaydigan – konyuktr shoir boʻlib qolmadi. Haqiqiy ijod mohiyati hamisha inson yuragi bilan bogʻliq boʻlib qolishini anglash darajasiga koʻtarildi. U keyingi toʻplamini”Yurak” (1935) deb nomlaganligi balki shundan edi.

Shoirning ijodga boʻlgan chinakam fidoyiligi, yonib yozishi, hayotga teran nazar uning qabidagi kechinmalarni millat, yurt dardiga aylantirdi, uni millat shoir darajasiga qadar yuksaltirdi. Moskvaga, Leningradga qilgan safarlari davomida bu tuygʻu uning yuragida yanada teran ildiz otdi.

1929–30 yillar Usmon Nosir Moskvadagi Kinematografiya davlat ilmgohining 1-kursida tahsil koʻradi. Oʻsha paytda u Moskvada yashayotgan Choʻlpon bilan yaqindan tanishadi va bu uchrashuvdan keyin ular bir umrlik ustoz va shogird boʻlib qoladilar.

Mazkur ilmgohga Usmon Nosir bilan birga sinfdoshi, yosh shoir Temur Fattoh ham borgan edi. Yosh Usmon bu yerda Moskva adabiy muhitiga yaqinlashishga harakat qiladi, tez-tez Adiblarning Markaziy Uyi (SDL)ga qatnaydi va u yerda taniqli shoir va yozuvchilar bilan tanishadi. Biroq bir kuni Vladimir Mayakovskiy bilan boʻlgan uchrashuv uning Moskvadagi hayotiga xotima yasaydi. Qrimtatar shoiri Emil Sherifning xotirlashicha, SDL binosining foyesida V. Mayakovskiy plakatlarining koʻrgazmasi tashkil etiladi. Eshref Shamʼizoda, Usmon Nosir va tatar shoiri Musa Jalillar koʻrgazmani hamda ayni paytda mashhur shoirni ham koʻrish uchun bu yerga keladilar. Mayakovskiy qoʻlida tayoqcha tutgan holatda paydo boʻladi. U magʻrur koʻrinishda, baland boʻyli, ulkan qomatli edi. Mayakovskiy kelganlarga koʻz qirini tashlab, ichkariga odimlaydi. Usmon, Musa Jalil va Eshref Shamʼizoda unga salom berishadi. U ularga sovuqqina nigoh tashlaydi-da, hech soʻz aytmay oʻtib ketadi. Bu Usmonning izzat-nafsiga tegadi. “Men bilmas ekanman proletar shoirining shunchalar dimogʻdorligi va oliftaligini!” deya qichqiradi u. Vl. Mayakovskiy ortiga burilib, yoʻqlikka tikilgandek, “Kim bu goʻdakvachcha!” deydi. “Men yosh oʻzbek shoiriman!” – Usmon keskin javob qiladi. “Ha, shunaqa degin?” – deydi Mayakovskiy kibrli kinoya bilan va ichkari kirib ketadi. Usmon oʻzini tahqirlangan his etadi. U shartta ortiga burilib, tashqariga chiqadi. Uning ortidan doʻstlari ham ergashadi. Usmon koʻchaga chiqa solib, Musa Jallga qatʼiy ohangda: “Men bugunoq uyimga qaytaman! Hali koʻramiz – qaysi birimiz haqiqiy shoir boʻlarkanmiz – menmi yoki umi… Endi men Moskvaga faqat mashhur shoir boʻlib qaytaman!” – deydi. Shu oqshom poyezd Qozon vokzalidan Usmon Nosirni yurtiga – Qoʻqonga olib joʻnaydi. Temur Fattoh Moskvada qolib tahsilini oxirigacha yetkazadi.

1935–36 yillar shoirning “Yurak” va “Mehrim” toʻplamlari chop etildi. U endi elning eng mashhur va eng sevimli shoiriga aylangan, uning sheʼrlari ogʻizdan-ogʻizga koʻchib, asarlari qahramonlari ismi yangi tugʻilgan farzandlarga qoʻyilardi.

Shoir koʻpdan koʻngliga tugib yurgan ezgu niyatini ayni shu yillarda roʻyobga chiqardi: A. S. Pushkinning “Bogʻchasaroy fontani” va M. Yu. Lermontovning “Demon” poemalari tarjimasini tugatdi.

“Bogʻchasaroy fontani” bilan qiziq voqea sodir boʻlgan. Kamina uni ustoz Shuhrat ogʻzidan eshitganman. Nashriyotga topshirilgan qoʻlyozma toʻsatdan yoʻqolib qoladi. Baʼzilarning aytishicha, shoir parishonxotirligi tufayli uni tramvayda qoldirib ketgan. Boshqalar uni nashriyotning oʻzida yoʻqolgan ham deyishadi. Qoʻlyozmani shoirdan soʻrab olish uchun nashriyot xodimlarining qattiq boshi qotadi. Oxiri unga murojaat qilishga majbur boʻlishadi. Shoir matn koʻchiruvchi berishlarini soʻraydi. Soʻng bir-ikki soat mobaynida xonaning u boshidan-bu boshiga papiros chekkan holda yurib, matn koʻchiruvchiga tarjimani boshdan-oxir yoddan aytib turadi.

