Adabiyot muallimi

0
361
marta koʻrilgan.

Qoʻngʻiroq chalindi. Oʻquvchilar istamaygina xonaga kirib kelishdi. Biroz muddat oʻtib kirib kelgan oʻqituvchiga bolalarning yarmi salom berdi, yarmi oʻrnidan ham turmadi. Oʻqituvchi avval xonaga, derazaga va oʻquvchilarga razm soldi. Oʻtirdi. “Xoʻ-oʻ-shsh. Bugun kim navbatchi? Nega doskadagi yozuv oʻchirilmagan? Qani, tez bittang chiqib oʻchir-chi.” Kimdir zoʻrgʻa oʻrnidan turdi. Doskani artdi. Oʻqituvchi esnab nimalarnidir titkiladi. Ruchkasini peshonasiga nuqib yoʻqlama qildi. Oʻquvchilarning yarmi yoʻq. “Oʻtgan darsda qanday mavzuni oʻtgandik? Qani kim javob beradi? Kim? Ie, hech kim yoʻqmi? Essiz, bekorga ketgan vaqtim. Demak, tartib bilan chaqiramiz…”

Oʻquvchilar navbatma-navbat oʻrnidan turishdi. Darsga hech kim tayyor emasdi. “Birinchidan, Abdulla Qodiriy emas, Abdulla Qahhor ijodini oʻtgandik. Senlar Qodiriy bilan, Qahhorni ajratib olmasalaring… Ikkinchidan… toʻxta… Xursandov, koʻylagingni shimning ichiga tiq. Hoy, Beknazarov, nega telefonni oʻchirib qoʻymaysan? Senlar… odam boʻlmaysanlar.”

Mana, sizga adabiyot oʻqituvchisining bolalarga munosabati. Nega darsda koʻpchilik oʻquvchi yoʻq? Chunki, ular adabiyot darsidan qoniqmaydi. Nega bolalar darsga tayyor emas? Chunki oʻqituvchi darsni esda qoladigan qilib oʻtmagan.

Yoʻq! Menga u adabiyot oʻqituvchisi dars oʻtmagan. Faqat uni taniyman. Ha, uni siz ham taniysiz. Bir eslab koʻring, kim ekan u? Axir, ularni unutib boʻladimi? Men hozir boshqa bir adabiyot oʻqituvchisi haqida gapirmoqchiman. Siz uni ham taniysiz. Ha, siz uni sevasiz…

Har millatning shon-shavkatini, oʻlmas qadriyatini belgilab beradigan shunday mezon bor, bu – adabiyot. Adabiyot dunyo xalqlarida mamlakat, millat nomidan soʻzlaydi. Shu oʻrinda mamlakatimiz rahbarining “Adabiyot masalasi – bu maʼnaviyat masalasidir” deya qaygʻurganini alohida taʼkidlash joiz. Odatda endigina sheʼr yoza boshlagan oʻspirin yoki qizaloq uyatchan boʻladi. Ayni shu lahzada bir insonning, adabiyot oʻqituvchisining yordami kerak boʻladi. Isteʼdod yoki talant oʻz vaqtida qoʻllab-quvvatlansa, yoʻnalish toʻgʻri belgilab berilsa yuzaga chiqadi. Bu vazifani esa faqat oʻqituvchigina bajaradi.

Bir ijodkor doʻstim aytib bergandi: “Maktabda yozuvchilar bilan uchrashuv boʻldi. Odatda bunday tadbirlar joʻshqin, qizgʻin bahs-munozaralarga boy oʻtardi. Bu uchrashuvda eska qatnashchilarga biror oʻquvchi savol bermadi. Yozuvchilarimiz “Oʻquvchilar hali hayajonlarini bosib olishmabdi”, degan mulohazaga borib, qiziq voqealarni aytib bersa ham hech narsa oʻzgarmadi. Bir mahal adabiyot oʻqituvchisi:

– Hozir oʻquvchilarimiz oʻqiydigan asarlar bosilmayapti, – deb qoldi.

