Amir Temur va Yildirim Boyazid

0
2368
marta koʻrilgan.

Kirish

Jahon tarixining, turk olamining ikki mashhur namoyandasi oʻrtasidagi munosabatlar faqat ikki shaxsgagina yoki ikki mamlakatgagina tegishli emas. Ular umumjahon tarixiga taalluqli boʻlib, har bir shaxsga toʻgʻri va odilona baho berish juda-juda muhimdir. Turon sultoni bilan Rum imperatori oʻrtasida yigirma toʻrt yosh farq bor. Amir Temur milodiy 1336 yilda tavallud topgan, Yildirim Boyazid esa milodiy 1360 yilda tugʻilgan.

 

1

Qudratli ikki turkiy davlatning bir-birlari bilan toʻqnashmasliklari mumkinmidi? – deya koʻpincha oʻzimizga oʻzimiz afsuslanib savol beramiz. Albatta, mumkin edi! – deb javob qaytaradilar idroki tiniq insonlar. Chunki bunga juda ishonarli sabablar ham bor edi. Zamon va vaziyat haqida yaxshiroq tasavvur hosil qilish, ikki hukmdor, ikki davlat orasidagi munosabatlarni tiniqlashtirish uchun, oʻsha paytda yozilgan va bizgacha yetib kelgan manbalar asosida soʻz yuritish maqsadga muvofiqdir. Bunday manbalarga Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” va Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Rui Gonsales de Klavixoning “Samarqandga Amir Temur saroyiga sayohat (1403–1406)”, Ibn Arabshohning “Amir Temur tarixi” singari asarlar kiradi.

Ikki tarixchi – biri bevosita Amir Temurning topshirigʻi va tavsiyalari asosida kitob yozgan, shu voqealarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan Nizomiddin Shomiy (1404), ikkinchisi – Amir Temur nabirasi Sheroz hokimi Ibrohim Sulton nazorati ostida, qattiq tekshirilgan dalillarga suyanib tarix bitgan Sharafiddin Ali Yazdiy (1425) – oʻz kitoblarida bir xil haqiqatlarni keltirib oʻtadilar. Shuni taʼkidlash lozimki, har ikki kitob, ayniqsa, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si jahon temurshunoslari tomonidan Sohibqiron Amir Temur haqida bitilgan eng haqqoniy va eng mukammal asar sifatida tan olingan. Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”si Amir Temurning 1360–1404 yil iyuligacha boʻlgan hayoti inʼikosidir. Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”sining qamrovi esa keng, u turk xonlarining shajarasi va Chingizxon tarixini yoritgan “Muqaddima” bilan boshlanadi. “Bu asarga asos boʻlgan ilk nusxani (Amir) Temurning saroy kundaliklari va boshqa manbalar (ularga Gʻiyosiddin Alining “Hindiston gʻazovoti kundaligi”, Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”si, balki Muʼiniddin Natanziyning “Muntaxabi tavorixi Muʼiniy” asari, va albatta, Amir Temur qalamiga mansub “Tuzuklar” kirgan degan fikrdamiz. – M. A.) asosida va saroy kotiblarining yordamida Ibrohim Sulton yozgan. Bu nusxani qayta ishlab va yana boshqa manbalardan foydalanib Sharafiddin oʻz “Zafarnoma”sini yaratgan.”[1]

Amir Temur bilan Yildirim Boyazid oʻrtasida bevosita aloqalar, boshlanar ekan, Nizomiddin Shomiy oʻz asarida zamonaning koʻpchib turgan voqealarini qalamga oladi, juda ishonchli faktlarni keltiradi.

“Rum aholisi… – deb yozadi muarrix. – Sohibqiron hazratning qudratu haybatini koʻrgan va ularning lashkarlari, gʻalaba yor askarlarning shavkatu shijoatini mushohada qilgan edilar. Ular amir Boyazidni sulh qilishga undadilar. Samimiy nasihatgoʻylar turli iboralar bilan: “Shunday bir sohibi davlatga qarshi muxolifat izhor qilishning xosiyati boʻlmaydi, maslahat sulhu ittifoqliqdadir”, deb tushuntirdilar. Amir Boyazid ushbu dildan aytilgan nasihatlarga quloq solib, islom dini qozilaridan birini ulugʻ amirlardan biriga qoʻshib, elchilik tariqasida Amir Sohibqiron hazratga yubordi…”[2]

