Abadiy chiroqlar

0
100
marta koʻrilgan.

Togʻli qishloqda yashardik. U yerda hamma bir-birini tanir, bir-biriga qarindosh, ogʻa-ini boʻlib ketgandi. Odamlari ishonuvchan, men shuni aniq bilamanki, birorta darvozaga qulf urilmasdi. Ishonch shunchalik yuqori ekanda. Kuzning soʻnggi oylarida hamma bogʻidan qishlogʻiga koʻchardi. Odamlar har yili koʻchar, lekin shu har yilida qoʻni-qoʻshnilar koʻch oshi qilib berardi. Bu isbot talab qilmaydigan, odamlarning qon-qoniga singgib ketgan urf-odat deysizmi, qadriyat deysizmi, oqibat deysizmi, xullas, men buni insoniylik deb tushunaman. Insoniylik jamiki tuygʻularning boshlanishi. Chalgʻib ketdim. Abadiy chiroqlar haqida gaplashmoqchiydik. Biz oilada toʻrt oʻgʻil ikki qiz edik. Bir uy toʻlardi. Bir uy oʻyin edi. Oʻshanda shoʻxliklarimiz ham yarashar, birov bizni malomat qilmas, bolalik uy bozor deb jilmayib qoʻyishardi.

Akam oʻqishga kirgan yili bizlar maktabda oʻqirdik. Uyimizning bir tomoni boʻshab qoldi. Onam kunora yigʻlar, akamning har bir soʻzini, qilgan oʻziga xos ayyorliklarini eslardi. Mavridi boʻlmasayam bir voqea esimga tushib ketdi. Onamning barcha opalari shaharda yashar, biz ularga olma berardik. Ular bizga paxta joʻnatardi. Qishning uzun tunlarida paxta chigillardik. Har kim yoshiga qarab safga tizilardi. Va har birimiz bitta viloyatga boʻlinardik. Otam hakam edi. Onam tarozibon edi. Gʻolibga turshak, olma (Eng yaxshilari) berilardi. Faqat akam birinchi oʻrinni egallardi. Uning paxtasi biznikida ikki baravar koʻp boʻlar, otam ham onam ham soʻssiz uni mutloq gʻolib deb tan olardi. Oliy mukofotga ega boʻlardi. Bizga ham tegardi. Mayda olma, achchiqdona turshak. Bir kuni gʻolibga koʻz tegdi. Koʻza kundamas kunida sinadi deganlaridek, akamni fosh qildik. U paxta ostida kiyim qoʻyarkan. Shundan paxtasi koʻp koʻrinarkan. Oʻshanda otam akam bilan gaplashmay qoʻydi. Bu uning jazosi edi. Oʻsha kuni kim gʻolib boʻlgani esimda yoʻq, ammo shuni aniq bilamanki, ertasida yana akam gʻolib boʻlgandi. Haqiqiy gʻolib. Hozir oʻylab qarasam oʻshanda ota-onam jazo berishni ham bilgan ekan. Bu jazo bizni keyingi hayotimizda muhim rol oʻynadi. Gʻirromlik qilinmasin. Ha, biz shu ruhiyatda ulgʻaydik.

Onamning koʻz yoshi tinmay qoldi. Akamni sogʻinardi. Sinfdoshlari uylanganda, biron bayramda, uyda tansiqroq ovqat boʻlganda mayuslanib qolardi.

Yillar oʻtdi.

Akam uylandi.

Men oʻqishga ketadigan boʻldim.

Ketdim.

Akam ishga kirdi.

Men oʻqishga kirdim.

Qishki taʼtilda uyga borganimda yuragim hilvirab boʻshab qolganini ilk bor tushundim. Bolalik hech qachon qaytib kelmasligini, biz hech qachon bir uyda uxlamasligimizni, va hech qachon paxta musobaqasi oʻynamasligimizni tushunib yetdim. Tushundimu, boshqacha boʻlib ketdim. Qani tashvishsiz kunlar, oydin tunlar qani endi?

Bugun oʻzim uylanish ostonasidaman. Biroz oʻtib uyimimzga bir qiz keladi. U oilamizning bir boʻlagiga aylanar. Lekin, baribir… shu ostonada turib xayollarim tarqoq boʻlib yuribdi. Biz endi qachon aka-ukalar, singillar bir dasturxon boshida, faqat oʻzimizga emas, barchamiza qiziq boʻlgan suhbatlar qurib, musobaqalar oʻynaymiz? Qachon? Hech qachon. Endi har birimiz boshqa odamlarmiz. Boshqachamiz. Bu tabiat qonunidir, balki hayot rishtasidir, baribir yurak koʻnmaydi-da. Kichkina singilcham bor. Endi maktabga boryapti. Kechki. Hazillashib shunday deymiz. Unga qarab bir narsani aniq his qilaman. U yolgʻiz. U zerikadi. Uning bolalaigi bizni bolalikka oʻxshamaydi.

