Allomai zamon

0
195
marta koʻrilgan.

Shayx Muhammadjon mullo Rustam oʻgʻli Qoʻqondiy (Mavlaviy hoji Hindistoniy) 1892 milodiy yilda Qoʻqon muzofotiga qarashli Chorbogʻ qishlogʻida tugʻilgan. Uning ota-onalari ham ilmli, maʼrifatli kishilar boʻlib, farzandlarining yoshlikdanoq ilm olishiga jiddiy eʼtibor bergan.

Oʻn toʻrt yoshida savodxon va hofizi Qurʼon boʻlib yetishgan Muhammadjon Qoʻqon va Buxoro madrasalarida, soʻngra Balx va Mozori Sharifda ustozlardan saboq oladi. Soʻngra ulugʻ ustozlaridan biri qozi Mirmuhammad oʻavs domlaning tavsiyalari bilan ilmini davom ettirish uchun Hindistonga safar qiladi. Bu mamlakatning Ajmir shahridagi “Usmoniya” madrasasida sakkiz yil oʻqib, eng oliy shahodatnomani qoʻlga kiritadi.

Ilm talabida, izlanishda boʻlib, oʻn besh yil ota-onalari bilan koʻrisholmaydi. Hindistonda oʻqib yurgan kezlari ittifoqo poyezdda haj safariga yoʻl olgan otalari bilan uchrashib qoladi va haj ziyoratida u kishiga hamrohlik qiladi. Ota-bola birga bu ulugʻ ibodatni toʻkis ado etib boʻlganidan keyin, taqdir ekan, otalari Hijozda vafot etadi. Padari buzrukvoridan ajrab qolgan Muhammadjon Hindistonga qaytadi va yana bir yil oʻqib, madrasani tamomlaydi. Soʻngra otasining vasiyatiga binoan volidasini ziyorat qilish uchun ona yurti Qoʻqonga qarab ravona boʻladi. Ne-ne mashaqqatlar bilan Qoʻqondagi hovlisiga kelsa, onalari ham dunyodan oʻtgan ekan. Keyinchalik bu voqeani eslab: “Man volidamdan oʻn yetti yoshda judo boʻlgʻon ekanman. Shundan keyin man koʻrolmadim, man kelgʻonimga pushaymon yedim. Dilimda volidamgʻa xizmat qilolmagʻonligimning hasrati to Qiyomat qoldi. Bu joyda goʻyo musofirga oʻxshab qoldim”, deb afsus-nadomat chekadi.

Hindistonda oʻqib kelganligi va zabardast olim boʻlgani uchun domlani “Hoji Hindistoniy”, “Mavlaviy Hindistoniy”, “Hoji domullo”, “Hazrati Mavlaviy” nomlari bilan hurmatlashadi. Qoʻqonda tugʻilgani uchun u kishiga Qoʻqondiy nisbasi ham berilgan. Uning yurtiga qaytib kelgandan keyingi hayoti murakkab bir vaziyatda oʻtadi. Domla oʻttiz olti yoshga kirgan (1929 yil) vaqtda mamlakatda ocharchilik boshlangan, dindorlarga zugʻum oʻtkazilayotgan bir davr edi. U kishi shu sanada ikki bolali bir beva ayolga uylanadi. Undan keyin tashvishli kunlari boshlanadi. 1942 yili urushga ketguniga qadar “mullo”, “xorijiy davlatlarda oʻqigan” kabi ayblovlar bilan ikki marta qamalib chiqadi. Jon saqlash va fitnalardan yiroq boʻlish maqsadida ahli ayollari bilan tez-tez boshqa joylarga koʻchib turadi. 1942 yili urushga ketib, 1943 yil jarohatlangach, mehnat lageriga xizmatga yuboriladi. 1946 yilda Qoʻqonga qaytib keladi.

Urushdan keyin dinga biroz erkinlik berilib, masjidlar ochilgandek edi. Oʻsha paytlar Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi Toshkentda joylashgan boʻlib, butun mintaqada diniy ishlar shu yerdan boshqarilar edi. Muhammadjon domla 1946 yili shu idoraning muftiysi Eshon Boboxonovga ish soʻrab murojaat etganida u kishini xizmat qilish uchun Tojikistonga yuborishadi. Domlaning yashashga uy-joyi boʻlmagani uchun Tojikiston qozisi u kishini Mavlono Charxiy mozorotiga mutavalliy vazifasiga joʻnatadi. Tojikistondagi hayoti shu tariqa boshlangach, domlani 1949 yili Xoja Yaʼqub masjidiga imomlikka oʻtkazishadi. Bu yerda u kishini yigirma besh yilga qamashadi. Allohning irodasi bilan toʻrt yilu uch oyda ozodlikka chiqadi.