Xuddi shu hodisani Sharafiddin Ali Yazdiy bunday tasvirlaydi: “… Rum viloyatining akobiru aozim va ulamou sulaho barcha Yildirim Boyazidqa kelib nasihatlar qildilarkim va dedilarkim: “Bu podshohkim, beri mutavajjih boʻlib turur, davlati asru qaviy turur va bu choqqacha har kim aning bila muxolifat qilib turur, maqhur boʻlib turur (yaʼni tahqirlandi, xor boʻldi)… Va bu ishlar bir abas ermas va mundin hazrat Subhonning inoyati maʼlum turur. Mundoq kishi bila muxolifat qilmagil va muvofiq boʻlmoq kerak, to viloyat amonda boʻlgʻay…” Yildirim Boyazidqa bu soʻzlar maʼqul tushub, oʻzi taqi qoʻrqub erdi, Islom qozilaridin va bir begi bila bir xatkim bitti, mazmuni itoat va inqiyod (boʻysunish) turur, Sohibqironga yibardi…”[3]

Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”da Rum qaysari maktubi mazmunini ham keltirib oʻtishi juda eʼtiborlidir: “Chun inobati Hazrat Haqq xizonasidinki, “tuvta al-mulka man tashaʼa”[4], podshohlik xilʼati bila ul Hazratning iqbol qomatini orasta qilib turur – deb yozadi Yildirim Boyazid. – Biz ham tobiʼ va mutiʼdurbiz. Agar mundin burun xilofi qoʼida bizdin baʼzi nimalar voqiʼ boʻldi, emdi mundin nari itoat va inqiyoddin oʻzga ishimiz boʻlmagʻusidur.” [5]

1401 yilda Qorabogʻda qishloq solib turgan Amir Temur maktub bilan tanishib, sulh tilab, yaxshilikni koʻzlab kelgan Yildirim Boyazid elchilarini ochiqchehralik bilan qarshi oladi va deydi: “Men tabiatan u tomonga yuzlanish va u mamlakatga lashkar surishni xohlamaymen(yaʼni, buni koʻnglim istab turgani yoʻq). Amir Boyazid doimo faranglarga qarshi gʻazot qilayotganligi sababli, men farangliklar quvvatlanib, ahli islomning kuchsizlanishini istamaymen.”[6]

Bu yerda chuqur mantiq bor. Amir Temur Yildirim Boyazidning faranglarga gʻazot qilmoqchi ekanidan xabardor, bunday qadamlarni u hamisha qoʻllab keladi, shu sababdan Rumga yurish niyati yoʻq.

Demak, Rum qaysari Yildirim Boyazidda dastavval Turon saltanati bilan urushga yuz burish maqsadi boʻlgan emas. Birinchidan, u olis Turondan chiqqan Amir Temurga oddiy amirning oʻgʻli sifatida qaragan (fikrimizcha, u Amir Temurning qudratli, buyuk sarkarda ekani haqida toʻliq maʼlumotga ega emasdi, balki unga bu haqda ataylab aytishmagan yoki oʻzi ham tuzukroq soʻrab-surishtirmagan), unchalar pisand qilmagan va shunday amirning jahonni titratib turgan imperatorga qarshi jurʼat etib maydonga chiqishini xayoliga ham keltirmagan. Bu yerda bunday deyishga asos ham yetarlidek: bu paytda hech qayerda oti qoqilmas, hamisha gʻalaba yor Usmonli imperator 1396 yilda Nikopol yonida Yevropadan yopirilgan salibchilar qoʻshinini magʻlubiyatga uchratib dovruq taratgan, Bolqon yarimorolida yangi harbiy yurishlarni boshlab yuborgan, Yunoniston hududiga Attika bilan Peloponnesga bostirib kirgan, ayni paytda Yevropaga katta harbiy safar uyushtirish tadoriki bilan qattiq band edi, ikkinchi tomondan koʻp yillardan beri Istanbul muhosarasi ham uning qoʻl-oyogʻini bogʻlab turardi. Rum qaysari Yildirim Boyazid “… yetti yil davomida Konstantinopolni qamal qildi va shahar ahlining tinkasini quritib, tiz choʻktirishni oʻylardi. Shaharda qahatchilik boshlanib, hech qanday “egulik va oʻrgulik” qolmadi. Qishda isitish uchun, uylarni buzib, yogʻochlarini oʻtin qildilar…”[7]

Yildirim Boyazidning ikki davlat oʻrtasida yaxshilik aloqalarini oʻrnatish borasida Sohibqironga uch marta elchi yuborgani ham yuqoridagi fikrimizni tasdiqlaydi. Chunonchi, u Arzinjon hokimi Tahurtanga kishi joʻnatib, deydi: “Meni Sohibqiron bila yarashturgil… Agar meni Sohibqiron bila yarashtursang, men sening oʻgʻlon-ushogʻingnikim, navohai Bursaga yibaribmen, senga yibarayim. Albatta andoq qilgʻilkim, arolarimizda doʻstluq boʻlib, borish-kelish (Taʼkid bizniki – M. A.) boʻlgʻay, to musulmonlarga tashvish boʻlmagʻay.”[8]