1937 yili Moskvada oʻzbek adabiyoti va sanʼati dekadasi boʻlib oʻtdi. Unda qatnashganlar orasida Usmon Nosir ham bor edi. Dekada yakunlangach, bir guruh adiblar A. S. Pushkin vafoti 100-yilligi munosabati bilan chaqirilgan Plenumda qatnashish uchun poytaxtda qoladilar. Plenum SDLning majlislar zalida oʻtadi. Unda shoir A. I. Bezimenskiy kirish nutqini soʻzlaydi. U Pushkin ijodi borasida gapirarkan, uning tarjimonlik faoliyati toʻgʻrisida alohida toʻxtaladi. Misol tariqasida u Aleksandr Sergeevichning Gyotedan qilgan tarjimasini oʻqib beradi. Zalning oxirida oʻtirgan Usmon Nosir oʻzining betakallufligiga uzr soʻragan holda: “Siz Gyotening emas, Shillerning satrlarini oʻqidingiz”, deydi. Bezimenskiy Usmonni minbarga taklif qiladi. “Oʻzingizni tanishtiring”, – deydi Bezimenskiy. “Men oʻzbek shoiri Usmon Nosirman”, – deydi u baland ovozda, xuddi hisob berayotgandek. “Siz aminmisiz mening xato qilganimga? Qolaversa, siz Shillerning ushbu asarini oʻqiganmisiz?” – soʻraydi Bezimenskiy. “Ha, – javob qiladi Usmon, – men na faqat oʻqiganman, uni yoddan ham bilaman”. Va Usmon xuddi aktyorga oʻxshab, sheʼrni oʻqiy boshlaydi. Zal qotib qoladi. Usmon sheʼrni oʻqib boʻlganida borliqni gulduros qarsaklar bosib ketadi. Bezimenskiy Usmonni quchib, hayajon bilan deydi: “Mana, bizning bugungi zamonaviy Sharq!” Ertasi kuni “Literaturnaya gazeta” Usmon haqida “Sharqda Pushkin paydo boʻldi”, deb yozadi. Uning sheʼrlari rus tiliga tarjima qilinib, eʼlon etila boshlaydi. Endi Usmon na faqat Oʻzbekistonda, balki butun Shoʻrolar Ittifoqida eʼtirof etilgan shoirga aylangandi.

Shoirning dovrugʻi ortib, u ilhom va ijod nahrining tugʻyonli mavjlarida masrur quloch otardi. U turli minbarlarda sheʼrlar oʻqir va bu sheʼrlar darhol koʻngillarning mulkiga aylanardi.

1937 yilning 27 yanvarida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Usmon Nosir tsvalludining 25 yilligi, ijodining 10 yilligini katta tantana bilan nishonladi. Unda Oʻzbekiston Kompartiyasi birinchi kotibi Akmal Ikromov ishtirok etib, uni “oʻzbek sheʼriyatining yorqin yulduzi”, “oʻzbek Lermontovi” deb taʼriflydi. Anjumanda shoir ijodi haqida Uygʻun otashin nutq qildi. Adabiyotimiz tarixida yosh shoir ijodining 10 yilligi ilk bor va atigi bir marta nishonlangan. Bu hassos shoir Usmon Nosir edi.

Asl sheʼr shoir yuragida oʻzining ohangi-ifodasi bilan tugʻiladi. Ana shu ifor-ohangni oʻquvchi qalbiga toʻla-toʻkis yetkazib bera olish ham shoirdan alohida isteʼdod va sanʼat talab qiladi. Usmon Nosir bu borada ham betakror edi. Zero, uning sheʼr oʻqish sanʼati ham alohida eʼtirofga molikdir. Adib Turob Toʻla “Usmon Nosir sheʼr oʻqiganda atrofni musiqa bosib ketardi, nazarimda”, desa, shoir hamshahri, kinooperator Aziz Rahmonov uni shunday eslaydi: “Usmon Nosirning koʻzlari charaqlagan, ovozi nihoyatda oʻtkir edi. U sheʼrni shunday qoyilmaqom oʻqirdiki, unga maftun boʻlmaslikni, uning sehriga asir boʻlmaslikning iloji yoʻq edi. Na u hayot davrida, na hozirgi paytda oʻz sheʼrini Usmon Nosirchalik taʼsirli oʻqigan yo oʻqiy oladigan shoirni koʻrganim yoʻq”.

