Zamona naqli

0
106
marta koʻrilgan.

Qasrday uyimga qoyil qolganman,

Bir xonam qizimga, biri oʻgʻlimga.

Mehmonga zarnigor xona solganman.

Nahotki shu iqror kelar tilimga:

Onamga joy yoʻqmi, onamga joy yoʻq?..

 

Bagʻri ilk qadrdon, ilk mening uyim,

Oq sutin totgancha zavqqa botardim.

Anov maysadek ham kelmasdi boʻyim,

Oʻzimni eplolmay yigʻlab yotardim.

Koʻksiga bosgancha baxt berdi u

Oylab ovuntirdi, yillab chekdi gʻam.

Oʻstirdi, koʻrinmas taxt berdi u

Men qandayin oʻzin unutgan odam

Onamga joy yoʻqmi, onamga joy yoʻq?

 

Odam boʻl deb eng mehribon soʻz tutdi,

Duo qilib, qaldirgʻochdek uchirgan.

Oʻzi yemay, oʻzi kiymay oʻqitdi,

Yillar borin nahot yoddan oʻchirgan…

Ayoz qaqshab chiqsa buzilmas oʻyim

Har kuni istasam rayin qaytardim.

Bilmayman qaysi yil qizimning toʻyi,

Oʻylayman qayerda, kimni aytarim…

 

Yorim baxmal kiysa oʻsganday koʻnglim,

Boqmayman gullari soʻlgʻin olamga!

Uch oy boʻlibdiki, kelmadi koʻrgim,

Koʻnglimda joy yoʻqmi mushfiq onamga?

 

Tunlar partoʻshakda yotsam xotirjam

U tikkan bolishlar boshimni silar!

Nega tushlarimga kirmaydi onam,

Tushlarimni sotib olgan qumrilar…

Onamga joy yoʻqmi, onamga joy yoʻq?

 

Sochi oq atirgul buloq boshida,

Bir ushoq jussasi qoʻnim soʻraydi.

Bahorlari ortda qolgan yoshida

Bahorlarga yigʻlabgina qaraydi.

Onamga joy yoʻqmi, onamga joy yoʻq?

 

Uch qizi bekadir oshiyoniga,

Koʻshklar qurgan oʻgʻillari bek chiqdi.

Oʻt ketdi qay kuni dil qoʻrQoniga,

Uning qismatiga uyi yoʻq chiqdi.

Onamga joy yoʻqmi, onamga joy yoʻq?

 

Koʻzimga nil tortgan nafsi ammoram,

Gumrohmanmi shuncha, mendan shoyi yoʻq!

Onam tirik axir, onam-ku olam,

Mulki Sulaymonda menday boyi yoʻq!

Onamga joy yoʻqmi, onamga joy yoʻq?

 

Toshlarni eritar laʼnati qoram,

Oʻzimni kul etib, shaʼnim teshdi oʻq.

Xolam, ammam oʻtdi, oʻtmasmi onam?

Qanday begʻamlikka olganman huquq…

 

Lekin banddir xonam, yoʻqday hech choram…

Boqmasam bechora, mungliq onamga.

Bir kuni ustimga qular koshonam,

Qiyomat soati boqing nolamga!..

Onamga joy yoʻqmi, onamga joy yoʻq?

 

Vafo FAYZULLOH

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.