Arzinjon hokimi Tahurtan bu xushxabarni Naxichevonda turgan Amir Temurga yetkazishga shoshiladi. Muarrix yozadi: “Tahurtan kelib Hazratni koʻrdi va Yildirim Boyazidning soʻzlarini arzadosht qildi. Sohibqiron bu soʻzlarni eshitib, qahr va gʻazabidin taskin topib (Taʼkid bizniki – M. A.), necha kun anda oʻlturdi…”[9]

Amir Temur ham yuqoridagi maktubida Yildirim Boyazid soʻzlariga hamohang tarzda fikr yuritadi. Amir Temur qaroqchi va yoʻl kesar Qora Yusufning hajga borayotgan musulmonlarga koʻp tashvishlar orttirayotgani, uni himoyaga olib joy bermasligini, jazolashni, hech boʻlmasa mamlakatdan chiqarib yuborishini soʻraydi va davom etadi: “Ana shunda oʻrtamizda ota-bolalik, doʻstlik va ittifoqlik barpo boʻladi, qiz berib, qiz olamiz.(Taʼkid bizniki – M. A.) Har nimagaki qodir boʻlsak, yordam qilamiz va koʻmaklashamiz.”[10]

Koʻrinib turibdiki, Sohibqiron harakatlarida ham mashʼum niyatlar sezilmaydi. Chunki “qiz berib, qiz olish, ota-bola boʻlish” – juda ham yaqinlikni, qarindosh boʻlish istagining kuchliligini namoyon etadi. Doʻstlik va ittifoqlikka esa har qanday oqil insonning intilishi tabiiy holdir.

Xoʻsh, ikki hukmdor bir-birlariga yaxshi munosabatlarda ekan, u holda qattol jang, oʻsha zamonning eng katta urushi qaydan kelib chiqdi? Urushning asosan kelib chiqish sababini oʻrtadagi odamlardan izlashimiz kerak, deb hisoblaymiz. Bu yoʻlda “xizmat” qilganlar qatoriga bemalol Arzinjon hokimi Tahurtan, amir Qora Yusuf, Iroq podshosi Sulton Ahmad jaloyir, Qaysariya, Toʻqat va Sivas hokimi Qozi Burhoniddin kabilarni kirita olamiz.

Tahurtan doim Rum saltanati tomonidan sezilar-sezilmas tazyiqni his qilib kelardi. Amir Temur 1386 yilda Arzirumda turganida Arzinjon hokimi Tahurtanga elchi yuboradi va muxolif boʻlishning yomon oqibatidan saqlanishni maslahat berib ogohlantiradi va uni itoatga chaqiradi. Bir ozdan keyin Arzinjon hokimining elchisi “tuhfalar va podshohona hadyalar keltirdi, qullik izhor aylab, boʻysundi.”

Ayni shu voqea haqida Sharafiddin Ali Yazdiy bunday yozadi. Amir Temur “… Arzinjonga elchi yibardi. Tahurtankim, ul yerning hokimi erdi, Hazratning elchisini yaxshi koʻrib, siylab koʻp nima berdi va itoat yoʻlidin kirib, boju xiroj qabul etib, elchi bilan koʻp peshkashlar Hazratqa yibardi…”[11]

Sohibqiron shu yilning oʻzida Van va Vaston sari mutavajjih boʻlganda Ozarbayjonda turgan Tahurtan koʻp sovgʻa-salomlar va peshkashlar joʻnatarkan, maktubida Amir Temurga ehtiromini bildirib, shunday soʻzlarni bitadi: “Banda va xizmatkor va davlatxohi Hazrat Sohibqirondurmen.”[12]

Oʻsha-oʻsha Tahurtan bilan Amir Temur oʻrtasida sadoqat asosiga qurilgan mustahkam hamjihatlik paydo boʻldi. 1394 yilda Amir Temur oʻgʻli Umarshayx Mirzoning bevaqt oʻlimidan musibat chekib turganda Tahurtan Rum sarhadi boʻlgan Arzinjondan yetib keladi va maqbul xizmatlar koʻrsatadi. 1400 yil fevralida Tahurtan Bardaʼaga kelib Sohibqironni ziyorat qiladi. Tahurtan 1400 yil yoz oylarida Arzirumda Sivasga otlanayotgan Sohibqironni peshvoz chiqib kutib oladi…

Bunday mulozamatlar albatta yaxshi samaralar bermay qolmasdi. Tahurtan shu taxlit Amir Temurning ishonchini qozondi va ixlos bilan unga xizmat qildi. Sohibqiron oʻziga sadoqat koʻrgizgan insonlarni bagʻoyat qadrlardi. Shu sababdan, oʻzining fuqarolariga, jumladan, Tahurtanga biron yoqdan koʻrsatilgan tazyiq Amir Temurga hamisha ogʻir botardi.