Bugun hovlimiz yosh bolaga toʻlib ketgan. Jiyanlarim. Akamning, singillarimning farzandalari. Otamni savolga koʻmib tashlaydi. Otam goh unisini, goh bunisini savoliga javob berar, ora sira peshanasining terini artib qoʻyadi. Nabiralar sersavol. Nega? Nima uchun? Bu soʻzlarning ular xoʻrozqanddan koʻproq yaxshi koʻrishadi. Ular bizning bolaliklarimiz.

Otaning chehrasi qizga, onaning chehrasi oʻgʻilga oʻtadi. Bu chehralar asrlar davomida bezavol oʻtib boraveradi. Oradan yana yillar oʻtar, bugungi nabiralar ulgʻayar, ular oʻz aka ukalari, opa-singillari tomon talpinar, shunda nimalarnidir tushunib olishlari uchun shuni yozayapman. Ular bilib qoʻyishsin otasi yoki onasi mening jigarim, mening qalbimning bir boʻlagi (ehtimol hammasidir), bolaligimning, yoshligimning, eng begʻubor kunlarimning shohididir. Men ular bilan necha ming ertaklar olamiga sayohat qilganman, necha ming orzular shahrida sayr etganman, necha ming yomgʻirlaru qorlarni koʻrganman. Ha, aynan oʻshalar, otasi yoki onasi bilan.

Umr halqa misol bogʻlangan. Unisidan bunisiga oʻtaveradi. Men bugun akam, ukam, singlim uchun yozayapman. Ular bir kuni kim uchundir oʻqiydi. Bu menga muhim emas. Muhimi bilib qoʻyishsin. Otasi akam, ukam, onasi singlim boʻlganini.

Hayotda shunday lahzalar boʻladi, oʻsha lahza butun hayotingni oltin zarhaliga aylanadi. Yana shunday yillar boʻladiki bir lahzaga arzimaydi. Yana shunday gaplar boʻladiki, oʻzingdan boshqa aytib boʻlmaydi. Yana… Yana… lekin aytish kerak.

Bugun biz katta hayotga qadam qoʻymoqdamiz. Bundan oʻttiz yil oldin ota-onamiz boshlab bergan yoʻlni davom ettiramiz. Shu yoʻl oldi, olis safar oldi sizlar bilan bir sirlashgim, suhbatlashgim, dardlashgim keldi. Ikki yil oldin ekilgan koʻchat, bugun ulkan daraxtga aylandi. Har bir novdasida meva bor. Har bir shoxida qushlar qoʻnadi. Garchi novdalar har tomonga qarab oʻsgan boʻlsa-da, ildizi bitta. Bir joydan ozuqa oladi. Biz ham shundaymiz bir uydan, bir ota-onaning farzandlarimiz.

Aka! Kecha kaltak yesam yonimni olarding. Xato qilsam toʻgʻri yoʻl koʻrsatib, kerak boʻlsa ikki tarsaki bilan siylab qoʻyarding. Oʻshanda, ehtimol xafa boʻlgandirman, senga gap qaytarib hurmatsizlik qilgandirman. Sen ularni koʻnglingga ogʻir olma. Bugun kuch quvvatgv toʻlganman. Kaltak yeydigan axmoq yoʻq. Lekin, shunda yonimda boʻl. Hamisha har doim, har kuni meni tergab qoʻy. Xato qilsam, “endi ulgʻaydi, yoshi katta”, deb ayab oʻtirma. Tarsaki tushir yuzlarimga. Men bilay, men sezay, tushunay hamon men bilan ekanligingni. Hamon sening oldingda ajvobgar ekanligimni. Hamon menga aka ekanligingni. Akalar otalarga xos boʻlar deyishadi. Hayot yuki yelkamga botganida, birovlarni doʻst bilib, seni yoʻqlamay qoʻyganimda, oʻsha doʻstlarim koʻksimga tosh otganida, seni orqa qilib, seni qora qilib, hayotim iziga tushmay, horib, qiynalib yoningga borsam, begonalardek bagʻrigga bosma. Ur meni. Soʻk meni. Lekin faqat yurakdan shunday qil. Ich-ichingdan shunday qil aka. Menga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatib qoʻy aka. Begonalar orasida, akasiz qoldirma meni. Bilaman, oilali boʻlib, farzandlaring qurshovida baxtli hayot kechirarsan, ular bilan kuning mazmunli oʻtar. Shunday boʻlsin. Men oilangdan meni ustun koʻr demoqchimasman. Faqat, oʻshalarga ham meni jigaring ekanligimni eslatib qoʻy. Nainki eslatib, uqtirib, yuragiga singdirib qoʻy. Ular mening ham jigarlarim, jonim oʻshalar ichida. Biz bir ota-onadan dunyoga kelgan jigarlarmiz. Ehtimol oʻshanda ota-onamiz bu dunyoda boʻlmas, ehtimol oʻshanda men rostdanam otamni, onamni chehrasini koʻray deb yonigga borgandirman. Ostonada… mehr ostonasida uzoq qolib ketmay aka. Otamga oʻxshab men bilan bir soat suhbat qur. Onamga oʻxshab nasihat qil. Oʻshanda men yengil tortay, soflanay, yasharay va yana baxtli yashay aka. Mehr ostonadan uzoqlashmaylik, oqibat kulbasiga tez-tez kelib turaylik. Erta balki sen ham uyimga kelsang, koʻnglingdan chiqolmasam, turmush tashvishlariga oʻralashib qolsam, koʻngildan suhbatlashib oʻtirolmasam. Sen oʻshanda ham bir akalik qil. Xotinim oldida, bolalarim oldida meni ur. Ha, ur meni. Koʻzlarim koʻrmay qolgan boʻlsa ochib qoʻy. Yuragimni mogʻor bosgan boʻlsa tozalab qoʻy. Nima qilsang qil, faqat uyimga qaytib kelmas boʻlib ketmagin aka. Faqat unday qilma aka.

