Abdulla Oripov siymosi

0
436
marta koʻrilgan.

Mana ikki yil ham boʻlayotir: oramizda Abdulla Oripov yoʻq. Mangu hayot uning yoʻqligini bildirmaydi: tiriklar barcha davralarda, Oʻzbekistonning har qarich tuprogʻida, qayerda maysalar ungan boʻlsa, qayerda hatto toshlar, sahrolar, sarbaland togʻlar, daryolaru jilgʻalar hayot nomini aytib gullayotgan boʻlsa, oʻsha yerlarda Abdulla Oripov eslanadi, sheʼrlari aytiladi, umri jovidoni naqllari soʻylanadi, qalblardan uning jarangos soʻzlari toshadi. Toshqin oʻzbek daryosi edi-da Abdulla Oripov. Gʻalayonli, tugʻyonli oʻzbek dengizi edi-da Abdulla Oripov! Ruh abadiy deb mana shunga aytadilar!

Oʻtgan yoz boʻyi, kuz chogʻlari doʻstim, birodarim, zukko adabiyotchi Doniyor Begimqulov taqdim qilib keltirgan Abdulla Oripov asarlarining sakkizinchi jildini mutolaa qildim. Bu koʻk muqovali kitobga ulugʻ shoirning 2013–2016 yillarda dunyo yuzini koʻrgan – sheʼrlari jamlangan. Afsuski, bu sarbaland tomni shoirning oʻzi koʻrolmadi. Ammo sal avvalroq, 2015 yilda “Oʻzbekiston” nashriyoti shoirning 2015 yilda bitgan sheʼrlarini “Everest va ummon” degan nom ostida tuhfa qilgandi. Bu kitobni oʻqib, Abdulla Oripov sheʼriyati tamomila yangi choʻqqilarni egallaganini, sheʼriyatning dunyo miqyosiga mavzulariga koʻra ham, ularning talqiniga koʻra ham chiqqanini, yangi badiiyat chegaralariga yetib borgani, qalb shu yangi badiiyat marafonlarini egallash uchun tamomila va oxirigacha – to soʻnggi uchqunigacha yonganini koʻrgan, ijodkor fenomeni qudrati qanchalar boʻlishidan lol qolgan, larzaga tushgan edik. “Everest va ummon”ni Abdullaning oʻzi koʻrdi. Oʻzi solgan sarhadlari ufqlar osha ketgan masarrat bogʻiga kirdi. Bu kitobida Abdulla Oripov dunyoni chuqur tushungan orif bir zot singari kinoya, istehzo, piching, ishora kabi sheʼriyat usullaridan odam va dunyoning shu zamondagi falsafasini yaratdi. Balki, bu hajv dunyosi juda achchiqdir va baʼzan juda hazm qilish ogʻirdir, ammo shu oson boʻlmagan olamning har bir fikrlovchi inson boshidan kechirib turgan falsafasidir. Biz hali bu oʻziga xos yangi sheʼriyat olamining ichki mohiyati va yoʻnalishiga, maʼno va maqsadlariga yetarlicha kirib borolgan, shoir orzu qilgancha uning sheʼrlari sir-sinoatlari bilan oshno boʻlolgan, uni kashf qilolgan emasmiz. Buni roʻy-rost tan olmoq kerak. Oʻqib hayratimizni ichimizga solib ketaverganmiz, har holda.

