Afshonaga safar

0
285
marta koʻrilgan.

“Toshkent – Buxoro” tezyurar “Afrosiyob” poyezdining shinam, zamonaviy jihozlangan kupesida sheriklar bilan chaqchaqlashib ketdik.

Qadim Buxoro shahriga tushib, u yerdan Peshkoʻ tumaniga yoʻl oldik. Maqsadimiz ulugʻ alloma Abu Ali ibn Sino tugʻilib oʻsgan Afshona qishlogʻini ziyorat etish, shu bahona joylarda olib borilayotgan tub islohotlar, ulkan bunyodkorlik ishlari bilan tanishish edi.

Biz oʻtirgan mashina tong quyoshi Buxoro zaminiga zarrin nurlarini yoya boshlaganda Peshkoʻ tumaniga kirib keldi. “Neksiya” haydovchisi ochiqqina yigit ekan, Ibn Sino hayoti bilan qiziqayotganimizni bilib, darhol Afshona mavzusiga oʻtib oldi.

– Afshonaga koʻp qatnayman, – dedi u zavqlanib. – Ibn Sino muzeyidan ziyoratchilarning qadami uzilmaydi. Shifokorlar ham shu yerda qasamyod qabul qiladi. Nikohdan oʻtayotgan kelin-kuyovlar, avvalo, muzey oldidagi Ibn Sino haykali poyiga gul qoʻyishadi. Shunday. Afshonaliklarni-ku, asti qoʻyaverasiz, ular olamga mashhur tabibni oʻzlarining bobokalonlari deb bilishadi. Mahallalariga ham Ibn Sino nomini qoʻyishgan…

Beruniy, Xorazmiy, ibn Sino, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Navoiy kabi buyuk ajdodlarimiz haqida kim ham bilmaydi deysiz? Sobiq Shoʻro tuzumi davrida aksariyatining shaʼni, qadr-qimmati yerga urildi, muqaddas qadamjolari oyoqosti qilindi. Bugun butkul boshqacha manzaralarning guvohi boʻlib turibmiz. Zero, istiqlol tufayli, bu moʻtabar zotlarning nomlari tiklandi. Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Ostona shahrida boʻlib oʻtgan Islom hamkorlik tashkilotining fan va texnologiyalar boʻyicha birinchi sammitida qatnashib, oʻzbek tilida soʻzlagan sermazmun-sertahlil nutqidagi quyidagi satrlar qaddimizni, qadr-qimatimizni yana bir pogʻona yuksaltirdi: “… Islom olami jahon fani va tsivilizatsiyasiga qoʻshgan beqiyos hissasi bilan faxrlanishga toʻla haqlidir. Xususan, Markaziy Osiyo hududi Sharq Renessansining yirik markazlaridan biri sifatida butun dunyoda maʼlum va mashhur boʻlgan. Bu haqda gapirganda, avvalo, ulugʻ vatandoshlarimiz – algoritm asoschisi al-Xorazmiy, qomusiy olim al-Fargʻoniy, geodeziya va mineralogiya fanlari rivojiga ulkan hissa qoʻshgan Abu Rayhon Beruniy, oʻarbda Avitsenna nomi bilan tanilgan Ibn Sino, davlat arbobi va buyuk astronom Mirzo Ulugʻbek singari mutafakkir zotlarning nomlarini hurmat bilan tilga olamiz”.

Nazarimda, mazkur nufuzli anjuman tagʻin bir yorqin, farahbaxsh haqiqatni dunyo hamjamiyatiga yana bir karra eslatganday boʻldi. Jahonda uzoq oʻtmishi, unda yashab oʻtgan ajdodlari va ular qoldirgan ilmiy, madaniy meros bilan gʻururlana oladigan xalqlar kamdan-kam topiladi. Oʻzbek xalqi ana shunday baxtiyor xalqlardan biridir. Ibn Sino esa xalqimizning eng aziz farzandlaridan biri.

Afshona – tuman markazi boʻlgan Yangibozor shaharchasi yaqinidagi katta qishloq. Hamma qishloqlar singari ikki tarafi quyuq daraxtzor yoʻldan kirib boriladi. Biroq qishloqning qoq markazida qadimgi shahristonlardagi singari mahobatli va soʻlim majmuaga duch kelasiz. Bu – yashil xiyobon oʻrtasidagi alloma haykali, toʻgʻridagi tibbiyot kollejining ulkan binosi va oʻng tomondagi qirmizi rang marmar zinalardan chiqib boriladigan saroy – Ibn Sino muzeyi. Xiyobonda, dastlab, ozodalik va chaman boʻlib ochilgan turfa gullar eʼtiboringizni tortadi. Yoʻlak, binolarning zinalarida ham gard, chang yoʻq.

Ibn Sino muzeyida bizni boʻlim mudiri Mansur Nurullayev, katta ilmiy xodim Mustaqim Boboyevlar qarshi olishdi. Ularning muzey tarixi haqidagi hikoyalari nihoyatda qiziqarli edi.

1973 yilda afshonalik Safo ota Yoʻldoshev oʻzining avlodlari tomonidan asrab-avaylab kelinayotgan noyob bir qoʻlyozmani Oʻzbekiston Fanlar akademiyasiga taqdim qiladi. Bu Ibn Sinoning Gurgon amirligida tanishgan sodiq shogirdi Abu Ubayd Juzjoniy yozgan kitob edi. Bu qoʻlyozma ulugʻ allomaning hayoti va faoliyatiga muhim aniqliklar kiritdi. 1980 yilda – Ibn Sino tavalludining 1000 yilligini nishonlash arafasida muzey binosi tiklangan. 2006 yilda Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan muzeyning bugungi binosi qayta qurildi hamda bebaho eksponatlar bilan boyitildi.