Muxlislarning olqishi, el ichidagi mashhurlik har qanday shoir qalbini safoga va sururga toʻldirishi tabiiy. Ayniqsa, u yosh boʻlsa, bunday dovrugʻ, shon-shuhrat uning boshini aylantirishi, mastu mustagʻriq qilishi ham mumkin. Usmon Nosir shon-shuhratning avj nuqtasiga koʻtarilib, uning nashʼu-namosini surgan vaqtlar borasida shunday gap yuradi. Bu voqeani uning doʻsti, keyinchalik mashhur soʻz ustasi boʻlib tanilgan Muhsin Hamidov quyidagicha xotirlaydi: “Demon” uchun qalam haqi chiqqan kuni Usmonjon doʻst-yorlarini jamlab, “Natsional”ga keldi. Eshikbon shoirga izzat-ikrom bilan eshik ochib, tanish dastyor – ofitsiant ayol unga zalning eng yorugʻ va oynasi koʻchaga qaragan tomonidan joy hozirladi. U boshqa shaharlarda koʻrgan ekanmi, kelib oʻtirdi-yu, direktorni soʻratdi. Sheriklari “nima qilmoqchi ekan?” deb hayron boʻlishdi. Ammo u direktor kelishi bilan “Men shoir Usmon Nosirman, Restoran yopilsin!” deb farmoyish berdi. Direktor tamaddi qilayotgan shinavandalarga qarab: “Bugun sizning ovqatlanishingizu kayf-safongiz bepul. Sizni shoir Usmon Nosir mehmon qiladi!” – deb eʼlon qildi… Hamma oʻtirganlarning chehrasiga nur yoyilib ketdi.

Dasturxonga gazak va ichimliklar keltirilgach, Usmon billur qadahga may quyib, zal oʻrtasiga bordi-da, “Demon”dan oʻqiy ketdi. U goh rus, goh oʻzbek tilida oʻqir ekan, bir goʻzal ayol oʻtirgan dasturxon yoniga kelib davom etdi:

Eng birinchi toʻkkan yoshimni

Qabul ayla, ol, goʻzal, buni.

Yorit umrim saodatini…

Shoir ayol qadahiga qadahii yaqinlashtirganda kimdir qarsak chaldi. Odob yuzasidan ayolning erkak hamrohi ham qoʻshildi. Usmonjon bir-ikki qadam yurib, yana oʻqidi:

Quloq solgil ohu zorimga:

Birgina soʻz bilan meni sen

Yana koʻkka qaytoralasan,

Ey parizod, qizgʻan holimga;

Ishqning ezgu libosin kiyib,

Yovuzlikdan oʻzimni tiyib,

U dargohda porloq nur kabi,

Yangi malak, yosh bir hur kabi

Qayta yashar edim men u chogʻ,

Rahming kelsin ahvolimga boq…

Endi zal haqiqiy shoir bilan uchrashganini sezgan edi. Hamma butun vujudi quloq boʻlib eshitdi:

…Sensiz nima bu abadiyat?

Sensiz nima menga mulk, niyat?

Quruq soʻzdir, tutmas asodir,

Xudosi yoʻq keng kalisodir.

Qarsak va olqishlar bilan qarshi olingan bu satrlardan keyin har kim shoir bilan qadah choʻqishtirishni oʻziga sharaf bilib, uning qoshiga oshiqdi; shoirga baxt-saodat va ilhom tilab, uning sogʻligi uchun qadah koʻtardi”.

Biroq, koʻp oʻtmay mashʼum taqdir oʻzining qora sahifalarini varaqlay boshladi. Shoirning ilhom sururi, ijod nashʼu-namosi poyoniga yetib borardi. Usmon Nosir eslangan davrada ustozlardan biri bu borada gapirib, shoirning 25 yoshlik yubileyi va unda aytilgan maqtovlar tufayli unga “koʻz tekkan”, degandi. Balki bu gapda ham jon bordir. Lekin, aslida, bu oʻsha mudhish zamon duchor qilishi muqarrar boʻlgan qora qismat edi.

Elning koʻplab asl farzandlari qamoqlarga tashlanganiga, xalq hayotining battar ogʻirlashib ketganiga qaramay, Koiiunistik partiya markazqoʻmi tashabbusi bilan xalqlar otasi – dohiy Stalinni ulugʻlash, uni ilohiylashtirish avj olib bordi. Bu hol, ayniqsa, 37-yilda oʻzining yuqori choʻqqisiga koʻtarildi. Hali Moskva taassurotlarining tafti soʻnmay turib, Fayzulla Xoʻjayevning “aksilinqilobiy” taʼsiri doirasida boʻlgan kishilarni aniqlash va fosh etish ishlari boshlanib ketdi.