Olam ishlarining barcha-barcha qirralarida ziddiyat, ziddiyat, ziddiyat koʻrdi: koʻrdigina emas, tuydi, xasta yurak bilan emas, oʻrtangan, iztiroblarda kuygan yurak bilan tuydi. Abdullaning shoir yuragi xastalikni aslo tan olmadi, xastalikka boʻyin bermadi, uning zarbalari ostida uvol boʻlib, tirqirab ketmadi. Juda kuchli yurak edi Abdullaning shoir yuragi! Hayotining oxirgi yillarida dunyoning eng sarbaland choʻqqisi Everest – Jomolungma haqida, dunyoning eng hududsiz bahri muhiti Atlantika haqida sheʼriy satrlarda oʻyga botishi bejiz emasdi: oʻzbek shoiri bularni oʻzi koʻrdi, oʻzi beqiyos tuygʻulari bilan his qildi. Abdullaning ilk sheʼrlariyoq iztiroblar va ziddiyatlarga begona emasdi. Bular insonga tugʻilishdanoq, hatto ona qursogʻidanoq fikrlovchi insonga xos: ular tabiat va koinotdan insonga ato etilmish. Mana, hozir “NASA” fazo suratlaridan odamzodga maʼlum boʻlayotir: Yupiterdan tortib Marsgacha va Quyosh atrofidagi barcha Yer-Zamindan tortib sayyoralarda hayot qaynab yotadi: ularda bir zum boʻlsin sukutu sukunat yoʻq! Koinot tinimsiz yaratilish jarayoni va jarayon qiynoqlarida! Mana shu koinotdan kelayotgan qiynoqlarni adabiyot ziddiyat va iztirob shiddatlarida ifodalaydi, tasvirlaydi. Adabiy sanʼatlarda bunga qadim zamonlar, Vatvot zamonlaridan beri tazod deb nom berilgan. Navoiyning “Base, issigʻ-sovugʻ koʻrdim zamonda, Base, achchigʻ-chuchuk toptim jahonda” shu tazodni koʻrib, Navoiyni olam roʻparasida zamonni qanday bilganini tasavvur qilish mumkin. Cheksiz olam ziddiyatlari faqat ichkari-tashqari, yaqin-yiroq kabi minglab soʻzlardagina emas, balki fikrlash tarzida, ayniqsa, shoirona fikrlash tarzida olam haqiqatlarining moʻjizalarini dunyoga obrazlar vositasida keltiradi. Abdullaning keyingi davr sheʼrlarida ziddiyatli fikrlash oʻzining yuksak hayotiy choʻqqilariga koʻtarildi. Shoir ziddiyatli fikrlashning baʼzan juda goʻzal meʼyorlari, mutanosibliklarini, uygʻunliklarini topdi, baʼzan meʼyorlardan, mutanosibliklardan mubolagʻa bilan oshdi. Ziddiyatli fikrlashning bir qudrati shundaki, u odamning esida muhrlanib qoladi, odamga juda kuchli taʼsir qiladi va unda gʻalayon qoʻzgʻaydi. Baʼzan meʼyor buzilganda, oʻquvchi “Iy-e, bu haqiqat emas-ku! Bu boshqacha-ku! Bunga ishonish qiyin!” – deydi. Abdullaning shoirona qudrati ifodalangan, 2015-yilda yozilgan “Yangi asr manzarasi” degan sheʼriga murojaat etaylik:

 

“Hamma bir-biriga boqar shukuhsiz,

Tegrasin koʻrmaydi, yumuqdir koʻzi.

Ulkan yaylovdagi qalbsiz va ruhsiz,

Toʻdadan iborat goʻyo yer yuzi…”

 

Bu shoirni chulgʻab olgan oniy bir hayajon, oniy bir tuygʻuning ifodasimi? Sheʼr ijodida, sheʼr yaratilishida oniylik – oniy kayfiyat – bir zumda shoir qalbini chulgʻab olib, uning ustidan hukmronlik qiladigan kayfiyatning oʻrni va ahamiyati beqiyos! Shoir yer yuzida endilikda alam va zabunlik sasi hukmron boʻlib qoldi va undan endi omonlik yoʻq, deb xulosa chiqaradi. Ayniqsa, Shomda, Afgʻonda, Yamanda yuz berayotgan dahshatli xunrezliklar, vayronagarchiliklarni koʻrib, mushohada qilib,

 

“Cherkov qoʻngʻirogʻin jarangi tinmas,

har tong minoradan taralar azon.