Muzeyda biz milodiy 980–1037 yillarda yashab oʻtgan tib ilmining mumtoz bilimdoni, qomusiy olim Abu Ali ibn Sinoning hayoti va ijodi bilan tanishdik. Bu yerdagi ulugʻ tabib tomonidan oʻrta asrlarda foydalanilgan tibbiy asboblar nusxalari (Frantsiyada tayyorlab keltirilgan) kishini hayratga soladi, shuningdek, uning muolaja va jarrohlikdagi yuksak mahoratidan darak beradi. Muzeyga qoʻyilgan, taniqli musavvir Chingiz Ahmarov yaratgan sakkizta kartinada Ibn Sinoning tabiblik va jarrohlik (tashrih) faoliyati yuksak mahorat hamda chuqur tarixiy bilimdonlik bilan tasvirlangan. “Avitsenna-Frantsiya” assotsiatsiyasi sovgʻa qilgan “Tib qonunlari” kitobining lotin tilidagi qadimiy nusxasi, tabib asarlarining 1447–1448 yillardagi qoʻlyozmasi muzeyning noyob eksponatlaridandir.

Afshonada boʻlgan paytimizda Ibn Sino muzeyiga Italiyadan mehmonlar kelib qoldi. Mansur Nurullayev ularni muzey bilan tanishtira boshladi. Biz esa mahobatli marmar koshindan chiqib, Husayn tugʻilgan va besh yoshigacha istiqomat qilgan, keyinchalik ham bot-bot kelib turgan ona qishlogʻi Afshonani aylandik. Shu oʻrinda aytib oʻtish joizki, Ibn Sinoning ismi Husayn boʻlgan, otasining ismi Abdulloh. “Abu Ali” esa uning kunyasidir.

Afshonadagi Ibn Sino mahalla fuqarolar yigʻinida oqsoqol Jamil Safarov, masʼul kotib Axtam Samadovlarni uchratdik.

Albatta, ular bilan suhbatimiz qizgʻin kechdi. – Afshona tarixini, Ibn Sino haqidagi rivoyatlarni biladigan keksalarimiz koʻp, – dedi Axtam Samadov.

Biz ana shunday otaxonlardan biri Murtazo Nurullayev bilan fikr almashdik.

– Ota-bobolarim shu qishloqda yashab oʻtgan, – dedilar ota mamnuniyat bilan. – Sakson toʻrt yoshdaman. Shu yerdagi xoʻjalikda ishlaganman. Ibn Sino haqidagi rivoyatlarni mengina emas, har bitta afshonalik biladi. Shulardan birini aytib beray, eshiting: Ibn Sinoning otasi Abdulloh asli Balx shahridan boʻlgan, deyishadi. Bizning Afshonaga kelib, Qoʻqishtivon arigʻi boʻyidagi bir kishining uyida yashab yuradi. Shu paytlarda uy egasining Sitorabonu ismli qizini yaxshi koʻrib qoladi. Abdulloh oʻqimishli, odobli yigit ekan. Otasi Sitorabonuni shu yigitga berib, kuyov qilib oladi. Oradan bir yil oʻtib, ular oʻgʻil farzand koʻrishadi. Bolaga Husayn deb ism qoʻyadilar.

Husaynning kelgusida ulugʻ alloma Abu Ali ibn Sino boʻlib yetishishi bolaligidan maʼlum ekan. U nihoyatda zukko, favqulodda zehnli edi. Toʻrt yoshga toʻlar-toʻlmas otasidan arab alifbosini oʻrgana boshlaydi. Besh yoshida yigirma sakkiz harfni tanigan savodli bola edi.

Murtazo ota afshonaliklarning aziz qilib, tildan-tilga, dildan-dilga yetkazib kelayotgan afsonalarini maroq bilan soʻzlab beradilar. Xalq oʻzi sevgan, ulugʻlagan farzandlari haqida bu kabi purmaʼno afsona va rivoyatlar toʻqiydi, ularni asrlar osha boshiga koʻtarib ulugʻlaydi. Abu Ali ibn Sino xalqimizning ana shunday ulugʻ allomalaridandir.

Abu Ali ibn Sino sermashaqqat oʻtgan umri davomida 450 dan ortiq bebaho asarlar bitdi. Shulardan 242 tasi bizgacha yetib kelgan. Ularning 80 tasi falsafaga, 43 tasi tabobatga oid. Qolganlarida mantiq, ruhshunoslik, astronomiya, matematika, musiqa, kimyo, axloq, adabiyot va tilshunoslik masalalari yoritilgan. Uning eng yirik va mashhur asari “Tib qonunlari”dir. Bu asar oradan ming yil oʻtib, bizning davrimizda ham shifokorlar uchun bebaho qoʻllanma boʻlib xizmat qilayotir.

Biz oqshom qoʻna boshlaganda Afshonadan qaytdik. Safarda hikmat koʻp deydi xalqimiz. Darhaqiqat, shunday. Butun safar davomida shahru qishloqlarimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini koʻrib, oʻtmishi ulugʻ xalqimizning kelajagi ham buyuk ekaniga chin dildan ishondik.

 

Abdujalol RAHIMOV,

jurnalist

 

“Hurriyat” gazetasidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.