Keyingi avlodga mansub, adabiyot tarixidan bexabar ayrimlar, Usmon Nosirning qamalishiga aosiy sabablardan biri uning Stalinni madh etmaganligidir, deydilar. Bu – notoʻgʻri gap. Usmon Nosir ham dohiyga ishongan, uni Hamid Olimjon singari koʻklarga koʻtargan. Shunga qaramasdan, yuqorida aytganimizdek, F. Xoʻjayevning “aksilinqilobiy harakati” taʼsirida boʻlgan odamlarga tashlangan qarmoqqa birinchilardan boʻlib Usmon Nosir ham ilindi. Va shoshilinch surʼatda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Usmon Nosir ijodini oʻrganish komissiyasi tuzildi. 12 iyul kuni Uyushma hayʼati yigʻilishida “Usmon Nosir ishi” koʻrildi.

Bu yigʻilish oʻtayotgan anjumanxonada yaqindagina uning 25 yillik yubileyi nishonlangandi. Oʻsha kuni Usmon Nosirdan zoʻr shoir yoʻq edi. Uni taʼrif va tavsif qilish uchun notiqlar oʻz soʻzxonalaridan “tesha tegmagan” soʻzlarni qidirib topishga, uni ulkan shoir sifatida taʼriflashga intilgan edilar. Endi esa…

Ushbu yigʻilish haqida “Qizil Oʻzbekiston” roʻznomasida yozilgan hisobot-xabarda shunday deyiladi: “Muzokarada soʻzlagan Qurbon Beregin, Hamid Olimjon, Oydin, Krukovskiy va boshqa oʻrtoqlarUsmon Nosirni Sovet hukumatiga, bolsheviklar partiyasiga ashaddiy dushman sifatida kurashib kelgan bir turkum xalq dushmanlari bilan qoʻl ushlashib, ular bilan bazm va majlislar qilib, rus proletariatiga qarshi igʻvogarlik yurgizganini aytib berdilar…”

Hisobot-xabarda yana shularni oʻqish mumkin:”… Shoirning “Mehrim” nomi bilan chiqarilgan keyingi sheʼr toʻplami boshdan-oxirigacha pessizm ruhi bilan toʻlgan. Usmon Nosir oʻzi ham bu sheʼrlar toʻplamini sovet yoshlari miyasini zaharlab turganiga va uni mafkura jihatidan buzuq sheʼrlar bilan atayin toʻldirganiga iqror boʻldi…”

Oʻsha davr odamlaridan yetib kelgan gaplarga koʻra, ushbu yigʻilishda shoirning koʻp sheʼrlari ustida alohida toʻxtalib, har biri gʻoyaviy nuqtai nazardan “chuqur tahlil” qilingan. Qanchalik toʻgʻri – bilmayman, mana shunday yondashuv shoirning “Yana sheʼrimga” sheʼri ustida ham boʻlgan deyishadi. Jumladan, unda:

Yana, sheʼrim, oʻzing yaxshisan,

Boqqa kirsang gullar sharmanda…

misralari tilga olinib, “shoir sovet gullarini haqorat qildi”, deyishgacha borishgan.”Manzilim yiroqdir – ufqdan nari…” satrini muhokama qilishib, “shoir bu satrida maqsadi – okean orti ekanligini aytmoqda”, deyishgan. Muhokamadagi gaplar har qancha almoyi-aljoyi boʻlmasin, ularning shu taqlid kechganligiga ishonmaslikning iloji yoʻq. Shoʻrolar saltanati mafkuraviy tarozusidan bundan ortiq “karomatni” kutib ham boʻlmasdi. Bu fahmsiz tamoyil saltanatning oxirgi kunlari qadar davom etmadimi, axir!

Shu oʻrinda oʻtgan asrning 70-yillarida Fargʻona viloyati partiya qoʻmitasi yigʻilishida boʻlib oʻtgan latifanamo voqea yodga tushadi. Oʻsha davrda viloyat gazetasida qashqadaryolik bir yosh shoirning “Ona tilim” nomli sheʼri bosiladi. Bu sheʼr viloyat partiya qoʻmitasi majlisida qoralanadi. Dargʻazab rahbarga, bu mavzuda Rasul Hamzatov ham yozgan, deya luqma tashlaydi kimdir. “Olib kelinglar, u shoirni ham kelgusi byuro yigʻilishida muhokama qilamiz!”, deydi jahl otidan tushmagan kotib.

Doʻppi olib kel desa, bosh olib keladigan “dastyorlar” bugungi kunda topilmaydi deysizmi! Yaxshiyam, endi ularga ishimiz tushmaydi… Tushmasin ham hech!

Usmon Nosir muhokamada bu qadar insofsizlik boʻladi, oʻzining koʻzi oldida tuhmat toshlari yogʻdiriladi deb oʻylamagan edi. Hammadan ham unga yolgʻizlanib qolgani, uni biror kimsa himoya qilmagani alam qildi. Uni Yozuvchilar uyushmasi safidan oʻchirishdi.

U yigʻilishdan chiqarkan, qayerga borishni, gʻovlab ketgan boshini qayerga urishni bilmay, gandiraklagan holda yoʻlga tushdi.