Amir Temurga gʻarbiy yurishlar chogʻida qora qoʻyunli turkman qabilasi amiri Qora Yusufning Hijozga borguvchi hojilar va boshqa savdo karvonlarini talab, qaroqchilikni kasb etib olganidan xabar beradilar. Sohibqiron oʻzini islom dinining muravviji, yaʼni dinga rivoj berguvchisi, homiysi, qoʻllovchisi deb hisoblardi. Bu haqda zamon ulamosining ulugʻi boʻlmish mashhur faylasuf olim Muhammad Sayyid Sharif Jurjoniy (1330–1414) Amir Temurga maktub yoʻllab, shunday yozadi: “Ilgarigi va keyingi avlod islom olimlarining barchasi bir ogʻizdan ittifoq boʻlib, Ollohi taolo, hazrati risolatpanoh Muhammad paygʻambarimiz, unga tangrining marhamatlari va salomlari boʻlsun, diniga rivoj berguvchi sifatida har yuz yilda bir kishini ixtiyor etadi… Sakkizinchi yuz yillikning boshida Amir Sohibqiron dini mubinni rivojlantirdi va har tomonga yoydi. Dini islom olamning turli oʻlkalari va shaharlarida ravnaq topdi. Haqli ravishda bu asrda dinning tarqatuvchisi Amir Sohibqiron ekanligi tasdiqlandi…”[13]

Tabiiyki, bunday holatda Sohibqiron Qora Yusufning buzgʻunchiliklariga, musulmonlarga zahmatlar yetkazilishiga jim qarab turolmasdi. Toʻqnashishlardan qochib, hech bir tutqich bermaydigan Qora Yusuf Iroq hokimi Sulton Ahmad jaloyir bilan Amir Temurga qarshi ittifoq tuzadi… Qozi Burhoniddin esa Rum qaysari, Misr sultoni, Iroq hukmdori va boshqalarga Amir Temur bostirib kelayotgani haqida vahimaga toʻla maktublar yuboradi…

Ammo ular Amir Temur hujumiga dosh berolmay qochib jon saqlaydilar, qudratli Rum va Misr sultonlaridan panoh izlaydilar, tez-tez Yildirim Boyazid bilan Sulton Barquq saroylarida mehmonda boʻladilar. U yerdagi mashvaratlarda oʻz manfaatlaridan kelib chiqib, Amir Temur haqida, Tahurtan esa Yildirim Boyazid toʻgʻrisida haqiqatdan yiroq noxolis soʻzlar, maʼlumotlarni aytib, fisqu fasodlar toʻqib (ojiz odamning boshqa chorasi yoʻq!), har ikki hukmdorni ham chalgʻitganlariga sira shubha qilmaymiz. “Bir qancha muddatdan buyon mamlakat oʻrtasida buzuqchilik qoʻlini choʻzib, musulmonlarga yoʻllarni tang qilib, hojilar karvonlariga zarar-zahmat yetkazib kelgan Qaro Yusuf bu paytda Rum mamlakatiga panoh tortib borgan edi.”[14] – deb xabar beradi Nizomiddin Shomiy ham.

 

II

Nomlari yuqorida zikr etilgan odamlar tufayli zamonning ikki qudratli hukmdori orasida sovuq shamollar esa boshlaydi. 1403–1406 yillarda Amir Temur saroyiga sayohat qilgan Kastiliya (Ispaniya) elchisi Rui Gonsales de Klavixo oʻz kundaliklarida Rum qaysari va Turon sultoni oʻrtasidagi munosabatlar haqida shunday xabar beradi: “Temurbek va turk sultoni Boyazidning bir-birlarini yaxshi bilishlari va Temurbekning unga qarshi urush boshlashining sabablari quyidagicha: – deb yozadi u. – Arsinga (Arzinjon) shaharining hokimi Zaratan (yaʼni Tahurtan, ispan elchisi eshitganiga qarab shunday yozgan) yerlari Turkiya yerlari bilan tutash edi. Tahurtan yerlarini, ayniqsa, Kamox qalʼasini egallashga oshiqqan Boyazid Tahurtandan boj toʻlash va Kamox qalʼasini topshirishni talab qildi. Tahurtan qaysarning hokimiyatini tan olishi va boj toʻlashga tayyorligini aytadi, ammo qalʼani topshirolmasligini bildiradi. Qaysar unga odam yuborib, qalʼani albatta topshirishi zarurligi, agar bundan bosh tortsa, butun mulkidan ayrilishini maʼlum qiladi. Shunda Temurbekning bemisl qudrati haqida eshitgan Tahurtan, oʻsha kunlarda Forsda turgan va jangda Fors hukmdorini magʻlub etgan Turon sultoniga maktubu sovgʻalar bilan elchi yuborib, Boyaziddan himoya aylashini, oʻzini esa Temurbekka tobe deb bilishini, xuddi unga bir asirday muomala qilishini oʻtinib soʻraydi.”[15]