Men uning boshqa gapini eshitmadim. U goʻyoki oʻquvchilar savol bermayotganiga yaxshi kitoblar kamligini roʻkach qilib oʻzini oqlayotgandek edi.

Aslida, adabiyot oʻqituvchisi qanday boʻlishi kerak? Avvalo, uning har bir soʻzida, fikrida chuqur maʼno, goʻzallik ufurib turmogʻi lozim emasmi? Axir u bolalarga orzu qilishni, savol berishni va eng muhimi kitob oʻqishni oʻrgatadi. Orzu qilindimi – u qachonlardir amalga oshadi. Savol berildimi – javob topiladi. Bolaga kitob oʻqi deyish, matnni yodlatish bilan oʻquvchi kitobxon boʻlib qolmaydi. Biz odatda, keng va chuqur mushohada yuritadigan odamlarga havas qilamiz. Biz havas qilayotgan oʻsha odamning tafakkuri bolaligidanoq shakllanishiga adabiyot oʻqituvchisi sabab boʻladi.

 

* * *

Eng baland togʻ – Himolay. Eng uzun togʻ tizmasi – And. Eng uzun daryo – Nil. Eng suvi koʻp daryo – Amazonka. Eng katta ummon – Tinch okeani. Eng uzun… Eng uzun tun – yaldo kechasi. Bir kechada, bir necha ertak qahramonlarini “murod maqsadiga” yetkazish mumkin. Bir tunning oʻzida “Alpomish”ni oʻqib tugatish mumkin.

Toshkentdan uyga borganimda dastlab adabiyot oʻqituvchisi bilan uchrashdim. Suhbatlashib oʻtirdik. Gap mavzusi yana adabiyotga koʻchdi. Oʻqituvchim menga shunday savol berdi:

– Toʻra Sulaymonning “Chaman ichinda bir gul, gul bir yon, chaman bir yon”, deb boshlanadigan goʻzal bir sheʼri bor. Oʻsha sheʼrning yakuni “Goʻroʻgʻli sulton bir yon, Toʻra Sulaymon bir yon”, satrlari bilan tugaydi. Nega muallif Goʻroʻgʻli Sultonga ishora qilgan? Alpomishga emas, Rustamga emas, nega aynan Goʻroʻgʻliga?

Men bu savol qarshisida tilsiz qolaman. Xayolan javob izlab oʻqigan kitoblarim oralab kezaman.

 

* * *

Adabiyot darsi. Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulugʻbek” tragediyasini muhokama qilayapmiz. Xona jim-jit. Yurak urishini eshitsa boʻladi. Nafas olishga qoʻrqamiz. Bexosdan qilich ovozi va shu bilan birga orqa partadagi bir qizning piq-piq yigʻlagani eshitiladi. Yigʻi asta-sekin boshqalarga ham koʻchadi. Bolalarning qoʻlini musht qilib xoʻrsingani uzoq vaqt eshitilib turadi. Nega axir? Inson oʻz otasiniyam oʻldiradimi? Yuragimizda, tiniq tafakkurimizda bu savol chuqur ildiz otadi. Abdulatifni yomon koʻrib qolamiz.

– Demak, keyingi darsda asarni qahramonlarga boʻlinib oʻqiymiz, sahna koʻrinishi tayyorlaymiz. Bu ham tez yodlanadi, ham uzoq vaqt xotirada qoladi.

Hammamiz Ulugʻbekni tanlaymiz. Abdulatifga nafratimizning chegarasi yoʻq. Rahmonberdi muallim nazarimda xiyla kengayib ketgan xonaga teran nigoh tashlaydi.

– Abdulatif, Abbos kabi qahramonlardan ham yaxshilik axtaring…

Biz angrayib qolamiz. Nahotki, oʻz otasini oʻldirgan padarkush qahramonidan ezgulik axtarsak? Muallim nimalar deyapti?