Ertasi kuni – 1937 yil 13 iyulda shoir hibsga olindi.

1937 yil boshlarida shoʻro matbuoti va radiosida trotskiychilarning katta bir guruhi fosh etilib, tarix hukmiga havola qilingani haqida bong urildi. Trotskiychilarning razilligi haqidagi “haqiqatlar” shoʻro xalqiga muntazam ravishda singdirib borildi. 28 yanvarda esa sud jarayoni boshlandi. Shoʻro mafkurasida qabul qiligan odatga koʻra, na faqat markaziy, balki mahalliy nashrlar ham sud kunlarida xalqning aksilinqilobiy unsurlarga boʻlgan munosabatlarini ifodalovchi “nafratnoma”larni eʼlon qilib turishi lozim edi.

Oʻsha kunlari “Qizil Oʻzbekiston” roʻznomasi tahririyati ham bu siyosiy kompaniyada qatnashish istagida Usmon Nosirga murojaat qilib, trotskiychilarni laʼnatlovchi sheʼr bilan chiqishini taklif etadi. Shoir bu taklifni qabul qilib, “Gʻazab” deb nomlangan sheʼr yozib beradi. U shunday satrlar bilan tugagandi:

Oʻlim senga, dushman! Oʻlim senga, yov!

Soʻrayman, oʻrtoq Sud, kesing beayov!

Biroq oradan bir-ikki oy oʻtmay, A. Qodiriy, Fitrat, Choʻlpon va Usmon Nosirning oʻzi va yana koʻplab ziyolilar hibsga olinib, ularga “xalq dushmani” tamgʻasi bosildi. Sovet xalqi deb atalgan olomon ishlab chiqarish korxonalari, ijodiy tashkilotlar va oʻquv yurtlarida boʻlib oʻtgan yigʻilishlarda ularga eng oliy jazoni talab qiladi. Ne tongki, ana shunday yigʻilishlarda Usmon Nosirning “Oʻlim senga, dushman! Oʻlim senga, yov! Soʻrayman, oʻrtoq Sud, kesing beayov!” satrlarini xalq atalmish olomon uning oʻziga qarshi ishlatdi.

Shoʻro saltanatining qahri oʻz “dushman”lariga nisbatan oʻta beshafqat va beayov edi. Kechagina yurt ardogʻida boʻlgan shoir uning qorongʻi kameralarida doʻzax azobidan battar qiynogʻu uqubatlarga duch keldi.

Usmon Nosir butun hayoti va ijodini, ayniqsa uning hibsda kechgan azobli umri tafsilotlarini imkoni boricha tiklashga harakat qilgan professor Naim Karimov, Usmon Nosirning Kemerovo Ichki ishlar boshqarmasida ochilgan “jinoiy ishi” aslida 12 ming 192 varaqdan iborat boʻlganligi, biroq, afsuski, hozir shunday katta hajmdagi ishning oʻndan bir qismi ham saqlanmaganligini aytadi.* (N. Karimov. Usmon Nosirning soʻnggi kunlari “Sharq” nashriyoti. 1994.) “Ish”dagi sahifalar shoʻrolar Oʻzbekistonidagi manfaatdor idoralar va shaxslar tomonidan obdon oʻrganilib, nomatlub tuyulgan hujjatlarning hammasi kuydirib tashlangan.

Usmon Nosir oʻzinig haqligiga ishonganligi uchun vahshiylashgan tergovchilar oldida aslo dovdiramadi, aslo tizzasi qaltiramadi Aksincha, mahbuslar orasida u eng oʻjari, oʻz aytganida – deganida turadigani, urongʻichlar bilan ham bab-baravar olishadigani edi. Shuning uchun shoirdan tegishli maʼlumotni ololmagan chekistlar unga koʻproq azob berdilar. Uning qoʻllarini qayirdilar, tirnoqlari orasiga bigiz tiqdilar, urib tishlarini sindirdilar. U bunday vahshiylikka javoban jallodlarni ham, ularning xudosi Stalinni ham tinmay soʻkdi. Oʻz navbatida undan soʻkish va haqoratlar eshitgan, bir-ikki musht ham yeb qolgan nazoratchi va urongʻichlar battar oʻchakishib, yangidan-yangi qiynoq va haqorat usullarini oʻylab topdilar.

Usmon Nosirning berahmlarga nisbatan mushtdan tashqari boshqa quroli ham bor edi. Tugʻma shoir hatto oʻsha dahshatli sharoitda ham oʻz ruhiy kechinmalarini ifodalovchi badiha sheʼrlar toʻqirdi. Biroq, IIXK mahbusxonasi Leninga tom-tom kitoblar yozish imkonini bergan chorizmning avaxtasi emasdi. Bunda shoirga na qalam, na qogʻoz berganlar. Shunga qaramay, u baʼzan qogʻoz parchalarini topish ilojini qilgan, qalam ham, qogʻoz ham topilmaganda mahbusxona devorlariga qandaydir topib olgani koʻmir yoki kesak bilan sheʼrlar yozgan.