Tahurtandan Rum qaysarining talabi haqida eshitgan Sohibqiron gʻazabga keladi. U darhol maktub yozdirib, Yildirim Boyazidga joʻnatadi. Amir Temur maktubida pisandsizlik ohanglari koʻrinib turardi: “… Bugun, xudoga shukrki, rubʼi maskun mamlakatlari bizning tasarrufimiz va farmonimiz ostidadur, atrofu javonib maliklari bizga mutiʼ va farmonbardordurlar… – deyiladi maktubda. – Agar oʻz haddingni saqlab, oʻz qadring palosi oʻlchamidan tashqariga qadam bosmasang, – bu sening uchun yaxshidir. Yana bilginki, sen farang lashkari bilan gʻazot va jang qilayotganingni eshitib, to hozirgacha sening diyoringga daxl qilmaduk va u mamlakatga bizning nusratli askarlarimizdan biror zarar yetishini xohlamaduk, chunki bu musulmonlarning tinchlik-farovonligi va bedinlarning shikastu baxtsizligiga sabab boʻlgʻay… Hozir sen magʻrurlik maqomiga qadam qoʻyib, oʻz haddingdan tashqari soʻzlarni aytayapsan, senga borib yetmaydigan narsani istayapsan, baloni zoʻrlab oʻzingga tortayapsan, tinchlik va salomatlikning qadrini bilmayapsan… Aqlni ishlat, fitnayu balo eshigini oʻz yuzingga ochma!..”[16]

Amir Temur haqida avval hech eshitmagan Yildirim Boyazid, dunyoda oʻzidan kuchliroq kimdir boʻlishini xayoliga ham sigʻdirolmasdi, maktubni oʻqib qattiq jahl otiga mindi va dedi: “Koʻp muddatda unga qarshi chiqib jang qilishni koʻnglimga tugib qoʻyganman, hozir esa bunga jazm qildim va u tomonga yuzlanyapman, agar u kelmasa, men Tabriz va Sultoniya tomoniga boraman.”[17]

Shunisi eʼtiborliki, bu voqea 1404 yilda yozilgan Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”sida ham, 1406–1412 yillarda qogʻozga tushgan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo kundaliklarida ham, 1425 yilda bitirilgan Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”sida ham aynan yuqoridagidek darajada yoritilgan. Voqeaning intihosi Ibn Arabshohning “Amir Temur tarixi”[18] asarida tasvirlangan.

Sharafiddin Ali Yazdiy “Hazrat Sohibqiron (ning) Rum sori tavajjuh qilgʻonin sababi”ni Qora Yusuf qilmishlari bilan bogʻlaydi. 1401 yilda yaxshi niyatlar etagini tutib kelgan Rum elchilariga: “Biz ham sizlar bilan doʻst tururbiz va koʻnglimizda ul andisha yoʻq tururkim, ul sori cherik elitgaybiz…” degan Sohibqiron, Yildirim Boyazid oldiga shunday shart qoʻyadi: “Ammo Qora Yusuf Turkmonkim, musulmonlar ichida kirib turur, yo uldurkim ani oʻldurub musulmonlarning xotirini andin jam etsun, yo ulkim ani band qilib, bizga yiborsun. Bu ishdin birini qilsa aromizda doʻstliq boʻlgʻusi turur…”[19]

Keyin Humoyun oʻrdu, aʼyonu akobirlar, ahli lashkar Ara(k)s daryosidan oʻtib Oqtom mavzeiga yoʻl oladi, bu yerda sahro va togʻlarda katta ov uyushtiriladi. Hurmat koʻrgizib, Rumdan kelgan elchilarni ovga taklif etadilar. Ov bir necha kun davom qiladi. Ovdan keyin boʻlgan suhbat yana qizgʻin kechadi. Rum elchilariga toʻnlar kiydirib, oltin kamarlar taqadilar. Sohibqiron yana taʼkidlaydi: “Biz bu qish (1401–1402) munda (yaʼni Qorabogʻda – M. A.) tururbiz. Avval bahorda Rumgʻa yaqin borurbiz, koʻrarbizkim, qaysardan bizga ne javob kelur. Agar yaxshi javob kelsa, fa huva al-murod[20], yoʻq esa koʻrali, to ne boʻlgʻusi turur”[21]. Amir Temurning elchisi Chimboy Elchikday ham Rum elchilariga qoʻshilib joʻnab ketadi.

