Adibning nurli olami

0
510
marta koʻrilgan.

Adashmasam, 1964 yil boʻlishi kerak. Bizlar universitet talabasi edik. Oʻlmas Umarbekovning “Sevgim-sevgilim” qissasi talabalar orasida qoʻlma-qoʻl boʻlib ketdi. Hajmi uncha katta boʻlmagan bu qissa oʻsha zamon “qoliplari”ga sigʻmaydigan boshqacha, “gʻalat” asar boʻlib, Oypopukning oʻlimi oʻquvchini larzaga solib yuborardi. Qolipga sigʻmasligining boisi shuki, odatda har qanday asarda yaxshilik yomonlik ustidan albatta gʻalaba qozonishi, ijobiy qahramonlar albatta “murodu maqsadiga yetib”, “sovet turmush tarzi”ning porloq gʻalabasi bilan tugashi shart edi. Bu asarda esa kitobxon sevib qolgan qiz oʻzini oʻldirishga qasd qiladi…

Shunday kunlardan birida “Yozuvchilar uyushmasida majlis boʻlarmish, “Sevgim-sevgilim” muhokama qilinarmish”, degan gap chiqdi. “1 may” koʻchasida joylashgan Uyushmaning chogʻroq zaliga odam sigʻmay ketdi. Muhokama uzoq davom etdi. Umarali Normatov, Abdugʻafur Rasulov kabi olimlar (u paytda ikkovi ham yosh munaqqidlar edi) qissaning fazilatlarini hayajonlanib gapirishdi. Ammo koʻpchilik kitobxonlar, ayniqsa, biz talabalar “kutgan” va qoʻrqib turgan xurujlar ham avjiga chiqdi. Bir qancha tanqidchilar bu sovet hayotiga toʻgʻri kelmaydigan “pessimistik” asar ekanini, yozuvchi kitobxon rahmini keltirish uchun asar qahramonini ataylab oʻldirganini nihoyatda jiddiylik bilan, “asosli” dalillar orqali aytishdi. Goʻyo sovet kishisining yigʻlashga, iztirob chekishga, nohaqlikka qarshi isyon koʻtarish va boringki, oʻlishga ham haqqi yoʻqdek. Goʻyo hamma nuqul kulishi, nuqul xursandchilikdan oʻtakasi yorilishi shartdek!

Shunda Saida Zunnunova aytgan bir gap aniq esimda qolgan: “Qissaning oxirida koʻzimdan tirqirab yosh chiqib ketdi. Ikki tomchi achchiq yosh… Bu – asarning nihoyatda hayotiyligi, yozuvchi mahoratining yuksakligidan darak beradi!”

Qissani, ayniqsa, Said Ahmad aka keskin himoya qilib gapirdi. Oʻlmas Umarbekov bu asari bilan oʻzining katta isteʼdod egasi ekanini koʻrsatganini aytdi. Shu tariqa “Sevgim, sevgilim” qissasi taʼqiblardan bir qadar qutuldi. Ammo shundan keyin ham asarga “sentimental”, “yigʻloqi” degan maʼnodagi tosh otishlar ancha davom etdi. Holbuki, bu qissa shaxsga sigʻinish degan dahshatli ofatni fosh etuvchi oʻzbek adabiyotidagi ilk asar edi!

Adibning oʻnlab hikoyalari, “Yoz yomgʻiri”, “Bulgʻor qoʻshiqlari”, “Odam boʻlish qiyin” kabi qissa va romanlari kitobxonlar orasida qoʻlma-qoʻl boʻlib ketdi. Negaki, ularda hayot nafasi bor edi. Haqiqat tasvirlangan edi. Oʻlmas akaning asarlari yozuvchi qalbidan otilib chiqqan kuyga oʻxshar, kitobxon yuragida, shuurida nurli tuygʻular uygʻotardi. Ayniqsa, “Yoz yomgʻiri” qissasi va “Odam boʻlish qiyin” romani oʻzbek adabiyotida katta voqea boʻldi. Ular qator tillarga tarjima qilingani, yuz minglab nusxada nashr etilgani bejiz emas.

Oʻlmas aka nurli inson edi, unda chin maʼnoda teran va nozik ichki madaniyat koʻrinib turar, yozuvchi bilan bir marta suhbatlashgan odam oʻz-oʻzidan yaqin birodarga aylanib qolgandek boʻlar edi.

Oʻlmas Umarbekov koʻp yillar katta vazifalarda xizmat qildi. Oʻzbekiston Radiosida ishlayotganida ham, Yozuvchilar uyushmasini boshqarganida, Vazirlar Mahkamasida katta mansabda xizmat qilganida, Madaniyat vaziri boʻlganida ham hammaga birdek muomala qildi. Birovning dilini ogʻritganini, dimogʻi “shishib ketganini” koʻrganimiz yoʻq. Aksincha, hamisha odamlarga koʻmaklashishga, adolatli boʻlishga harakat qildi…

Adibning dramaturgiya sohasidagi ijodi ham salmoqli. “Shoshma, quyosh”, “Kuzning birinchi kuni”, “Komissiya”, “Qiyomat qarz” dramalari Oʻzbekistondagina emas, qator boshqa respublikalar teatrlarida ham sahnalashtirildi va yuz minglab tomoshabin olqishiga sazovor boʻldi. Bu asarlar orasida, ayniqsa, “Qiyomat qarz” ajralib turadi. Dramada oʻzbek xalqining joʻmardligi, imon-eʼtiqodi, insofi yaqqol koʻrinib turadi. Bu asarni ham oʻta milliy, ham teran umumbashariy drama deyish mumkin. Adib nihoyatda topib nom qoʻygan “Qiyomat qarz” degani sof oʻzbekcha soʻz. Shu bilan birga, Sulaymon otaning har bir iborasi, har bir harakati oʻzbek turmush tarzini yaxshi bilmaydigan har qanday millat tomoshabinini ham ishontiradi va larzaga soladi.

Oʻlmas Umarbekov haqida koʻp maqolalar, kitoblar yozilgan. Shular orasida ustoz Said Ahmadning “Kiprikda qolgan tong” asari alohida ajralib turadi. Bu asarda Oʻlmas aka qanday tasvirlangan boʻlsa, xuddi shunday – har jihatdan toʻkis va nurli inson, betakror adib edi…

Yana bir gap. Oʻlmas akaning atoqli adib boʻlishida kennoyim Zuhra opaning katta hissasi bor. Biz, ustoz Said Ahmad aka iborasi bilan aytganda, “narmalniy” yozuvchilar ham, “allaqanday qalangʻi-qasangʻilar” ham aynan Oʻlmas akaning dasturxonida koʻp boʻlganmiz. Har safar Zuhra opa oʻz qadrdonlari, oʻz ukalarini kutgani kabi ochiq chehra bilan qarshi olgan. Oʻzi davra suhbatlariga koʻp-da aralashmasa ham Zuhra opa (opamizning umri uzoq boʻlsin!) adabiyotni, ijod zahmatlarini naqadar teran tushunishi, his etishi hamisha yaqqol koʻrinib turar edi. Oʻlmas Umarbekov oʻzidan boy adabiy meros qoldirdi. Yaxshi farzand, porloq xotiralar qoldirdi. Yigirmanchi asr oʻzbek adabiyoti haqida gap ketganda, shubhasiz, Oʻlmas Umarbekov nomi yaraqlab turadi!

 

Oʻtkir HOSHIMOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.