Shoirning bu qadar sheʼrga chanqoqligini, yozishga tashnaligini hamma ham tushunarmikin? Ushbu lavhani oʻqiganlar orasida, shoir shu ahvolda sheʼr haqida oʻylashi, sheʼr yozishi shartmidi, deydiganlar ham topiladi. Undaylarga bu borada balki iddao qilib boʻlmas. Ular olov mohiyati yonmoq ekanligini, Usion Nosir esa olov boʻlganligini idrok etmasalar, ne chora! Bir shoir doʻstim bundan bir necha yillar avval “men endi sheʼr yozmayman”, degandi. “Nega?” soʻradim men taajjublanib. “Chunki sheʼrga qalam haqi toʻlanmay qoʻydi”, – dedi u xotirjam. Menga uning bu javobi “shoir” degan nomga haqoratdek eshitildi. U haqiqiy shoir emas-ku, deb yupatgandim men oʻzimni oʻshanda. Yuragida olov lovullab turmagan odamni “Shoir” deb atash mumkinmi!

Naim Karimov “Usmon Nosirning soʻnggi kunlari” risolasida Nasrulla Davrondan eshitgan shoirning qamoqda bitilgan “Tutqun bulbulcha” sheʼri tarixini keltiradi: “1943 yilning 23 martida frontga ketish oldidan Toshkentda Samarqand Davlat universiteti rahbarlaridan biri Sharif Ibrohimovni uchratib qoldim. U ham 1937 yilning iyun oyida Samarqanddan Toshkentga olib kelingan ekan. Sh. Ibrohimov menga nohaq hukm bilan 5 yil qamoqda oʻtirganligi, oʻsha davrda Abdulla Qoliriy, Usmon Nosirlar bilan birga boʻlganligini soʻzlab, gapining oxirida Usmon Nosirning qamoqxona devoriga “Tutqut bulbulcha” sheʼrini yozib qoʻyganligini hikoya qilib berdi.

Men uning soʻzlarini tinglab, undan “bu sheʼr mazmunini hikoya qilib bera olasizmi?” desam, U: “Usmonning sheʼri na faqat menga, biz bilan birga boʻlganlarga ham yod boʻlib ketgan edi” deb, uni yoddan aytib bergan. Mana, oʻsha sheʼr toʻlaligicha:

TUTQUN BULBULCHA

Hozir sening qanoting bogʻliq,

Yuraging dogʻlik.

Eshitilmas sayrashing xalqqa,

Sen kezgan bogʻlar ham boʻm-boʻsh,

Yoʻq unda xonish,

Eshiklari qulflidir… halqa.

 

Amin boʻl, yechilur bogʻli qanoting,

“Bulbul”-ku oting,

Xizmatni el uchun aylagan zoting.

Qoʻshigʻing mavj ursin tinmasin tilda!

Baribir tinglanur davr kelib elda!

 

O, Vatan bulbuli, gullar oshigʻi,

Vafoli bulbul,

Qoʻnasan takroran gʻuncha-taxtingga,

Sogʻ va bardam boʻl!”

O, Agar Usmon Nosirning Toshkent mahbusxonalarida va Rusiya lagerlarida yozgan sheʼrlari omon saqlanib qolganidami, shak-shubhasiz, doʻsti Musa Jalilning “Moabit daftari”dan necha baravar katta va insoniyatni larzaga soluvchi kitobga aylanardi!

Usmon Nosir havosiz kameralarda ham barcha azob va uqubatni, sotqinlik va razolat, haqorat va ochlikni unutib, oʻzini sheʼriyat vodiysida oltin yolli tulpor ustida his etdi. Zero, u ilohiy kuchning xohishi va muruvvati bilan dunyoga kelgan shoir edi.

Avaxta xonalaridagi johil nazoratchilarning, bagʻritosh tergovchilarning nozik jussali, nimjon bir shoirga qilgan zugʻumlari, uning asabini oʻynatishlari va ularning bunga yana oʻchakishib, butun badani momataloq boʻlgunicha uni kaltaklashlari, huda-behudaga muzxonaga tashlashlari har qanday irodani sindirishi, har qanday sogʻ tanni xasta vujudga aylantirishi hech gap emasdi. Bunday adoqsiz ruhiy va jismoniy azoblar Usmon Nosirda na faqat ogʻir asoratlar qoldirdi, balki unda savdoyilik alomatlarini ham zohir eta boshladi.

