Anvar Obidjon bilan faxrlanaman

0
326
marta koʻrilgan.

Erkin VOHIDOV,

Oʻzbekiston Qahramoni,

Oʻzbekiston xalq shoiri

 

Anvarjonning ilk sheʼrlarini oʻqiganimdayoq, bu ijod namunalari sodda va samimiyligi, shu bilan birga mantiqning kuchliligi, katta falsafasi meni hayrat va hayajonga solgandi. Oʻshandayoq men vaqti kelib, Anvar Obidjon xalqimizning eng eʼzozli va suyukli shoirlaridan biri boʻlib yetishishiga chin koʻngildan ishongandim.

Taʼkidlash kerakki, sobiq tuzum davrida “Hamma yaxshi narsalar – bolalarga” degan shior juda koʻp qoʻllanilgan boʻlsa ham, amalda buning teskarisi boʻlgan. Oʻsha davrlarda bolalar adabiyotiga, bolalar shoirlariga boʻlgan munosabat ham xuddi shunday edi. Aksariyat hollarda adabiyotda oʻz oʻrni va soʻzini topa olmagan ijodkorlarga bolalar shoirligi borasida oʻzini sinab koʻrishni taklif qilishardi. Goʻyoki bolalar uchun nimani yozsang boʻlaveradi, degandek. Quvonch bilan aytish joizki, Xudoyberdi Toʻxtaboyev bolalar adabiyoti prozasiga oʻziga xos yangiliklar olib kirgan boʻlsa, Anvar Obidjon bolalar sheʼriyatida oʻziga xos maktab yarata oldi. Bu ikki zabardast ijodkorning hamyurtlarim – fargʻonaliklar ekanligi bilan hamisha faxrlanaman.

Ammo barcha ijodkorlar qatori elimizning yuksak olqishi va hurmatiga sazovor boʻlish Anvarjon uchun ham oson kechmagan. Buning uchun Anvarjonga nafaqat ijodning, balki birda quvonchli, birda qaygʻuli hayotning juda koʻp qiyinchiliklarini yengib oʻtishga toʻgʻri keldi. Rohat esa hamma vaqt mashaqqatlar ortida boʻladi.

Ana shu kabi sermahsul ijodiy faoliyati samarasi sifatida Anvar Obidjon ijodi mustaqillik yillarida bevosita muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ham eʼzozlanib, qadr-qimmat koʻrsatildi. Qolaversa, millionlab hamyurtlarimizning yuksak mehr-muhabbati Anvar Obidjon uchun eng ulugʻ mukofot hisoblanadi. Millionlab qalblarni yaxshilikka, ezgulikka, goʻzallikka oshno etgan ana shunday suyukli va martabali ulugʻ shogirdim borligidan hamisha qalbimda faxru iftixor tuyaman.

 

2007 yil 15 noyabr

 

* * *

…Va ustoz Erkin Vohidovning shogirdga bagʻishlangan hazil sheʼri:

 

SHEʼR VA QUROL

Shoir Anvar Obidjonga hazil sheʼr yoʻq,

Oʻylar, akam toʻrt yoʻl yozsa oʻlarmidi?

Uning oʻzi toʻpponcha-ku, har soʻzi oʻq,

Qurol bilan hazillashib boʻlarmidi!

 

2010 yil

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.