Ularning borligi lekin bilinmas,

Bepoyon yaylovda kezadi inson”

 

degan xulosaga keladi. Ehtimol, bu fikrga baʼzilar qoʻshilmasligi mumkin. Lekin bepoyon yaylov manzarasi, hamma-hammaning yalpi tarzda bir-biriga shukuhsiz boqishi – bular oxir zamon manzaralarimi, hozirgi zamon odamlari shunday sezadilarmi? Bularni hozirgi zamonning haqiqati deb biladilarmi? Yoki bu shoirning faqat oniy – biz individual deymiz, – kayfiyati va oʻsha ondagi oʻrtanishlari, cheksiz iztiroblari natijasimi? Atomlar, raketalar, yangidan yangi vahshat qurol-yarogʻlari insoniyat boshiga solayotgan mislsiz qutqumi? Gar bu oʻsha qutqu boʻlsa, shoir uni apokalipsis manzarasiday taʼsirli haqiqati bilan ifodalab berolgan. Mirzo Ulugʻbekning tarix kitobida yurt tarixiga fojialar bostirib kirib kelayotganini ulugʻ olim va ulugʻ shoir muarrix kabi ifodalab, “Vahm chumchuqlari chirqilladi”, deydi. Abdulla Oripovning keyingi davr ikki salmoqli kitobda jamlangan sheʼriyatining mundarijasi va mavzu yoʻnalishlarida mana shu iztirobli, oʻta ziddiyatli hol hokim ekanini kuzatish mumkin…

Shoir yana yozadi: “Asrlar qaʼridan kelgan bir sasdir: Umrimda hech qachon haq boʻlmaganman”… Qarang, ulugʻ shoir “haq boʻlgan emasman”, deb bir haqiqatini ifodalamoqda va ushbu haqiqatning tagida farosatli oʻquvchi shoirning insoniy kechinmalarida haqligini anglamoqda. Mana bular hammasi tom maʼnoda shoirona fikrlash tazodlari – umuminsoniyatga xos ziddiyatlardir.

Abdulla Oripovning keyingi yillar sheʼriyatiga yer yuzidagi insoniyatni qattiq chirmab olgan, benihoya chuqur tomir otib borayotgan ziddiyatlarning natijasi, hosilasi deb qaramoq joiz. Shoir nazdida yer yuzi insof va vijdon tinimsiz, ammo sekin faryod chekayotgan maydon – poyonsiz yaylovga aylana bormoqda. Shunday sharoitda oʻzini goho ovozi yuraklarni oʻrtagan tanho qushga mengzaydi va oʻz hayotiga qiyos qiladi:

 

“Oʻsha qushdek yashadim choʻchib,

Sizni xavfdan ayladim ogoh,

Ketolmadim koʻkka ham uchib,

Topolmadim yerda ham panoh”.

 

Bu kabi dardli soʻzlar, tanqid uchqunlari charsillagan fikrlarni shoir 91-yildagi bir suhbatida: “Men uchun eng muhimi, sheʼriyatim xalqim uchun yashab qoladimi, yoʻqmi, gap shunda. Iztirob yuragimda erimas tosh boʻlib qoldi”, deb aytgan edi. U roʻy-rost ochiqdan-ochiq aytgan, koʻp ishoralar qilgan va ochiq gaplarida ham, ishoralarida ham ulugʻ shoirlik bashoratlari mujassam edi. Xondamir “Makorim ul-axloq” kitobida “Yozuvchilik ishi cheksiz olijanoblik namunasidir”, deydi.

Abdulla Oripovning ijodi, sheʼriyati mana shunday ezgulik va olijanobliklar tugʻyonlaridan bino boʻlgan edi. Xalqimiz uning bezovta ruhini bu – oʻlmas ijod ruhi deb alqagay va ozodlikka, ogohlikka chaqirgan ruh deb tanigay!

 

Ibrohim GʻAFUROV,

Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi

 

Manba: ishonch.uz sayti

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.