Zlatoust mahbusxonasida Usmon Nosir bilan bir kamerada boʻlgan Oʻzbekiston komsomoli markazqoʻmida xizmat qilgan V. Rozenfeld shunday xotirlaydi: “Men uni shu yerga kelib koʻrdim. U telba bir holatda boʻlib, hech kim bilan gaplashmasdi. Uzzu kun karavotda oʻtirgani-oʻtirgan edi. Puliga mahbusxona bufetidan konfet sotib olib, shaxmat donalarini yasar va oʻzi bilan oʻzi qosh qoraygunga qadar shaxmat oʻynar edi. Kim uni chaqirsa yo u bilan gaplashmoqchi boʻlsa, bu odam nazoratchi yo mahbus boʻladimi, u: “Yoʻqollaring, fashistlar!” deb jerkib tashlardi.”

Shoirning maktabdosh doʻsti, u bilan lagerlarda birga boʻlgan Ibrohim Naziriyning aytishicha, Usmon Nosir Shimolning qattiq ayozlarda sogʻligini yoʻqotib, qoʻl-oyoqlarini sovuqqa oldirgan, tirsak suyaklari tarashaga aylangan goʻshtni teshib chiqqan. Mahbuslar ishdan qaytganlarida uni stol ustiga yotqizib qoʻyganlar va u yotgan holida sheʼrlar oʻqigan.

Ushbu satrlarni yozar ekanman, dafʼatan majruh shoir koʻz oʻngimda xasta ovoz bilan sheʼr oʻqiyotgan qiyofada namoyon boʻldi. Qalamim toʻxtab qoldi. Yaqinda koʻnglimdan kechgan kechinmalar uchun oʻzimga oʻzim nihoyatda badbin tuyulib ketdim. Yaqinda, kech kuz oqshomlaridan birida dalahovlimda oʻtirib oʻzimni ilkis gʻarib, xoksor-aftoda his etgan edim. Bagʻrim allanechuk huvillardi. Hayhotdek hovlida bir oʻzim qolib, ruhimni yolgʻizlik chulgʻab olgandi. Bolalarimning hammasi oʻz-oʻzidan ortmaydi, shahardagi yumushlarida band. Hovliga chiqishga koʻngillari chopavermaydi ham. Men kim uchun qurdim shuncha xonani! Belim bukchayib, peshona terim bilan kim uchun bunyod etdim bu hovlini! Bundan ham ortiq koʻrgulik bormi bir inson uchun!.. Oʻsha oqshom koʻnglimda mana shunday tuygʻular kechgan edi! Koʻz oʻngimda paydo boʻlib, roʻparamda yaydoq stol ustida yotgancha ingrab sheʼr oʻqiyotgan Usmon Nosir oldida yer yorilmadi – yerga kirib ketmagandek boʻldim! “Shu ham hasrat, shu ham qaygʻumi?!” – deya badbin kechinmalarimdan mulzam boʻlib, yer chizdim. Va ayni chogʻda mana shu muqoyasa ruhimga muhrlanib qoldi. Zotan, mening ishim yurishmay yoki murakkab, najotsiz vaziyatlarda qolib, koʻnglim choʻkkan lahzalardagidan yuz chandon, ming chandon ogʻir emasmi edi! Usmon Nosir chekkan iztiroblar?! Shu bois, har qanday jafoga, har qanday sinovga tik boqib, sabr va chidam jiz emasmi mendek bir ozod banda uchun?!

Shoir uch yil davomida necha-necha mahbusxonalarni koʻrmasin, qancha-qancha arizalar yozmasin, uning ovozi, dardi, haqiqatni bayon qilish istagi bu mahbusxonalarning temir eshigini teshib chiqolmadi. Ammo shunga qaramay, yillar oʻtsa hamki, ich-ichida shoirning Stalinga xat yozish ilinji, oʻz boshiga tushgan kulfatlardan uni xabardor qilish umidi soʻnmadi.

Agar gap faqat uning oʻz jonini saqlash ustida borganidaydi, u bunchalar kuyib-yonmagan, halak boʻlmagan boʻlardi. Jonidan kechib qoʻya qolardi! Lekin hamma gap yuragidagi isteʼdodning juvonmarg boʻlib ketayotganida edi! Shu boisdan ham u har gal orzular chechagini ochuvchi, muattar boʻylari bilan vujudini sarhush etuvchi ana shu isteʼdod oldida oʻzini qarzdor tuyub, har neki narsaga tayyor edi.

Nihoyat shoirning azaliy orzusi ushalib, unga “ulugʻ dohiy”ga xat yozishi imkoni berildi.

Bu xatda shunday satrlar bor edi:”… Mahbuslikda kechirganim uch yil ichida har qanday qiyinchiliklarga qaramay, men bitta sheʼriy roman, uchta pyesa, qator sheʼrlar yozdim.

Men ijodiy kuchlarga toʻlgan navqiron yigitman.

Men xalq dushmanlirining tuhmatiga qoldim.

Men hayotga qaytishim, Ulugʻ Vatanimning toʻlaqonli grajdani boʻlishim kerak!