Avnik mavzeiga kelgan Sohibqiron ikki oy Rumdan elchilar yoʻliga koʻz tikib kun oʻtkazdi, ammo ulardan, afsuski, darak boʻlmadi…

Bu orada Amir Temur vaqtni behuda oʻtkazmay, Kamox qalʼasini fath etishga farmon berdi, bu ishni valiahd shahzoda Muhammad Sulton amalga oshirdi. Xuddi shu pallada Rum elchilari Chimboy Elchikday bilan birga kelib qoldilar. “Ammo qazodin muqarrar boʻlgʻon ermishkim, Rumni Hazrat Sohibqiron musaxxar qilgʻay. Yildirim Boyazidni shayton vasvasa qilib, savob yoʻlidin chiqordikim, inqiyod va itoatdin soʻng yana muxolifat izhorini qildi…”[22]

Sharafiddin Ali Yazdiy Yildirim Boyazidning javob maktubida”nomaʼqul soʻzlar” borligidan xabar beradi, ammo odob yuzasidan keltirib oʻtirmaydi. Nizomiddin Shomiy ham bu haqda yozganda, tafsilotlarga berilmay, Boyazidning “bemaza maktublar”, “notoʻgʻri xabarlar” yuborganinigina aytish bilan cheklanadi.

Rui Gonsales de Klavixo Yildirim Boyazidning Amir Temurga tahdidli maktubi haqida yozarkan: “… agar Sohibqiron chekinib ketmasa, uni albatta asir olishi va katta xotiniga soʻzsiz uylanishga qasam ichgani” ini[23] eʼtirof etadi. Ibn Arabshoh esa oʻz kitobida bu haqda ochiqroq yozishdan tortinmay, Rum qaysarining iztirobli soʻzlarini keltirib oʻtadi, jumladan, maktub oxirida shunday soʻzlarni oʻqiymiz: “Men bilamanki, – deydi Yildirim Boyazid. – bu soʻzlar seni hech toʻxtatmasdan bizning mamlakatimizga tomon otlantiradi. Agar sen kelmasang, sening xotinlaring uch taloq boʻlsin. Agar sen kelsangu men senga qarshi qatʼiy urush qilmay qochsam, u vaqtda mening xotinlarim uzil-kesil uch taloq boʻlsin!”[24]

Bu juda ham chidash mushkul boʻlgan aziyatli haqorat edi. Sohibqironga xos kengfeʼllik, kechirimlilik kabi tugʻma xislatlar shu yerda yaqqol namoyon boʻldi, Turon sultoni darhol qaror chiqarmadi, yana sabr etagini tutdi. Avval koʻrikda lashkar haybatini Rum elchilarga namoyish etdilar, keyin – odat-da! – yana elchilarga toʻnlar kiydirdilar. Kuzatarkan, Sohibqiron shu soʻzlarni Yildirim Boyazidga yetkazinglar, deb tayinladi: “… Hanuz tahammul[25] qilurmen, to Tahurtanning kishilarini yibargaysen va oʻgʻlonlaringdin birini bizga yibargaysenkim, bizdin ancha marhamat va shafqat koʻrgaykim, senkim atosisen, koʻrmagʻon boʻlgʻay. To mamlakati Rum senga musallam boʻlgʻay va sen farogʻat bila taxt ustida qaror tobqaysen va andagʻi el-ulus farogʻatda boʻlgʻay, vassalom!”[26]

Ammo bu talablar ham ado etilmadi…

Shu yerda Gʻarb olimlarining ikki hukmdor munosabatlari haqidagi dunyoda keng tarqalgan noxolis yondoshishlari haqida ikki ogʻiz soʻz. Goʻyo ularning fikricha, Yildirim Boyazid Amir Temur tomonidan xoʻrlangan, qafasga solingan(!), zahar ichib oʻlgan va hokazo. Holbuki, biz murojaat etgan manbalarda bunday gaplar yoʻq. Ibn Arabshoh bundan mustasno, chunki u oʻz kitobi haqida shunday deydi: “Men bu qissadan oʻzim koʻrganlarimni eslab, bu toʻgʻrida boshqalardan rivoyat topganlarimni (Taʼkid bizniki – M. A.) bayon qilishga irodat etdim”.[27]

Shuni aytish kerakki, mazkur kitob tasvirlanayotgan voqealardan oʻttiz yildan ortiq vaqt oʻtib, milodiy 1436 yilda qogʻozga tushirilgan. Shu sababdan, unga tanqidiy koʻz bilan yondoshmoq talab etiladi. Umuman olganda, yuqoridagidek assossiz gaplarga ishonib, uni yozib, tarqatib yurganlarga ajablanasan kishi.