Domla 1954–1955 yillarda Tojikiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar boʻlimida ishlab, arab tilidagi kitoblarni forsiyga oʻgirish bilan mashgʻul boʻladi. Ana shu yillardan keyingina domlaning hayotida biroz erkinlik boshlanadi. U zot umrining oxiriga qadar yuzlab yoshlarga diniy ilmlarning deyarli barcha sohalaridan, mantiq, adabiyot va sheʼrshunoslikdan saboq bergan. Oʻzbekiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va boshqa respublikalardan olimlar va shoirlar u kishining ziyoratiga borib, suhbatlaridan bahramand boʻlgan.

Domla musulmonlarning har xil oqimlarga, tafriqa boʻlinishlariga keskin qarshilik qilgan. Yurtimizda ahli sunnat val-jamoat aqidasi, Imom Aʼzam mazhabi, Naqshbandiya tariqati paydo boʻlishi uchun bor ilmi va kuch-quvvatini sarflagan. Bugungi kunda u kishining Oʻrta Osiyodagi yuzlab shogirdlari ham ustoz izidan borib, diniy barqarorlik va osoyishtalikni taʼminlashga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda islom niqobi ostidagi nooʻrin “jihod”lardan tashvish chekyapmiz. Chunki, “jihod” degan tushunchani notoʻgʻri talqin qilganlar bor. Ammo eʼtibor bersak, Hindistoniy domla oʻsha paytlardayoq dunyodagi maʼnosiz jihodlarni, jumladan, Afgʻonistondagi urushni ham qattiq tanqid qilgan.

Hindistoniy juda koʻplab diniy asarlarga sharhlar yozgan. Biroq uning eng salmoqli ishi oʻzbek tilidagi olti jilddan iborat Qurʼoni karimning tafsiri boʻlgan. Hindistoniy ushbu kitob “talaba yoshlar va bu muqaddas kitobni tushunishda qiyinchilikka uchrayotgan oddiy kishilar uchun yozdim”, deb taʼkidlaganlar. Xalq orasida “Tafsiri mavlaviy Hindistoniy” deb ataladigan 1000 sahifaga yaqin bu kitob 2006 yili oz nusxada “Movarounnahr” nashriyotida chop etildi.

Biz muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning yaxshi kitoblarni chop etish va kitobxonlikni targʻib qilish takliflarini qoʻllab-quvvatlagan holda, shuningdek, kitobxonlarimizning diniy savodxonligini oshirish hamda sogʻlom eʼtiqod ruhida tarbiyalashni nazarda tutib, “Tafsiri mavlaviy Hindistoniy”ning ikkinchi nashrini chop etishni moʻljalladik. Kitob koʻp olimlarning nazaridan oʻtdi. Sharhu izohlar bilan yanada boyitildi. Bugungi kunda Hoji domlaning shogird va muxlislaridan boʻlgan, mufassir va peshqadam olimlarimizdan biri Shayx Abdulaziz Mansur hazratlari Hoji domlaning “tafsir”lariga mufti hazrat Usmonxon Alimov bilan birga masʼul muharrir boʻldi va yozgan taqrizlarida jumladan shunday deydi: “… allomai zamon boʻlmish bu zotning murakkab bir vaqtlarda Qurʼoni karim tarjimasiga ham vaqt topib, yozib qoldirgan bu asari biz shogird va muxlislariga koʻzga surtib oʻqigulik tabarruk bir yodgorlikdir… Ushbu tarjimaning imkon qadar tez chop etilib, ixlosmand xalqimiz qoʻliga yetib borishida yaratgandan tavfiq tilayman.”

Hoji Muhammadjon Qoʻqondiy (Hindistoniy) 1989 yil oxirlarida yuz yosh bilan yuzlashib olamdan oʻtdi. Alloh oʻtgan barcha aziz-avliyolarimizning ruhini shod, vatanimizni obod aylasin!

 

Sayfiddin SAYFULLOH,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Hurriyat”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.