Uka! Senga nima dey. Akamga aytgan har bir soʻzim senga ham, sen uchun akamga aytganim oʻzimga tegishli. Shunday boʻlsa ham senga bir gapni aytishni burchim deb bilaman. Sen aqllisan. Tushungan bolasan. Ota-onam senga omonat. Ularni asra. Boʻldi boshqa gapim yoʻq. Ha, yana bir gap. Sen oʻqimading. Bu muhim emas, erta farzandlik boʻlsang oʻgʻling eng yaxshi oʻqishda oʻqiydi.

Singil! Bu soʻzga sheʼriy tomondan koʻngil qofiya. Hayotdanchi? Hayotdan ham koʻngil qofiya. Ha, singil deganda men koʻngilni tushunaman. Zero, koʻngil singilni ergashtirib yuradi. Yoʻq, bunisi toʻgʻri. Singil koʻngilni ergashtirib yuradi. Sizlar ikki xonadonga ketdingiz. Ikki qutb, ikki dunyo, va ikki oila. Oʻz uyingizda siz uchun moʻjiza boʻlgan narsalar u yerda oddiydir. Yoki aksincha. Muhimi oʻsha yerda ildiz otmoqdasiz. Bu osonmas. Hech qachon, hech zamonda ayolga oson boʻlmagan. Bu eng toʻgʻri gap.

Singillarim! Oradan yillar oʻtib, farzandalaringiz bilan andarmon boʻlib ketarsiz. Ota uyingizda oʻtgan umringiz, bir tushdayin xayolingizda qoladi. Xuddi shu uyda tugʻilmagandek, yashamagandek, kelganda ham ming isteʼlo bilan kelasiz. Yangalar qovoq tumshugʻiga qaraysiz. Qachonlardir yigʻilganmiz. O, begʻubor bolaliklar. Sochpopuklar. Bular endi qaytib koʻrilmaydigan tush, ushlab boʻlmaydigan qushga aylandi.

Singillarim! Onam non yopgan tandirlarda menga nonlar yopib ber. Onam ovqat pishirgan oʻchoqlarda menga ovqatlar pishirib ber. Menga bir lahza boʻlsa-da bolaligimni topib ber. Akam deb uyimga qora tortib borsang, kuningga yaramasam, loaqal bir shirin soʻz aytolmasam yuzimga qarama. Aka, boʻlish, singilning akasi boʻlish osonmas. Kichkinaligingda aka nima ish buyurasiz, ayting deb koʻzlaring jovdirab turganlarini unutsam men odam emasman.

Mana hasratlashib ham boʻldik. Lekin, bilmadim negadir yengil tortmadim. Demak, dilimdagi bor gaplarni tushirolmabman. Nimadir aytilmay qoldi. Nimanidir unutdim.

Aka, uka, singillar. Bizlar ota-onamiz yoqqan abadiy chiroqlarmiz. Hech qachon chiroqlarimiz oʻchmasin. Yillardan yillarga, asrlardan asrlarga nurlar oʻtaversin, shuʼlalar oʻtaversin. Barchamiz bir yigʻilsak va har birimizning chehramizdan otamiz, onamsiz paydo boʻladi. Axir inson ota-onasini hamisha sogʻinadi-ku. Hech qachon tarqab ketmaylik, uzoqlarda, mehrdan, oqibatdan, diydordan uzoqlarda tarqab ketmaylik. Illo, biz – abadiy chiroqlarmiz…

 

Sanjar TURSUNOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.