Koʻp oʻtmay, xushxabar eltadigan elchilar oʻrniga, Rum qaysari Yildirim Boyazidning beadad qoʻshini Sivasda turgan Turon lashkari bilan savash qurgani Toʻqatga yetib kelgani, qoʻshinning suv boshini egallab olgani, shahar atroflaridagi changalzor va tor yoʻllarni tutib ketgani haqida noxush xabar keladi. “Kishigakim saodat yori qilmagʻay, nasihat va nekxohluq foyda qilmas… – alam bilan deydi Sohibqiron xunuk xabarga munosabat bildirib. – Har necha dedimkim, ul mamlakatda bizning cherikdin tashvish tegmagay. Ammo boʻlmas va Yildirim Boyazid har kun bir soʻzni aytib yibarur va bir soʻz ustida ermas. Agar ul Qaro Yusufni yibarsa erdi va Kamox qalʼasini bizga bersa erdi, oʻzi va ham mamlakati salomat qolur erdi. Bihamdillohkim, Kamox qalʼasi minnatsiz muyassar boʻldi. Emdi anga ayting: chun soʻzimizni eshitmading, urushmaq uchun mardona boʻlgʻil!..”

Bu soʻzlarda Amir Temurning sabru toqati ham, himmati ham, qavmdosh va dindosh Yildirim Boyazidga boʻlgan doʻstona, xayrixohlarcha munosabati ham ravshan koʻrinib turibdi. Buni Amir Temurning asirga tushgan Yildirim Boyazidga koʻrgizgan jaʼmi mehribonchiliklari ham isbot etadi. Asir tushgan Rum qaysariga izzat-ikrom bilan oyoqlariga bogʻlangan zanjirdan xalos qilib, shohona (dushmaniga!) libos kiydirib, unga atab oq chodir tikdirib, oʻgʻli Muso Chalabiyni topdirib, otasiga hamroh qilib qoʻyishi zamon kishilarini hayratlarga solgan, olqishlarga sazovor qadamlardir. Keyinroq Yangishahrda asir tushgan, birovning uyida yashiringan qaysarning xotini Despina xonim va ikki qizini Sohibqiron huzuriga olib keladilar. “Hazrat Sohibqiron Yildirim Boyazidning xotunini va qizlarini kishi-qarolari bila Yildirim Boyazidqa yibardi. Va Sohibqiron davlatidin ul xotunkim, bu choqqacha kofir erdi, musulmon boʻldi.” Amir Temurning bu tutumi insoniylikka yorqin misoldir.

Oʻrtada garchi katta, keyinchalik turk olamining fojiasi deb baholangan muhoraba kechgan boʻlsa ham, Amir Temur oʻz soʻzida qatʼiy turadigan siymo ekanini namoyon qildi. U qaysarga yuborgan bir maktubida: “Oʻrtamizda ota-bolalik, doʻstlik va ittifoqlik barpo boʻladi, qiz berib, qiz olamiz”, (Taʼkid bizniki – M. A.) deb yozgandi. Bu soʻzlar uzoqni koʻzlab aytilgani kunday ravshan. Rostdan ham, nomdor nabira amirzoda Abubakr ibn Mironshoh Sohibqiron ijozatiga binoan Rum qaysarining katta qiziga uylanadi, Amir Temur bilan Yildirim Boyazid bir-birlariga quda boʻlishib, qarindoshchilikni boshlab yuboradilar…

Sohibqiron bilan Rum qaysari oʻrtasidagi, balki tariximizdagi kengfeʼllik va kechirimlilikka ulugʻ misol boʻla oladigan eng taʼsirli voqea haqida aytmay oʻtish mumkin emas. Gap milodiy 1402 yil yoz oxirlarida xushmanzara Oltuntosh jilgʻasida yuz bergan suhbat haqida boradi. Bu yerda dilkash va orombaxsh suhbat kechdi. “Ul suhbatda Hazrat Sohibqiron Yildirim Boyazidni chorladikim, koʻnglini olib, ani xushhol qildurgay. Yildirim Boyazid majlisda kirib oʻlturdi. Sohibqiron ani izzat tutub, koʻp vaʼdalar qildi va ul jumladin biri bu erdikim, Rum viloyatini burungʻidek yana anga bagʻishladi. (Taʼkid bizniki – M. A.) Va ul suhbatda Yildirim Boyazidni asru xushhol qildi…”[28]