– Oʻylab koʻring. Abdulatif yosh bola boʻlganida Ulugʻbek tizzasiga olib oʻtirmaganmidi? Bolaning shirin erkalanishiga otaning bor quvonchi esh boʻlmaganmidi? Ota-bolaning shu holatini koʻz oʻngingizga keltirsangiz – Abdulatif beozor bolaga aylanadi-qoladi. Men Abdulatifni oqlamoqchi emasman. Faqat salbiy qahramonlarning ham holati-harakatini tushunishga harakat qiling, demoqchiman xolos.

Men Ulugʻbek boʻlaman. Bunga sheʼr yozishni yaxshi koʻrishim sabab. Orqa partada oʻtirib yigʻlagan Munisaning Feruza boʻlishini juda-juda xohlayman. Muallim dilimdagini sezgandek deydi:

– Munisa, sen – Feruza boʻlasan. Nurali – Ali Qushchi, Hamid – Abbos, Usmon – Abdulatif.

…Keyingi dars. Oʻsha asrga, oʻsha asrni yigʻlatgan qora tunga kirib boramiz. Shamdonlar, fisqu fasodga toʻla saroy. Va olis kelajakka nurli yoʻl boʻlib turgan kitoblar, osmon toʻla yulduzlar… Va nihoyat meni – Ulugʻbekni “oʻldirishadi”. Feruzaning koʻz yoshlari…

Boshqa bir darsda Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanidan Otabek va Kumushbibining bir-biriga yozgan maktublarini oʻqiymiz. Bu gal Munisa – Kumush. Otabek – Hamid… Men esa hech kim.

Mirtemirning “Surat” dostonini yoddan bilaman. Boshidan oxirigacha aytaman. Toshlonman. Xiyonatkor Oysuluv – Munisa. U yana orqa partada oʻtirar, lekin bu safar yigʻlamasdi…

 

* * *

Rahmonberdi Tursunov. Surxondaryo viloyatining, Sariosiyo tumanida, togʻli Sangardakdagi 16-maktabning adabiyot oʻqituvchisi…

Bizning adabiyot oʻqituvchimiz…

U bizga salbiy qahramonlarni ham tushunishni oʻrgatgan ustoz…

Uning dars oʻtish uslubi boshqacha edi. Yuqorida aytganimdek, qanaqa asar boʻlmasin, avval oʻqib, keyin qahramonlarga boʻlinib ketardik. Bir gal muallimimiz “Kecha va kunduz”ning yozilmagan davomi “Kunduz”ni yozishni bizga mustaqil topshiriq qilib berdi.

– Shunchaki dilingizdan kechayotgan tuygʻularni yozing, istasangiz yana qahramonlar qoʻshing.

Birinchi navbatda, Oʻlmas bilan Zebini Sibirdan qaytaramiz. Yolgʻiz otning changi chiqmas, deganlaridek Razzoq soʻfiga bitta aka topamiz. Ismi – Umrzoq. Qishloqda dehqonchilik qiladi. Ukasini tushida koʻrib izlab kelib, qishloqqa olib ketadi. Davolaydi. Bu orada Miryoqub jadidchilik harakatini boshlab yuboradi. Soʻfi Zebini shu yerda koʻradi…

Yozamiz. Maqtov, gohida tanbeh eshitamiz. Yana yozaveramiz – daftarlar toʻlib ketaveradi…

 