Men Sizdan yordam soʻrayman.

1940 y. 20 avgust.

 

Muddatni oʻtash joyimning adresi:

Xabarovsk oʻlkasi, Magadan sh. “

 

AmmoUsmon Nosirning haqiqat va adolat yoʻlidagi umidlari bu gal hal ham sarob boʻlib chiqdi. Davom etgan azoblar ruhiyatini yana yerparchin qildi. Nihoyasiz zugʻumu qiynoqlar uni savdoyi boʻlish darajasiga olib keldi. Magadanda Usmon Nosir bilan birga boʻlgan, hamisha uni ukasidek koʻrib, imkon boʻldi deganda – yoʻqlab turgan Tojixon Shodiyeva xotirasida shunday mudhish lavha bor: “Usmonning ahvoli yomonlashib qolganini eshitib, xabar olgani bordim. Borsam, Usmonni ochiq yerda, yomgʻir ostida ustunga bogʻlab qoʻyishgan ekan. U osmonga qarab turar va nimalarnidir gapirardi Uning gaplarini tushuna olmadim. U meni tanimadi va gaplarimga quloq ham solmadi. U butunlay savdoyi boʻlib qolgan edi. Men lagerga yigʻlab qaytib keldim…”

Qosimjon Hoshimov ism-sharifli sobiq mahbus esa bir safar ruhiy xastaligi qoʻzigan Usmon Nosirni temir panjara ichiga tashlanganining guvohi boʻlgan. Shu paytda tepadan shovillab yogʻib turgan yomgʻir uning boshi, yuzlarini yuvib, pastga oqardi. Lager navbatchisi ana shunday yoʻl bilan mahbusni “hovuri”dan tushirgan.

Shoirning bunday ahvolga tushganligi, undagi ruhiy xastalikning junbishi asosan uning Stalinga yozgan xati ning javobsiz qolayotganidan edi. Xuruj qiluvchi xastalik oʻtib ketishi bilan u yana oʻziga kelar, ijodiy qobiliyatini tiklar, sheʼrlar yozardi.

Usmon Nosir 1941 yil oxirlarida Magadandan Mariinskka keltiriladi. Kemerovo hududidagi Mariinsk – “qizil saltanat”ning tikonli simlar bilan oʻralgan lager-shahri edi. Shahar toʻrt tomondan botqoqlik va tayga oʻrmonlari bilan ihotalangandi. Shoirning ahvoli nihoyatda ogʻirlashgandi, U qolgan umrini kasalxonada oʻtkazdi. Va, nihoyat, bu dunyoga sigʻmagan baxtsiz shoirning umr shami soʻndi. 1944 yilning 9 marti kuni uning yuragi urishdan toʻxtadi. U dunyoga bulbul boʻlib kelgan edi, biroq qora zulm, qora tuhmat, qora hasadning changalida bevaqt oʻlim topdi.

Yurt peshonasida Erk, Istiqlol nurlari porlashini orzu qilgan Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Fitratlar singari xalqimizning benazir farzandlari orasida Usmon Nosir eng yoshi edi. U yigirma besh yoshida qamoqqa tashlanib, erkidan ayrildi. Uning isteʼdodining oltin gullari hali ochilib ulgurmagan edi! U oʻzbek elining tarixdagi armoni boʻlib qoldi.

Usmon Nosir Vatanni, yurtni sevgan, uni ozod koʻrishni orzu qilgan va bu yoʻlda oʻzini fidoyi deb bilgan otashin shoir edi. Zero, uning “Yurak” nomli sheʼridagi:

Itoat et,

Vatan sendan

Agar rozi emas boʻlsa!

Yoril, chaqmoqqa aylan sen,

Yoril, mayli, tamom oʻlsam!

satrlari shu bugungi xurram, munavvar kunlar haqqi bitilgan emasmi?

Usmon Nosir mustaqillik yillarida yana oʻzining sharafli taxtiga koʻtarildi. Yana uni el olqishladi, yana u yoshlarning mehr-muhabatiga musharraf boʻldi. Mangulik sari otlangan shoir yoʻlidagi ilk dovonni bosib oʻtdi!

Ha, Usmon Nosir murakkab davrda yashadi. Uning zamonasozlik ruhidagi, oʻsha davr mafkurasi taʼsirida yaratggan sheʼrlari yoʻq emasdi. Lekin uning oʻzbek sheʼriyati sahifalariga muhrlangan betakror lirikasi, samoviy tuygʻularga yoʻgʻrilgan yangroq ovozi ham borki, u hamisha togʻning musaffo jilgʻalaridek jaranglab turajak! Hammasidan ham shoirda bezavol, navqiron ruh mujassam edi. Bu ruh adabiyotimiz osmonida yorqin yulduz boʻlib, zamonlar osha nur sochaveradi!

 

Mirpoʻlat MIRZO

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 4-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.