Sharafiddin Ali Yazdiy oʻz kitobida Amir Temurning Yildirim Boyazidga Rumni yana topshirib qaytmoqchi boʻlgani haqida takror toʻxtalgan. 1403 yil 9 martda Amir Temurga Rum qaysari vafoti haqida xabar yetdi. “Yildirim Boyazid zayyiqi nafas (nafas qisishi) va xunok marazi (qon bosimi) bila ketib turur. Sohibqironning muborak koʻngli bu jihatdin koʻb mutaalam boʻldi va muborak koʻzidin yosh chiqib yigʻlab: “Inna li-llahi va inna ilayhi rojiʼuna”[29], oʻqudi. Hazratning himmatida bu erdikim, Rum mamolikini tamom zabt qilgʻondin soʻng Yildirim Boyazidqa berib, yana ani taxti davlatqa oʻlturgʻuzub, qaytqay. Ammo taqdir xilof etib, Yildirim Boyazidni oʻzga olamga eltti… Va Yildirim Boyazidning kishilariga azza etkurub, yaxshi soʻrub, toʻnlar kiyurdi. Va oʻgʻli Muso Chalabiyni xossa toʻn va oltin kamar berdi va yuz ot barchasi egar-yuganlik berdi. Va Bursakim, Rum viloyatining poytaxti turur, anga berdi va ijozat berib, Bursagʻa yibardi. Va Yildirim Boyazidning soʻngakini podshohlar tartibi bilan Bursaga eltib, oʻzi yasagʻan imoratiga qoʻydilar…”[30]

Bularning bari Amir Temurning Yildirim Boyazidga insoniy hurmati balandligini koʻrsatadi. Rum qaysari vafoti xabarini eshitib, “muborak koʻzidin yosh chiqib yigʻlagan” Sohibqironning qanday inson ekanligini tasavvur etish qiyin emas.

Amir Temur oʻzining joʻshqin hayoti, qizgʻin faoliyati, koʻp ibratli fazilatlari bilan komil inson darajasidagi siymo ekanini namoyish etdi va jahon tarixida mangulikka muhrlanib qoldi.

 

Muhammad ALI,

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi,

Davlat mukofoti sovrindori,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–4


 

[1] Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. T., 1997. 4-bet.     

[2] Nizomiddin Shomiy. Zafarnoma. T., 1996. 322-323-betlar.       

[3] Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. T., 1997. 253-bet. 

[4] Qurʼoni karim. Oli Imron surasi, 26-oyat. Mazmuni: “Sen istagan kishingga mulk ato qilursan”.

[5] Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. T., 1997. 253-bet.

[6] Nizomiddin Shomiy. Zafarnoma. T., 1996.. 323-bet.       

[7] F.I.Uspenskiy. Istoriya Vizantiyskoy imperii XI-XV vv. M., 1997. Str.607.         

[8] Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. T., 1997. 249-bet. 

[9] Oʻsha manba. 250-bet.

[10] Nizomiddin Shomiy. Zafarnoma. T., 1996. 323-bet.      

[11] Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. T., 1997. 111-bet.

[12] Oʻsha manba. 112-bet.

[13] “Temur tuzuklari”. T., 2011. 81-bet.        

[14] Nizomiddin Shomiy. Zafarnoma. T., 1996. 322-bet.      

[15] Rui Gonsales de Klavixo. Dnevnik puteshestviya v Samarkand ko dvoru Temura(1403-1406). M., 1990. str.66.

[16] Nizomiddin Shomiy. Zafarnoma. T., 1996.  284-bet.     

[17] Oʻsha manba. 285-bet.

[18] Ibn Arabshoh. Amir Temur tarixi. T., 1992. 1-kitob. 193-bet.

[19] Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. T., 1997. 253-bet.

[20] Arabcha:  ayni muddao, maʼnosida.

[21] Oʻsha manba. 253-bet.

[22] Oʻsha manba. 256-bet.

[23] Rui Gonsales de Klavixo. Dnevnik puteshestviya v Samarkand ko dvoru Temura(1403-1406). M., 1990. str.67.  

[24] Ibn Arabshoh. Amir Temur tarixi. T., 1992. 1 kitob. 258-259-betlar.           

[25] Tahammul – sabr, toqat, chidam.    

[26] Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. T., 1997. 257-bet.

[27] Ibn Arabshoh. Amir Temur tarixi. T., 1992. 1-kitob. 67-bet. 

[28] Oʻsha manba. 264-265-betlar.          

[29] Qurʼon. Baqara surasi. 156-oyat. Mazmuni: “Biz Olloh bandalarimiz va Ollohga qaytguvchilarmiz”.   

[30] Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. T., 1997. 270-bet

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.