* * *

Ehtimol, men hozir aytmoqchi boʻlgan gap kimgadir yoqmas, kimningdir ensasini qotirar. Albatta, bu mening shaxsiy fikrim. Gapning indallosi shuki, bugun qaysi maktabdan shoir chiqmayotgan boʻlsa, demak oʻsha maktabning adabiyot oʻqituvchisi yoʻq. Boʻlsayam – diplomda adabiyotchi. “Hozir yoshlar kitob oʻqimay qoʻydi!”, degan gaplar tez-tez quloqqa chalinib turadi. Xalqimizda bir gap bor: Bola boshdan… Demak, adabiyot oʻqituvchisi qayerdadir xatolikka yoʻl qoʻygan. Demak, yana sabab – oʻqituvchining masʼuliyatida. Biz ertaklar, matallar, dostonlar ogʻushida ulgʻayganmiz. Qahramonlar makoni boʻlgan oʻsha ertaklar bizni kitoblarga oshno tutishgan. Oʻsha ertaklarga ergashib kitob bilan, adabiyot oʻqituvchisi bilan koʻngildosh boʻlganmiz. Demak, adabiyot darslarida ertak, dostonlardan keng foydalanishimiz kerak. U iqtisodchimi, uchuvchimi, quruvchimi, qaysi kasbni tanlashidan qatʼiy nazar, birinchi navbatda, kitob bilan, adabiyot oʻqituvchisi bilan yaqin boʻlishi kerak. Adabiyot oʻqituvchisi – har bir bolaning koʻnglida ezgulik uygʻotadigan eng birinchi inson. Uning kamol toptiradigan kasbi shuning uchun ham masʼuliyatli, zahmatli va sharaflidir. U shuning uchun ham adabiyot oʻqituvchisi, shuning uchun – hayot oʻqituvchisi, orzu oʻqituvchisi. Men unutolmaydigan bir voqea bor. Oʻsha voqea butun hayotimni oʻzgartirib yubordi.

Maktabni tugatgan yilim, ota-onam aniq fanlarga asoslangan oʻqishga borishimni xohladi. Orzu orzuligicha qolib ketadigan boʻldi. Erta-indin ketaman deb turganimda adabiyot oʻqituvchisi bir chimdib, koʻzimni ochib qoʻydi:

– Olov yoqay desam oʻtin tamom boʻpti. Senda qogʻoz koʻp. Sheʼriy daftarlaringni ber. Ha, sheʼring chiqqan gazetalarniyam.

– Sheʼrlarimni? Ular oʻzimga kerak…

– Ularning endi senga keragi yoʻq, – dedi kinoya aralash, – sen boshqa sohani tanlading.

Boʻldi. U boshqa gapirmadi. Indamay ketdi. Men jim qolaverdim. Otamning raʼyiga qarshi chiqib, oʻsha yili oʻqishga bormadim. Otam keyingi yili ham yumshamadi, ammo men yozishdan, orzu qilishdan toʻxtamadim. Baribir, oʻzim orzu qilgan jurnalistika fakultetiga hujjatlarimni topshirdim.

 

* * *

Yoʻlchi bir qadam boʻlsayam yurgani yaxshi! Men bugun yoʻldaman. Har qadamda bir insonning, menga orzu qilishni, savol berishni, umuman yashashni oʻrgatgan adabiyot oʻqituvchisining nigohini sezaman. U ona tili boʻyicha darslik-qoʻllanma yozgani uchun emas, ustozim boʻlgani uchun ham emas, u – oddiy, oʻzgacha adabiyot oʻqituvchisi boʻlgani uchun uning oldida oʻzimni qarzdor sezaman. Bugun koʻplab isteʼdodli yigit-qizlarning kitoblari chop etilmoqda. Ular, eng avvalo, adabiyot oʻqituvchisining shogirdlaridir. Ular doʻstim aytgan, “oʻqiydigan kitob yoʻq” deydigan oʻqituvchining shogirdlariga oʻxshamaydi. Ular mening ustozimning shogirdlariga juda-juda oʻxshab ketadi.

Oʻqishni tugatib, bir kursdosh doʻstim bilan uyga bordim. Suhbatimiz yana adabiyotga bogʻlandi. Ustozim yana oʻsha savolni berdi: “Goʻroʻgʻli sulton bir yon, Toʻra Sulaymon bir yon”. Nega?

Men ham, doʻstim ham yer chizib qoldik. Taxminlar bor, lekin aniq toʻxtam yoʻq. Men shu savolga javob izlab “Goʻroʻgʻli” dostoniga, Toʻra Sulaymon ijodiga qayta-qayta murojaat qildim. Ammo… Men izlagan – adabiyot oʻqituvchisi kutgan javobni hali-hanuz topganimcha yoʻq… Baribir topaman. Negaki men, savol bormi, demak qayerdadir uning javobi borligini ham bilaman. Adabiyot oʻqituvchimiz shunday degan edi…

 

Sanjar Tursun

 

“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”

gazetasining 2013 yil 18-sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.